To‘rtinchi xususiyat – ierarxiyaning qanday pog‘onasida turishidan, qaysi milliy, diniy va ijtimoiy guruhga mansubligidan qat’iy nazar, barcha davlatlar va xalqlar tabiat va jamiyatning global muammolari oldida asta-sekin bir xil vaziyat
egallamoqdalar, sayyoraning taqdiri uchun ularning hammasi zimmasiga bir xil mas’uliyat yuklatilgan; demak ular insoniyatning global umumiyligi real ekanini tushunib etgan.
Jahonning hozirgi geosiyosiy sistemasini tavsiflab beradigan beshinchi xususiyat shuki, u kapitalistik ishlab chiqarish munosabatlari va mafkurasiga asoslangan. Kapitalizm va sotsializm o‘rtasidagi Ikkinchi Jahon urushidan keyin yuzaga
kelgan global qarama-qarshilikda G‘arbning g‘alabasi bozor munosabatlari ifodasi bo‘lgan kapitalizmning o‘zini “jahon tartiboti”ning alternativasiz iqtisodiy asosi deb e’lon etishiga sabab bo‘ldi. Bu esa, tegishli ravishda, yangi mustaqil
davlatlarning ayni kapitalizmni taraqqiyotning yagona sharti va demokratlashtirishning moddiy asosi sifatida tanlashiga asos bo‘ldi.
Hozirgi jahon sistemasi va uning geosiyosiy tuzilmasining mafkuraviy negizlari G‘arb turmush tarzi va ma’naviy qadriyatlarining jozibadorligi, taraqqiyparvarligi,
insonparvarligi va liberalligiga asoslanadi. Globallashtirish, universallashtirish va ijtimoiy-siyosiy integratsiyalash yordamida butun jahonda kishilarni tarbiyalash va ma’naviy boyitishda bu qadriyatlardan foydalanilmoqda. Xalqaro birlashmalar, tashkilotlar tomonidan ijtimoiy-siyosiy tamoyillar xalqaro munosabatlar sistemasining asoslari sifatida asta-sekin liberallashtirilayotganini jahon sistemasi yangi geosiyosiy tartibotining oltinchi xarakterli xususiyati deb hisoblash mumkin. Bir vaqtlar jahonda ko‘pdan-ko‘p tarafdorlar topgan va muayyan davlatlarning asosiy mafkuraviy tamoyiliga aylangan fashizm, sotsializm singari qadriyatlar o‘z o‘rnini asta-
sekin liberalizmga bo‘shatib bermoqda. To‘g‘ri, bugungi kunda insoniyat jahonda millatchilik va diniy g‘oyalar keng yoyilayotganidan muayyan darajada tashvish ham tortmoqda. Biroq G‘arbning iqtisodiy, siyosiy va ma’naviy hayotida to‘la qaror
topgan va jahonda nihoyatda ommabop shaklda targ‘ib etilayotgan liberalizm g‘oyalari endilikda yangi dunyo tartibotining mangu qadriyati sifatida baholanmoqda.
Hozirgi jahon sistemasining ettinchi xususiyati va eng bahsli masalasi – zamonamizning xalqaro munosabatlari va davlatlararo qoidalarini kim – xalqaro tashkilotlar yoki gegemonlikka intilayotgan AQSH – boshqarishi kerakligini aniqlashdan iborat.
Amerika olimlari hozirgi jahon “ma’rifatli boshqaruvga muhtoj” va bunday rolni ayni AQSH o‘ynashi mumkin, demoqdalar. Ular AQSHning hozirgi jahon iqtisodiyoti va siyosatidagi o‘rni va roli unga jahonga yo‘lboshchilik qilishni o‘z zimmasiga olish va shu bilan sayyorada tinchlik, xavfsizlik va osoyishtalikni ta’minlash imkonini beradi, deb hisoblamoqdalar. Ularning fikricha, AQSHning harbiy, iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy va madaniy qudrati jahon rahnamosi roliga to‘la muvofiqdir. Ayni chog‘da boshqa fikrlar ham mavjud. Misol tariqasida Xitoy, Rossiyani, AQSHning G‘arbiy Evropadagi ittifoqchilari bo‘lgan Fransiya va Germaniya va boshqa davlatlarni aytish mumkin.
Bu mamlakatlar yangi dunyo tartiboti va uning negizidagi geosiyosiy munosabatlar kollektiv mas’uliyat va kollektiv aralashuvni taqozo etadi, deb hisoblashadi. SHuning uchun ham xalqaro munosabatlar BMT, uning Xavfsizlik Kengashi doirasida hal etilishi, barcha masalalar yuzasidan ayni shu tashkilotda
umumiy rozilikka erishish lozim. 1950 yillardan shakllangan harbiy muvozanat va kollektiv xavfsizlik sistemasining buzilishini hozirgi jahon sistemasi
geosiyosiy tartibotining sakkizinchi xususiyati, deb hisoblash mumkin. Bir vaqtlar jahonda hukm surgan milliy davlatlar va imperiyalarning harbiy kuchlari muvozanati, qarama-qarshi harbiy bloklar (NATO va Varshava SHartnomasi Tashkiloti) endi o‘z
o‘rnini AQSH va uning NATOdagi ittifoqchilariga bo‘shatib berdi. Hozirgi vaqtda NATOdagi davlatlar jahonning barcha hududlariga harbiy aralashuv va harbiy ta’sir ko‘rsatish imkoniyatiga egadir. Hozirgi jahon geosiyosiy voqeligining mohiyatini tashkil etuvchi to‘qqizinchi va eng asosiy xususiyat xalqaro munosabatlar
sistemasi tuzilmasi geosiyosiy konfiguratsiyasi (shakli)ning o‘zgarishi – “ko‘p qutblilikning” barham topishi va markazida AQSH turgan “bir qutblilik”ning yuzaga kelishidan iborat. Agar 1945-1990 yillarda xalqaro munosabatlarda SSSR va AQSH tegishli ravishda boshchilik qilgan sotsialistik va kapitalistik bloklar mamlakatlar, xalqlar, birlashmalarning ijtimoiy tutumini, davlat tuzilmalarining maqsad va
vazifalarini belgilab bergan bo‘lsa, endilikda yangi dunyo tartibotida bu nisbat buzildi. Bugungi kunda jahon taraqqiyotiga, davlatlararo munosabatlarga, davlatlarning mavjud va istalayotgan voqeligi, maqsadlari va vazifalariga, “inson –
jamiyat – davlat” munosabatlariga AQSH timsolida bir qutbli yondashuv ochiqdan-ochiq namoyish etilmoqda. SHunday qilib, XX asrda jahonning geosiyosiy taraqqiyoti va xalqaro siyosatga “ko‘p qutblilik” negizida ta’sir ko‘rsatishga asoslangan xalqaro munosabatlar sistemasi hozirgi bosqichda yangi dunyo tartibotiga o‘rin bo‘shatib berdi. AQSH va uning ittifoqchilari 1991 yildan boshlab, yangi geosiyosiy sharoitda sayyoraning muhim geostrategik makonlari va boshqa zahiralari ustidan nazorat qilishning yanada mukammalroq shakl va vositalarini joriy etishga kirishdilar. Globallashuv, jahonning transmilliylashuvi va ijtimoiy xulq-atvor normalarining universallashuvi, kapitalistik g‘oyalar, fuqarolik jamiyati, demokratiya va inson huquqlari tushunchalarining umuminsoniy qadriyatlar sifatida asta-sekin yanada keng yoyilishi, 2001 yil 11 sentyabr voqeasidan keyin terrorizmga qarshi butun jahonda kurash boshlangani, NATOning asta-sekin kengayishi natijasida xalqaro xavfsizlikning yangi uslublari joriy etilishi va G‘arb mamlakatlari tomonidan ilgari surilgan boshqa tashabbuslar jahonning yangi geosiyosatiga asos soldi.
Mohiyat e’tibori bilan, AQSH va uning ittifoqchilari “yangi dunyo tartiboti” nomi ostida hali Versal sistemasi tomonidan qaror toptirilgan qoidalarni yana geosiyosatning kun tartibiga kiritib, bu bilan yuz yillar oldin Evropa geosiyosati klassiklari tomonidan ilgari surilgan g‘oyalar va qoidalarni (Evroosiyo 394
qit’asiga ega bo‘lish, enegetika manbalari, naqliyot-tranzit yo‘llarini, muhim geostrategik hududlar va mintaqalarni, bozorlarni, ishlab chiqarish zahiralarini nazorat etish va h.k.larni) qo‘llanishga intilmoqdalar. Bu esa xalqaro munosabatlar sistemasining asosiy sub’ektlari bo‘lgan milliy davlatlar o‘rtasidagi munosabatlarning xarakterini tegishli ravishda o‘zgartiribgina qolmaydi, balki ularning kelajakdagi
taraqqiyot yo‘llarini, ijtimoiy formatsiyalarini ham o‘zgartiradi va shunday qilib butun jahon tarixi jarayoniga jiddiy ta’sir o‘tkazadi. Bir tomondan, AQSH va Evropa Ittifoqi davlatlari, boshqa tomondan – Xitoy, YAponiya, Rossiya, Hindiston va geostrategik jihatdan faol bo‘lgan boshqa mamlakatlar o‘z geosiyosiy, geostrategik va geoiqtisodiy manfaatlarini to‘laroq va xavfsiz ta’minlash, jahonning muhim moddiy va ma’naviy
zahiralarini, geostrategik makonlarini egallash va o‘z qo‘lida tutib turish maqsadida yangi-yangi geostrategik loyihalarni ishlab chiqmoqdalar, kurash olib borish uchun rejalar va ittifoqlar tuzmoqdalar. Tadqiqotchilar yangi geosiyosiy koordinatlar sistemasini Belovejsk sistemasideb atamoqdalar va uni “yangi dunyo tartiboti” sifatida taqdim etmoqdalar. “YAngi dunyo tartiboti” geosiyosiy sistemasi va uning tuzilmasining hozirgi ierarxik xarakteristikasi. Bugungi geosiyosatchilarning ko‘pchiligi jahonning hozirgi geosiyosiy xaritasi va tuzilmasiga klassik geosiyosatda qo‘llanadigan paradigmalar (o‘lcham va baholash qoliplari)ni tatbiq etish maqbul ko‘rmaydilar. Hozirgi vaqtda siyosatshunoslar
jahon geosiyosiy tuzilmasini quyidagicha tasavvur etishadi:
1. Kanada va Meksika bilan birgalikda AQSH hamda uning ittifoqchilari – Evropa Ittifoqi mamlakatlari;
2. Xitoy, YAponiya, Hindiston va Janubi-SHarqiy Osiyoning boshqa rivojlangan mamlakatlari;
3. Rossiya va sovetlardan keyingi makonda uning ta’sir doirasiga kiruvchi mamlakatlar va pravoslav-slavyan dunyosi mamlakatlari;
4. Islom dunyosi va uning Turkiya, Eron, Saudiya Arabistoni, Pokiston kabi mintaqaviy rahnamolari va boshqa mamlakatlar;
5. Afrika qit’asi mamlakatlari va ularning uyushmalari;
6. Latin Amerikasi mamlakatlari. Mohiyat e’tibori bilan, bu markazlarning birontasi bir xil emas va har bir mamlakat o‘z tuzilmasi doirasida boshqalarnikidan farqli manfaatlarga, geosiyosiy kod va koordinatlarga, harbiy va siyosiy maqsadlarga, tashqi dunyo bilan munosabatlarning o‘z mezonlariga ega.
Masalan, Janubi-SHarqiy Osiyoning Xitoy, Hindiston, YAponiya va boshqa mamlakatlari, garchi bir geosiyosiy markazga kiritilgan bo‘lsa-da, ularning har biri bu mintaqada o‘zi gegemon bo‘lishi uchun kurash olib bormoqda. YOki Islom dunyosi deb nomlangan guruhdagi mamlakatlarning geosiyosiy mavqei va maqsadlari tamoman boshqachadir. Bu guruhning Turkiya, Eron, Saudiya Arabistoni, Pokiston kabi mamlakatlari mintaqa va jahonda o‘z o‘yinini o‘ynayotgan geosiyosiy raqiblar sifatida maydonga chiqmoqda. Boz ustiga, AQSH va Evropa Ittifoqi davlatlari tashqaridan geosiyosiy ma’noda jipsday ko‘rinsa-da, ular orasida etarlicha muammolar mavjud.
Hozirgi dunyoda AQSH, Xitoy, Rossiya, Fransiya, Buyuk Britaniya,
Hindiston, YAponiya va o‘z geosiyosiy, geoiqtisodiy va geostrategic xarakteristikasiga ko‘ra etakchi mavqeda turadigan, yo‘lboshchi davlat statusiga intilayotgan va strategik o‘lchamlariga ko‘ra, bir- biri va jahonning boshqa mamlakatlari bilan raqobatlashishga qodir davlatlar butun jahon sistemasi a’zolarining milliy manfaatlarini ta’minlash va himoya qilishga bevosita yoki bavosita ta’sir ko‘rsatmoqda. Biroq, yuqorida aytib o‘tilganidek, bugungi kunda faqat AQSH Er yuzida sodir bo‘layotgan barcha muhim geosiyosiy hodisalarga, transmilliy xalqaro, mintaqaviy va mahalliy loyihalarga, ziddiyatlar, davlatlararo va mintaqaviy
jarayonlarga aralashish uchun real imkoniyatga egadir. SHuning uchun ham AQSH hozirgi vaqtda jahon gegemonligiga intilayotgan va buning uchun hammadan ko‘proq imkoniyatlarga va asoslarga, jahon makoni ustidan nazoratning real mexanizmlariga ega bo‘lgan yagona mamlakat hisoblanadi. Hozirgi bosqichda jahon davlatlari xalqaro jarayonlarga ta’sir kuchiga va xalqaro munosabatlardagi roliga ko‘ra bir necha
guruhga ajratiladi: Ulkan davlatlar:butun Er kurrasida o‘z manfaatlarini ta’minlash uchun etarli harbiy, iqtisodiy va ma’naviy qudratga ega, boshqa davlatlardan uning va ittifoqchilarining manfaatlarini hisobga olishni talab qiladigan va bunga
erishadigan mamlakatga nisbatan “ulkan davlat” tushunchasi qo‘llanadi. Bir vaqtlar tarixda Rim, Vizantiya, Britaniya imperiyalari, SSSR va AQSH shunday rolni o‘ynagan. Hozirgi vaqtda esa faqat AQSH bunday salohiyatga egadir.