15-modda. Joriy xalqaro operatsiyalar
Joriy xalqaro operatsiyalar jumlasiga quyidagilar kiradi:
tashqi savdoni, boshqa joriy faoliyatni yuritish, shu jumladan xizmatlar ko‘rsatish (ishlar bajarish) munosabati bilan to‘lanishi lozim bo‘lgan barcha to‘lovlar;
foizlar va boshqa daromadlar shaklida, shu jumladan bank omonatlari, kreditlar, lizing bo‘yicha foizlar va boshqa daromadlar shaklida, shuningdek boshqa investitsiyalardan olinadigan sof daromad shaklida to‘lanishi lozim bo‘lgan to‘lovlar;
kreditni (qarzni) to‘lash davrida qarzning olingan, shartnomada ko‘rsatilgan to‘lash davrlari soniga nisbati sifatida hisob-kitob qilingan qismining ikki baravaridan ortiq bo‘lmagan miqdordagi summani to‘lash;
nosavdo tusidagi pul o‘tkazmalari.
Nosavdo tusidagi pul o‘tkazmalari jumlasiga quyidagilar kiradi:
jismoniy shaxslar o‘rtasida yuz million so‘m ekvivalentigacha bo‘lgan miqdordagi pul o‘tkazmalari;
shaxsiy ehtiyojlar uchun tovarlarga (xizmatlarga, ishlarga) haq to‘lash;
ish haqi, stipendiyalar, pensiyalar, alimentlar to‘lash;
xodimlarni O‘zbekiston Respublikasidan tashqariga xizmat safariga yuborish bilan bog‘liq xarajatlarni to‘lash;
ta’lim, davolanish va turizm uchun haq to‘lash;
O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari, shuningdek O‘zbekiston Respublikasining davlatlararo yoki hukumatlararo tashkilotlar huzuridagi doimiy vakolatxonalari ta’minoti uchun haq to‘lash;
notarial va tergov harakatlari bilan bog‘liq to‘lovlar, shuningdek ishlarni sudlarda ko‘rish munosabati bilan davlat boji to‘lash;
sudning, arbitrajning, shuningdek tergov organlarining va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlarning qarorlari asosida pul mablag‘larini to‘lash;
xalqaro kongresslarda, simpoziumlarda, konferensiyalarda, sport tadbirlarida va madaniy tadbirlarda, shuningdek boshqa xalqaro uchrashuvlarda, ko‘rgazmalarda va yarmarkalarda ishtirok etish uchun to‘lovlar, bundan investitsiyaga oid va moddiy xarajatlar mustasno;
vafot etganni dafn qilish bilan bog‘liq to‘lovlar;
mualliflik haqini to‘lash, patent bojlarini to‘lash va intellektual mulk sohasidagi litsenziya shartnomalarining majburiyatlari bo‘yicha haq to‘lash;
xalqaro notijorat tashkilotlarga badallar.
Joriy xalqaro operatsiyalar hamda ular bilan bog‘liq holda chet el valyutasini rezidentlar va norezidentlar tomonidan sotib olish yoki sotish cheklovlarsiz amalga oshiriladi.
Dostları ilə paylaş: |