Avazav Yusuf



Yüklə 99,71 Kb.
tarix22.10.2023
ölçüsü99,71 Kb.
#159744
Презентация3

Avazav Yusuf


O’zbek xonliklarining o’zaro munosabatlari va savdo-diplomatik aloqalari
1822 yilda Umarxon kasallanib vafot etganidan so‘ng, taxtga uning o‘g‘li Muhammadalixon (Madalixon) (1822-1842 yy.) o‘tiradi. Uning hukmronligi davrida Qo‘qon xonligining hududi yanada kengayib, qirg‘izlarning ba’zi tumanlari xonlikka qo‘shib olinadi hamda Ko‘lob, Hisor, Badaxshon, Darvoz, Maschoh kabi viloyatlar Muhammadalixon hukmronligini tan oladilar.
Manbalarga ko‘ra, Muhammadalixon hukmronligining dastlabki yillari yaxshi va odilona kechgan. U 1826-1831 yillar davomida Qashg‘arga yurishlar qilib, bu yerdagi musulmonlarni xitoyliklar zulmidan ozod qildi hamda 70 ming uyg‘ur musulmonlarini Andijon viloyatiga ko‘chirib keltirdi. Natijada din peshvorlari Muhammadalixonga “G‘oziy” (“din homiysi”, “din yo‘l ida kurashuvchi”) unvonini berdilar. 1840 yilda Muhammadalixonning bosh maslahatchisi, davlatni boshqaruv ishlarida katta tajribaga ega bo‘lgan Haqquli mingboshining tuhmatga uchrab xon tomonidan qatl etilishi shusiz ham qaltis bo‘lib turgan vaziyatni yanada keskinlashtirib yubordi. Undan tashqari xon davlat ishlariga loqayd bo‘lib, asosiy vaqtini haramida o‘tkaza boshladi. Natijada davlatni boshqaruv ishlarida suiste’molliklardan umumiy noroziliklar boshlanib, xonni taxtdan ag‘darish uchun fitna tayyorlana boshladi.
XIX asrda Qo’qon xonligining siyosiy hayoti
Lekin o‘z kuchlari bilan fitnani amalga oshirishga ko‘zi yetmagan bir guruh Qo‘qon amaldorlari boshqa xon saylash maqsadida Buxoro amiri Nasrulloga noma yozib, undan yordam so‘rashdi. Qo‘qonga yurish uchun bahona topolmay turgan Amir Nasrullo bu taklifni tezda qabul qilib, 1842 yil aprelda Qo‘qonni bosib oldi. Qo‘qondan oilasi bilan Namangan tomonga qochgan Muhammadalixon tutib keltirilib, oilasining bir qismi bilan qatl ettirildi. Amir Nasrullo Qo‘qon xonligining Buxoroga qo‘shib olinganligini e’lon qilib, Qo‘qonda o‘z noibi Ibrohim dodhoh Mang‘itni qoldiradi. Ammo, Ibrohim dodhohning Qo‘qon xalqiga o‘tkazgan jabr-zulmi, soliqlarning haddan tashqari oshib ketishi natijasida aholi qo‘zg‘olon ko‘tarib, Buxoro hukmronligidan ozod bo‘lish uchun qipchoqlarni yordamga taklif etadilar.
Qipchoqlar Muhammadalixonning qarindoshi Sherali boshchiligida Qo‘qonga kelib, buxoroliklarni tor-mor etdilar hamda Sheralixon (1842-1845 yy.) taxtni egalladi. Qipchoqlar esa shu vaqtdan boshlab uzoq vaqt xonlikda yetakchi mavqega ega bo‘ldilar.
Qo‘qonda bo‘lgan voqealardan xabar topgan amir Nasrullo 1842 yilning kuzida yana Qo‘qonga yurish qildi, ammo bu safar unga omad kulib boqmadi. Muhammadalixon davrida yuzboshi bo‘lgan Musulmonquli qipchoq Nasrulloning ishonchiga kirib Qo‘qonga keladi va qo‘qonliklarni taslim bo‘lishga ko‘ndirish o‘rniga bir tan - bir jon bo‘lib amir Nasrulloga qarshi kurashga chorlaydi. Uning maslahatiga ko‘ra Qo‘qonda himoya vositalari kuchaytirildi. Bir oydan ziyodroq Qo‘qonni qamal qilgan amir Nasrullo o‘ziga qarshi suiqasd uyushtirilayotligi hamda xivaliklar chegaraga joylashgan Buxoro qishloqlariga hujum qilayotganligi haqidagi xabarni olib Buxoroga qaytishga majbur bo‘ldi.
Buxoroliklarning ketishi bilan Qo‘qon xonligida bir muddat tinchlik va osoyishtalik hukm surdi. Sheralixon keksa odam bo‘lib oqko‘ngil va muloyim inson edi. Uning davrida barcha davlat lavozimlarini qipchoqlar egallab, davlat boshqaruvini o‘z qo‘llariga oldilar. Ammo, 1845 yilda Buxoroda bo‘lgan Olimxonning o‘g‘li Murodxon (Qo‘qonda 11 kun xon bo‘lgan) amir Nasrulloning yordami bilan Qo‘qonga kelib Sheralixonni qatl etadi va taxtni egallaydi.
Bu paytda Namanganda bo‘lgan mingboshi Musulmonquli bu voqeadan xabardor bo‘lgach Sheralixonning besh o‘g‘lidan biri Xudoyorxonni olib Qo‘qonga keladi hamda uni xonlik taxtiga o‘tqazadi (1845-1853, 1863, 1865-1875 yy.). 16 yoshga kirgan Xudoyorxonning yoshligidan foydalangan Musulmonquli mamlakatni deyarli o‘zi boshqardi. Xudoyorxonning birinchi xonligi davrida ikkita kuch – o‘troq aholi va ko‘chmanchi turkiy qabilalar o‘rtasida hokimiyat uchun kurash xonlikning asosiy muammosiga aylandi.
Xiva xonligtidagi siyosiy ahvol
Olloqulixon 1842 yilda vafot etgach taxtga uning o‘g‘li Rahimqulixon (1842-1845 yy.) o‘tirdi. Taxtni egallagan yangi xon ham Janubiy Turkmaniston yerlariga hujum boshladi. Bu yurishlarga u Xazoraspni qamal qildi. Ammo, mag‘lubiyatga uchrab orqaga chekinishga majbur bo‘ldi. Bu orada Rahmonqulixon Chorjo‘yni qamal qilib, uning atrofidagi qishloqlarni taladi. Rahimqulixon Xuroson uchun bo‘lgan janglarning birida halok bo‘lgach taxtga uning ukasi Muhammad Aminxon (1845-1855 yy.) o‘tirdi.
Muhammad Aminxon hukmronligi davrida ham Janubiy Turkmaniston va Xurosonda tinchlik hukm surmay, xonga qarshi isyonlar davom etdi. Ogahiy ma’lumotlariga ko‘ra, Muhammad Aminxon Marv va Seraxs uchun o‘n marotaba yurish qilgan, faqatgina 1854 yilda Marv qo‘zg‘oloni qiyinchilik bilan bostiriladi. 1855 yil Seraxs ostonasida turkmanlar bilan Xiva lashkarlari o‘rtasida bo‘lgan jangda Xiva qo‘shinlari mag‘lubiyatga uchrab, Muhammad Aminxon, uning o‘n to‘rt nafar shahzodalari va saroy amaldorlari fojeali halok bo‘ldilar.
1855 yil Said Abdullaxon (besh yarim oy – 1855 yil 20 mart – 27 avgust) Xiva taxtiga o‘tirdi. Ammo, bir guruh saroy amaldorlari Said Abdullaxonni tan olmasdan unga qarshi fitna uyushtirib, yovmut turkmanlari bilan aloqa o‘rnatdilar hamda ularni isyonga chorladilar. Yovmutlar isyon ko‘tarib G‘azovot va Ilonli atroflarida qishloqlarni talay boshladilar. Said Abdullaxon Xivadagi fitnachilarni fosh qilib, uning ishtiroqchilarini qatl ettirgach, isyonchilarga qarshi kurash boshladi. Dastavval, Xiva qo‘shinlari bilan bo‘lgan jangda yovmutlar mag‘lubiyatga uchrab dasht ichkarisiga chekingan bo‘lsalar-da, avgustning oxirida yovmutlar Xiva navkarlari qarorgohiga (Ilonli yaqinida) to‘satdan tunda hujum qildilar. Bu hujumda Xiva navkarlari mag‘lubiyatga uchrab, Said Abdullaxon o‘ldirildi. Bu voqeadan keyin saroydagi vazir Muhammad Yoqub mehtar boshchiligidagi bir guruh amaldorlar Sayid Abdullaxonning o‘n yetti yashar ukasi Qutlug‘ Murodni xon qilib ko‘tardilar, Yoqub mehtar va Ibrohim qo‘shbegi davlat boshqaruvida xonning eng yaqin kishilari edilar. Bu orada xonlikdagi siyosiy vaziyat yana keskinlashib ketdi.
Yüklə 99,71 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin