1950-yillarning oʻrtalari dasturlashning jadal rivojlanishi bilan tavsiflanadi. Mashina kodlarida dasturlashning roli pasaya boshladi, mashinalar va dasturchilar oʻrtasida vositachi boʻlgan yangi turdagi dasturlash tillari paydo boʻla boshladi. Dasturlash tillarining ikkinchi va uchinchi avlodlari davri boshlandi. XX asrning 50-yillari oʻrtalariga kelib, birinchi yuqori darajadagi dasturlash tillari (high-level programming languages)ni yaratishga kirishildi. Ushbu tillar kompyuterning maʼlum bir turiga (mashinadan mustaqil) bogʻlanmagan edi. Ularning har biri uchun oʻz kompilyatorlari ishlab chiqilgandi. Kompilyatsiya — yuqori darajadagi manba tilda yozilgan dasturni mashina kodiga yaqin quyi darajali tildagi ekvivalent dastur (absolyut kod, obyekt moduli, baʼzan assembler tili)ga oʻgirishni anglatadi.
Birinchi yuqori darajadagi dasturlash tili 1942-1945-yillarda Konrad Suze tomonidan yaratilgan en:Plankalkül dasturlash tili edi[3]. Buyruqlarni kompyuterga yetkazish uchun moʻljallangan birinchi ishlaydigan dasturlash tillari 1950-yillarning boshlarida yozilgan. 1949-yilda taklif qilingan Jon Mauchlyning en:Short code elektron kompyuter uchun yaratilgan birinchi yuqori darajadagi tillardan biri edi[4]. Mashina kodidan farqli oʻlaroq, Short code matematik ifodalarni tushunarli shaklda ifodalaydi. Biroq, dastur har safar ishga tushirilganda mashina kodiga tarjima qilinishi kerak edi, bu jarayon ekvivalent mashina kodini ishlatishdan ancha sekinroq davom etardi.
Oʻz kompilyatoriga ega boʻlgan birinchi yuqori darajali til 1951-yilda doktorlik dissertatsiyasi uchun Korrado Böhm tomonidan yaratilgan[5].
FORTRAN[
Tijoriy maqsad uchun ishlab chiqilgan birinchi til FORTRAN (FORmula TRANslation) boʻlib, 1956-yilda (birinchi yoʻriqnomasi 1956-yilda paydo boʻlgan, lekin birinchi boʻlib 1954-yilda ishlab chiqarila boshlangan) IBMda Jon Bekus boshchiligidagi guruh tomonidan ishlab chiqilgan. U ilmiy-texnik hisob-kitoblar uchun moʻljallangan edi.
1953-yil oxirida Jon Bekus IBM 704 kompyuterini dasturlash uchun assemblerdan samaraliroq boʻlgan muqobil dasturlash tilini ishlab chiqishni taklif qildi. 1954-yil oʻrtalarida Fortran tilining spetsifikatsiyasi loyihasi tugallandi. Biroq ushbu dasturlash tili avval boshida foydalanuvchilar tomonidan iliq kutib olinmadi, chunki Fortran assemblerga qaraganda past unumdorlikka ega kod yaratadigan yuqori darajadagi dasturlash tili deya qarala boshladi. Shu tufayli uni optimallashtirish zarurati vujudga keldi.