Kurs ishining ilmiy-amaliy ahamiyati. Kurs ishi materiallaridan Amir Temur tarixiga oid O’zbekiston tarixi fanidan, tarixshunoslik o’quv fanlarida, maxsus kurslarda foydalanish mumkin.
Amir Temur davlatining markaziy hokimiyat va boshqaruv organlari
XIV asrning II yarmi - XV asrning boshlarida Amir Temur o'zining buyuk imperiyasiga asos soldi. Movarounnahrda uzoq vaqt hukm surgan feodal tarqoqlikka chek qo'yilib, nisbatan naarkazlashgan kuchli davlat tashkil etildi. Yakka hokimlik shaklida idora etiluvchi mazkur davlatning tepasida yakka hokim - amir turar edi. Davlat boshlig'i - amir hokimiyati cheklanmagan. U qonunlar chiqargan, o'zi ularni bekor qilgan. Davlatdagi hamma mansablar amir tomonidan ta'sis etilgan. Amir barcha mansabdor shaxslarni tayinlagan va bo'shatgan. Amir mamlakat harbiy qo'shinlarining yagona qo'mondoni hisoblangan.
«Temur tuzuklari»ning «Saltanatni o'z erkimda saqlash uchun amal qilgan tuzugim» deb nomlangan maxsus bobida quyidagi ko'rsatmalar mavjud: «raiyat podshosining aytgan so'zini, qilgan ishini o'zi aytadi, o'zi qiladi, hech kim bunga aralasha olmaydi..., boshqalar saltanat ishlarida podshohga sherik, yoxud ustun bo'lmasliklari shart.... Butun mamlakatda buyruq-farmon berish ishlari, podshoning o'z ixtiyorida bo'lishi lozim. Podshoh har ishda o'zi hukm chiqarsin, toki hech kim uning hukmiga aralashib, o'zgartira olmasin... Podshoh hukmi joriy etilishi darkor, ya'ni qanday hukm chiqarishidan qat'iy nazar, amalga oshirilishi shart... Biron kimsa unga monelik qilolmasin... Saltanat ishlarida, hukm yurgazishda podshoh o'zini yagona bilib, hech kimni o'ziga saltanat sherigi qilmasin».' Shu tariqa, amir davlat hayotining barcha masalalarini mustaqil hal qilgan va cheklanmagan hokimiyatga ega bo'lgan.
Amir Temur davlatni idora qilishda adlu adolat, qonun ustuvorligiga asoslanib ish ko'rishga, fuqaro manfaatlarini ko'zlab siyosat yurgizishga alohida e'tibor berdi. Mamlakat hayotiga daxldor har bir katta-kichik masalada o'ziga yaqin tutgan xos kishilar, dinu ilm ahllari, har sohaning bilimdon vakillari bilan maslahatlashib, kengashib faoliyat yuritdi. Uning aql-zakovati va donishmandligi mahsuli bo'lgan «Tuzuklar»da buyuk davlatni boshqarishning barcha asosiy tamoyillari, yo'1-yo'riqlari har jihatdan asoslab berilgan edi. Taniqli xorijlik olim D. Logafetning yozishicha, «Yevropada konstitutsiya haqida oddiy tushunchaga ham ega bo'lishmagan davrlarda uning davlatida konstitutsiyaviy qonunlar majmuasi - «Tuzuk» mavjud bo'lgan».
«Temur tuzuklari»da davlat tuzilishining asosiy bo'g'inlari, ularning vazifa, funksiyalari, vazirlarning faoliyatlari, turli xil ijtimoiy guruhlar, tabaqalarga munosabat, qo'shin tuzilishi, davlatning moliya va soliq siyosati, mulkiy munosabatlar hamda shu singari dolzarb masalalar, ularni hal etish yo'llari aniq-ravshan ifodalangan. Shuningdek, «Tuzuklar»da har bir masalani hal etishda, voqea, hodisalarni tahlil etganda, xolis ko'z bilan yondashish, fuqaro ahliga jabr qilmaslik, yurtga xiyonat etmaslik, dinu diyonatga, qonun ustuvorligiga qat'iy amal qilish, adolat va haqiqat mezonlari bilan faoliyat yuritish lozimligi qayta-qayta ta'kidlab o'tilgan. Bular Sohibqironning nechog'liq yurtparvar, fuqaroparvar bo'lganligini, mamlakat xalqi, turli ijtimoiy guruhlar o'rtasidagi totuvlik, ahillikka, ulaming manfaatlarini qonun yo'li bilan himoya qilishga birinchi darajali e'tibor berganligini ko'rsatadi.
Amir Temur o'z davlatini barpo qilishda o'tmishda mavjud siyosiy boshqaruv tajribalaridan keng foydalandi. Mazkur davlat o'z tarkibiy tuzilishiga ko'ra ko'pincha harbiy-siyosiy tartiblarga asoslangan edi. Qudratli hukmdor tarix faniga ixlos qo'yganidan bo'lsa kerak, qadimgi va O'rta asr Sharq mamlakatlaridagi turli davlatlar va ularning siyosiy hamda ma'muriy idora usuli, boshqaruv tizimlari haqida keng tasavvurga ega edi. Biroq, uning davlat boshqaruv tizimi qo'l ostidagi butun hududda yagona markazlashgan siyosiy tartib asosiga qurilgan bo'lib, bu sohadagi tajribalar O'rta asrlardagi O'rta Osiyo davlatlarida keng qo'llanilgan idora usullari tajribasi bilan boyitilgan edi. Amir Temurning Nizomulmulk tomonidan yaratilgan «Siyosatnoma» asaridan davlat ishlarida keng qo'llanma sifatida foydalanishi, «Temur tuzuklari»da «Siyosatnoma»dan fikrlar keltirishi bunga yorqin misoldir.
Amir Temur o'ziga qadar mavjud bo'lgan davlatchilikning sakkizta asosiga amal qildi:
- davlat siyosiy jihatdan mustaqil bo'lishi;
- davlat va jamiyatning siyosiy yaxlitligi buzilmasligi;
- davlat va jamiyat muayyan qonunlar, tartiblar, mafkura asosida boshqarilmog'i;
- boshqaruv tizimini muvofiqlashtirib turuvchi qoidalar shakllangan bo'lishi;
- jamiyatdagi ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlar ahvoli davlat e'tiborida bo'lishi;
- fan va madaniyat ravnaqi to'g'risida doimiy qayg'urish;
- har bir davr shart-sharoiti, tartiblariga ko'ra davlat jamiyat ichki taraqqiyoti masalalarini tashqi dunyodagi mavjud omillardan foydalangan holda olib borishi;
- davlat tepasidagi kuchlar o'tmish, zamona va kelajakni teran tafakkur, mustahkam iymon, g'oyat yuksak ma'naviyat va millatparvarlik ila anglamog'i.
Amir Temur davlatchilikning bu asoslariga to'qqizinchisini, jamiyat rivoji va barcha ijtimoiy tabaqalar, manfaatlarini ta'minlashni qo'shdi.
Temur muhim davlat ishlarini jamiyatning yuqori qatlami vakillaridan iborat majlis (kengash)da ko'rib hal qilgan. Majlisda kimlar ishtirok etishi va ularning taxtga nisbatan joylashish tartibi Temur tuzuklarining «Saltanat saroyida o'tirish va o'rin olish tuzugi» degan bobida batafsil ko'rsatib berilgan. Unda aytilishicha, sayyidlar, qozilar, ulamo, fuzalo, shayxlar, ulug'lar va ashrof (sharaf va e'tiqodli kishilar), oliy tabaqaga mansub kishilar taxtning o'ng tomonida; amir ul-umaro, beklarbegi, amirlar, no'yonlar, ulus, tumanlar va qo'shinlarning sardorlari va amirlari, mingboshilar, yuzboshilar, o'nboshilar chap tomonda o'tirishlari lozim bo'lgan. Devonbegi va vazirlar taxtning qarshisida, turli mamlakatlar, el-uluslarning kalontarlari (shahar boshliqlari) va kadxudolari (qishloq, jamoa oqsoqollari) vazirlar orqasida, bahodirlar, o'g'lonlar taxtning orqasidan o'ng tomonda, qorovulbegilar (qo'shinning oldida boruvchi xabarchi qism boshliqlari) esa taxtning orqasidan chap tomonda o'tirishlari kerak edi. Xirovul (qo'shinning ilg'or qismi ketidan boruvchi bo'linma) amir taxti ro'parasidan o'rin olgan, ichki (kichik lavozimdagi saroy xizmatchisi), xususiy yasovul esa katta chodir eshigi oldida, dodxohlar (arz-dod bilan kelganlarning arizasini qabul qilib olib, podshoga yetkazuvchi mansabdorlar) o'ng va chap tomonda tik turganlar. Qolgan sipohiylar va xizmatkorlar o'z martabalariga qarab saf tortib tik turganlar. Majlis tantanali, bayramona o'tgan. Podsho yig'ilganlarga shohona ziyofat bergan. Biroq majlis maslahatchi organ bo'lgan. Majlisda hal qiluvchi ovoz amir-podshoning o'ziga tegishli bo'lgan.
Bundan tashqari, Temur tor doiradagi kishilar bilan ham kengash o'tkazib turgan. Bu davlat kengashida asosan shahzodalar va harbiy boshliqlar, amirlar ishtirok etib, urush va tinchlik masalalarini, ayniqsa uzoq mamlakatlarga yurish bilan bog'liq masalalarni muhokama qilganlar. Davlat kengashi tinchlik vaqtida Samarqandda amir saroyida chaqirilgan. Unda amirning qarindosh-urug'lari, ruhoniylarning oliy vakillari, bosh amir, beklarbegi, amirlar, uluslar va tumanlarning boshliqlari, mingboshilar, yuzboshilar, vazirlar, devonbegi va boshqalar ishtirok etganlar.
Demak, Amir Temur davrida boshqaruv ikki idora: dargoh va devonlarga (vazirliklarga) bo'lingan.
Dargoh — eng oliy davlat idorasi. Uning boshlig'i ham tabiiy ravishda davlatning oliy hukmdori. Amir Temur davlat tepasiga kelgandan so'ng chingiziylardan bo'lmish Suyurg'atmishni xon, ya'ni oliy hukmdor deb e'lon qilgani ma'lum. Shu bilan birga Suyurg'atmish «soxta xon» mavqyeida bo'lib, amaldagi hokimiyat Sohibqiron ixtiyorida bo'lganini ham bilamiz. Nima uchun shunday qarama - qarshilik yuzaga kelgandi, savoli tug'iladi. Chingiziylarning 150 yillik hukmronligi mamlakat hayotida katta ta'sirga ega bo'lganini ta'kidlagan edik. Siyosiy munosabatlar, qarashlar, odatlar jamiyatning eng qaynoq sohalaridan biri sifatida yangilik va o'zgarishlarga boy bo'ladi. Masalan, ulus boshlig'ining biyobondan qarorgoh qurishini olaylik. Mamlakatimizda asrlar davomida davlat boshlig'ining qarorgohi shaharlarda qanchalik tabiiy bo'lib kelgan bo'lsa, chingiziylar davrida, aksincha, xon biyobondagi qarorgohda turishi kerak, qabilidagi aqida siyosiy muhitga qattiq singib ketgandi. Shunga o'xshash o'zgarishlardan bir qanchasi mazkur bir yarim asrlik jarayonda o'z o'rnini topib olgandi. Gap ularning to'g'ri-noto'g'riligida emas. Muhimi Amir Temur davlat tepasiga kelgan paytda ular jamiyat hayotidagi voqyelikni tashkil etardi. Sohibqiron bularni nazarda tutmasdan iloji yo'q edi. Ik kinchi tomondan, 1370 yili mamlakatda Amir Temurdan boshqa ham yana bir qancha qudratli amirlar, ularni qo'llab-quvvatlovchi ijtimoiy-siyosiy kuchlar bor edi. Ular ham zimdan yo ochiqchasiga mustaqil siyosat yurgizish, hatto oliy taxtni egallash niyatida bo'lganlar. Bunday sharoitda Amir Temur o'zini rasman xon deb e'lon qilolmasdi. Chunki bu raqiblarga bahona bo'lib, norozilik va xurujlarga turtki bo'lishi turgan gap edi. Zero, xuddi shu yillar taomiliga ko'ra siyosiy hokimiyat chingiziylar xonadoni ixtiyorida bo'lishi kerak edi. Uchinchi tomondan, Suyurg'atmish xon deb ko'tarilganda hali amir Husayn masalasi hal bo'lmagandi, aniqrog'i hal bo'lish arafasida edi. Amir Husayn esa o'z vaqtida Kobilshohni (1364), so'ng Odil Sultonni (1365) rasman xon deb e'lon qilgandi.
Demak, Amir Temur tomonidan Suyurg'atmishning xon deb e'lon qilinishi Odil Sulton «xonligi»ni, ya'ni amir Husayn hukmdorligini bekor etish bilan barobar hisoblanardi. Xullas, mazkur masala o'sha zamon voqyeligidan kelib chiqib Amir Temur hokimiyatini mustahkamlash yo'lida amalga oshirilgan. Sohibqiron uchun bu paytda muhimi ham aslida shu edi.
Amir Temurning chingiziylardan bo'lmish Qazonxonning qizi Saroy Mulkxonimga (1337—1408) uylanishi, ya'ni xon avlodiga kuyov (ko'ragon), qarindosh bo'lishi ham uning siyosiy mavqyeini rasman bo'lsa ham mustahkamlashga xizmat qilgan. Bundan tashqari Chig'atoyxon amirlaridan Qarochar barlos Amir Temur avlodi ekanligi va u o'z vaqtida Chig'atoyxon ulug' amiri sifatida o'lkani boshqargani (Shomiy yozishicha, go'yo «Chingizxon Chig'atoyni Qarocharga topshirgan») haqidagi yarim haqiqat, yarim afsona ham taomilga kiritilgan. Yarim haqiqatligi shundaki, Chig'atoyning Qarochar barlos nomli mingboshisi bo'lgan. Ammo ishonchli manbalarda uning xon nomzodi sifatida mamlakatni boshqargani haqida so'z yo'q. Shu ma'noda Yazdiy «Zafarnoma»sida keltirilgan Amir Temur ajdodlariga oid shajara g'irt afsona va to'qimadir. Zero, unga ko'ra go'yo Amir Temur urug'i Chingizxon urug'i bilan amakivachcha. Bu hech bir haqiqatga to'g'ri kelmaydi va uni isbotlovchi biron-bir tarixiy ma'lumot yo'q. Shunga qaramay ba'zi bir hollarda Amir Temur shaxsi va faoliyatini, demak, o'zbek xalqi tarixi va madaniyatini kamsitishga urinuvchilar mazkur afsonadan «unumli» foydalanadilar, ya'ni Amir Temurni Chingizxon va mo'g'ullar bilan bog'lab ko'rsatishga urinadilar.
Demak, dargoh boshida amalda Amir Temur turgan. Mamlakat va davlat ahamiyatidagi masalalar uning hukmi va ko'rsatmasi asosida hal etilgan. Shu bilan birga dargohda vaqti-vaqti bilan xos majlislar o'tkazilib turilgani ma'lum. Bunday majlislarda davlat va mamlakat idorasi, sodir bo'layotgan o'zgarishlarga munosabat, muhimi mansab va vazifalarga tayinlash kabi masalalar ko'rib chiqilgan. Bunday tadbirlar goyatda tor doirada o'tkazilib, davlat ahamiyatiga molik masalalarning chetga ayon bo'lishidan nihoyatda saqlanilgan. Chunonchi, maxsus kotib majlis bayonini maxsus daftarga tushirib borgan. Aftidan, keyingi majlisda ana shu bayon asosida ilgari qabul qilingan qarorlar, turli choralar natijalari tekshirib borilgan.
Amir Temurning dargoh faoliyatini boshqarish, odamlardan unumli foydalanish, ularni o'z atrofiga to'plash, katta-kichik tadbirlarni tashkil qilish borasida tutgan yo'lini «Tuzuklar»dagi bayonlardan yaqqol ko'rish mumkin. Chunonchi, Sohibqiron shunday yozgandi:
«Saltanat ishlarining to'qqiz ulushi kengash, tadbir va mashvarat, qolgan bir ulushi esa qilich bilan bajo keltirilishini angladim. (Donishmandlar) demishlarkim, o'z o'rnida qo'llangan tadbir bilan ko'plab lashkarning qilichi ojizlik qilgan har qanday mamlakat darvozasini ochib, favj-favj lashkarni yengib bo'lur. Tajribamda ko'rilgankim, azmi qatiy, tadbirkor va xushyor, jang ko'rgan, mard, shijoatli bir kishi mingta tadbirsiz, loqayd kishidan yaxshiroqdir. Chunki tajribali bir kishi minglab odamga ish buyuradi... Yana mening tajribamdan o'tmishkim, garchi ishning qanday yakunlanishi taqdir pardasi ortida yashirin bo'lsa ham, aqli raso va hushyor kishi mulohazakorlik, tadbir va kengashga tayanishi lozim. Shuning uchun Payg'ambarimiz Muhammad sallollohu alayhi vasallam aytganlaridek, har bir ishni qilishga kirishar ekanman, avval obdon o'ylab, (amirlarim bilan) kengashdim. Maslahatchilar va kengash ahli yig'ilganda oldimizdagi ishlarning yaxshi-yomoni, foydayu ziyon tomonlari, ularni qilish-qilmaslikdan so'z ochib, ulardan fikr so'rar edim. Ularning so'zlarini eshitgach, ishning har ikki tomonini mulohaza qilib, foyda-ziyonlarini ko'ngilga keltirardim.
Uning xatarli tomonlariga ko'proq e'tibor berardim. Qaysi bir ishda ikki xatar mavjud bo'lsa, uni bajarishdan voz kechardim va bir xatarlik ishni ixtiyor etardim...
Ishlarimning barini kengash bilan yuritib, uni bitirishda to'g'ri tadbir qo'llar edim.
Bir ishga kirishmay turib, undan qutilib chiqish yo'llarini mo'ljallab qo'yar edim. Uni to'g'ri tadbir, qatiy jazm, chinlik-chidamlik ko'rsatib, ehtiyotkorlik bilan uzoqni ko'rib, ortini o'ylagan holda oxiriga yetkazardim».
Dargoh faoliyatini boshqarish, uning vazirliklar, mahalliy hokimiyat idoralari va umuman saltanatda kechgan jarayon bilan bog'lanib turish ishini oliy devon olib borgan. Dargoh tizimidagi bu devonga devonbegi boshchilik qilgan. Oliy devonning ahamiyati va mavqyei shu qadar baland bo'lganki, manbalarda ba'zan uni dargoh bilan bir ma'noda ta'riflash hollari ham kuzatiladi. Oliy devonda har kuni to'rt vazir, ya'ni ijroiya idoralaridan bosh vazir, harbiy vazir, mulkchilik va soliq ishlari vaziri, moliya vaziri hozir bo'lib o'ziga xos ravishda hisobot berib turganlar.
Aftidan, bunda vazirliklar tegishli ko'rsatmalar olib turgan bo'lishlari kerak.
Sarhad va boshqa tobe mamlakatlar boshqaruvi bilan bog'liq yana uch vazirlik ham devonbegiga hisobot berganlar.
Dargohdagi muhim vazifalardan biri bu — arzbegidir. Uning xizmati dargohga arz-dod, shikoyat bilan kelganlar hamda mamlakatda sodir bo'layotgan voqealarga o'z munosabatini bildiruvchilarni qabul qilishni uyushtirib, tushgan arzlar, shikoyatlar, takliflarni oliy hukmdorga yetkazib turishga mas'ullikdan iborat edi. Bundan tashqari dargohda adolat amiri lavozimi mavjud bo'lib, u turli o'lka va shaharlarda «sipoh va raiyyat orasida urf-odatlarga oid janjalli ishlar haqida» boxabar bo'lib, oliy hukmdorga hisobot va ma'lumot yetkazib turgan. Demak, joylardagi ahvoldan boxabar bo'lib turishning ikki yo'lidan foydalanilgan: biri pastdan yuqoriga, ya'ni arzchilar to'g'ridan-to'g'ri dargohga murojaat qilish imkoniga ega bo'lganlar, ikkinchisi — maxsus xizmat orqali joylardagi vaziyat davlat tomonidan, aniqrog'i, oliy hukmdor dargohi orqali tekshirilib borilgan. Mana shu ikki yo'l bilan joylarda ro'y berayotgan adolatsizlik, tartibsizlik, davlat va jamiyat manfaatiga zid ishlar haqida ro'y-rost ma'lumot olingach, so'ng maxsus vakillar — aminlar (ya'ni ishonchli vakillar) joylarga borib voqeani o'rganib tegishli choralar ko'rganlar.
Chunonchi, biron kishiga nisbatan zulm, adolatsizlik qilingan bo'linsa, adolatni tiklab o'sha yer mahalliy xazinasidan ularga to'lov ajratib qaytganlar. Aminlar o'zlari taftish qilgan ishlari, ko'rilgan choralar haqida keyin yozma hisobot berganlar.
Dostları ilə paylaş: |