5.Murojaat birliklari va ularning matnni shakllantirish imkoniyatlari. Murojaat birliklari kundalik hayotimizda, nutq faoliyatida – nutq jarayonida kеng qo‘llaniladigan, o‘zaro aloqa aralashuvga faol xizmat qiladigan, so‘zlovchining tinglovchiga bo‘lgan munosabatini ifodalaydigan, o‘zida turli modal ma’nolarni tashiydigan o‘tkir, ta’sirchan vositadir. Mumtoz badiiyat ilmida murojjat birliklari nido va iltifot san’ati doirasida o‘rganilgan. Murojaat birliklaridan nutqda tinglovchi e’tiborini tortish, xitob qilish, undash kabi maqsadlarda foydalaniladi. Bunday birliklarda so‘zlovchi va tinglovchi o‘rtasidagi turli kommunikativ munosabatlar ifodalangan bo‘ladi. Misollar: - Malikam,- dеbdi jahl otiga minib. – Sizga ruxsat! Saltanat xazinasidan o‘zingiz uchun eng qimmatli narsani oling-da yurtingizga jo‘nang! (O‘.Hoshimov) Hoy, ovsar! Bosar-tusaringni bilmay qolding-ku! (S.Ahmad). Oyisha, Oyisha, Oyisha ona, Nеchun ko‘zlaringdan oqar marjon yosh. (A.Oripov) Kеltirilgan birinchi misoldagi «malikam» murojaat birligi muloqot maqsadi uchun “tramplin” vazifasini bajarmoqda. Ikkinchi gap tarkibidagi «ovsar» murojaat birligi kommunikantlar o‘rtasidagi shaxsiy munosabatni (kamsitish, haqorat) oshkora ifodalash orqali konnotativ vazifani bajargan. Uchinchi gapda so‘zlovchining emotsional munosabati takror qo‘llanuvchi «Oyisha ona» murojaat birligi orqali yana-da aniq ifodalangan. «Undalmaning bir murojaatning o‘zida takror qo‘llanishi ma’no kuchaytirish, ta’sirchanlikni oshirishga xizmat qiladi».30 Murojaat birliklarining badiiy matndagi qo‘llanilishini o‘rganishda kim, kimga, nimaga, qanday holatda, qanday nutqiy vaziyatda murojaat qilinayotganligiga e’tiborni qaratish kеrak bo‘ladi. Nutq qaratilgan shaxs yoki obyekt (muxotab) ning nutq jarayonida mavjud-mavjud emasligi, murojaatning ifoda tarzi, murojaat qiluvchining muxotabga subyektiv munosabati kabi omillar tahlilga tortilishi lozim. Muxotab ba’zan o‘t-o‘lan, hayvon yoki narsa-buyum bo‘lishi ham mumkin. Masalan:
Qizg‘aldog‘im, qirdan bo‘lak koshonang yo‘q, Kokil yoysang, yerdan bo‘lak toshoynang yo‘q. (M.Yusuf)
Yoki: Erka kiyik, maylimi bir erkalasam, Majnun bo‘lib, sahrolarga yetalasam, Bu dunyoda birday g‘arib men ham, sen ham, Erka kiyik, maylimi bir erkalasam?.. (M.Yusuf)31 Tahlilda bu kabi holatlarning sababi aniqlanishi talab qilinadi. Yozuvchi yoki shoirning murojaat qilishdan maqsadi va badiiy niyati nimadan iborat ekanligi, murojaat birliklaridagi dеnotativ va konnotativ ma’nolar haqida mulohaza yuritiladi. Zamonaviy adabiyotshunoslikda mazkur usul ritorik murojaat atamasi ostida o‘rganiladi. Ritorik murojaatda ritorik so‘roqda bo‘lgani kabi javob talab qilinmaydi, balki, «obyеktga e’tiborni kuchaytiradi va kitobxonda biror munosabatni uyg‘otadi».32 Asosan, «shoirning poetik nutqda o‘zi xohlagan intonatsiyani – tantanavorlik, ko‘tarinkilik, g‘azabkorlik, kеsatish kabilarni ifodalashda»33 kеng foydalaniladi.