Axmedova m. A. umumiy muxarrirligi ostida


-§. Falsafiy tafakkurning genezisi



Yüklə 0,73 Mb.
səhifə23/202
tarix02.06.2023
ölçüsü0,73 Mb.
#122287
1   ...   19   20   21   22   23   24   25   26   ...   202
Axmedova m. A. umumiy muxarrirligi ostida

1-§. Falsafiy tafakkurning genezisi

Falsafiy adabiyotda falsafa tarixi turli tuman ilmiy va mafkuraviy talqinlan va xilma-xil davrlashtirish holatlarida berilgan. Eng ko‘p darajada tarqalgani yevropamarkazlashtirish yondoshishi bo‘lib, dunyo tarixiy-falsafiy jarayonining xilma xilligini asossiz ravishda toraytiradi. Shu bilan bir qatorda falsafa tarixi rivoji bosqichlarini u yoki bu ijtimoiy taraqqiyot bosqichlariga keskin ravishda bog‘lashga urinish ham o‘zini oqlamaydi, negaki, turli mintaqalar bosib o‘tgan bosqichlar o‘ziga xos xususiyatlari bilan bir-biridan farq qilishi mumkin. Masalan, Qadimgi Yunoniston va Qadimgi Rimda asosiy iqtisodiy ishlab chiqarish vositasi bo‘lgan quldorlik, bu jamiyatlar taraqqiyotida quldorlik formatsiyasini shakllantirgan bo‘lsa, Markaziy Osiyo mintaqasi mamlakatlari uchun bunday bo‘lmagan. Ko‘p davlatlarda quldorlik, u yoki bu darajada XIX asrning ikkinchi yarmigacha va hatto shu asrning oxirigacha saqlangan bo‘lsa ham, ammo u hyech qachon ularning iqtisodiy asosi bo‘lib xizmat qilmagan.


Shu bilan bog‘liq ravishda turli mintaqalardagi falsafa rivojining bosqichlari o‘z tafovutlariga ega bo‘lgan. Barcha mintaqalar uchun umumiy bosqich predfilosofiya (falsafa oldi) sifatida afsonaviy tafakkurning tanazzuli davri doirasida maydonga chiqqan falsafiy savollar va javoblarning tug‘ilishi davri bo‘ldi. Birlamchi shakllangan falsafiy tizimlar qadimgi falsafa bosqichini tashkil etadilar. Falsafa taraqqiyotining keyingi bosqichi G‘arbda ham, Sharqda ham shakllangan va rivojlangan feodal munosabatlar bilan bog‘liq. yevropada bu davr «o‘rta asr falsafasi» yoki «feodalizm davri falsafasi» degan nom oldi. yevropa falsafasini davrlashtirish uchun asosli bo‘lgan «o‘rta asr falsafasi» atamasi, Sharq falsafasi xususiyati uchun bahslidir, negaki, Sharqning ko‘pchilik mamlakatlari XX asrning birinchi yarmigacha ba'zilari esa keyinchalik ham feodal munosabatlari bosqichida edilar. Shuning uchun bu yerda «feodalizm davri falsafasi» atamasiini qo‘llash o‘rinlidir.
G‘arbiy yevropa falsafasi rivojining keyingi bosqichlari Uyg‘onish davri, Yangi va Eng yangi zamon degan nomlar bilan atala boshlandi. Ba'zida bu bosqichlarning davrlarga bulinishi quyidagi tarzda beriladi: uyg‘onish davri falsafasi, yangi zamon falsafasi, Ma'rifatparvarldik falsafasi, mumtoz (nemis) falsafasi, hozirgi zamon falsafasi.
Sharq falsafasiga nisbatan ham Yangi va Eng yangi zamon tushunchasini qo‘llash mumkin. Biroq u yoki bu bosqichlarning xususiyatlariga asoslangan davrlashtirish ko‘proq mazmunli va mavzuga yaqindan aloqadordir. Masalan, XX asrdagi Markaziy Osiyo mamlakatlari falsafa tarixi haqida gapirganda, biz ma'rifatparvarlik, sho‘rolar va sho‘rolar davridan keyingi bosqichldar haqida so‘z yuritishimiz mumkin.
Tarixiy-falsafiy jarayonlarning G‘arbda va Sharqda davrlarga bo‘lish qoidalari bilan bir qatorda, falsafada g‘arbiy va sharqiy an'analarning o‘zaro munosabatlarini ta'kidlash muhimdir.
Falsafadagi g‘arbiy va sharqiy an'analar haqida so‘z yuritib, ko‘pgina falsafa tarixchilari ularning XIX asrning ikkinchi choragigacha nisbatan mustaqil ravishda rivojlanganliklarini qayd etadilar. Ko‘p jihatdan bu Hindiston, Xitoy va Uzoq Sharq mintaqasi mamlakatlari uchun xosdir. Yaqin va O‘rta Sharqda esa, g‘arbiy va sharqiy an'analarning o‘zaro ta'siri bu mintaqada muhim xususiyatlarga ega bo‘lgan. VIII-XII asrlardagi arab tilidagi falsafaning shakllanishi bevosita qadimgi davr va ellinistik falsafaning, eng avvalo, Arastu va Aflotunning asarlari ta'sirida yuz berdi. Al-Kindiy, Al-Forobiy, Ibn Sino, Ibn Tufayl, Ibn Rushd va boshqalar tomonidan yo‘nalish berilgan arab tilidagi falsafa arab yoki Sharq arastuchiligi (peripatetizm) nomini oldi. O‘z navbatida, bu yo‘nalish yevropadagi o‘rta asr falsafasi rivojiga qayta ta'sir ko‘rsatdi, jumladan, rasmiy katolikchilik va o‘rta asr sxolastikasiga muxolifatda bo‘lgan «lotincha averroizm» (Ibn Rushd ismining lotinchalashtirilganligi - Averroes) falsafiy oqimini vujudga kelishiga sabab bo‘ldi. XIII asrda G‘arbiy yevropada uning vakillari bo‘lgan Parij universitetining professori Siger Brabantskiy (1240-1282 yillarga yaqin) va uning izdoshlari «cherkov otalari» bo‘lgan Anselm Kenterberiyskiy va Akvinalik Fomaga faylasuflar bilan ilohiyotchilar o‘rtasida bo‘lgan mashhur bahslarda Arastu merosi bo‘yicha ularga qarshi turdilar. XIV asrdan boshlab Yangi asrgacha lotincha averroizm Italiyada (Paduan universiteti) va Fransiyada keng yoyildi. Arab tilida yaratilgan falsafa yunon falsafasi va tabiatshunosligini yevropa zaminiga qaytarishda, o‘rta asr sxolastikasi xukmiga qarshi kurashda va falsafaga xristian-katolik cherkovi tomonidan berilgan «ilohiyot xizmatkori» maqomidagi ozod qilishda ajoyib o‘rin tutdi.
Falsafa insoniyat tomonidan ibtidoiy jamoa tuzumi va uning tanazzuli davrida to‘plangan ma'naviy tajriba asosida paydo bo‘ldi. Bu tajribaga inson o‘z atrofini o‘rab turgan dunyoni o‘zlashtirish jarayonida orttirgan diniy-afsonaviy tasavvurlar va tajribaviy bilimlarni taalluqli deb bilish mumkin.
Ibtidoiy urug‘chilik jamoasi ijtimoiy ongining asosiy shakli afsonaviy tafakkur edi. Bunday ong shakliga quyidagi o‘ziga xos belgilar kiradi: dunyoni hissiy shaklida qabul qilish, assotsiativlik, amaliy vaziyatga yo‘naltirilganlik va ma'lum darajada, mantiqiylikkkacha bo‘lgan fikrlash (rasmiy xulosalarning yo‘qligi va ularni vaziyatga bog‘liq ravishda amaliy siymolar bilan almashtirish); u animatizm (tabiatni jonli ekanligiga ishonish), animizm (atrofni o‘rab turgan dunyo va insonlarga ta'sir o‘tkazishga qodir bo‘lgan ruhlar va arvohlarga ishonish), gilozoizm (dunyodagi hamma narsalarning jonli ekanligiga ishonish), totemizm (urug‘ guruhining totemi bo‘lgan – hayvonlar, o‘simliklar yoki boshqa ashyolar bilan sirli qarindoshchilikka ishonish), sehrgarlik va shamoniylik kabi e'tiqodlarga asoslanadi; unga antropomorfizm (insonning xususiyatlari va belgilarini tashqi dunyoga ko‘chirib o‘tkazish, ya'ni tabiatga va tasavvur qilinayotgan ajdodlar dunyosiga, ruhlar va xudolarga) va sotsiomorfizm (tashqi dunyoga urug‘chilik munosabatlarini ko‘chirib o‘tkazish) xosdir19.
Falsafani qadimgi Sharqda ham, qadimgi G‘arbda ham muayyan davrlarda paydo bo‘lish hodisasi tasodifiy emas. Unga ehtiyoj ibtidoiy jamoa tuzumining tanazzuli va jamiyatni yangi taraqqiyot bosqichiga o‘tishi munosabati bilan bog‘liq ravishda paydo bo‘ldi. Bu bosqich uchun sivilizatsiya, davlat, sinfiy shakllanish, aqliy mehnatning jismoniy mehnatdan ajralishi va boshqa shu kabi insoniyat taqdiri uchun tarixiy bo‘lgan institutlar va jamiyatning yashash shakllari bo‘lgan hodisalarning paydo bo‘lishi xosdir.
Eramizdan oldingi III-II asrlardagi ilk sinfiy jamiyatlarda paydo bo‘lgan, ya'ni bronza asridagi diniy-afsonaviy majmualar uchun xos bo‘lgan falsafani to‘la ma'nodagi falsafa, deb aytib bo‘lmaydi. Ular urug‘chilikka asoslangan jamiyatdagi ijtimoiy ongning ko‘p belgilarini saqlagan bo‘lib, vaqtinchalik o‘tish davriga xosdir. Shuning uchun ularga nisbatan muloyimroq bo‘lgan «falsafa oldi» (predfilosofiya) atamasini qo‘llash lozim20.

Yüklə 0,73 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   19   20   21   22   23   24   25   26   ...   202




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin