Alisher Navoiyning ilmiy merosi.
Reja
1. A. Navoyning hayot yoli
2. A. Navoiyning ilmiy asarlari
3. A. Navoyning tarixiy asarlari
4. A. Navoiyning din va tasavvufga oid asarlari.
XV asrning ikkinchi yarmi ijtimoiy-siyosiy hayotdagi nisbiy ko‘tarilishlar yuz beradi. Bu davrda Temuriylar siyosatining o‘ziga xos qirralari yanada ko‘proq namoyon bo‘la boshlaydi. Amir Temur boshlab bergan buyuk rivojlanish davom ettirildi. Endilikda hokimiyat tepasida Temurning farzandlari, nabiralari hukmronlik qilishardi.Andijon, Toshkent, Xo‘jand, Sayram, Turkiston, Samarqand, Buxoro, Qarshi, Hisor, Qunduz, Marv shaharlari rivojlandi. Ayniqsa, Husayn Boyqaro zamonida Hirot gullab-yashnaydi.Ulug‘bek zamonida Samarqandda ilm-fan nihoyatda yuksaldi, o‘zbek fanining dunyoga yoyilishida bu davr o‘ziga xos oʻ‘rin tutadi. Xususan, aniq fanlar rivoji, ayniqsa, matematika, astronomiyadagi yutuqlar salmoqli bo‘ldi. Birgina Ulug‘bek observatoriyasining yutuqlari natijasida 1018 ta yulduzning holati o‘rganildi. Ma’lum bo‘lishicha, yulduzlarning o‘rnini belgilashdagi aniqlik hozirgi zamon yutuqlari bilan deyarli uyg‘un keladi. Ulug‘bekning otasi Shohruh mirzo qurdirgan kutubxona salmog‘i va boyligiga ko‘ra ham o‘z zamonasida tengsiz edi.Samarqandda Bibixonim, Shohizinda, Ulug‘bek madrasasi, Amir Temur maqbarasi, Ulug‘bek rasadxonasi o‘sha davr me’morchiligining go‘zal obidalari sifatida bugun ham xalqimizning faxr-u iftixoriga sabab bo‘lib kelmoqda.Hirotda Husayn Boyqaro va Alisher Navoiyning tashabbus va rahbarliklarida ko‘plab binolar, madrasa va xonaqohlar, shifoxona, hammom va karvonsaroylar qurilgani, ariq va kanallar qazilgani, bog‘-rog‘lar barpo qilingani yaxshi ma’lum. Temuriylarning o‘zaro nifoq va kurashlari Shayboniyxonning (1451–1510) tarix maydoniga kirib kelishi va bu maydonda barqaror turib qolishi uchun imkon beradi. Shayboniyxon ko‘chmanchi o‘zbeklarning xoni Abulxayrxonning (1428–1468) nabirasi edi. U 1499-yilda temuriylarga dastlabki zarbalarni bera boshlagan bo‘lsa, ko‘p o‘tmay ularning o‘rnini deyarli egallab oladi. Shayboniyxonning o‘zi ham katta iqtidor egasi, yirik salohiyatli ijodkor edi. Bu davrda Abdurahmon Jomiy va Alisher Navoiylar ijodi jahon adabiyotining eng porloq namunalari sifatida e’tirof etildi.Badiiy ijodning ikki tilda yaratilishi ham shu davrning muhim xususiyatlaridan edi. Navoiy, Bobur mirzo, Husayn Boyqaro, Sulton Ahmad mirzo (1451–1494) singari ijodkorlar ikki tilda she’rlar yaratgan. Zullisonaynlik an’anasi ham Navoiy timsolida o‘zining oliy cho‘qqisiga ko‘tarildi. Alisher Navoiy boshchiligidagi adabiy harakat turkiy til mavqeyi uchun qattiq kurash olib bordi va bu borada olamshumul g‘alabalarni qo‘lga kiritdi.
Alisher Navoiy faqat o‘zbek emas, balki butun turkiy xalqlar adabiyoti, jahon xalqlari adabiyoti tarixidagi eng noyob hodisalar silsilasiga mansub bo‘lgan buyuk shaxsdir. U qoldirgan merosning soni va hajmigagina emas, balki ularning mazmun va yuksak badiiyatiga ko‘ra ham tengsiz adibdir. Navoiyning kichik zamondoshi Zahiriddin Muhammad Bobur buni juda muxtasar tarzda ifodalab bergan: «Alisherbek naziri yo‘q kishi erdi. Turkiy til bila to she’r aytibturlar, hech kim oncha ko‘p va xo‘b aytqon emas. Olti masnaviy kitob nazm qilibtur, beshi «Xamsa» javobida, yana biri «Mantiq ut-tayr» vaznida «Lison ut-tayr» otliq. To‘rt g‘azaliyot devoni tartib qilibtur: «G‘aroyib us-sig‘ar», «Navodir ush-shabob», «Badoyi ul-vasat», «Favoyid ul-kibar» otliq. Yaxshi ruboiyoti ham bor. Yana «Mezon ul-avzon» otliq aruz bitibtur... Forsiy nazmda «Foniy» taxallus qilibtur. Yana musiqiyda yaxshi nimalar bog‘labtur. Yaxshi naqshlari va yaxshi peshravlari bordur».
Navoiy adabiyotshunos sifatida o‘zbek adabiyoti taraqqiyotiga xizmat qiladigan ko‘plab ilmiy asarlar muallifidir. Xususan, uning o‘zbek adabiyoti va madaniyati tarixi uchun noyob manba sifatida katta ahamiyatga ega «Majolis un-nafois» asarida 459 ta shoir, yozuvchi, ijodkor haqidagi ma’lumotlar jamlangan. «Bu aziz kitob hazrati xoqon Shohruh mirzo podshohligi davridan boshlab, shu zamonga qadar yer yuzini ravshan vujudlari bilan bezagan va bezab turgan olim va shoirlardan ko‘plarining ba’zi sifatlaridan va ahvollaridan bayon qiladi»– deb bildiradi Xondamir.Asar 8 majlisdan iborat: dastlabki majlislar xronologik tartibda, ya’ni vaqtning qadimdan shoirning zamonasigacha bo‘lgan yo‘nalishi qamrovida olingan. Keyingi majlislarda ijodkorlarning yashash joylariga ko‘ra tuzilgan, ya’ni bunda mintaqaviy (geografik) tamoyil amal qilgan. Yettinchi majlis Temur va temuriylarga, sakkizinchi majlis esa birgina Husayn Boyqaroga atalgan.Asar faqat adiblarning hayoti va ijodiga oid materiallar bilan cheklanib qolmagan. Unda adabiyot nazariyasi, she’r san’atlari, madaniy hayot voqealari ham o‘ziga xos tarzda aks etgan. Ayrim maqolalarda adiblarning shaxsiy fazilatlari, alohida xususiyatlari ham ochib berilgan. Masalan, mashhur shoir Yahyo Sebak haqida shunday deydi: «Xuroson mulkining rangin fozili erdi, ko‘p ulum va fununda mohir erdi. Sanoe’ va aruz fanida barcha el ani musallam tutar erdi... Bu faqir aruz fanida vosita bila Mavlononing shogirdimen». Biz Navoiyning aruz ilmini Darvesh Mansurdan o‘rganganligini yaxshi bilamiz. Darvesh Mansur esa Yahyo Sebakdan tahsil olgan. Bu yerda mana shu «vosita» nazarga olingan. Asarda Navoiyning shaxsiy hayotiga, tarjimayi holiga aloqador ko‘plab fakt va voqealar ham aks etgan. Jumladan, ikkinchi majlisda Mavlono Sharafiddin Ali Yazdiy haqida gapirib turib, o‘zi bilan bevosita bog‘liq bir hodisani ham qayd etadi. Taqdir taqozosi bilan (Xurosondagi nomunosib shart-sharoit tufayli) Alisherlarning oilasi ham o‘z yaqinlari bilan Iroqqa yo‘l olishadi. Ular Taft shahrida bir muddat dam olish uchun to‘xtashadi. Bu shaharda mashhur tarixchi olim Sharafiddin Ali Yazdiy yashar erdi. Tasodifan, jamoa shu olim yashaydigan joy yaqinida to‘xtagan ekan. U kishi o‘ynab yurgan bolalardan birini chaqiradi. Bu bola yosh Alisher edi. «Faqir alar sari borurg‘a muvaffaq bo‘ldum. Har neki so‘radilar javob ayttim. Tabassum qilib tahsin qildilar, dag‘i so‘rdilarkim, maktabg‘a boribmusen? Dedimkim: boribmen. Dedilarki, ne yergacha o‘qibsen? Dedimkim, «taborak» surasig‘acha. Dedilarkim: bu jamoa atfoli (bolalari)din biz tilaganda, sen kelib biz bila oshno bo‘ldung. Sening uchun fotiha o‘quli (o‘qiylik) deb o‘z fotihalarig‘a musharraf qildilar. Hamul zamon faqirning volidi (otasi) va ul xayl ulug‘lari kelib, Mavlono xizmatida anvoyi niyozmandlig‘lar (iltijo va iltifotlar) qilg‘ondin so‘ngra, faqirg‘a andoq shuur hosil bo‘ldi angakim, «ne kishi erkandurlar».
Navoiy aruz ilmiga bag‘ishlab «Mezon ul-avzon» degan asar ham yozgan. Unda aruz vazning mohiyati, tuzilishi, bu vaznning turlari, juzv va ruknlari, bahrlari haqida ma’lumot beradi. Bu asarida tuyuq, qo‘shiq, chinga (yor-yor), muhabbatnoma, aruzvoriy, turkiy singari she’riy shakl va janrlar haqida ham ma’lumot beradi.Xondamir qayd etganiday: «Haqiqatan, ul hazratning she’r nozikliklari to‘g‘risida mahoratlarining ko‘pligi bu risoladan anglanadi. Chunki o‘tmishdagi shoirlar sezgilarining nuri tushmagan bir qancha maqbul bahrni aruz doirasiga qo‘shganlarki, u qimmatli nusxa mutolaa qilinsa, bu nukta ma’lum bo‘ladi».
Navoiy muammo haqida «Mufradot» nomli bir asar ham yozgan.
Alisher Navoiy yirik va hassos tilshunos olim hamdir. Uning 1498-yilda yaratilgan «Muhokamat ul-lug‘atayn» asari tilshunosligimiz xazinasidagi bebaho gavhardir. Unda alloma adib, o‘z tili bilan aytganda «nazm gulistonining andalibi nag‘masaroyi» sifatida eski o‘zbek tilini, uning badiiy uslubini ilmiy-nazariy jihatdan har tomonlama asosladi, turkiy til imkoniyatlarini amaliy jihatdan isbotlab ko‘rsata oldi.Alisher Navoiy tilning ijtimoiy hodisa ekanligiga alohida urg‘u qaratadi. O‘zbek tilidagi ifoda imkoniyatlarining boyligini namoyish qiladi. Har bir so‘zdagi ma’no nozikliklarini juda ishonchli tarzda, mantiqiy dalillar bilan ko‘rsatib beradi. U arab, fors, hindiy tillari qatorida o‘zbek tilining ham eng qadimiy tillardan biri ekanligini alohida ta’kidlaydi. Fikrlarini qiyoslash usulidan foydalangan holda bayon etadi. Buning uchun u fors-tojik tilini jalb etadi. Biroq biror o‘rinda ham u xolislikdan chekinmaydi. Adib turkiy tildagi yuzta fe’lni keltirib, ularning ma’nosini anglatadigan so‘zlarning fors tilida mavjud emasligini ko‘rsatadi. Yoki so‘z ma’nolari orasidagi tafovutlarga alohida urg‘u beradi. Asarda yig‘lamoq fe’lining eng baland va doimiy ma’nosi qayd etiladi. Uning yonidagi yig‘lamsinmoq fe’lida esa ma’noning ozayishi hisobiga yangilanishi aks etadi. Ingramoq va singramak ham yig‘lash ma’nosini beradi. Faqat ularda «dard bila yashurun ohista yig‘lamoq» ma’nosi ustunroq. Siqtamoq esa «yig‘lamoqda mubolag‘adur». Turkiylarda «biyik un bila», ya’ni qattiq tovush chiqarib yig‘lash ham bor. Bunga o‘kurmak deyiladi. Adib fikrini davom ettirib shunday yozadi: «Chun o‘kurmak muqobalasida forsiy tilda lafz yo‘qtur».Bunday fikrlar keltirilar ekan, adib ularni ko‘pincha she’riy misralar vositasida tasdiqlaydigan misollarni ham keltiradi. Jumladan, qabog‘ so‘zining ma’nosi ko‘z va qoshlar orasini bildirishi bilan izohlanib, bu ma’noni ifodalaydigan alohida so‘zning fors tilida mavjud emasligini aytarkan, quyidagi baytni dalillovchi misol sifatida keltiradi.
Mengizlari gul-gul, mijalari xor,
Qaboqlari keng-keng, og‘izlari tor.
Alisher Navoiy ona tilidagi so‘zlarning barcha imkoniyatlaridan imkoni boricha to‘liqroq foydalanishga harakat qildi. Zamondoshlari tilidagi faol va nofaol so‘zlarni o‘z asarlariga kiritib, ularning bizning zamonamizgacha yetib kelishini ta’minladi. O‘zi ko‘plab yangi so‘zlarni yaratdi, oldindan qo‘llanib kelayotgan so‘zlarning yangicha ma’no tovlanishlarini kashf qildi, tilning ifoda imkoniyatlarini amaliy jihatdan ham juda kengaytirdi.Olimning sinonimlar, omonimlar, atamashunoslik borasidagi fikrlari ham qadrlidir. Asarda it, tush, yoq, bor, sog‘in, tuz singari so‘zlarning bir necha ma’nolarni ifodalay olish imkonini ko‘rsatuvchi misollar keltirilgan. Jumladan, ko‘k so‘zining osmon, kuy, kuylamoq qadoq, sabza – o‘t-o‘lan ma’nolarida qo‘llanilishi ko‘rsatiladi. Ayrim so‘zlarning to‘rt, besh, olti ma’noda qo‘llanishiga misollar keltiradi. Alisher Navoiy hassos tilshunos sifatida forsiy til amaliyotida turkiy tildan o‘tgan so‘zlarga ham e’tibor qaratadi. Masalan, tubichoq, arg‘umoq, yaka, yobu, totu singari ot turlarini, dastor, qalpoq, to‘ppi, shirdog‘, yog‘lig‘ singari bosh kiyimlarini, qo‘rchi, suvchi, qushchi, qo‘ruqchi, kiyikchi, kemachi, qo‘ychi singari kasb va hunarlarning nomlarini forsiylar ham turkiycha so‘zlar bilan yuritishi ko‘rsatiladi.Shundan so‘ng adib «bu xalq orasida paydo bo‘lg‘on tab’ ahli salohiyat va tab’larin o‘z tillari turg‘och o‘zga til bila zohir qilmasa erdi» degan istakni bildiradi. Yana qo‘shib qo‘yadiki, «agar ikala til bila aytur qobiliyatlari bo‘lsa, o‘z tillari bila ko‘prak aytsalar erdi... agar mubolag‘a qilsalar, ikala til bila teng aytsalar erdi».Garchi asar ona tilining imkoniyatlari va qonuniyatlari borasida bahs yuritsa-da, unda adabiyotshunoslikka oid ko‘plab fikr va mulohazalarni ham ko‘rish mumkin. Xususan, so‘z ma’nolari orasidagi tafovutlar, qofiya, vazn, she’r tuzilishiga oid qaydlar shular jumlasiga kiradi. Unda Xusrav Dehlaviy, Abdurahmon Jomiy, Sa’diy, Hofiz Sheroziy singari ko‘plab buyuk so‘z ustalarining ijodlariga oid qaydlar ham mavjud.Asarda Husayn Boyqaroning turkiy tilga alohida e’tibor bergani, uning rivojini ko‘zda tutib maxsus farmonlar chiqargani ham aytib o‘tiladi: «Va iltifot va ehtimom yuzidin ba’zi ma’nilar topib, nazm qilurg‘a hukmlar ham joriy bo‘ldi».
Olim «Sab’at abhur» («Yetti dengiz») nomli bir lug‘at ham tuzgan. U arab tilining izohli lug‘atidir.
Navoiy 1485–1488-yillarda «Tarixi anbiyo va hukamo» («Payg‘ambarlar va hakimlar tarixi») kitobini yozadi. Bu kitobda payg‘ambarlar tarixi Odam Atodan boshlab yoritilgan. Ikkinchi qism obidlar (Allohga toat-ibodat qiluvchilar), uchinchi qism esa hakimlar haqida. Bu qismda Luqmoni hakim, Fishog‘urs (Pifagor), Jomosb, Buqrot (Gippokrat), Suqrot, Jolinus (Galen), Batlimus (Ptolemey), Buzurjmehr va boshqalar haqida ma’lumotlar berilgan. Muhimi, ular haqida o‘quvchilarda dastlabki tasavvurni uyg‘otish uchun ularga xos bo‘lgan eng muhim fazilatlar, xususiyatlar sanab o‘tiladi.
1488-yilda «Tarixi muluki ajam» («Ajam shohlari tarixi») yaratiladi. Bu asarlar adibning tarix ilmini juda chuqur bilganligining yorqin nishonasi. Unda tarixiy shaxslarning, hakimlarning hikmatlaridan namunalar ham keltiriladi: Buqrot hakim «debturkim, umr qisqadur, ish uzun. Oqil uldurkim, bu qisqa umrni bir nimaga sarf qilg‘aykim, zaruratroqdur, ya’ni oxirat maslahati va Tengri taolo rizosi». Yoki, «Aristotilis hakim Aflotunning shogirdidur, Iskandarning vaziri erdi. Aning so‘zlaridin budurkim, podshoh ulug‘ rud (soy, daryo)ga o‘xshar va atboi (tobelari, tarafdorlari, izdoshlari) arig‘larg‘akim, ul ruddin ayrildilarkim, ud rud suyig‘a har hol bo‘lsa, arig‘larg‘a hamul holdur. Ul chuchuk bo‘lsa, bular chuchuk; ul achig‘ bo‘lsa, bular achig‘; ul sof bo‘lsa, bular sof; ul loy bo‘lsa, bular loy. Pas, podshohg‘a vojibdur – g‘oyat hikmat va e’tidol (o‘rtachalik, yarashiqlilik, to‘g‘rilik) bila, to mulk barqaror bo‘lg‘ay. Yo‘qki, barchag‘a nima bergay bee’tidolliq (nomavzunlik, yarashiqsizlik) bila, to mulk buzulg‘ay».
Navoiyning diniy mavzularda qalam tebratgani ham yaxshi ma’lum. «Siroj ul-muslimin» («Musulmonlik chirog‘i»), «Arba’in» («Qirq hadis»), «Munojot» («Tavba-tazarru») shular jumlasidan.
Navoiyning «Nasoyim ul-muhabbat min shamoyim ul-futuvvat» («Ulug‘lik xushbo‘yliklarini taratuvchi muhabbat shabbodalari») asari tasavvuf tarixiga bag‘ishlangan. Bu kitob, aslida, Abdurahmon Jomiyning «Nafahot ul-uns min hazarot ul-quds» («Pok zotlar huzuridan esgan do‘stlikning xush islari») kitobining erkin tarjimasidir. Bu kitobda tasavvuf tarixi, uning nazariyasi, buyuk so‘fiylarning hayoti va faoliyati yoritib berilgan. Xoja Ahmad Yassaviy, Adib Ahmad (Yugnakiy), Shayx Fariduddin Attor, Nizomiy, Xusrav Dehlaviy, Shayx Kamol Xo‘jandiy, Nosir Xusrav, Mavlono Lutfiy, Mavlono Ashraf, Sayyid Nasimiy, Shamsuddin Muhammad Hofiz Sheroziy singari buyuk adiblarning hayoti va ijodiga oid lavhalar ham shu kitobdan o‘rin olgan. Kitob tasavvufga oid hikmatli so‘z va o‘gitlarni ham jamlagan. Ularning ayrim namunalari bilan tanishishimiz mumkin:«Har bir narsaning zangi bo‘ladi, qalb nurining zangi esa, to‘yib ovqatlanishdir». (Abu Sulaymon Doroniy)«Igna bila tog‘ni qozmoq takabburni ko‘ngullardin chiqarmoqdin osonroqdur». (Abuhoshim So‘fiy)
«Nazm ul-javohir» («Gavharlar tizmasi») ham axloqiydidaktik g‘oyalar targ‘ibiga bag‘ishlangan. U ayrim hadisi shariflarning she’riy talqinidir. Unda hadislardagi asosiy tushuncha va tamoyillar nihoyatda sodda va tushunarli, ta’sirchan tilda, she’riy shaklda talqin qilinadi.
Navoiy – tarixiy-memuar ruhidagi qator asarlarning ham
muallifi. Bu silsilaga «Vaqfiya», «Xamsat ul-mutahayyirin», «Holoti Sayyid Hasan Ardasher», «Holoti Pahlavon Muhammad» asarlari kiradi. Alisher Navoiy ichki intizomga muntazam rioya qilar edi. Shuning uchun u hatto o‘z maktublarini ham tartib bilan saqlab qo‘ygan. Natijada 1499-yilda «Munshaot» («Maktublar») degan kitobi tuzilgan edi. Maktublar turli kishilarga yozilgan. Xususan, Husayn Boyqaroning katta o‘g‘li Badiuzzamon mirzoga, o‘g‘ilxoni Mir Ibrohimga yozilgan maktublar yuksak saviyasi, go‘zal badiiyati va katta tarbiyaviy jihatlari bilan e’tiborlidir.
Dostları ilə paylaş: |