Axmedova m. A. umumiy muxarrirligi ostida



Yüklə 0,73 Mb.
səhifə114/202
tarix02.06.2023
ölçüsü0,73 Mb.
#122287
1   ...   110   111   112   113   114   115   116   117   ...   202
Axmedova m. A. umumiy muxarrirligi ostida

2-§. Ongning funksiyalari

Ongning asosiy, muhim funksiyalaridan biri odamning o‘z-o‘zini anglashidir, ya'ni o‘z borlig‘ini refleksiv tarzda anglashidir. «O‘zingni o‘zing bil» - antik faylasuflarning bu shiorini odamning tafakkuri o‘z-o‘zini anglash yordamida amalga oshirmoqda. Bu xususda M.Xaydegger odamning ekzistensional mohiyati odam narsani qanday bo‘lsa shundayligicha tasavvur qila olishiga asosdir, deb aytgan edi.


Shaxsning o‘z-o‘zini anglashi quyidagi uch jihatning uzviy birligidir: odamning o‘zining boshqa odamlarga o‘xshashligi va ulardan farq qilishini anglashi; o‘zining boshqa moddiy tabiiy va ijtimoiy ob'ektlar bilan o‘xshashligi va ulardan farq qilishini anglashi va, nihoyat, shu anglash asosida hayotiy faoliyat sub'ekti sifatida o‘z bahosini anglashi. O‘z-o‘zini anglashning asosiy elementlari o‘z-o‘zini tahlil qilish, o‘z-o‘zini kuzatish, o‘z-o‘zini anglash va o‘z-o‘zini baholashdir.
O‘z-o‘zini anglash yordamida odam o‘zini sub'ekt sifatida anglaydi va baholaydi, o‘zining boshqa kishilardan farqi va ularga o‘xshashligini anglaydi, o‘zining bir butun mikrokosm sifatidagi «men»ini uning unikal individualligi va betakrorligida, bu mikrokosmning tashqi dunyo bilan munosabatida anglab oladi.
Insonning o‘z-o‘zini anglashi orqali ong odamning dunyoga, undagi anglangan borliqqa faol munosabat funksiyasini bajaradi, shuningdek odam faraz qilingan vaziyatda o‘zining kelgusi harakatlarining dastlabki rejasini tuzganida va kelgusida bu harakatlarning ehtimol tutilgan natijalari va oqibatlarini oldindan ko‘rganida ong maqsadni ko‘zlash funksiyasini amalga oshiradi.
O‘z-o‘zini anglash yordamida, shuningdek, ongning boshqaruvchilik funksiyasi tartibga solib turiladi, zero odamning anglangan faoliyati shaxsning o‘z-o‘zini boshqarishi hamda o‘zining xatti-harakati, qurshab turgan dunyoga va boshqa kishilarga munosabati ustidan nazorati bilan uzviy bog‘liqdir. O‘z-o‘zini anglash, bu – o‘z mohiyatini, odam borlig‘ining maqsadi va ma'nosini tushunishga intilgan ongning faol ravishda, muayyan maqsadda o‘z-o‘ziga yo‘nalishidir, o‘z imkoniyatlari va qobiliyatlarini amalga oshirish imkoniyatidir, boshqacha aytganda, shaxsning o‘z ko‘zi oldida va butun jamiyat ko‘zi oldida o‘z-o‘zini aktuallashtirish imkoniyatidir.
Odam ongining boshqa bir muhim funksiyasi tushunish funksiyasidir. Asosiy tushunish funksiyasi individning tabiiy va ijtimoiy muhitda ongli ravishda harakat qilishi va yo‘l tutishini ta'minlash bilan bog‘liqdir.
Har qanday tushunish - qandaydir tushunmovchilikni bartaraf etish jarayonidir, ya'ni tushunish voqyelikning biron-bir hodisasini anglab olish jarayonidir Shu anglab olish asosida mazkur hodisa ahamiyati fahmlab olinadi va u inson tomonidan o‘zlashtiriladi. Tushunish bu – sub'ektning o‘z dunyoqarashi, dunyoni his qilishi, o‘z hayot yo‘lini shaxsan bilishi asosida sub'ekt hayotiy tajribasining haqiqiy aktuallashuvidir.
Tushunishni o‘rganish germenevtika predmetiga aylandi. Uning asoschisi XVIII asrning oxiri - XIX asrning boshida yashab o‘tgan teolog va filolog F.Shleyermaxerdir. Uning fikricha, germenevtikaning asosiy vazifasi klassik tarixiy matnlarni tushunish va ularni to‘g‘ri o‘qish asosida o‘tgan zamonlardagi odamlarning ma'naviy dunyosini bilib olishdir. Bunday bilib olish alohida sezgi - empatiya yordamida, ya'ni biluvchi sub'ektning qadimgi kishilar yashagan sharoitni chuqur o‘rganishi, his etishi va anglashi yordamida sodir bo‘ladi.
Hozirgi vaqtda falsafiy germenevtika hal etayotgan vazifalar doirasi kengaydi; germenevtik yondashuv sub'ektning anglash va tushunish jarayonidagi faol rolini ta'kidlaydi. Nemis filosoflari V.Diltey, M.Xaydegger, X.G.Gadamer, fransuz filosofi P.Riker hozirgi zamon germenevtikasining rivojlanishiga o‘z xissalarini qo‘shdilar. Odamning odamni tushunish jarayoni o‘zaro munosabat bilan uzviy bog‘liqdir, tushunishning o‘zi hamisha shaxslar o‘rtasidagi dialog natijasidir, shu bilan birga shaxsning o‘z-o‘zi bilan ichki dialogi bunda tez-tez bo‘lib turadigan va amalda muhim hodisadir. Tushunish asosan jamiyat taraqqiyotining muayyan bosqichida jamiyatda mavjud bilimlarning xarakteri bilan belgilanadi. Tushunish ilgarigi mavjud bilim, mantiqiy fikrlash madaniyati, avvalgi ijtimoiy tajriba mahsulidir. Mavjud axborotlar majmui doirasida yangi fakt, yangi axborot, yangi bilim izohlanadi, ya'ni muayyan tarzda tushunib olinadi. Bunda yangini tushunishga noma'lumni ma'lum orqali qisman izohlash yo‘li bilan erishiladi.
Insonning tushunish layoqati uzoq taraqqiyot yo‘llarini bosib o‘tgan. Birinchi bosqich «amaliy tushunish» bosqichi bo‘lgan; ibtidoiy odam shu bosqichda yashagan, uning amaliy hayotiy faoliyati uning uchun tushunish manbai bo‘lgan. So‘ngra tushunishning sehrgarlik (magiya) kabi o‘ziga xos shakli - biluvchi tafakkurning o‘ziga xos refleksiyasi, «amaliy tushunishni» anglash, u haqda o‘ziga xos o‘ylash paydo bo‘lgan. Faqat antik davrdan e'tiboran yig‘ilgan bilimlar, mahoratlar, malaka va texnologiyalar majmui ustidan refleksiya sifatida «nazariy tushunish» shakllana boshlagan.
Ongning yana bir funksiyasi ijodiy funksiya bo‘lib, u maqsad qo‘yishda, prognozlashda, kishi harakatlarining kutilayotgan natijalarini oldindan ko‘rishda ongning faolligini nazarda tutadi. Ongning ijodiy faolligi konstruktiv-o‘zgartiruvchi faoliyat bilan, yangini yaratish bilan uzviy bog‘liqdir. Ijodiyot - insoniyatning tabiiy resurslarni ongli ravishda o‘zlashtirishi, shuningdek inson qobiliyatining rivojlanishi natijasida yangi moddiy va ma'naviy qadriyatlar yaratish jarayonidir. Ijodiy o‘zlashtirishda sub'ekt ongining faolligi uzoq izlanishlarni, chekinishlarni, topilmalarni, ko‘pincha esa xato va yanglishuvlarni, sub'ekt ijodining natijasi bo‘lgan yangini kashf etishni nazarda tutadi.
Ijod yordamida odam o‘z ongida saqlanayotgan rejalarni, niyatlarini, loyihalarini amalga oshiradi, ularni voqyelikning real predmetlari va hodisalarida moddiylashtiradi. O‘z oldida turgan vazifalarni hal qilishga ijodiy yondashish - inson ruhining, intellektining oliy ko‘rinishidir. Ijodiy faollik elementlari oliy hayvonlar - maymunlar, delfinlar va itlarda ham mavjud, lekin faqat insongina o‘zining atrofdagi voqyelikni o‘zlashtirishi, o‘rganishi va o‘zgartirishida ongli ravishda ijodiyotga tayanadi. Prognozlash, faraz qilish, mavjud, ammo yetarli bo‘lmagan axborotni to‘laroq o‘ylab, fikrlab ko‘rish ham inson aqlining ijodiy faolligi namoyon bo‘lishidir.



Yüklə 0,73 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   110   111   112   113   114   115   116   117   ...   202




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin