Soto-dzen. Bu an'ananing asoschisi Dogen (1200-1253) ta'lim beradiki, barcha kishilar o‘zlarida Budda tabiatini olib yuradilar. Ammo bu narsa urf-odatlar va xurofotlar tufayli buziladi. Buddaning tabiatini amalga oshirish uchun diniy va tarkidunyochilik amaliyotidan voz kechish mumkin. Buddaviylik ibodatining eng yaxshi vositasi dza-dzen (o‘tirgan holatdagi meditatsiya) usulidir. Meditatsiya voqyeylikni bevosita bilish holatini kasb etishga yordam beradi. U ichki ruhiy orom va xotirjamlikni vujudga keltirishga, diqqat-e'tiborni va muvozanatni saqlash uchun juda muhimdir. Yorishib ketgan ongga erishish chog‘ida inson o‘zini ilgarigi kutilgandan ko‘ra boshqacharoq his qila boshlaydi, ichki sabab natijasida o‘zini ifoda qilish yuz beradiki, uning vositasida Budda tabiatini idrok eta boshlaydi. Budda tabiati tabiiy va o‘z-o‘zidan namoyon bo‘ladi, u biror bir amal yoki omil, masalan, dzen bog‘idagi bir gulda ifodalanishi mumkin. San'atni dzencha tushunish ana shunday tabiiy va bevosita o‘zini ifoda qilishga asoslanadi. Buddaviylikning pirovard maqsadi Budda ongi bo‘lgan sof tafakkurni tushunishdagina emas, balki u bilan bog‘liq bo‘lgan dunyoga hyech qanday qaydu-shartsiz qarash munosabatida hamdir. Boshqa buddaviylik maktablari singari dzen xayrli ishlarni e'lon qilibgina qolmasdan, ularni amalga oshirishga chaqiradi va shunday usullarni tavsiya etadiki, ularning yordamida inson xayrli va sharafli ishni tabiiy xususiyat sifatida qabul qiladi.
Yangi konfutsiychilik. Konfutsiychilik Yaponiyaga III asrning ikkinchi yarmida kirib keldi. Maxsus o‘quv yurtlari paydo bo‘ldiki, ularda imperator xonadonining shahzodalari va aslzodalar vakillariga konfutsiychilik asoslari o‘qitila boshlandi. Yapon konfutsiychiligi falsafasining asosiy tushunchalari «ri» (xitoycha «li»), «ki» (xitoycha «si»), «in» – «e» (xitoycha «in» - «yan», «gogyo») – besh tabiat unsuri kabilar edi. O‘rta asrlarda yangi konfutsiychilikning djusianlik va vanyanminizmcha shakli keng yoyildi.
Chjusianlik. Chjusianlik maktablarining birinchilaridan biri bo‘lgan Syusi Gakuxaning asoschisi Fudzivara Seyka (1561- 1619) chjusianlikni, ayniqsa «ismlarni bo‘lish» haqidagi ta'limotni - ya'ni jamiyatni «quyi va yuqori tabaqalar» ga bo‘lishni mahalliy sharoitlarga moslashtirdi. Chjusianlikni yapon aqidalari bilan muvofiqlashtirishga harakat qilib, u shunday shiorni oldinga tashladiki, sintoistik xudolar yapon imperatorlari va ularning avlodlarida o‘z ifodalarini topganlar.
Xayasi Radzan (1583-1657) - Fudzivara Seykaning shogirdi bo‘lib konfutsiychilikni hukmron doiralarning mafkurasi sifatida shakllantirishga katta hissa qo‘shdi. Uning borliq haqidagi qarashlari quyidagi qoidalarga tayanadi: - ri – bu «buyuk hudud»dir; ki- bu in va ye dir, ri va ki bir-biridan ajralmasdir, beshta doimiy narsa-bu ridir, besh birinchi ibtido-bu kidir. Radzan davlatni kelib chiqishini shunday talqin qildiki, unga binoan «odamlar bir birini farqiga bormay bir joyda yashash» kabi johillik holatidan rivojlangan jamiyat sari harakat qilishi natijasida vujudga kelgandir. U buddaviylikni dunyodan yuz o‘girishga chaqirganligi uchun keskin tanqid qildi.
«Buddaviylik, - deb yozgan edi Radzan, - tog‘lar, daryolar, yerni foniy tasavvur qilib, insoniy axloqni shaffof deb faraz etish bilan pirovardida hammani burch his-tuyg‘usidan mahrum etdi. Xo‘jayin o‘z qirolini tark etadi, ota o‘z o‘g‘lini tashlab qo‘yadi, va shunday tarzda hamma Yo‘l qidiradi»167. U sintoizmni buddaviylikdan tozalash tarafdori bo‘lib chiqdi. U konfutsiychilik qotishmasi bo‘lgan sintoni ishlab chiqdi va «Bizning imperiya-xudolar mamlakati» degan shiorni tashviq qildi.
Kiotcha «Yamadzaka» maktabi. Maktab asoschisi Yamadzaka Ansay (1616-1682) sunn va sintoizm maktabi ta'limotini sintez qilgan Suy-Sinto maktabiga asos soldi. Dunyoning tuzilishi haqidagi o‘z ta'limotida faylasuf in va ye ni, hamda besh birinchi ibtidoni samoviy ilohlarning yetti avlodiga taqsim qilib chiqadi: - birinchi avlod - dunyoning yagona ki ilohi, ikkinchidan oltinchigacha – suv, olov, daraxt, metall va yer avlodi, yettinchi avlod-bu in va ye ilohidir. Kiot maktabining ikkinchi namoyandasi Asami Keysan ta'kidlashicha, chjusianlik – Koinot haqiqatidir. Uning ta'kidlashicha, ri aqliy hodisa bo‘lib, kishi aqliga ayniyatdadir. Dunyo shunday tuzilganki, doimiylik va o‘zgaruvchanlik unga xosdir. Doimiylik bu - ri bo‘lib, o‘zgaruvchanlik – bu ki dir.
XVIII asrning ko‘zga ko‘ringan mutafakkiri tabiatshunos va faylasuf Kanberra Ekken (1630-1714) edi. Umuman chjusianlikni qo‘llagan holda, u sun maktabiga, eng avvalo unga buddaviylik ta'sir qilganligi uchun tanqidiy munosabatda bo‘ldi. Chjusianlik ta'limotidagi lining birlamchiligi va si ning ikkilamchiligi haqidagi ta'limotdan farqli o‘laroq, u shunday ta'lim beradiki, ri va ki - bu «bir va ikki, ikki va bir» dir. Ki bu rining vazifasidir, ri –ki ni olib yuruvchidir. Ri va ki qismlarga bo‘linmaydilar.
Ekken chjusianlikning bilimlarning birlamchiligi va faoliyatning ikkilamchiligi haqidagi qarashlariga qo‘shiladi. Agar bilim to‘g‘ri va ishonchli bo‘lsa, unda amaliyot ham muvaffaqiyatli bo‘ladi. Ammo u shu bilan birga yozadiki, haqiqat manbai qadimgi kitoblarda emas, balki tabiatning o‘zidadir. U tajribaga asoslangan bilimni mumtoz kitoblardan yuqori qo‘yadi. Uning fikricha, insonning ruhiy nurlanishi jarayoni uning o‘zidan boshlanadi. Qachonki, kishi hayotga bo‘lgan qiziqishni yo‘qotmagan holda, bilim olishga bel bog‘lasa va o‘z dunyoqarashini kengaytirsa, o‘shandagina ashyolarni mohiyatini tushunib yetadi.
Ekken Tokugava rejimiga nisbatan muxolifatda bo‘lib, insonparvar ma'rifatli jamiyat haqida orzu qilar edi. Boshqa tabaqalarga nisbatan dehqonlarni yuqori qo‘yar edi. Xalqning kayfiyatiga hamdardlik bildrib, u maorifga katta umidlar bilan boqar edi.