Xorijda auditorlik faoliyatining hozirgiholati Bozor iqtisodiyoti taraqqiy etgan Evropa va Amerika mamlakatlarida auditorlik faoliyati ko’p asrlik tajribaga ega. Audit rivojlangan huquqiy iqtisodiyot va zamonaviy huquqiy jamiyat sifatida aynan Evropada shakllangan (uning tarixi juda katta bo’lib, alohida tadqiqot obekti bo’lishi mumkin).
Auditning xalqaro nazariyasi va amaliyoti raqobatli kurash sharoitida yuzaga kelgan. Xalqaro amaliyotda bularning barchasi tegishli tadqiqotlar va keng ommaviy muhokamalar bilan birga olib borilgan. Natijada, hozirgi davrga kelib auditning mustahkam xalqaro huquqiy asosi yaratildi, uni tashkil etishning batafsil shakllari ishlab chiqildi, auditorlar uchun keng ko’lamdagi uslubiy materiallar nashr qilinmoqda va doimiy ravishda to’ldirib borilmoqda. Ularda auditorlik faoliyatining asosiy tushunchalari, terminlari va kategoriyalari ta’riflangan va turkumlangan.
Respublikamizdagi auditorlik tashkilotlarining to’plangan tajribalarini o’rganish shuni ko’rsatmoqdaki, u yaqqol ifodalangan milliy xususiyatlarga ega. Shu bilan birga, xorijiy manbalardagi qoidalar O’zbekistonda auditorlik faoliyatining barpo bo’lishi va rivojlantirilishi uchun foydali hamda qiziqarli ekanligini ta’kidlash joizdir. Chunonchi, bizning respublikamizda ham xalqaro tajribani hisobga olgan holda O’zbekiston Respublikasi Moliya Vazirligi tomonidan 1999-2003 yillarda 18 ta auditorlik faoliyati milliy standarti (AFMS) ishlab chiqildi va Adliya vazirligida ro’yxatdan o’tkazilib, auditorlik amaliyotida qo’llanilmoqda hamda ularni ishlab chiqish davom etmoqda.
Xorijiy olimlar auditning dastavval G’arbda ham faqat buxgalteriya hujjatlari va hisobotlarini tekshirish va tasdiqlashdan iborat faoliyat sifatida shakllanganligini tan oladilar. Auditorlar asosan dastlabki hujjatlarni, buxgalteriya hisobi registrlarini hamda ular asosida tuzilgan moliyaviy hisobotlarni tekshirgan va tasdiqlagan (yoki tasdiqlamagan). Masalan, Roy Dodj fikricha, auditorlik faoliyati so’nggi 25 yilda uch evolyutsion bosqichni bosib o’tgan: birinchi – tasdiqlovchi audit; ikkinchi – sistemali yo’naltirilgan audit; va nihoyat, so’nggisi, uchinchisi – riskka asoslangan audit.
Demak, keyinchalik auditorlik faoliyati ma’lum bir tizimga solingan (aniq maqsadga yo’naltirilgan). Bunda amaliyotdagi professional-auditorlar buxgalteriya hujjatlari va yozuvlarini tuzuvchi hamda qo’llovchi kishilar orasidagi (o’z mijozlari biznesining tashkilotchilari va ijrochilari o’rtasidagi) munosabatlarni o’rgana boshlaganlar. Ular xatolarning oldini olish maqsadida har bir mijoz-korxona boshqaruv tizimining va birinchi navbatda ichki nazorat tizimi, xususan, ichki auditning samaradorligini oshirishga asosiy e’tiborni qarata boshladilar.
Agar mijoz-korxonadagi ichki nazorat ma’lum darajada bo’sh bo’lsa, butun tekshiriladigan davr uchun hisobotdagi ko’plab xatolar va noaniqliklarni bartaraf etishga yordam bermasa, u holda amaliyotchi auditorlar sistemali yo’naltirilgan audit printsiplariga rioya qilgan holda ko’rsatilgan kamchiliklarni tugatish bo’yicha mijozga keng ko’lamdagi tavsiyalar berib, unga konstruktiv yordam ko’rsatadi. Bu esa hisobning aniqligi va hisobot ma’lumotlarining ishonchliligiga ijobiy ta’sir ko’rsatadi. Shunday qilib, auditorlik faoliyatiga sistemali yondashuv audit sifatining kafolatiga aylangan.
Va nihoyat, zamonaviy audit, asosan xalqaro amaliyotda – risk (tavakkalchilik)ka asoslangan audit vujudga kelgan. Bu nafaqat tasdiqlovchi auditning, balki maqsadli-sistemali auditning ham, ammo ko’proq statistik yoki nostatistik tanlab tekshirishga asoslangan jarayondir. Bizning respublikamizda auditorlik faoliyatiga statistik usullarni tadbiq qilish, aniqrog’i, auditorlik statistikasini fan tarmog’i sifatida shakllantirishga ilmiy negiz mavjud va uni rivojlantirish istiqbolga ega.
G’arb mamlakatlarida, masalan, AQShda, buxgalteriya hisobining umumqabul qilingan printsiplari – BXUP – (GAAP – Generally Accepted Accounting Principles) tizimiga rioya qilish barcha buxgalterlar va auditorlar uchun majburiy hisoblanadi. AQSh ning o’zida buxgalteriya hisobi standartlari uzoq vaqt ommaviy muhokama qilinganidan so’ng, mustaqil kengash – Financial Accounting Standards Board (FASB) tomonidan tasdiqlanadi.
Buxgalteriya hisobi standartlari bilan birga audit standartlari ham qo’llaniladi. AQShda ular auditning umumqabul qilingan standartlari – AUS (GAAS – Generally
Accepted Auditing Standards) deb ataladi. Ular auditorlik tekshiruvlarini tashkil etish va o’tkazishda hamda uchraydigan muammmolarni hal etishda qo’llaniladi. Standartlar Amerika qasamyod qilgan buxgalterlar instituti – AQBI (AICPA – American Institute of certified Public Accountants)ning maxsus bo’limi tomonidan ishlab chiqilgan. Ular mamlakatdagi barcha buxgalterlar uchun majburiy hisoblanadi. Standartlarga rioya qilinmagan hollarda sudlar va auditorlar ustidan nazorat qiluvchi boshqa organlar ular faoliyatini to’xtatishga haqlidir.