Ashtarxoniylar davrida hunarmandchilik va savdo-sotiq munosabatlari So‘nggi o‘rta asrlar davrida ham jamiyat hayotidagi shaharlarning o‘rni aslo pasaymagan. Savdo-sotiq va hunarmandchilik asosan shaharlarda markazlashgan bo‘lib, fan va madaniyat ham shu yerda taraqqiy etgan. Yirik iqtisodiy, siyosiy-ma’muriy va madaniy markazlar bo‘lgan Samarqand, Buxoro va Toshkent shaharlari Movarounnahrning iqtisodiy hayotida muhim rol o‘ynaganlar.
Samarqand o‘zining ixtisoslashgan bozorlari va savdo qatorlari bilan ajralib turgan. Manba tili bilan aytganda , “bu shaharning bitta o‘ziga xos xususiyati borki, bu xususiyat boshqa shaharlarda kam uchraydi, ya’ni, har bir mahsulot uchun alohida bozor bo‘lib , ular biri-biri bilan aralashib ketmaydi. Bu ajoyib an’anadir”. Darhaqiqat, Ashtarxoniylar davriga oid turli manbalar Samarqanddagi ko‘zagarlar , temirchilar , zargarlar , chopondo‘zlar, do‘ppido‘zlar , baqqollar , qassoblar , cho‘yanchilar , chitpazlar, bo‘yoqchilar, nonfurushlar kabi ko‘plab alohida bozorlar haqida ma’lumotlar beradilar. Bu davrdagi ko‘plab me’moriy inshootlarning qurilishi tufayli shaharning ko‘rinishi ham o‘zgardi. Misol uchun, o‘zbek amirlarining mavqei kuchaygan davrda Yalangto‘shbiy tomonidan Registon maydonida Sherdor va Tillakori(1631-1642yy.) madrasalari bunyod etildi. Samarqand atroflarida bog‘-rog‘lar bilan bir qatorda suv tegirmonlari ham mavjud bo‘lgan. Siyob kanalidan chiqarilgan ariqlar bo‘ylarida butun dunyoga mashhur bo‘lgan Samarqand qog‘ozi ishlab chiqarish ustaxonalari joylashgan.
Bu davrda Toshkent mamlakatning ma’muriy boshqaruv va iqtisodiy hayotida muhim rol o‘ynagan bo‘lib, bu yerda ichki va tashqi bozor uchun ko‘plab mahsulotlar mavjud edi. Toshkent, ayniqsa, tog‘-kon sanoati mahsulotlari, qozoq dashtlari bilan savdo-sotiq munosabatlarida mashhur bo‘lganligi manbalarda eslatib o‘tiladi. Toshkent atroflarida bog‘lar va uzumzorlar mavjud bo‘lgan. Toshkent qal’asi tashqarisida Kaykovus chorbog‘i joylashgan. Manbalar bu chorbog‘ni “ulug‘ sultonlar taxtining joyi” va Toshkent hokimlarining qarorgohi sifatida eslatadilar.
Toshkentda va uning atroflarida turli mamlakatlardan kelgan savdogarlar to‘xtashlari uchun karvonsaroylar mavjud bo‘lgan . Shuningdek karvonsaroylar Chirchiq daryosi bo‘ylab ketuvchi tog‘ yo‘li bo‘ylarida ham qad ko‘targan. Toshkentning keng dasht hududlari chegarasidagi vohada joylashganligi bu davrda ham shahar xo‘jaligining rivojlanishi uchun katta ahamiyatga ega bo‘lgan bo‘lsada, manbalar ko‘chmanchilarning ko‘plab hujumlar uyushtirganliklari haqida ham ma’lumotlar beradilar. Shu bilan birga Toshkentning himoya devorlari ko‘p martalab shahar aholisining himoyasini ta’minlaganligi haqida ham ma’lumotlar bor.
Bu davrda hunarmandchilikning eng rivojlangan tarmoqlaridan biri bo‘lgan kulolchilik mamlakatning barcha yirik shaharlarida, ko‘pgina qishloqlarida mavjud bo‘lib, bu sohaning rivojida butun O‘rta Osiyoga xos an’analar bilan birga, mahalliy xususiyatlar ham alohida ajralib turadi. Kulolchilik mahsulotlari tayyorlovchi hunarmandlar asosan uch toifaga: kosagarlar (yeguliklar, mevalar, shirinliklar uchun idishlar), ko‘zagarlar (suyuqliklar uchun idishlar, xumlar) va qurilish ashyolari (silliqlangan g‘ishtlar, tandirlar) tayyorlovchilarga bo‘lingan. Ichki bozorda kulollarning mahsulotiga talabning yuqoriligi, xomashyo manbai bo‘lgan gil tuproqning ko‘p joylarida mavjudligi kulolchilikning taraqqiyotini ta’minlagan edi.
Yog‘ochga ishlov beruvchi hunarmandlar yog‘och xomashyosidan turli tuman mahsulotlar tayyorlaganlar. Bunday hunarmandlar eshiklar va deraza romlari, aravalar va g‘ildiraklari, sandiqlar, beshiklar, mehnat qurollariga dastalar va soplar, qayiqlar (Amudaryo va Sirdaryo bo‘ylarida) kabi ko‘plab mahsulotlar tayyorlaganlar. Eng yaxshi ustalar yog‘ochga naqsh berish bilan shug‘ullanganlar. Boy zodagonlar uylarining peshtoqlari, eshiklari, ustunlar shuningdek, masjid va madrasalar ustunlari, xonaqolar eshiklari boy jimjimador va murakkab bo‘lgan shakldagi naqshlar bilan bezatilgan. Birgina Buxorolik savdogarlarning o‘zi 200 ga yaqin kasb turlari bilan shug‘ullanganlar.