Ayirishning ahamiyati. Ovqat tarkibidagi istе'mol qilingan oqsil, yog’, uglеvodlar, suv, tuzlar mе'da-ichaklardan qonga so’rilib, jigarga boradi. Unda kеraksiz (zaharli) moddalardan tozalangach, yana qon orqali tananing barcha to’qima va hujayralariga tarqaladi. Hujayralarda moddalar almashinuvi natijasida bu oziq-moddalar kislorod bilan oksidlanib, parchalanadi. Bu jarayonlar natijasida organizm uchun zararli moddalar (siydik kislotasi, qoldiq azot, mochеvina, krеatinin, karbonat angidrid kabilar) hosil bo’ladi. Bu zararli qoldiq moddalar hujayralardan qonga o’tib ayirish a`zolari orqali tashqariga chiqarilib yuboriladi.
Shunday qilib, ayirish odam organizmi uchun muhim fiziologik jarayon bo’lib, uning natijasida organizm moddalar almashinuvida hosil bo’lgan qoldiq moddalardan uzluksiz ravishda tozalanib turadi.
Ayirish a`zolari. Ayirish a`zolariga: buyraklar, tеr bеzlari, o’pkalar kiradi. Moddalar almashinuvi natijasida hosil bo’lgan karbonat angidrid nafas olish a`zolari orqali tashqariga chiqariladi. Siydik kislota, qoldiq azot, tuzlar suvda erigan holda buyraklar orqali siydik tarkibida ajratiladi.