etdi. Shu yilning o‘zida, endilikda Napaleonni ham sotgan Taleyran qayta
tiklangan qirol hukumati oldida o‘zini oqlash va yangi siyosiy hiylalar
uyishtirhsh bilan band edi. Boshqalarda esa, shunchaki hafsalaning o‘zi ham
qolmagandi. Shu tarzda, 1815 yillarga kelib, katta maqsadlarni ko‘zlab
joriy etilgan metr tizimi ancha g‘arib ko‘rinishga kelib qoldi. Uni jiddiy
sinovlar kutib turar edi. Burbonlarning Fransiyaga qaytishidan so‘ng,
inqilobiy zamonda ishlab chiqilgan va joriy etilgan metr tizimiga,
shunchaki inqilobning sag‘ir farzandi kabi, inqilobning o‘zi singari
muvaqqat narsa sifatida yondoshuv asosiy o‘rin tuta boshladi. Uni xalqaro
miqyosda joriy etishga bo‘lgan dastlabki urinishdan (1798 yilgi xalqaro
anjuman) so‘ng, keyingi siyosiy boshboshdoqliklar sharoitida, boshqa
bunday nufuzli konferensiyaning chaqirishning iloji bo‘lmadi. Qolaversa,
boshqa mamlakatlarning o‘zida ham, milliy o‘lchovlarning ma’lum
etalonlarga biriktirilishi ishlari boshlab yuborilgan edi. Qolaversa, yuz
yilliklardan beri o‘zlarining maxsus o‘lchov birliklaridan foydalanib
kelayotgan ko‘plab konservativ harakterdagi kasb egalari – dengizchilar,
zargarlar, dorishunoslar kabilar, o‘zlari uchun mutlaqo qulay bo‘lgan, o‘z
kasbiy o‘lchov birliklaridan foydalanishni afzal bilib, metrik tizimni qabul
qilishdan bosh tortgandilar (oldinga o‘tib shuni aytish o‘rinliki, dengizchi va
zargarlar xatto bugungi XXI asrda ham o‘z kasbiy birliklari – dengiz mili,
va karat kabilardan foydalanishni afzal bilmoqdalar). Boshqa tarafdan esa,
o‘sha zamon kishilari uchun, metr tizimi ham, boshqa o‘lchov birliklari
tizimlaridan hech qanday farqqa ega emas edi. Metr tizimi ham, boshqa
tizimlar singari, avvalo oddiy xalqning amaliy kundalik hayotida,
qolaversa, ilmiy tadqiqot va hokazolarda o‘zining afzalliklarini
isbotlashi, bir so‘z bilan aytganda, davr chig‘iriqlaridan iborat sinovlarni
topshirishi kerak edi.
Dostları ilə paylaş: