Kasb axloqi va uning jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni. Jamiyatda mutlaq, abadiy va o‘zgarmas axloq yo‘q. Axloq tarixan o‘zgaruvchan va nisbiy mustaqillikka ega bo‘lgan ijtimoiy hodisadir. Uning bu xususiyatlari umumiy axloqning tarkibiy qismlaridan biri bo‘lgan kasb axloqida yaqqol namoyon bo‘ladi.
Jamiyat rivojining tarixida ijtimoiy mehnat taqsimotining (ziroat- chilik, chorvachilik, hunarmandlik, savdogarlik va boshqa kasblarning) paydo bo‘lishi mehnatning bir turi bilan band bo‘lgan kishilar guruhlarining kasb-hunar jihatidan ajralib chiqishiga va shunga muvofiq ravishda turli mutaxassisliklarning vujudga kelishiga sabab bo‘ldi. Bu esa har bir kishining qilayotgan mehnat turiga, mehnatni tashkil etish usullariga qarab, ulardan muayyan turdagi harakatlar va ruhiy quvvatlarni sarflashni talab etadigan takrorlanmas, o‘ziga xos ko‘nikmalarni vujudga keltirdi. Oqibatda bu ko‘nikmalar har bir kasbda ichki va tashqi, asosiy va ikkinchi darajali asosiy bo‘lmagan ziddiyatlar keltirib chiqardi. Odamlar esa subyektiv tuyg‘ulari va axloqiy fikrlarini ularni bartaraf etishga safarbar etadilar. Shu tariqa, kasbiy munosabatlardagi xilma-xil holatlar orasidan ixtisosning nisbatan mustaqilligi xususiyatlarini ifodalovchi eng tipik holatlar ajralib chiqdi. Ular, o‘z navbatida, mehnat jarayonida ishtirok etayotganlarning o‘ziga xos xatti-harakati, xulq-atvor normalarini keltirib chiqaradiki, natijada kasbiy munosabatlar sifat jihatdan barqarorlikka erishishi bilanoq har bir mehnat turining tabiatiga muvofiq keluvchi axloqiy dasturlarning, ya’ni kasb axloqining yuzaga kelishiga olib keladi.
Yillar o‘tishi bilan ishlab chiqarish, fan va texnika rivojlanib, ijtimoiy mehnat taqsimoti yanada chuqurlashdi. Bu jarayonning uzluksiz davom etishi esa, o‘z navbatida, har biri muayyan ijtimoiy funksiyani bajaradigan yangidan-yangi faoliyat sohalari paydo bo‘lishiga sabab bo‘ldi. Ularning sohiblari esa shunga ko‘ra muayyan ijtimoiy burchlarni bajara boshlaganlar. Mazkur burch va majburiyatlar muayyan axloqiy qoidalar va xulq-atvor normalarida o‘z aksini topdi.
Shunday qilib, kasb axloqi uzluksiz mehnat taqsimotining mahsuli, uning axloqiy dasturi, axloqiy bahosi sifatida paydo bo‘ldi va faoliyat ko‘rsata boshladi.
Jamiyatning har bir kasb-hunarga, ixtisosga beradigan axloqiy bahosi ikki asosiy omil bilan – birinchidan, mazkur kasb-hunar vakillarining jamiyat rivojlanishi uchun obyektiv ravishda nimalar berishi bilan; ikkinchidan, jamiyatning ma’naviy ta’sir ko‘rsatish ma’nosida ularga subyektiv ravishda nimalar berishi bilan bog‘liq.
Ana shu axloqiy baho omillariga ko‘ra, kasb axloqini har bir kasb- hunarning ijtimoiy hayotda tutgan o‘rni va vazifalariga qarab bir necha turga ajratish mumkin: o‘qituvchilik ixtisosiga qarab – pedagog axloqi; tibbiyot ixtisosiga qarab – shifokor axloqi; huquqni muhofaza qilish
ixtisosiga qarab – yurist axloqi; qurolli kuchlar ixtisosligiga qarab – harbiylik va ofitserlik etikasi va h.k.
Shifokorlik hozirgi zamonda eng ko‘p tarqalgan, hayot uchun eng zarur kasblardan bo‘lib, bu kasb axloqining xususiyatlariga quyidagilar kiradi:
bemorlarga nihoyatda katta e’tibor, shirinso‘zlik va odamsha- vandalik bilan munosabatda bo‘lish va g‘amxo‘rlik qilish;
bemorlarning ruhiyatiga ijobiy ta’sir etish, ya’ni ularni ruhiy davolash usullarini puxta egallash va mahorat bilan qo‘llash, odamlarda tajriba o‘tkazish chegaralarini aniq bilish va uni buzmaslik;
bemorlardagi kasallikni, u keltirib chiqaradigan yomon oqibatlar va uni davolash sirlarini oshkor qilmaslik, uni bemor hamda uning qarindoshlariga nihoyatda ehtiyotlik bilan ma’lum qilish va h.k.
Shifokorlik kasbi axloqining sir-asrorlarini tibbiyotda deontologiya1 fani o‘rganadi. Bu fan ishlab chiqqan qoidalarga rioya qilmaslik, ya’ni bemorlarga qo‘pol gapirish, hayqirish, ularning kasalini ko‘rib, oshkora hayratga tushish, iztirob chekish, nojo‘ya xatti-harakatlar, ayniqsa, tamagirlik qilish bemor ruhiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi, «dard ustiga chipqon» bo‘ladi. Bu esa bemorni ham, shifokorni ham katta fojiaga duchor etishi mumkin.
Demak, shifokorlik kasb axloqining jamiyat taraqqiyotida tutgan o‘rni shundaki, shifokor o‘zining yuksak axloqiy xislatlarini namoyon qilib, bemorlarni o‘z vaqtida va to‘g‘ri davolab, kishilarning jismonan sog‘lom bo‘lishini ta’minlab, jamiyatning yanada rivojlanishiga hissa qo‘shishi yoki, aksincha, o‘zining noshudligidan, odamlarni xasta, nogiron holga keltirishi, ba’zan esa ularning o‘limini tezlashtirib, jamiyat rivojiga to‘sqinlik qilishi mumkin.
O‘qituvchilik shifokorlik kabi jamiyat rivojiga salmoqli hissa qo‘shuvchi kasblardan biri hisoblanadi. Bu kasb axloqining xususiyatlari jumlasiga quyidagilar kiradi:
o‘quvchi-talabalarni eng zamonaviy bilimlar bilan qurollantirish, ularga ushbu bilimlarni hayotga tatbiq etish yo‘llarini ko‘rsatib berish;
ularga zamonaviy usullar asosida ta’lim-tarbiya berish, talabchan bo‘lish, o‘quvchi-talablarni o‘z farzandidek ardoqlash;
1 Deontologiya – grekcha deontos – tegishli va logos – ta’limot degan so‘zlardan olingan bo‘lib, uni fanga ingliz faylasufi I.Bentam (1748–1832) kiritgan.
fikrini aniq ifodalash, o‘z ustida tinmay ishlash, o‘quvchi-talablar qalbida bilimga chanqoqlik hissini uyg‘otish;
turmushda o‘z xulq-atvorini qattiq nazorat qilib, shu asosda o‘quvchi-talablarga har sohada doimo ibrat bo‘lish va h.k.
O‘qituvchilar kasb axloqining jamiyat hayotida tutgan o‘rni yosh avlodning xat-savodini chiqarish, ularga zamonaviy ilm sirlarini o‘rgatish, yoshlarga ta’lim-tarbiya berish va shu asosda ularda mehnatsevarlik, insonparvarlik fazilatlarini tarbiyalash, umuminsoniy qadriyatlarni e’zozlash, Vatanni muqaddas deb bilish kabi tuyg‘ularni shakllantirish bilan belgilanadi.
Vatanni himoya qilish eng sharafli kasblardan biridir. Ushbu kasb egallari bo‘lmish harbiy xizmatchilar – askar va ofitserlarning kasb axloqi vatanparvarlik, mardlik, jasurlik, eng zamonaviy jang qurollari, usul va vositalarini bilish va qo‘llay olish; jangovar o‘rtoqlik qoidalariga sodiq qolish, jang maydonini tashlab ketmaslik, asrga tushishdan hazar qilish; harbiy qasamyodga sodiq qolib, harbiy burchni hayotining so‘nggi daqiqalariga qadar bajarish kabi xususiyatlari bilan ajralib turadi.
Harbiy xizmatchilar kasb axloqining asosiy qoidalari ularning «harbiy qasamyodi» va nizomlarida o‘z ifodasini topgan. Harbiy xizmatchilar kasb axloqining jamiyat rivojida tutgan o‘rni mazkur mamlakat aholisining tinch-totuv yashashi uchun sharoit yaratish, ya’ni ularni xavf-xatar va dushman tajovuzlardan himoya qilish bilan bog‘liq.
Yuqorida bayon etilganlardan ko‘rinib turibdiki, kasb axloqi umumiy axloqning nisbatan mustaqil qismidir. U quyidagi xususiyatlarga ega:
qadriyatlar olamida jamiyat tomonidan yaratilayotgan yangi qadriyatlar tizimining asosiy yo‘nalishlarini belgilab beruvchi ko‘rsatkich ekanligi;
jamiyat manfaati va ehtiyojidan kelib chiqqan holda muayyan ijtimoiy qatlamlarning ehtiyojlarini qondiruvchi ma’naviy ozuqa ekanligi;
o‘ta xavfli va qiyin, ziddiyatli sharoitlarda axloqiy tanlovni amalga oshirish vositasi ekanligi;
davlat ma’muriy idoralari, jamoat tashkilotlarining aholining turli qatlamlari o‘rtasidagi kundalik turmush munosabatlarini tartibga solib turuvchi omillardan biri ekanligi va h.k.
Shunga ko‘ra, kasb axloqi,birinchidan, jamiyatda qabul qilingan umumiy axloq qoidalarining ma’lum kasb egasi tomonidan amalda qanday bajarilishini ko‘rsatuvchi xatti-harakat, odob, xulq-atvor qoidalarning majmui vazifasini o‘tasa; ikkinchidan, shaxsning xarakterini shakl-
lantirishda bevosita ishtirok etib, kasbiy burchini muvaffaqiyatli bajarishiga ko‘maklashadi.
Shunday qilib, kasb axloqi – jamiyat tomonidan qabul qilingan axloq qoidalarini kishilarning ixtisoslariga nisbatan amalda tatbiq etuvchi aniq kasbiy burch, sha’n, or-nomus, qadr-qimmat kabi xatti-harakatlarning majmui, umumiy axloqning kishilar kasb-koridagi o‘ziga xos ko‘rinishi.
Ana shunday kasb axloqi huquqni muhofaza qiluvchi xodimlarning kasb axloqidir. Chunki, axloq huquqni muhofaza qilish idoralarining jamiyatda qonunchilik va adolatni o‘rnatishlari uchun emas, balki o‘z kasblaridagi qadr-qimmat, halollik va poklikni mustahkamlash uchun ham zarur.
Shunday ekan, huquqni muhofaza qilish idoralari xodimlarining kasb axloqiga mamlakatda qonun ustuvorligini ta’minlash, fuqarolarning huquqiy manfaatlarini himoya qilish, jinoyatchilikning oldini olish va uni tugatish borasida insonparvarlik, qonuniylik, adolat prinsiplari, jamoatchilik asosida axloqiy xatti-harakatlarni sodir etish xosdir.
Huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlarining kasb axloqini quyidagi sohalarga bo‘lib o‘rganish mumkin:
prokuratura idoralari xodimlarining axloqi;
ichki ishlar idoralari xodimlarining axloqi;
milliy xavfsizlik idoralari xodimlarining axloqi;
soliq va bojxona xizmatchilarining axloqi va h.k.
Dostları ilə paylaş: |