Okeanning tabiat zonalari. Okean yuzasidagi zonalar.Tinch okean yuzasida Dunyo okeanining deyarli barcha tabiat zonalari o‘z ifodasini topgan. Bundan faqat qutbiy zonalar mustasno. Tabiat zonalarining har biri o‘ziga xos takrorlanmas xususiyatlarga ega.
Shimoliy qutbyoni zonasi Bering va Oxota dengizlarining uncha katta bo‘lmagan qismlarini egallagan. Suv harorati past. Suv massalari tez-tez aralashib turganligi sababli bu dengizlar baliklarga boy, ayniqsa mintay, zog‘orabaliq seld juda keng tarqalgan. Oxota dengizida losossimon baliqlar va qisqichbaqalar ovlash katta ahamiyatga ega.
Shimoliy mo‘’tadil zona, boshqa zonalarga nisbatan katta maydonni egallagan. Unda g‘arbiy shamollar hukumronlik qiladi, dovullar tez-tez takrorlanib turadi. Zonaning organik dunyosi qo‘ng‘ir suvo‘tlaridan, mollyuskalardan, chuvalchanglardan, qisqichbaqasimonlardan, ignatanlilardan iborat. Zonaning g‘arbiy qismidagi Yapon dengizi tirik organizmlarga juda boy. U yerda treska, okun, kambala, skumbriya, tunes va boshqa baliqlar yashaydi.
Yekvatorial zonada ekvatorial havo hukumronlik qiladi, yog‘ingarchilik ko‘p yog‘adi, suvning sho‘rligi past va organik hayot yaxshi rivojlangan. Bu zonada turli xil oqimlar o‘zaro ta’sir etadi, ularning chegaralarida chuqurdagi suvning yuzaga ko‘tarilishi va suv almashinishi kuchayadi, oqibatda suvning biologik mahsuldorligi oshadi. Baliqlardan akulalar, tuneslar, parusniklar ko‘plab ov qilinadi. Ekvatorial zonaning sharqiy qismiga nisbatan g‘arbiy qismining tabiat komplekslari xilma-xil va o‘ziga xos. Ayniqsa Zond orollari va Shimoliy-Sharqiy Avstraliya qirg‘oqlari yaqinidagi shelflarning hamda marjon orollari atroflarining tabiiy landshaftlari betakror go‘zal va organik hayotga nihoyatda boy.
Janubiy tropik zonada yil davomida tropik havo massasi, yuqori havo bosimi, passat shamollari hukumronlik qiladi. Suvning o‘rtacha harorati 20°S ga teng. Yog‘ingarchilik juda ham (50-100 mm) yog‘adi. Suv yuzasida boshqa zonalarga nisbatan o‘simlik va jonivor plankton yaxshi rivojlanmagan. Tirik mavjudoddarga ancha kambag‘al. Shuning uchun ham tropik zonasini ba’zan okean sahrosi deb atashadi.
Janubiy tropik zonaning o‘ziga xos xususiyatlaridan biri shundan iboratki, Avstraliya qirg‘oqlari yaqinida Katta To‘siq rifining ajoyib suv osti landshaft tizimi shakllangan. Bu rif organizmlarning qoldiqlaridan hosil bo‘lgan eng yirik suv osti tog‘ tizmasi hisoblanadi. Uni kattaligiga va uzunligiga ko‘ra Ural tog‘iga o‘xshatish mumkin. Orollar va riflar himoyasidagi tinch iliq suvlarda marjonlarning butalar, daraxtlar, ustunlar, qo‘ng‘iroqlar, gul dastasi, qo‘ziqorinlar ko‘rinishidagi koloniyalari rivojlangan. Marjonlar och yashil, sariq qizil,havorang, och pushti ranglarda tovlanadi. Bu yerda qo‘ng‘ir, yashil, qizil suvo‘tlar, qisqichbaqasimonlar, mollyuskalar, turli xil baliqlar yashaydi.
Tropik zonasining Janubiy Amerika qirg‘oqlariga yaqin joylari baliqlarga boy. Zonaning bu qismidan anchous, stavrida, skumbriya va boshqa baliq turlari ovlanadi. Bundan tashqari qushlar ham juda ko‘p. Ayniqsa baliqlar bilan oziqlanadigan baklanlar, birqozonlar va pingvinglar keng tarqalgan.