Aniqlovchi turlari Predmet ma’nosini bildiruvchi so‘zni izohlaydigan va uning belgisini anglatadigan ikkinchi darajali bo‘lakka aniqlovchi deyiladi.
Aniqlovchi predmetning xususiyatini, qarashliligini va shu kabilarni ifodalaydi. Aniqlovchi leksik-semantik va grammatik jihatdan uch xil bo‘ladi: sifatlovchi, qaratuvchi, izohlovchi. 1. Sifatlovchi aniqlovchi Aniqlovchining bu turi ot bilan ifodalangan bo‘lakka odatda bitishuv yo‘li bilan bog‘lanib, otdan anglashilgan predmetning belgi-xususiyatini, sifatini, miqdorini, o‘ringa munosabatini bildiradigan aniqlovchining bir turidir. U qanday?, qanaqa?, qaysi?, qancha?, necha?, nechanchi?, qachongi?, qayerdagi? so‘roqlaridan biriga javob bo‘ladi.
Sifatlovchi bog‘lanib kelgan so‘z sifatlanmish deb ataladi.
Sifatlovchi turli so‘z turkumlari bilan ifodalanadi:
1) sifat bilan:Quyoshning issiq, tansiq nurlari odamlarga xush yoqadigan bo‘lib qoldi. (O‘.Hoshimov). Rang-barang gullar, har xil ekinlar, bog‘lar, suvlar quyoshda yashnab tovlanadi (Oybek). Yaxshi so‘z, yaxshi muomala, ishq-muhabbat – insonni insonga, qalbni qalbga bog‘laydigan sehrli ip. (Sh.Ubaydullayev). 2) son bilan:Ikkita zog‘ora non bilan to‘rtta turshakni dasturxonga qo‘yib tamaddi qilgan bo‘ldim. (O‘.Hoshimov). Birinchi qor ham shu tepalik boshiga yog‘adi, birinchi maysalar ham Xirmontepa bag‘rida ko‘karadi. (O‘.Hoshimov). Uch-to‘rtta yirik-yirik qora qushlar nimanidir mo‘ljalga olib shoshilmay aylanishadi. (P.Qodirov). 3) olmosh bilan:Allaqaysi dengiz qushlarining odati qiziq ekan. (O‘.Usmonov) Har bir qiyinchilikdan so‘ng bir rohat bor. (Maqol). 4) ot bilan: Asfalt ko‘chaning u er bu erida suv xalqob bo‘lib yotardi. (O‘.Hoshimov). Kumush so‘zingni chaqaga mayda qilma. (Maqol). -dagi affiksini olgan otlar ham sifatlovchi vazifasini bajaradi. Masalan: Uydagi har bitta buyum Ma’sudani esimga soladi. (P.Q.). Toshkentlik yosh olim... atrofdagi cho‘ponlarni to‘plab, ziyofat qilib bermoqda... edi. (P.Q.).