Axmеdova m. A. umumiy muxarrirligi ostida



Yüklə 1,43 Mb.
səhifə162/205
tarix21.10.2023
ölçüsü1,43 Mb.
#158325
1   ...   158   159   160   161   162   163   164   165   ...   205
Axmеdova m. A. umumiy muxarrirligi ostida-fayllar.org

1-§. Buddaviylik
Buddaviylik – uchta jahon dinidan eng qadimgisi. Xristianlik undan besh asr, islom esa rosa o‘n ikki asr yoshroqdir. Buddaviylikning tarqalish jarayoni va jo‘g‘rofiyasi quyidagicha: miloddan avvalgi birinchi ming yillik oxirida buddaviylik Hindistondan Seylonga kirib bordi. Eramizning dastlabki asrlarida u O‘rta, Markaziy va Old Osiyo tarkibidagi yerlarni o‘z ichiga olgan Kushon imperiyasining keng hududiga yoyildi. Yangi eraning I asrida buddaviylik Xitoyga, IV – asrda – Koreyaga, VI asrda – Yaponiyaga, VII – asrda Tibetga, XIII – XVI asrlar oralig‘ida – Mo‘g‘ilistonga, XVII – XVIII asrlarda Buryatiya va Tuvaga tarqaldi. Hindixitoy yarimoroli mamlakatlariga (Laos, Kambodja, Myanma (Birma), Vetnam va Tailandga), keyin Janubi-Sharqiy Osiyoning orollarda joylashgan qismiga buddaviylik II asrdan boshlab yoyila boshladi va VIII – IX asrlarda bu borada katta muvaffaqiyatlarga erishdi. XIX asrning oxiri – XX asrning boshlarida u yevropa va Amerikaga kirib bordi.
Budda diniga amal qiluvchilarning asosiy ko‘pchiligi Janubiy, Janubi-Sharqiy Osiyoda: Hindiston, Shri Lanka, Nepal, Butan, Xitoy, shuningdek Singapur (Malayziyaning xitoy aholisi), Mo‘g‘iliston, Koreya, Vetnam, Yaponiya, Kambodja, Myanma, Tailand va Laosda yashaydi. Rossiyada (MDHda) budda diniga an'anaviy ravishda Buryatiya, Qalmig‘iston, Tuva aholisi e'tiqod qiladi. Keyingi yillarda budda jamoalari Moskvada, Sank-Peterburgda paydo bo‘ldi. XIX asrning oxiri – XX asr boshlarida buddaviylik muxlislari yevropa mamlakatlarida va AQShda paydo bo‘lgan: bugungi kunda u yerda Sharqda mavjud bo‘lgan qaysidir darajada nufuzga ega deyarli barcha yo‘nalishlar va maktablarning vakillari bor. Jahondagi budda diniga e'tiqod qiluvchilarning umumiy sonini aniqlash qiyin. Haqiqatga eng yaqin taxminlarga ko‘ra aytish mumkinki, bugungi kunda dunyoda 700 millionga yaqin kishi buddaviylikka amal qiladi hamda rohib va rohibalar soni salkam 1mln. kishini tashkil etadi.
Buddaviylik bundan ikki yarim ming yildan avvalroq Hindistonda diniy-falsafiy ta'limot sifatida paydo bo‘lib, ko‘lamdorligi va rang-barangligi jihatidan noyob diniy adabiyotlarni va ko‘plab diniy qonun-qoidalarni vujudga keltirdi.
Buddaviylik asoschisi – haqiqatan mavjud bo‘lgan tarixiy shaxs. Har holda ana shu din tarixi bilan shug‘ullanuvchi olimlarning ko‘pchiligi bizning kunlargacha saqlanib qolgan yozma manbalar asosida shunday fikrga kelganlar. Bu matnlar va ularga asoslangan ilmiy tadqiqotlar, folklor janrlar va badiiy asarlar buddaviylik asoschisi haqida so‘z yuritar ekan, uni har xil nomlar bilan ataydi, chunonchi: Siddxartxa – o‘z nomi, Gautama, – urug‘ nomi, Shakyamuni – «shaklar (yoki shakya) qabilasidan chiqqan donishmand», Budda – «nurlangan», Tatxagata – «shunday keluvchi va shunday ketuvchi», Jina – «muzaffar», Bxagavanya – tantana qiluvchi. Eng ko‘p tarqalgan nomi – Budda bo‘lib, butun dinning nomi shundan boshlangan.
Buddaviylik – bu diniy amaliyot tizimi bo‘lib, Hindistonning negizida qayta tug‘ilishga bo‘lgan ishonch tashkil etadigan qadimgi diniy-falsafiy ta'limotlari asosida yaratilgan ta'limotdir. Buddaviylikning asosiy g‘oyasi «hayot azob-uqubatdir» va «najot yo‘li bor» degan fikrlarda o‘z mujassamini topgan. Buddaviylikning mohiyati Budda tomonidan o‘zining birinchi targ‘ibotida (nasihatida) ifodalangan va ta'riflangan to‘rt haqiqatda bayon qilinadi.
Birinchi haqiqat – «azob-uqubat mavjud». Har qanday tirik mavjudot muqarrar ravishda va albatta uni boshdan kechiradi, shu sababli har qanday hayot azob-uqubatdir. Tug‘ilish – azob-uqubat, kasallik – azob-uqubat, o‘lim – azob-uqubatdir. Noxushlikka duch kelish – azob-uqubat. Yoqimli narsadan ayrilish – azob-uqubat. Ko‘ngil istagan narsaga ega bo‘lmaslik ham azob-uqubatga olib boradi.
Ikkinchi haqiqat – «azob-uqubatning sabablari mavjud». Inson moddiy ashyolar va ma'naviy qadriyatlardan foydalanar ekan, ularni haqiqatan mavjud va ular doimiy deb hisoblaydi, shu bois boshqa narsalardan voz kechib, ularga egalik qilishni va ulardan bahra olishni istaydi. Bunday istaklar yashash uchun kurashning uzluksiz zanjiriga olib boradi. Buddaviylikka ko‘ra, ana shu istaklarni nodonlik kuchaytiradi va o‘z ixtiyoriga erk berishga olib keladi, bu esa karmani hosil qiladi.

Karmani ajr qonuni yoki axloqiy sababiyat qonuni deb atash mumkin bo‘lib, unga ko‘ra, har kim o‘tmishda nima ekkan bo‘lsa, shuni o‘radi, ya'ni qilmishlariga yarasha ajrini topadi. O‘z vazifasi jihatidan karma bog‘liq holda yaratilish qonuniga mos keladi – har qanday yashab o‘tgan kishiga muqarrar ravishda azob-uqubatlar tayyorlab qo‘yilgandir va hyech kim ulardan qutulib qolishga qodir emas.
Uchinchi haqiqat – «azob-uqubatni to‘xtatish mumkin». Ham yaxshi, ham yomon istaklarning batamom barham toptirilishi nirvana holatiga mos keladi, bunda odam qayta tug‘ilish jarayonidan chiqib ketadi.
To‘rtinchi haqiqat azob-uqubatni to‘xtatish yo‘li ham borligiga ishontiradi. Bu to‘g‘ri anglash, to‘g‘ri niyat qilish, to‘g‘ri so‘zlash, to‘g‘ri xulq-atvorda bo‘lish, to‘g‘ri turmush kechirish, to‘g‘ri intilish, to‘g‘ri munosabatda bo‘lish, to‘g‘ri fikru xayol bilan yashashdan iborat «olijanob sakkizlik yo‘li»dir. Ana shu yo‘ldan borgan inson shu asnoda «Budda yo‘liga» o‘tadi. Shu yo‘ldan borishni istagan odam karma qonuni bilan boshqariladigan qayta tug‘ilishlarning uzluksiz jarayoni mavjudligiga, uning uchun bu hayotda yagona najot – bu Budda, uning ta'limoti (dxarma) va budda jamoasi (sangxa) ekanligiga; buddaviylikning barcha odob-axloq va mushohada qilish qoidalariga og‘ishmay rioya etish insonni azob-uqubatlardan xalos bo‘lishga olib kelishiga ongli ravishda yoki ko‘r-ko‘rona to‘la ishonishi kerak.
Ichki xotirjamlikka erishish va fikrni jamlash uchun meditatsiya amaliyoti xizmat qilida. Meditatsiya amaliyoti va axloq normalariga rioya etish, Budda aqidalariga ko‘ra, e'tiborni mavjudiyatning mohiyati haqida mushohada qilishga qaratish imkonini beradi.
Ijtimoiy dastur insonning ijtimoiy mavqyei (jamiyatda tutgan holati) o‘tmishdagi va hozirgi vaqtdagi qilmishlariga bog‘liqligi to‘g‘risidagi ta'limotga asoslangan. Buddaviylikning avval davlat, so‘ngra esa jahon dinlaridan biriga aylanishiga, bu ta'limotning, asosan, ikkita qoidasi yordam bergan. Birinchidan, ijtimoiy mavqye va boylik «avvalgi hayotlarida» to‘plangan fazilatlar ko‘pligidan dalolat beradi degan fikr davlatlar hukmdorlariga o‘zlarini benuqson odamlar deb e'lon qilish imkoniyatini bergan. Bu ularning hokimiyati cheklanmagan xususiyat kasb etishiga olib borgan. Keyinchalik mazkur g‘oya buddaviylikning bekami-ko‘st hukmdor – chakravartina deb ataluvchi – hukmdorning bekamu-ko‘stligi xususidagi konsepsiyada mujassamini topdi va rasmiy tus oldi. Ikkinchidan, qattiq tabaqaviy-kastaviy yakkalanish sharoitida buddaviylik ezilgan ommani ijtimoiy-axloqiy xulq-atvor me'yorlariga og‘ishmay rioya etish yoki diniy jamoaga kirish yo‘li bilan kelgusi hayotda ancha yaxshiroq ahvolda tug‘ilishdan umidvor qilgan. Bu buddaviylikning aholi keng qatlamlari orasida ommalashuvi kuchayishiga yordam bergan.
Buddaviylik – jo‘shqin va yashovchan din. yer kurrasining turli qismlarida hozirda ham yangi-yangi budda jamoalari paydo bo‘lmoqda, ibodatxonalar qurilmoqda. Jahon buddaviylari ikkita xalqaro tashkilotga - Jahon buddaviylar ittifoqi (bosh qarorgohi Bangkokda, Tailand) va Osiyo buddiylar tinchlik uchun konferensiyasi (bosh qarorgohi Ulan-Batorda, Mo‘g‘iliston)ga birlashganlar.



Yüklə 1,43 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   158   159   160   161   162   163   164   165   ...   205




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin