Geoiqtisodiy globallashuv va milliy-davlat manfaatlari. Jahon geoiqtisodiy hayotining globallashuvidan yutganlar ham, yutqizganlar ham, ko‘ngli to‘lganlar ham, norozilar ham bor. Bir vaqtlar sanoat inqilobi davrida yangi texnologiyalar asosida qurilgan ulkan zavod va fabrikalar rivojlangan mamlakatlarga
kapital, yangi ish o‘rinlari, aholiga – farovonlik va’da qilgan bo‘lsa, keyinchalik ma’lum bo‘ldiki, bu o‘ziga xos ekologik, demografik, xom ashyo ta’minoti va boshqa muammolarni keltirib chiqardi. Xususan, Evropada aholi tabiiy o‘sishining past
sur’atlari oqibatida bu ulkan korxonalarga uchinchi mamlakatlardan ko‘chib kelgan muhojir shaxslar ishga olina boshladi, bu esa mazkur davlatlarda muayyan ijtimoiy, milliy va ma’naviy muammolar yarata boshladi.
Geoiqtisodiy globallashuv sharoitida yirik transmilliy korxonalar endi rivojlangan davlatlarda emas, balki arzon ishchi kuchi, xom ashyoga ega, ishlab chiqarish xarajatlari kam bo‘lgan mamlakatlarda qurila boshlandi. Bunday mamlakatlarda mahalliy xom ashyo va arzon ishchi kuchi joyning o‘zida ishlab chiqarishga jalb
qilinadi, zararli ekologik ta’sir, ishlab chiqarish chiqindilari va hokazolar esa transmilliy korporatsiyalarni unchalik tashvishlantirmaydi. Agar mazkur korxonalar xalqaro huquq normalari bilan himoya etilishi, ularning mahsulotlari butun
jahonda sotilishi, foyda bo‘lsa, korxona egasining cho‘ntagiga tushishi hisobga olinadigan bo‘lsa, bu jarayondan hammaga qaraganda transmilliy korxonalar naf ko‘rishi ayon bo‘ladi. Geoiqtisodiy globallashuv bosqichi mehnatni xalqaro
taqsimlashni ham umuman o‘zgartirib yuboradi. Ilgarigi sanoat markazlari intellektual texnologiya markazlariga, xom ashyo va arzon ishchi kuchiga ega mamlakatlar bo‘lsa, sanoat markazlariga aylanadi. Rivojlangan davlatlar asosan dasturiy, texnologik,
moliyaviy va turistik markaz sifatida transmilliy kompaniyalar tomonidan chet ellarda bunyod etilgan korxonalarning boshqaruvchisi rolini o‘ynaydi. Geoiqtisodiy globallashuv naqliyot-kommunikatsiya vositalarining yuk o‘tkazish salohiyatini va operativligini oshirishni, milliy davlatlardagi bojxona, soliq, viza, ekologik
va boshqa cheklovlarni minimum darajaga tushirilishini talab qiladi. SHuning uchun ham davlatlarning milliy manfaatlari, chegara-o‘tkazma va boshqa cheklovlari globallashuv markazlarining qudratli kuchi bilan barataraf etiladi, baynalmilal yo‘laklar, tovarlar va xizmatlar, tijoratning monesiz harakati tashkil etiladi.
Ulkan korxonalar qurilayotgan uchinchi mamlakatlarga kelsak, ular bu jarayondan foyda olishlari bilan bir qatorda zarar ham ko‘radilar. Bu korxonalar tufayli ular o‘zlarida mavjud ishsizlik muammosini qisman hal etadilar, muayyan soliq tushumlari oladilar va mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy ahvolini yaxshilaydilar. Ayni chog‘da bu mamlakat aholisining an’anaviy turmush tarzi buziladi, u zararli ekologik, mafkuraviy, axborot va boshqa ta’sirlarga giriftor bo‘ladi. SHunday qilib, transmilliy korporatsiyalar (ularning egasi bo‘lgan rivojlangan davlatlar) va globallashuvga tortilgan uchinchi mamlakatlar o‘rtasida foyda olish va o‘z manfaatlarini
ta’minlash borasida olib borilayotgan ochiq yoki yashirin kurash geoiqtisodiy globallashuv hozirgi jahon sistemasiga kiritgan xarakterli xususiyatlardan biridir. Birinchi tomon xalqaro huquqning barcha imkoniyatlaridan foydalangan holda ancha
qulayroq statusga ega bo‘lishga, ikkinchi tomon – o‘z milliy manfaatlaridan kelib chiqib, ancha foydaliroq shartlarga erishishga, o‘z xom ashyosi, eri, ishchi kuchi, ekologik zararni imkon boricha qimmatroq baholashga, milliy-etnik va turmushning
an’anaviy sharoitlari bilan bog‘liq manfaatlarini himoya qilishga intiladi.
Rahnamo davlatlarning globallashuvni osoyishta amalga oshirish uchun mintaqaviy va mahalliy konfliktlarning oldini olish, naqliyotning jahon miqyosida erkin harakatini va transport yo‘laklarining xavfsizligini, energiya manbalari
narxlarining barqarorligini ta’minlash to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilishi, xalqaro terrorizm, kontrabanda, narkotiklarning erkin muomalasiga ko‘maklashadigan salbiy hodisalarga, kambag‘allikka qarshi kurashni tashkil etishi va mablag‘ bilan ta’minlashi – geoiqtisodiy globallashuv tendensiyalaridan biridir. Bundan tashqari, geoiqtisodiy globallashuv doirasiga tortilgan mintaqalar va davlatlarda o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish, ziddiyatlarni tinch yo‘l bilan hal etishni
ta’minlash, yangi texnologiyalar, fan-texnika taraqqiyotining bugungi yutuqlarini joriy etish, tibbiyot, madaniyatni taraqqiy ettirishga sa’y-harakat qilinmoqda.
Geoiqtisodiy globallashtirishni amalga oshirishni shart qiladigan ijobiy omillardan biri shuki, ilg‘or davlatlar global masalalarni hal etishga, fundamental fanlarni rivojlantirishga katta mablag‘lar sarflamoqda, olingan texnik va ilmiy
yangiliklarni jahonni rivojlantirishga yo‘naltirmoqda. Keyingi o‘n yil ichida fan-texnika taraqqiyoti natijasida erishilgan yutuqlar jahon qiyofasi va kishilarning hayotini tubdan o‘zgartirib yubordi. Bundan tashqari, axborot sohasida erishilgan texnologik yangiliklar insonlar orasidagi aloqalarni yaxshiladi va intensivlashtirdi, ishlab chiqarish va mehnatni, savdo, bank-moliya va investitsiya faoliyatini tashkil etishni engillashtirdi. SHuni hisobga olish kerakki, bu ishlarning barchasini mablag‘ bilan ta’minlash va tashkil etish globallashtirishga rahbarlik qilayotgan rivojlangan davlatlar, xalqaro markazlar zimmasiga yuklatilgandir.
Globallashuv sharoitida butun jahonda arzon ishchi kuchi, arzon xom ashyo, ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirish va sotish bozorlarini egallash uchun keskin raqobat kurashi boshlanadi. Odatda, arzon ishchi kuchi va xom ashyo mavjud bo‘lgan,
soliqlar, ijtimoiy ajratmalar, ekologik va ishlab chiqarish xarajatlari kam bo‘lgan mamlakatlarga mablag‘lar yo‘naltiriladi va tegishli ravishda ishlab chiqarish tashkil etiladi. Bu ma’noda Osiyo-Tinch okeani havzasi mamlakatlari hozirgi vaqtda
globallashuvning asosiy markazlaridan biriga aylandi. Bundan tashqari, jahonda milliy davlatlarning rivojida va ular aholisiga yaxshi hayot sharoitlarini ta’minlashda hal qiluvchi rol o‘ynaydigan moliyaviy mablag‘lar, daromadlar va moddiy
zahiralar taqsimotida yirik va kichik davlatlar orasida jiddiy tengsizlik hukm surmoqda.
Globallashuv bir qancha asosiy sohada o‘zining ijobiy va salbiy jihatlarini yaqqol namoyon etadi. Iqtisodiy sohada globallashuv ijtmioiy va siyosiy hayotni liberallashtirish, milliy-etnik o‘ziga xoslikni barham toptirish, mazkur korxonada
ishlashga jalb etilgan kishilarni kosmopolit texnik xodimlarga aylantirish uchun sharoit yaratadi. Hozirgi vaqtda insoniyat o‘z geoiqtisodiy xarakteristikasiga
ko‘ra, ikki qismga – boy SHimol va kambag‘al Janubga bo‘lingan. SHimol davlatlari kam xarajat qilib, katta daromad olayotgan bir vaqtda, Janub katta chiqim qilib, oz daromad olmoqda. Hozirgi sivilizatsiyaning eng ko‘p xarajat talab qiluvchi sohalari –
ekologiya, ijtimoiy soha, siyosiy va madaniy jarayonlarga yo‘naltiriladigan xarajatlar, asosan, viloyatlar hisobiga qoplanmoqda.
Aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan daromad borasida rivojlangan davlatlar va rivojlanayotgan mamlakatlar o‘rtasida katta tafovut mavjud. Bu esa aholining boy va kambag‘al qatlamlari o‘rtasidagi farqni yanada orttiradi. BMTning hisob-kitoblariga qaraganda, so‘nggi 50 yilda butun jahonda ishlab chiqarilgan 30 trillion dollarlik umumiy mahsulot taqsimotida jahon aholisining taxminan 15 foyizi jon boshiga 30 ming dollar, qolgan 85 foyizi – 3 ming dollardan kam mablag‘ olgan. Ayni chog‘da, jahonda 3 milliard kishi to‘yib ovqat emayotgan bir paytda, G‘arbda 1,2 milliard kishi ko‘p ovqat eyishdan aziyat chekmoqda. AQSHda har yili 100 milliard dollar mablag‘ ko‘p ovqat eyish oqibatlariga qarshi kurashga sarflanmoqda. Uchinchi mamlakatlarning tabiiy zahiralari va ishchi kuchini ekspluatatsiya etayotgan G‘arb mamlakatlari mavjud tengsizlikni bartaraf etish o‘rniga kamabag‘al mamlakatlarga faqt muayyan gumanitar yordam berish bilan cheklanmoqda. Bu yordamlarning umumiy hajmi rivojlangan davlatlar yalpi ichki mahsulotining bor-yo‘g‘i 0,22 foyizini tashkil etadi xolos. Holbuki, BMT bu mamlakatlarga ko‘rsatiladigan gumanitar yordam hajmini rivojlangan mamlakatlar yalpi ichki mahsulotining 0,7 foyizi miqdorida belgilagan. BMT va xalqaro moliya tuzilmalarining rivojlangan
davlatlar moliyaviy zahiralarini kambag‘al davlatlarga yo‘llash urinishlari ham jiddiy natija bermayotir. Hisob-kitoblarga qaraganda, XX asrning keyingi o‘n yili ichida rivojlangan davlatlar investitsiyalarning 95 foyizini (80 milliard dollarga yaqin) faqat 30 ta mamlakatga yo‘llagan xolos. Bular ham bo‘lsa, asosan G‘arbning manfaatlari doirasidagi rivojlanayotgan davlatlardir. Bularning hammasi geoiqtisodiy globallashtirish jahonda gegemon rolini o‘ynashga harakat qilayotgan AQSH va uning G‘arbdagi ittifoqchilari tomonidan “butun dunyoni rivojlantirish, universallashtirish, umumlashtirish va tenglashtirish” maqsadida emas, balki o‘z geoiqtisodiy manfaatlarini va gegemonligini ta’minlash maqsadida
foydalanilayotganini ko‘rsatadi. O‘tish davrini boshdan kechirayotgan, arzon ishchi kuchi va xom ashyoga ega bo‘lgan, ichki ishlab chiqarishi va bozori zaif himoya etilgan mamlakatlarga globallashuv eng ko‘p zarar etkazmoqda. Odatda, bunday mamlakatlarning ichki ishlab chiqarishi raqobatga bardosh bera olmaydi va halokatga uchraydi. Bu esa mazkur mamlakatlarning ijtimoiy-iqtisodiy ahvoligagina emas, milliy-ma’naviy qadriyatlari, milliy o‘ziga xosligi va turmush tarziga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi, aholining kayfiyatini o‘zgartiradi.
SHunday qilib, hozirgi jahon iqtisodiy hayotini globallashtirish sharoitidagi geoiqtisodiy munosabatlarning qisqacha tahlili shundan dalolat beradiki, iqtisodiy globallashuv insoniyat jamiyati, tabiat va jahonda yashayotgan har bir inson
hayotida va faoliyatida boshqarish mushkul bo‘lgan besamara elementlarni yo‘qotishga yo‘naltirilgan va puxta o‘ylangan siyosatning natijasidir. Bu rejaning asosiy maqsadi jahonda yuz beradigan barcha iqtisodiy jarayonlarni nazorat etish, uni
G‘arbning istagiga muvofiq yo‘naltirish, rivojlantirish va boshqarishdan iboratdir.
Mohiyat e’tibori bilan, mazkur sistemaning mafkurachilari globallashayotgan dunyoda milliy davlatlarning rolini yanada zaiflashtirish, bu jarayonlarni transmilliy korporatsiyalar nazorati ostiga o‘tkazish maqsadini ko‘zlaydilar. Agar
transmilliy korporatsiyalar moliyaviy va iqtisodiy jihatdan kuchli davlatlar vakili ekanini hisobga oladigan bo‘lsak, bu jarayonning sust rivojlangan davlatlarga salbiy ta’sir o‘tkazishini bevosita ko‘rishimiz mumkin. Global dunyoning asosiy omillaridan biri sifatida chiqayotgan transmilliy korporatsiyalar milliy iqtisodiyotlarni parchalash
yo‘li bilan jahon xo‘jalik sistemasini, ishlab chiqarish va sotish bozorlarini, xom ashyo va mehnat kuchini, texnologik va moliyaviy zahiralarni o‘z qo‘lida jamlaydi.
Hozirgi vaqtda transmilliy korporatsiyalar Afrika, Osiyo, Latin Amerikasi, G‘arbiy, SHarqiy va Markaziy Evropa asosiy ishlab chiqarish, sotish va xom ashyo, texnologik va moliyaviy zahiralarining yarmidan ko‘prog‘ini nazorat qilib turibdi. Transmilliy moliyaviy tuzilmalar – Jahon Banki, Xalqaro Valyuta Jamg‘armasi, Evropa Ta’mirlash va Rivojlantirish Banki va boshqa moliya institutlari ishida ham ana shunday ahvolni ko‘rish mumkin. Bu banklar faqat moliyaviy va investitsiya siyosati yurgizish bilan cheklanib qolmay, jahon mamlakatlari milliy
iqtisodiyotini o‘z istagicha yo‘naltiradi, energiya manbalarining narxlarini belgilaydi, soliq, ijtimoiy to‘lovlar, oylik maosh va hokazolarni tartibga soladi.
Ko‘ryapmizki, garchi globallashtirish tabiiy va ob’ektiv jarayon bo‘lsa-da, shunga qaramay, globallashuvga jalb etilgan davlatlarning milliy manfaatlari va geosiyosiy xavfsizligi doirasida uni boshqarish mumkin. O‘z kodi, milliy
xavfsizligining doirasi va vazifalarini yaqqol anglagan davlatlarga globallashtirish faqat taraqqiyot va farovonlik keltiradi. Globallashtirishdan faqat o‘zining kundalik
masalalarini hal etish maqsadida foydalanadigan va vaqtinchalik samaraga erishishni ko‘zlaydigan davlatlar bo‘lsa, tegishli ravishda, uning qurboniga aylanadi. Bunda tegishli mamlakatning milliy iqtisodiyoti, tabiiy zahiralari, iqtisodiy qudrati
transmilliy korporatsiyalar qo‘liga o‘tibgina qolmaydi, balki davlat va millatni xarakterlaydigan milliy instinktlar, milliy iroda, milliy o‘ziga xoslik, etnik borliq, madaniyat, barcha milliy qadriyatlar ham asta-sekin yo‘qoladi, aholi esa kosmopolit
elementga, oson boshqariladigan olomonga va arzon ishchi kuchiga
aylanadi.
Har bir davlat moddiy, ma’naviy va inson zahiralarini rivojlantirishi, bevosita uning milliy borlig‘i bog‘liq bo‘lgan mudofaa, oziq-ovqat, energetik, ekologik, axborot, ijtimoiy va xavfsizlik sohalarini himoya etishi va boshqarishi hamda
mamlakat hududiga kelgan har bir transmilliy sub’ektdan bu qadriyatlarga hurmat bilan qarashni talab qilishi lozim. Buning uchun davlat milliy irodaga va unga suyanadigan o‘z siyosatiga ega bo‘lishi darkor.
Har bir transmilliy kompaniyaning (yoki bu rolni o‘ynayotgan davlatlarning) boshqa mamlakatlardagi asosiy maqsadi foyda olishdan iborat. SHuning uchun transmilliy kompaniyalar, odatda, iloji boricha kam mablag‘ sarflagan holda ko‘proq va tezroq foyda olish mumkin bo‘lgan sohani tanlaydi va shu sohaga kapitalini
sarflaydi. Milliy davlatning vazifasi bo‘lsa, globallashtirish ne’matlaridan eng ko‘p darajada foydalanishdan, o‘z mamlakatini iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy va ma’naviy rivojlantirishga erishishdan, chet el kapitali va texnologiyasi asosida o‘zining
mushkul iqtisodiy va ijtimoiy muammolarini hal etishdan iborat. Milliy davlatlar o‘z milliy manfaatlari, iqtisodiy, siyosiy, harbiy va ekologik xavfsizligini kamsitishga yo‘l qo‘ymasligi, o‘ziga xos milliy qadriyatlarini yot ta’sirlardan
himoya etish to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilishi lozim. Faqat shundagina globallashtirish har ikki tomonga naf keltiradi va o‘zaro foydali natijalarga erishiladi.
Globallashtirishdan milliy madaniyat va boshqa milliy qadriyatlar eng ko‘p ziyon ko‘radi. Bu shu bilan bog‘liqki, mazkur jarayon yagona jahon xo‘jaligi va iqtisodiy sistemasini yaratishidan tashqari, ma’naviy, madaniy, siyosiy va ijtimoiy
hayotning barcha sohalarini qamrab oladi. G‘arbning transmilliy korporatsiyalari ta’sir ko‘rsatishning yanada kuchliroq mexanizmlarini, ommaviy axborotning elektron va boshqa vositalari imkoniyatlarini ishga solib, so‘zning tom ma’nosida
“yot” (milliy) madaniy-tarixiy meros va qadriyatlarga qarshi salb urushi ochdilar. Ular G‘arbning kosmopolit va universal “qadriyatlar”ini jahonning eng mukammal va taraqqiyparvar qadriyatlari sifatida etarlicha yorqin va jozibador shaklda targ‘ib
va tashviq etmoqda. Milliy madaniyat, til, din, urf-odat va an’analarni siqib chiqarish, milliy ongni kosmopolitlashtirish pirovard natijada milliy davlatchilik institutlarining
baynalmilallashiga olib boradi. Bu esa davlatlar va xalqlarning o‘z-o‘zini saqlash instinktlari zaiflashishiga ko‘maklashadi. Globallashuvning salbiy tomonlaridan yana biri shundaki, jarayonga rahbarlik qilayotgan rahnamo davlatlar o‘z
manfaatlaridan kelib chiqib, mazkur jarayonga ochiqdan-ochiq ikki yoqlama sub’ektiv yondashuv ko‘rinishlarini namoyon etmoqdalar. Erkin harakatlanish, mehnat, moddiy va inson zahiralaridan foydalanish va shaffof boshqaruv uchun ular globallashtirishning asosiy sharti sifatida barcha mamlakatlarning chegara-o‘tkazish,
soliq, viza va boshqa qonunchiligini standartlashtirmoqda va liberallashtirmoqda. Biroq bu standartlar rahnamo davlatlar va yirik davlatlarning o‘zlari tomonidan buzilmoqda, bu davlatlarning firmalari va fuqarolariga butun jahonda
yaratilgan sharoit, tan olingan erkin harakat huquqi kichik davlatlarning fuqarolari va firmalariga tatbiq etilmaydi. Bularning hammasi tegishli ravishda erkin raqobat, mehnat va inson zahiralarining erkin harakatini buzadi.
Korxonalar tomonidan to‘lanayotgan soliqlar, ekologik va ijtimoiy ajratmalar, maoshlar, mahalliy dasturlarda ishtirok etish uchun ajratilayotgan moliyaviy mablag‘lar hajmida ham globallashtirishga sub’ektiv yondashuv ko‘zga tashlanmoqda.
Masalan, Fransiya yoki AQSH hududida ishlayotgan xorijiy muassasaning mahalliy byudjetga to‘laydigan to‘lovlari, ekologiya, ijtimoiy, madaniy va boshqa maqsadlarga ajratgan mablag‘lari, mahalliy ishchilarga to‘laydigan maoshlari Ozarbayjonda ishlayotgan xorijiy shirkatlarning ana shunday maqsadlar uchun
sarf etayotgan mablag‘lardan bir necha barobar ko‘pdir. Mana shunday tipdagi korxonalarda ajnabiy va mahalliy ishchilarga yaratilgan sharoit va to‘lanadigan maosh hajmi ham jiddiy tarzda farqlanadi.
Jahonning iqtisodiy, madaniy va axborot hayotidagi integratsiya jarayonlarining sayyora siyosiy hayotida ham sodir bo‘lishi – hozirgi jahon sistemasi geosiyosiy tuzilmasi va xarakteristikasiga ta’sir ko‘rsatuvchi tendensiyalardan biridir. Jahon siyosiy globallashuvining asosini:
- milliy-davlat institutlarining ichki kompetensiyasi va xalqaro huquqlariga, bu kompetensiyalar va huquqlarni amalga oshirish mexanizmlariga yangicha yondashuv;
- xalqaro siyosatni rejalashtirish va amalga oshirishga davlatlardan tashqari, bu masalalarga bevosita aloqador nohukumat aktorlarini jalb etish;
- sayyora siyosiy integratsiyasining kuchayishi tashkil etadi. Jahonda siyosiy globallashuv, birinchi navbatda, xalqaro hukumatlararo (XHT) va nohukumat tashkilotlarining (NHT) yaratilishi va ijtimoiy, siyosiy, ma’naviy va axborot
boshqaruvining ba’zi masalalarini ular ixtiyoriga berish, bu tashkilotlar vositasida demokratik boshqaruv standartlarini mamlakatlarning ichki hayotiga yoyish va h.k.lar bilan xarakterlanadi.
O‘tgan asrning 70–80-yillaridan boshlab AQSH va G‘arb davlatlarining homiyligi ostida jahonda minglab XHT va NHTlar barpo etildi, ularning ijtimoiy-siyosiy hayotda ishtirok etishlari uchun sharoitlar yaratildi. BMT, EXHT, Evropa Kengashi,
Evropa Ittifoqi, NATO, Jahon Savdo Tashkiloti, Xalqaro Valyuta Jamg‘armasi, Jahon Banki, OPEK va boshqa shunga o‘xshash xalqaro va mintaqaviy miqyosdagi – Islom Konferensiyasi Tashkiloti, MDH, SHanxay Hamkorlik Tashkiloti, Osiyo Tinch
okeani Iqtisodiy hamkorlik Tashkiloti, ASEAN, SHimoliy Amerika erkin savdo shartnomasi singari tashkilotlar bilan birga, ularning homiyligi ostidagi ko‘pdan-ko‘p xalqaro, mintaqaviy va milliy NHTlar hozirgi xalqaro siyosatga faol
aralashmoqdalar, sayyora hayotini tashkil etish va boshqarishda ishtirok etmoqdalar.
Jahonning har bir davlati o‘z faoliyatida asosiy XHT va NHTlarga a’zo bo‘lish yo‘li bilan va ular doirasida o‘z ichki va tashqi siyosatini universallashtirishga harakat qilmoqda.
Jahonning siyosiy integratsiyalashuvi alohida mintaqalar – Evropa, SHimoliy va Janubiy Amerika, Osiyo, Evroosiyo ichida, ayniqsa, jadal amalga oshirilmoqda.
Bundan tashqari, jahonning sakkizta yirik davlat boshliqlarining har yilgi uchrashuvlari, xalqaro siyosiy tashkilotlarning sammitlari, ayrim-ayrim mamlakatlarning siyosiy partiyalari va jamoat tashkilotlari o‘rtasidagi aloqalar jahon siyosiy hayotini globallashtirishga jiddiy ta’sir qilmoqda.
Siyosiy globallashuv sharoitida siyosiy boshqaruvda g‘arb norma va standartlari, ijtimoiy-siyosiy qadriyatlarini universallashtirish, ularni asta-sekin jahonga yoyish, davlatlar, millatlar va madaniyatlar o‘rtasidagi milliy qirralarni yo‘q qilish, jahonni birlashtirish va uni yagona markazdan boshqarish tendensilari borgan sari ko‘proq namoyon bo‘layotir. Garchi tadqiqotchilar ilmiy adabiyotlarda “mondializm”deb
ataladigan bu jarayonni, umuman, ob’ektiv deb hisoblasalarda, ayni chog‘da ular bu AQSH va uning ittifoqchilari tomonidan rejalashtiriladigan, tartibga solinadigan va boshqariladigan jarayon deb baholaydilar. Boshqa so‘zlar bilan aytganda, ular mondializmni sub’ektiv jarayon va “o‘ylab olingan ssenariy” deb
hisoblashadi. Bunda yagona dunyo siyosiy hayotining AQSHning kattalashtirilgan aksi sifatida tashkil topishi va dengiz sivilizatsiyasining o‘z qadriyatlarini jahonning boshqa xalqlari va davlatlariga zo‘rlab tiqishtirishi tushuniladi. Geosiyosiy integratsiya chuqurlashgani sari G‘arbning ba’zi doiralarida, ayniqsa amerika siyosatshunoslari orasida jahonni yagona markazdan boshqaradigan “jahon hukumati”ni barpo etish zaruriyati to‘g‘risidagi fikr borgan sari tez-tez aytilmoqda.
Ularning fikricha, jahonda globallashuvning tobora kengayishi, iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy-madaniy integratsiyaning chuqurlashishi, liberal-demokratik sistemaning universallashishi go‘yo jahonda millatlar va davlatlar ustida turadigan yangi
markaziy hukumat bunyod etish va uning kishilar o‘rtasidagi barcha munosabatlarni boshqarishini taqozo etyapti. “Jahon hukumati” deb ataladigan bu markaz suveren milliy davlatlardan barcha fundamental huquqlarni olib va o‘z qo‘lida jamlab, insoniyatni “adolatli boshqarish”ni amalga oshirar hamda jahonda tinchlik va
farovonlikni ta’minlar emish.