Hujjatlarni o‘rganish usuli-hujjat o‘z semantik ma’nosiga ko‘ra isbot etish mazmunini ifodalovchi so‘zdir.
Hujjat usuli tarixiy adabiyotlarda keng qo‘llanilgan. Abu Rayhon Beruniyning «Qadimiy xalqlardan qolgan yodgorliklar» kitobida ko‘pdan-ko‘p yozma manbalardan keng foydalaniladi.
Hujjat - moddiy material manba hisoblanib, voqea va faktlar xususidagi ma’lumotlarni o‘zida ifodalaydi.
Hujjatda inson yoki jamoa fikri yozma va boshqa belgilarda namoyon etilgan bo‘ladi. Hujjat sifatida turli formulalar, chizgilar, grafiklar, ramziy belgilar bo‘lishi ham mumkin. Bunday shartli belgilar muayyan ma’lumotga ega kishilar tomonidan o‘qiladi.
Hujjatlarning o‘ziga xos xususiyatlari sifatida quyidagi tasnifni e’tiboringizga havola etamiz:
Ijtimoiy tadqiqot uchun muhim ahamiyatga ega holat, fakt avvalo inson tomonidan (yoki mahsus moslamalar ko‘magida) qayd etiladi, so‘ngra hujjat shaklida ifodalanadi. Demak, hujjat inson ongida avval paydo bo‘lib so‘ng og‘zaki, yozma manbalarda ifoda etiladi, qayd qilinadi, saqlanadi va tarqatiladi.
Intervyu usuli bu - anketa bilan ko‘p umumiyliklarga ega. Anketada savollar yozma tarzda berilsa, intervyuda og‘zaki savollar beriladi. Intervyu respondent bilan bevosita muloqotni taqozo qiladi.
Intervyuni o‘tkazuvchi - intervyuyer shaxsiyati, o‘zini tutishi, ovozi, tashqi ko‘rinishi va kiyinishi ham so‘rov natijalariga ta’sir qilishi mumkin.
Intervyu o‘z mohiyatga ko‘ra tadqiqotchi bilan respondentning suhbati, lekin bu suhbatni har kuni choyxonada yoki bekorchilikdan qilinayotgan suhbat bilan tenglashtirib bo‘lmaydi. Choyxonadagi yoki bekorchilikdan o‘tkazilayotgan suhbatdan asosiy maqsad vaqt o‘tkazish bo‘lsa, intervyu muayyan ma’lumot to‘plashni nazarda tutadi. Shu bilan birga, intervyuning oddiy suhbatdan farqi yana shundaki, suhbatdoshlar bir-birlarini qiziqtirgan masalalar to‘g‘risida gap yuritsa, intervyu jarayonida faqat bir tomon - tadqiqotchi savol va respondent javob beradi.
Intervyu bilan oddiy suhbat o‘rtasidagi tafovut yana shunda ko‘rinadiki, suhbatdoshlar, odatda tanish odamlar bo‘lib bir-birlariga muayyan psixologik munosabatda, aksariyat hollarda ijobiy munosabatda bo‘ladilar. Chunki, odamlar o‘zlari yoqtirmagan odam bilan suhbatlashishni ham yoqtirmaydilar. Intervyu esa, deyarli ikki notanish odamning suhbati. Shuning uchun, agar tadqiqotchi o‘zining muomalasi, kiyinishi, o‘zini tutishi bilan respondentda ijobiy, hyech bo‘lmaganda neytral munosabat uyg‘otolmasa, respondyent savollarga javob berishni xohlamasligi, mabodo iltimos qilib turib olinsa, yuzaki va chala javoblar berishi mumkin. Yoki bo‘lmasa dindor musulmonlardan intervyu olish uchun o‘ta zamonaviy, olabayroq kiyimlarda borish, ayniqsa xotin-qizlarning ovro‘pacha yoki mini kiyimlarda borishi salbiy munosabat uyg‘otadi va bu intervyuning natijasi ko‘ngildagiday bo‘lmaydi.