Iqlimi. Materikning geografik o‘rni va muz-qor bilan qoplanganligi o‘ziga xos iqlim xususiyatlarini keltirib chiqargan. Materik ichkarisida sovuq va quruq antarktida havo massalari (antisiklon) shakllanadi. Natijada, yuqori havo bosimi ta’sirida shimolga yo‘nalishdagi kuchli shamollar okean tomonga esadi. „Shamollar oqimi" nomini olgan bunday shamollar 600-800 km kenglikdagi hududda esadi, tezligi esa bir soniyada 30-35 m, ba’zan 90 m gacha yetadi. Qorli bo‘ronlari tez-tez takrorlanib turadi. Ba’zi joylarda bir yilda 340 kun bo‘ronli bo‘lishi aniqlangan.
Qish oylarida (aprel-sentabr) havoning o‘rtacha harorati –60 °C, ko‘pincha –70 — 80 °C dan past bo‘ladi. Rossiyaning „Vostok" ilmiy stansiyasida havo harorati –89,2 °C ga pasayganligi kuzatilgan. Shuning uchun bu yerga sayyoramizning „sovuqlik qutbi" deb nom berilgan.
Yoz oylarida (oktabr-mart) muz-qor quyosh energiyasining 80 % dan ko‘prog‘ini qaytaradi. Materik ichkarisida havo harorati –36 °C dan yuqori ko‘tarilmaydi. Lekin sohil bo‘ylarida harorat 0 °C atrofida bo‘ladi. Ko‘plab aysberglar ajralib chiqadi.
Materik markazida yog‘in miqdori 30-50 mm, sohilga tomon ortib boradi (600-700 mm).
Antarktida hududida ikkita iqlim mintaqasini ajratish mumkin: antarktika va subantarktika. Materikda chuchuk suvlarning 80 % zaxirasi muz holatda to‘plangan.
Organik dunyosi. Materikning muz-qorlar bilan qoplangan ichki qismlarida organizmlar yo‘q hisobi. Lekin materikka tutash okean suvlarida hayvonot olami nisbatan ko‘p. Bu sohil zonasida plankton va kril (mayda baliq)larni iste’mol qiladigan ko‘k kitlar, tulenlar, dengiz qoploni, janubiy dengiz mushugi, dengiz sheri va ko‘plab pingvinlar yashaydi (16- rasm). Bu yerda pingvinlarning 17 turi tarqalgan. Ayniqsa, go‘zal imperator (bo‘yi 1 m atrofida, og‘irligi 50 kg gacha) va kichikroq adeli pingvinlari ko‘p. Pingvinlar suvda yaxshi suzadi, baliqlar, molluskalar va qisqichbaqalar bilan oziqlanadi.
Antarktida sohilida o‘ldirilgan eng katta ko‘k kitning uzunligi 33 m, og‘irligi 160 t, sof yog‘i 20 t atrofida bo‘lgan. 1967-yildan boshlab, ko‘k kitlarni ovlash taqiqlangan.
Antarktidada juda katta chuchuk suv zaxirasi to‘plangan. Undan ajralib chiqqan aysberglarni shatakka olib, qurg‘oqchil o‘lkalarni suv bilan ta’minlash rejalari tuzilgan.