Kredit (credit) — talabaning alohida taʼlim yoʻnalishi yoki dasturi (kurs) boʻyicha fanlarni oʻqib oʻrganishi va oʻzlashtirishi uchun sarflangan oʻquv yuklamasining (vaqtning) oʻlchov birligidir. Kredit — talabaning meʼyoriy hujjat bilan belgilangan, odatda bir hafta davomida auditoriyada va mustaqil ravishda taʼlim olishi uchun ajratilgan minimal vaqt oʻlchovidir. Talabaga kredit maʼlum bir fandan belgilangan topshiriqlarni bajarib, yakuniy imtihondan muvaffaqiyatli oʻtgandan soʻng beriladi.6 Har bir talaba kelajakda tanlagan yoʻnalishi va mutaxassisligi boʻyicha diplomga ega boʻlishi uchun kreditlarni yigʻib borishi lozim. Toʻplangan kredit talabaga butun umr davomida oʻzining malakasini oshirib borish yoki qoʻshimcha oliy maʼlumot olishiga xizmat qilib boraveradi. Iqtisodiy tilda aytganda, toʻplangan kredit talabaning akademik “aktivi”ga aylanib boradi.
Kredit texnologiyasi taʼlim oluvchilarga ishchi oʻquv rejaga kiritilgan tanlov fanlarini tanlash, bu orqali individual oʻquv rejasini shakllantirishda bevosita ishtirok etish huquqini beradi. Ularga, nafaqat fanlarni, balki professor-oʻqituvchilarni ham tanlash erkinligi beriladi. Talabalarga fanlarni tanlash imkoniyatining berilishi ijobiy hol sanaladi. Bu oʻquv jarayonlarini baholashning oʻziga xos qiymat koʻrsatkichi boʻlib ham hisoblanadi.
Tarixga nazar solsak kredit ilk marotaba XVIII va XIX asrlarda AQSh universitetlarida joriy etilgan boʻlib, oʻquv jarayonlarini liberalizatsiya qilish, talabaning haftalik akademik yuklamasini belgilab berish maqsadida yaratilgan. 1869-yilda Garvard universiteti prezidenti, Amerika taʼlimining taniqli arbobi Charlz Uilyam Eliot “kredit soati” tushunchasini isteʼmolga kiritadi. Shunday qilib, 1870 — 1880-yillarda kredit soatlari bilan oʻlchanadigan tizim joriy qilinadi. Kredit tizimi bilan oʻqish va oʻquv dasturlarini oʻzlashtirish talabalarga oʻquv jarayonini mustaqil ravishda rejalashtirish, uning sifatini nazorat qilish, taʼlim texnologiyalarini takomillashtirish uchun imkoniyat yaratib berdi.7 Kredit toʻplash oʻlchovining kiritilishi talabaga katta erkinlik berish bilan bir qatorda, kelajakda tanlagan sohasining raqobatbardosh mutaxassisi boʻlib yetishishi uchun akademik jarayonni mustaqil rejalashtirish imkonini ham taqdim etdi. Ayni chogʻda, baholash tizimi va taʼlim texnologiyalarining takomillashishiga ham olib keldi.
Bolonya deklaratsiyasida koʻzda tutilganidek, kredit-modul tizimi aynan mustaqil taʼlimga urgʻu qaratgani holda, asosan, ikkita funksiyani bajarishga xizmat qiladi:
talabalar va oʻqituvchilarning mobilligini, yaʼni bir oliy taʼlim muassasasidan boshqa OTMga toʻsiqlarsiz, erkin ravishda oʻtishini (oʻqishni yoki ishni koʻchirish)ni taʼminlaydi;
talabaning tanlagan taʼlim yoʻnalishi yoki mutaxassisligi boʻyicha barcha oʻquv va ilmiy faoliyati uchun akademik yuklama — kredit aniq hisoblab boriladi. Kredit yigʻindisi talabaning tanlagan dasturi boʻyicha nimani qancha oʻzlashtirganligini namoyon etadi.
Bolonya deklaratsiyasi 1999-yilda Italiyaning Bolonya shahrida 29 ta mamlakat vakillari tomonidan imzolanadi. Bugungi kunga kelib, Bolonya jarayonida 48 ta mamlakat ishtirok etadi. Ularning orasida MDH mamlakatlaridan Rossiya, Ukraina, Ozarbayjon, Moldova, Armaniston, Gruziya, Qozogʻiston va Belarus Respublikasi ham bor.
Bugungi kunda mazkur kredit oʻlchovi tizimini amaliyotga tatbiq etish boʻyicha toʻrtta model keng tarqalgan. Bular:
Amerika qoʻshma Shtatlarining kredit tizimi (USCS);
Yevropa mamlakatlarining kredit tizimi (ECTS);
Osiyo — Tinch okeani mamlakatlarining kredit tizimi (UCTS);
Buyuk Britaniyaning kredit tizimi (CATS).
Ushbu modellarning ichida eng koʻp tarqalgani AQSh va Yevropa modellaridir.
Maʼlumotlarga koʻra, mamlakatimiz Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi kredit tizimini joriy etishda Yevropaning ECTS tizimidan foydalanishga ustuvorlik qaratyapti.
ECTS tizimi boʻyicha talabalarning bir yilda toʻplashi lozim boʻlgan kredit miqdori 60 ni tashkil etadi. Bir oʻquv yili ikki semestrdan iborat boʻladi deb olsak, talaba har semestrda 30 kredit toʻplab borishi lozim (2-rasm). Bakalavriat dasturi 3-4 yillik boʻlsa, talaba bakalavr darajasini qoʻlga kiritishi uchun jami 180 — 240 kredit, 1-2 yillik magistratura dasturini tugallashi uchun esa, 60 — 120 kredit toʻplashi majburiyat hisoblanadi. 8
2-rasm. Kredit modul tizimi.
Maʼlumki, bizda axborot manbayi va turli xildagi xalqaro maʼlumotlar bazalariga kirish, ulardan foydalanish maʼlum darajada cheklanib qolgandi. Oqibatda oliy taʼlimda professor-oʻqituvchilarning asosiy diqqati axborotni qidirib topish, uni oʻzlashtirish hamda dastlabki qayta ishlagandan soʻng talabalarga tarqatishga qaratildi. Yaʼni oʻqituvchilar shunchaki axborotni qabul qiluvchi va uzatuvchi subyekt edi, xolos.
Bunda talaba oʻquv jarayonining obyekti sifatida axborotni qabul qiluvchi vazifasini bajarar, asosiy vaqtini auditoriyada maʼruza mashgʻulotlarini tinglashga sarflar edi. Bugungi kunga kelib esa axborotlar olamidan bahramand boʻlishning tezlashgani, xalqaro ilmiy-texnik maʼlumotlar bazalaridan foydalanish imkoniyatlarining kengaygani, globallashuv jarayonlari jadallashgani bois talabalarning mustaqil taʼlimini rivojlantirish masalasi kun tartibiga koʻtarildi.
Vaholanki, rivojlangan xorijiy davlatlarning barcha OTMda taʼlim yoʻnalishi va mutaxassisliklar toʻgʻrisidagi hamma maʼlumotlar, xususan, oʻquv rejasida aks etgan fanlarning qisqacha sillabusi (fanning identifikatsiyasi, professor-oʻqituvchi haqida maʼlumot, dars tavsifi, fanning maqsadi, oʻrganish natijalari, oʻqitish metodikasi, fanning rejalari, adabiyotlar, baholash metodikasi), fanlar kesimida dars mashgʻulotlarini olib boradigan professor-oʻqituvchilar hamda ularning erishgan yutuqlari, mehnat bozorida mutaxassisga qoʻyilgan qisqacha talablar, yaʼni qanday nazariy, amaliy bilim, koʻnikma va kasbiy malakaga ega boʻlishi bilan bogʻliq maʼlumotlar universitetlarning rasmiy veb-saytida ochiq-oydin eʼlon qilingan boʻladi.
Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, universitetda bakalavriyat bosqichida bir semestrda oʻqish 15 hafta va attestatsiya uchun 6 (bir semestrda 3 hafta imtihonlar uchun ajratilgan) hafta ajratilmoqda. Shunda 4 yilda oʻqish haftalari soni 144 tani, attestatsiyalar 24 haftani hamda umumiy taʼtillar bilan hisoblaganda jami 204 haftani tashkil etmoqda. Barcha taʼlim yoʻnalishi va mutaxassisliklar oʻquv rejalarida har bir bosqichda fanlar ikki qismga, yaʼni asosiy va tanlov fanlariga ajratilgan holda aks ettirilmoqda. ECTS talabidan kelib chiqib, talabaga har yili 60 kreditdan 4 yil ichida jami 240 kreditni toʻplash majburiyatini yuklash rejalashtirilmoqda. Shunda talaba 4 yil davomida maʼruza, amaliy hamda laboratoriya mashgʻulotlari va imtihon jarayonlarida ishtirok etishiga 2880 soat, mustaqil taʼlimga 4320 soat, jami 7200 soat vaqt sarflashi lozim boʻladi.
Bizning misolimizda 1 kredit = 12 akademik soat + 18 soat mustaqil taʼlimni tashkil etadi. Shu bois 1 kredit 30 soatga teng deb qaralib, talabaning haftalik auditoriya yuklamasi 20 soatga teng. Malakaviy amaliyot uchun ajratilgan kredit miqdori tegishli fan yoki fanlar hisobiga amalga oshirilishi koʻzda tutilgan.9 Mazkur tizimning oliy taʼlimga joriy qilinishi oʻqitish sifatini oshirish, shaffoflikni taʼminlash, korrupsiyaga barham berish, taʼlim oluvchining haqiqiy bilimini yuzaga chiqarish hamda talabaning mustaqil oʻqib-oʻrganib, oʻz ustida ishlashiga zamin yaratadi. Bugungi kunda Yevropa kredit tizimi koʻhna qitʼaning deyarli barcha oliy oʻquv yurtida amaliyotga joriy etilgan.
Kredit-modul o‘qitish tizimi o‘quv jarayonining quyidagi shakllaridan tashkil topadi:
Auditoriya mashg‘ulotlari – ma’ruza, nazariy, amaliy, seminar, laboratoriya mashg‘ulotlari, o‘quv (klinik) amaliyoti;
Auditoriyadan tashqari mashg‘ulotlar – ilmiy kutubxonada ishlash, mustaqil ishlar, individual maslahatlar, klinik vazifalar, ishlab chiqarish (malaka) amaliyoti, kurs ishi, bitiruv malakaviy ishi, ta’lim oluvchilarning ilmiy anjumanlarda qatnashishi, magistratura mutaxassisliklarida ilmiy faoliyat turlari va boshqalar
5 Mustafaqulov Sherzod. TDIU “Universitet 3.0” xalqaro oʻquv, ilmiy-innovatsion tadqiqotlar markazi direktori, i.f.d., dotsent, “Kredit – modul tizimiga o’tish nima uchun kerek?”. “Xalq so’zi” gazetasi 05.08.2020. №163 (7665) – b. 4.
6 Sultonov Mansur, TDIU Taʼlimning kredit tizimini boshqarish boʻlimi boshligʻi, PhD. , “Kredit – modul tizimiga o’tish nima uchun kerek?”. “Xalq so’zi” gazetasi 05.08.2020. №163 (7665) – b. 4.
7 Jessica Shedd. The History of the Student Credit Hour.// New Directions for Higher Education. (Summer). 2003. P 5-12.
8 O’rinov Vohid PhD (McGill). O’zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim muassasalarida ECTS Kredit-modul tizimi: asosiy tushunchalar va qoidalar. – Toshkent, 2020. – b. 8.
9 O’rinov Vohid PhD (McGill). O’zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim muassasalarida ECTS Kredit-modul tizimi: asosiy tushunchalar va qoidalar. – Toshkent, 2020. 12 b.