27-modda. Har kim erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqiga ega.
Hech kim qonunga asoslanmagan holda hibsga olinishi, ushlab turilishi, qamoqqa olinishi,
qamoqda saqlanishi yoki uning ozodligi boshqacha tarzda cheklanishi mumkin emas.
Hibsga olishga, qamoqqa olishga va qamoqda saqlashga faqat sudning qaroriga ko‘ra yo‘l
qo‘yiladi. Shaxs sudning qarorisiz qirq sakkiz soatdan ortiq muddat ushlab turilishi mumkin emas.
Shaxsni ushlash chog‘ida unga tushunarli tilda uning huquqlari va ushlab turilishi asoslari
tushuntirilishi shart.
28-modda. Jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan shaxs uning aybi qonunda nazarda tutilgan tartibda
oshkora sud muhokamasi yo‘li bilan isbotlanmaguncha va sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi
bilan aniqlanmaguncha aybsiz deb hisoblanadi. Ayblanuvchiga o‘zini himoya qilish uchun barcha
imkoniyatlar ta’minlanadi.
Aybdorlikka oid barcha shubhalar, agar ularni bartaraf etish imkoniyatlari tugagan bo‘lsa,
gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining yoki mahkumning foydasiga hal qilinishi
kerak.
Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi o‘zining aybsizligini isbotlashi shart emas
va istalgan vaqtda sukut saqlash huquqidan foydalanishi mumkin.
Hech kim o‘ziga va yaqin qarindoshlariga qarshi guvohlik berishga majbur emas.
Agar shaxsning o‘z aybini tan olganligi unga qarshi yagona dalil bo‘lsa, u aybdor deb
topilishi yoki jazoga tortilishi mumkin emas.
Ozodlikdan mahrum etilgan shaxslar o‘ziga nisbatan insoniy muomalada bo‘linishi hamda
inson shaxsiga xos bo‘lgan sha’ni va qadr-qimmati hurmat qilinishi huquqiga ega.
Shaxsning sudlanganligi va bundan kelib chiqadigan huquqiy oqibatlar uning qarindoshlari
huquqlarini cheklash uchun asos bo‘lishi mumkin emas.
29-modda. Har kimga malakali yuridik yordam olish huquqi kafolatlanadi. Qonunda nazarda tutilgan
hollarda yuridik yordam davlat hisobidan ko‘rsatiladi.
Har bir shaxs jinoyat protsessining har qanday bosqichida, shaxs ushlanganida esa uning
harakatlanish erkinligi huquqi amalda cheklangan paytdan e’tiboran o‘z tanloviga ko‘ra advokat
yordamidan foydalanish huquqiga ega.
Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi ayblovning mohiyati va asoslari
to‘g‘risida xabardor qilinish, unga qarshi yoki uning foydasiga guvohlik berayotgan shaxslarning
so‘roq qilinishini talab etish, tarjimon yordamidan foydalanish huquqiga ega.
Qonunni buzgan holda olingan dalillardan odil sudlovni amalga oshirish chog‘ida
foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Jinoyat uchun hukm qilingan har kim qonunda belgilangan tartibda hukmning yuqori
turuvchi sud tomonidan qayta ko‘rib chiqilishi huquqiga, shuningdek afv etish yoki jazoni
yengillashtirish to‘g‘risida iltimos qilish huquqiga ega.
Huquqbuzarliklardan jabrlanganlarning huquqlari qonun bilan muhofaza qilinadi. Davlat
jabrlanganlarga himoyalanishni va odil sudlovdan foydalanishni ta’minlaydi, ularga yetkazilgan
zararning o‘rni qoplanishi uchun shart-sharoitlar yaratadi.