Sug‘urta maxsulotlarini yuridik shaxslarga sotish texnologiyasi
3.Sug‘urta munosabatida qatnashadigan tomonlarning xuquq va majburiyati Sug‘urta agenti mijoz bilan sug‘urta shartnomasini rasmiylashtirishda tomonlarning huquq va majburiyatlarini, ayniqsa mijozning huquq va majburiyatlarini atroflicha tushuntirishi kerak.
Shartnomaga muvofiq sug‘urta qildiruvchi quyidagi xuquqlarga ega bo‘lishi mumkin:
-sug‘urtaning amal qilish muddati davomida sug‘urta masalalari bo‘yicha sug‘urtalovchidan maslahatlar olish;
-sug‘urta hodisasi yuz berganda sug‘urtalovchidan sug‘urta qoplamasi olish;
-sug‘urta hodisasi yuz berganda mustaqil ekspertiza o‘tkazilishini talab qilish;
-barcha mulkini va alohida ob’ektlarni qo‘shimcha sug‘urta qilish.
-sug‘urtalovchi bilan kelishgan xolda sug‘urta shartnomasiga qo‘shimcha va/yoki o‘zgartirishlar kiritish.
-shartnomani sug‘urtalovchini ogohlantirish sharti bilan muddatidan avval bekor qilish.
SHu bilan bir qatorda sug‘urta qildiruvchi quyidagi majburiyatlarni o‘z zimmasiga oladi:
-sug‘urta shartnomasida belgilangan muddatlarda sug‘urta mukofotini to‘lash;
-sug‘urta ob’ekti haqida sug‘urtalovchiga to‘liq va aniq ma’lumotlar berish;
-sug‘urta ob’ektini ko‘rib chiqishga imkoniyat yaratish;
-sug‘urtalovchiga tavakkalchilikdagi sezilarli o‘zgarishlar sodir bo‘lgan taqdirda darhol xabar berish, masalan quyidagilar xaqida:
■ sug‘urtalangan ob’ektni boshqa shaxs ixtiyoriga o‘tishi, mulkni garovga yoki ijaraga berilgani haqida (sotib oluvchi, garovga oluvchi yoki ijarachining nomi va manzilini ko‘rsatgan holda);
■ mol-mulk joylashgan o‘rnining o‘zgargani, inshootni qayta jihozlash, qayta qurish yoki ularni boshqa maqsadlarda ishlatilishi xaqida;
■ ishlab chiqarish ishlarining to‘xtatilgani yoki faoliyati o‘zgargani xaqida;
■ mol-mulkning nobud bo‘lishi yoki zararlangani xaqida, zararlar qoplanishi mumkin yoki mumkinmasligidan qatiy nazar;
■ sug‘urtalangan binoda yoki unga aloqador bo‘lmagan yaqin joyda yong‘indan xavfli, portlovchi yoki boshqa narsalarning saqlanishi xaqida;
■ sug‘urta qildiruvchi talabga ko‘ra sodir bo‘lgan hodisa xaqida tegishli davlat organlariga darhol xabar berish shart. Sodir bo‘lgan voqea yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atilganligi, to‘xtatilganligi yoki ishning sudga oshirilganligi xaqida tergov organlari tomonidan tasdiqlangan qarorlarning nusxasini sug‘urtalovchiga taqdim etishi zarur;
Sug‘urta qildiruvchi sug‘urtalovchiga zararlangan mol-mulkni ko‘zdan kechirish uchun imkoniyat yaratish yoki mol-mulkning zararlangan qismlarini suratga yoki videotasvirga olib berishda amaliy ko‘mak berishi lozim.
Sug‘urtalangan mol-mulkning sharoitini shartnomaning amal qilish muddati davomida hamda sug‘urta qildiruvchi tomonidan sug‘urtalangan mol-mulk haqida taqdim etilgan ma’lumotlarni tekshirishga sug‘urtalovchiga imkoniyat yaratish.
Shartnomada sug‘urtalovchining huquqlari ham ko‘rsatiladi. Ular jumlasiga quyidagilarni kiritish mumkin:
-sug‘urta shartnomasining amal qilish muddati davomida sug‘urtalangan mol-mulkning axvoli va qiymatini hamda sug‘urta qildiruvchi tomonidan sug‘urtalangan mol-mulk haqida taqdim etilgan ma’lumotlar to‘g‘riligini tekshirish;
-sug‘urta hodisasi yuz bergani xaqida sug‘urta qildiruvchining xabar berishini kutmasdan sug‘urta hodisalari oqibatida etkazilgan zararlarni ko‘rib chiqish va baholashni boshlash;
-sug‘urta hodisasi yuz berganda tavakkalchilik darajasini ifodalovchi qo‘shimcha hujjatlarni talab qilish;
-sug‘urta hodisasi sodir bo‘lgani va uning kelib chiqish sabablarini tasdiqlovchi kerakli xujjatlar va to‘liq ma’lumotga ega bo‘lmagunga qadar hamda voqea yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atilganida tegishli tashkilotlar tomonidan tegishli qaror qabul qilingunga qadar sug‘urta qoplamasi to‘lashni keyinga surish;
-sug‘urta tavakkalchiligining darajasi oshishiga olib keladigan sabablar haqida ogoxlantirilgan taqdirda sug‘urta shartlarini o‘zgartiri;
-sug‘urta hodisasini yuz berish ehtimolini kamaytirishga qaratilgan ogohlantiruv tadbirlarini o‘tkazish va tegishli mablag‘lar bilan ta’minlash.
Sug‘urtalovchining majburiyatlari doirasiga quyidagilar kiradi:
-sug‘urta shartnomasida belgilangan muddatda sug‘urta polisini berish va sug‘urta shartnomasi tuzishda asoslanilgan sug‘urta qoidalari bilan tanishtirish;
-sug‘urta shartnomasida belgilangan sug‘urta hodisasi yuz berganini tan olganidan va kerakli barcha ma’lumotlarga ega bo‘lganidan so‘ng sug‘urta qoplamasi to‘lash muddatlari har bir alohida sug‘urta shartnomasi shartlardan kelib chiqqan holda belgilanadi;
-sug‘urta qoplamasi to‘lanmaydigan bo‘lsa, to‘lamaslik haqida qaror qabul qilinganidan boshlab 15 kun mobaynida sug‘urta qildiruvchini xabardor qilish;
-sug‘urta qildiruvchi, naf oluvchilar bilan munosabatlardagi maxfiylikni ta’minlash.
Sug‘urta shartnomasidagi eng muhim jihatlardan biri unda sug‘urta hodisasi sodir bo‘lishi natijasida etkazilgan zararlarni qoplash shartlarini bayon etilishidir.
Sug‘urta shartnomasiga asosan sug‘urta qildiruvchi sug‘urta hodisasi yuz bergani haqida xabar topganidan so‘ng darxol bu haqida sug‘urtalovchini yoki uning vakilini xabardor qilishi kerak. Agar shartnomada sug‘urta hodisasi yuz bergani xaqida xabar berishning muddati va/yoki usullari belgilangan bo‘lsa, u holda sug‘urta qildiruvchi xabar berishni shartnomada belgilangan muddat va usulda amalga oshirishi kerak. Xuddi shunday majburiyat naf oluvchiga ham agar u uning foydasiga tuzilgan shartnoma yuzasidan sug‘urta qoplamasiga da’vo qilish xuquqidan foydalanmoqchi bo‘lsa yuklatiladi. Ushbu majburiyat bajarilmasa, sug‘urtalovchi sug‘urta qoplamasini agar sug‘urtalovchi sug‘urta hodisasi yuz bergani xaqida o‘z vaqtida xabardor qilingani yoki bunday ma’lumotlarning yo‘qligi sug‘urtalovchini sug‘urta qoplamasi to‘lash majburiyatidan ozod qilishi isbotlanmasa to‘lamaslikka haqlidir.
Sug‘urta qildiruvchi sug‘urta qoplamasini to‘lash xaqidagi arizasida quyidagilarni ko‘rsatadi:
sug‘urta hodisasining tavsifi va sanasi;
sug‘urta qildiruvchining sug‘urta hodisasi yuz bergandagi xatti-xarakatlari;
zarar miqdori va sug‘urta qildiruvchining da’vo qilayotgan sug‘urta qoplamasining miqdori, tegishli ro‘yxat hamda summasi ko‘rsatilgan holda;
uchinchi shaxslardan zarar uchun olingan tovon miqdori.
Sug‘urta qildiruvchi sug‘urta shartnomasida ko‘zda tutilgan sug‘urta hodisasi yuz berganda o‘tkazilishi mumkin bo‘lgan zarar miqdorini kamaytirish uchun mumkin bo‘lgan oqilona choralarni ko‘rishga majbur. Sug‘urtalovchi tomonidan qoplanadigan zararlar miqdorini kamaytirish maqsadida qilingan xarajatlar, agar bu xarajatlar zarur yoki sug‘urtalovchining topshirig‘ini bajarish uchun qilingan bo‘lsa, ammo bu chora-tadbirlar samara keltirmagan bo‘lsa xam sug‘urtalovchi tomonidan zarar albatta qoplanishi zarur. Bu xarajatlar sug‘urta pulining sug‘urta qiymatiga nisbatiga mutanosib tarzda, boshqa zararlarni qoplash bilan birgalikda ular sug‘urta pulidan oshib ketishidan qat’iy nazar qoplanadi. Sug‘urta qoplamasi sug‘urta qildiruvchining zararni qoplash xaqidagi yozma arizasiga hamda vaziyat talab qilgan hollarda tegishli organ va tashkilotlarning hujjatlariga muvofiq to‘lanadi.
Sug‘urta qildiruvchi tomonidan sug‘urta hodisasi yuz bergani xaqida xabar qilinganidan so‘ng sug‘urta qildiruvchi, sug‘urtalovchi va zarur hollarda tegishli tashkilotlar vakillaridan iborat komissiya tuziladi. Agarda sug‘urta hodisasi sug‘urta shartnomasida ko‘rsatilgan muddat davomida yuz bergani tasdiqlansa, komissiya tomonidan zararlarning sababi va hajmi ko‘rib chiqiladi, zararlar va yo‘qotishlar miqdori aniqlanadi, sug‘urta qoplamasi to‘lash uchun summa aniqlanadi va dalolatnomada qayd qilinadi. Ushbu dalolatnoma sug‘urtalovchining sug‘urta qildiruvchiga sug‘urta shartnomasida belgilangan muddatda qoplama to‘lashiga asos bo‘lib xizmat qiladi.
Agar tomonlar zararning sababi va xajmi yuzasidan o‘zaro kelisha olishmasa, u holda mustaqil ekspertiza o‘tkazilishi mumkin. Sug‘urta qoplamasi sug‘urta summasidan kam miqdorda to‘langan sug‘urta shartnomasi, shartnomadagi va to‘langan sug‘urta qoplamasi o‘rtasidagi farq miqdori muddati tugagunga qadar o‘z kuchini saqlab qoladi. Agar zarar uning sababchisi tomonidan butunlay qoplangan yoki sud qaroriga binoan uning zimmasiga yuklatilgan bo‘lsa, u holda sug‘urta qildiruvchi sug‘urta qoplamasini talab qilish xuquqidan mahrum bo‘ladi.
Agar sug‘urta qildiruvchi yoki naf oluvchi zarar sababchisi yoki uchinchi shaxslardan qoplama olgan bo‘lsa, sug‘urtalovchi faqat sababchi yoki uchinchi shaxs tomonidan to‘langan qoplama bilan sug‘urta shartnomasiga muvofiq to‘lanishi kerak bo‘lgan pul o‘rtasidagi farqni to‘laydi. Agar mulkning yo‘q bo‘lishi yoki zararlanishi jinoyat natijasida yuz bersa va bu jinoyatni sodir etgan shaxsga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan bo‘lsa, u holda sug‘urta qildiruvchiga sug‘urta qoplamasi, aybdor shaxsga berilgan da’vo regressi sud tomonidan jinoiy ish ko‘rilayotganda ko‘rib chiqilishi mumkinligini e’tiborga olgan holda, tergov olib borilayotgan davrda yoki tergov tugagandan so‘ng to‘lanishi mumkin.
Qoplama miqdori mulk zararlanganda uni almashtirish qiymati bilan, u butkul nobud bo‘lganda esa ro‘yxatda ko‘rsatilgan haqiqiy qiymati bilan chegaralanadi. Ammo sug‘urta qoplamasining umumiy miqdori sug‘urta shartnomasidagi umumiy sug‘urta pulidan yoki xar bir band bo‘yicha javobgarlik limitidan oshib ketmasligi kerak. Agar sug‘urta shartnomasida nazarda tutilgan bo‘lsa sug‘urtalovchi qoplamani sug‘urta shartnomasida belgilangan franshizani xisobga olgan holda to‘laydi.
Sug‘urtalovchining sug‘urta qoplamasi to‘lamaslik xaqidagi qarori to‘g‘risida sug‘urta qildiruvchi (naf oluvchi)ga ularning sug‘urta qoplamasi to‘lash xaqidagi murojaatidan boshlab 15 kun mobaynida xabar berilishi kerak. Xabarnomada rad etishning sabablari ko‘rsatilishi lozim.
Sug‘urtalovchining sug‘urta qoplamasini yoki sug‘urta pulini to‘lamaslik xaqidagi qaroriga sudga da’vo arizasini bergan holda e’tiroz bildirilishi mumkin. Agar sug‘urta shartnomasida boshqacha tartib belgilanmagan bo‘lsa, sug‘urtalash natijasida qoplangan sug‘urta qildiruvchi (naf oluvchi)ning zarar keltirgan shaxsga bo‘lgan da’vo xuquqi sug‘urta qoplamasini to‘lagan sug‘urtalovchiga u to‘lagan pul doirasida o‘tadi. Biroq ataylab zarar etkazgan shaxsdan da’vo qilish xuquqi sug‘urtalovchiga o‘tishini inkor etuvchi sug‘urta shartnomasining sharti kuchga ega emas.
Sug‘urtalovchiga o‘tgan da’vo xuquqi sug‘urta qildiruvchi (naf oluvchi) va zarar uchun javobgar shaxs o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi qoidalarga amal qilingan holda amalga oshiriladi. Sug‘urtalovchiga o‘tgan da’vo xuquqini amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan barcha hujjatlar, dalillar va boshqa ma’lumotlarni sug‘urta qildiruvchi (naf oluvchi) sug‘urtalovchiga taqdim etishga majbur. Agar sug‘urta qildiruvchi (naf oluvchi) zarar uchun javobgar shaxsga bo‘lgan sug‘urtalovchi tomonidan qoplangan zarar uchun da’vo xuquqidan voz kechsa yoki uning aybi tufayli da’vo qilishning iloji bo‘lmasa, sug‘urtalovchi sug‘urta qoplamasini butunlay yoki tegishli qismini to‘lamaslik va to‘langan sug‘urta qoplamasining ortiqcha qismi qaytarilishini talab qilish xuquqiga ega.
Agar sug‘urta qildiruvchi qayta tashkil qilinsa, uning sug‘urta shartnomasi bo‘yicha xuquq va majburiyatlari qonuniy vorisiga o‘tadi va bu xaqida sug‘urta qildiruvchi (naf oluvchi) sug‘urtalovchini yozma ravishda xabardor etadi. Sug‘urta shartnomasi bo‘yicha xuquq va majburiyatlarni uchinchi shaxslarga o‘tkazish tomonlarning yozma roziligisiz amalga oshirilishi mumkin emas. Har bir sug‘urta shartnomasiga xar bir sug‘urta hodisasi natijasida ko‘rilgan xar bir zarar yoki xamma zararlar bo‘yicha shartsiz franshiza/shartli franshiza qo‘llaniladi. Franshiza miqdori tomonlar bilan kelishiladi va sug‘urta shartnomasida ko‘rsatiladi. Tomonlar fors-major shartlari davrida sug‘urta shartnomasi bo‘yicha o‘z majburiyatlarini qisman yoki butunlay bajara olmasliklari uchun javobgar emaslar. Fors-major shartlari bo‘lib quyidagilar xisoblanadi: harbiy harakatlar, blokadalar, ishtashlashlar, davlatlararo va davlat tashkilotlarining cheklovchi va ta’qiqlovchi choralari, sug‘urta shartnomalarida ko‘rsatilmagan tabiiy ofatlar. Fors-major shartlari yuz berganda yoki tugaganda tomonlar bir-birini yozma ravishda xabardor qilishlari shart. Fors-major shartlari yuz berganda tomonlarning o‘z majburiyatlarini bajarish muddatlari fors-major sharti davom etgan muddatga teng muddatga uzaytiriladi. Sug‘urta shartnomasidan kelib chiqadigan barcha nizolar qonunda belgilangan tartibda hal etiladi.