Yordamchi so\'z turkumlarining tarifi, turlari va grammatik xususiyatlari.
3.1. Yuklamalarning turlari Hozirgi o‘zbek adabiy tilida gapga yoki ayrim so‘zlarga beradigan qo‘shimcha ma’nolariga ko‘ra yuklamalarni quyidagicha turlarga bo‘lish mumkin.
1. So‘roq va taajjub yuklamalari: -mi, -chi, -a, -ya.
-mi yuklamasi so‘roq, taajjub, hayrat kabi ma’nolari bildiradi. Masalan: - Kelinning suluvligi Marg‘ilonda ma’lum ekanmi? (A.Qodiriy) Men dalada ishlashish kerakmishmi? (O.)
-chi yuklamasi so‘roq, kuchaytiruv, harakatga undash, buyruq, iltimos, ta’kid ma’nolarini bildiradi. Masalan, - Sizga-chi, Anvar (A.Qodiriy) - O‘g‘ling qaytsin-chi, bo‘lmasa... (A.Qod.) - Loaqal bir og‘iz o‘g‘lingizga aytib o‘tishga va’da bering-chi, -dedi (A.Qod.) - O‘rtoqjon, bir narsa desang-chi. (Cho‘lpon).
-a (-ya) yuklamalari so‘roq, taajjub, hayratlanish ma’nolarini bildiradi. Masalan, Bu gap oramizda qolsin-a! (T.Malik) Gulnorni sevishimni bilardi-ya (O.) - Qizim, bugun mehmonlaringni Sultonxonlarnikiga olib chiqasan-a? – deb qolmasinmi! (A.Qod.)
2. Kuchaytiruv va ta’kid yuklamalari: -ku, -u, -yu, -da, -oq (-yoq), -ki (-kim), ham, hatto, hattoki, axir, nahot (nahotki).
-ku, -u, -yu, -da, -oq (-yoq), -ki (-kim) yuklamalari ma’noni kuchaytirish, to‘liqsizlik, tezlik va davomiylik ma’nolarini ifodalash uchun qo‘llanadi. Masalan, Shundan keyin men uzoq safarga ketdim-u, Masturaning taqdiridan bexabar bo‘ldim (A.Q.) - O‘z qizingiz-ku, tengini topib bering-da! (Cho‘lpon) Mirzo Ulug‘ bek maktubni o‘qib tugatmasdanoq o‘rnidan turib ketdi. (O.Yo.) Ko‘plar yomg‘irdan qochib ulgirmasdayoq, oftob charaqlab ketdi. (S.A.)
Ham, axir, hatto, hattoki, nahot (nahotki) so‘z yuklamalari fikrni ta’kidlash, avvalgi voqeani eslatish kabi ma’nolarni ifodalaydi. Masalan, Tursunboy hamma narsadan kechganda ham birgina shu Zebidan kechmas edi. (S.A.) Oyim o‘rta bo‘yli, oppoq, nozik tabiat ham ipakday muloyim, istarasi issiq xotin edi. (Zarifa Saidnosirova) Axir bu qal’ani olguncha ozmuncha talofat berildimi? (P.Q.) Sizni otasi o‘rnida ko‘rsak-u, nahotki sizdan beso‘roq ish tutsak (A.Q.) Uzoq cho‘zilgan bu suhbatda Miryoqubning qulog‘i bir marta g‘alati dingkaydi, hatto uning qop-qora chiroyli ko‘zlarida allaqanday sehrli olovlar yondi. (Ch.)
Bir qissakim, buning so‘ngida
Sevishganlar topishgusidir. (H.O.)
3. Ayiruv va chegaralov yuklamalari: faqat, faqatgina, -gina (-kina, -qina). Bu yuklamalar turli so‘z turkumlari bilan kelib, ularni chegaralab ko‘rsatish va ma’no jihatdan ajratish uchun qo‘llanadi. Masalan, O‘zi haqida o‘ylamay, faqat xalqqa ilm berishga bel bog‘lagan olim kishi xudi shamga o‘xshaydi, sham o‘zini yondiradi, xalqqa ziyo bag‘ishlaydi. (M.Xasaniy) Yoqimli do‘stgina suhbati olis yo‘lni yaqin qiladi. (M.Xasaniy) Dunyoda ko‘rib o‘taturgan barcha orzuimiz, havasimiz faqat sengagina qarab qolgan (A.Qod.)
Faqat yuklamasi o‘rnida yolg‘iz so‘zi qo‘llanishi ham mumkin. Miryoqubning topishi yolg‘iz mingboshi orqali bo‘lsa, unga «epaqa» nomini qo‘yish to‘g‘ ri bo‘larmidi. (Cho‘lpon)
4. Aniqlov yuklamasi: xuddi, naq. Bu yuklamalar o‘zi mansub bo‘lgan so‘zning ma’nosini aniqlab ko‘rsatish uchun qo‘llanadi. Ilm o‘rganib, ilmiga amal qilmagan kishi naq er haydab, uni ekmagan kishiga o‘xshaydi. (M.Xasaniy) Hayosi yo‘q po‘sti shilib olingan yog‘ och va xuddi yog‘i tugagan chiroqqa o‘xshaydi. (M.Xasaniy)
5. Gumon yuklamasi: -dir barcha so‘z turkumlariga qo‘shilib kela oladi va o‘zi aloqador bo‘lgan so‘zga gumon, noaniqlik ma’nosini qo‘shadi: - Sizga nimadir va’da bergandir-da? (Isfandiyor)
6. Inkor yuklamasi na... na uyushiq bo‘laklar va qo‘shma gap tarkibidagi ayrim gaplar oldidan kelib, ularning mazmunini inkor etadi, bo‘lishsizga aylantiradi. Inkor shaklli gap bo‘laklari va gaplar oldida kelganda, bo‘lishsizlik kuchaytiriladi, ta’kidlanadi. Bu buyruqqa na ona e’tiroz qildi va na qiz (Cho‘lpon). Na qor, na yomg‘irdan darak bor. (O.)