KIRISH An’analar va milliy qadriyatlarimizni asrash va ularni targ’ib qilish bu Vatan tushunchasi, Vatanni sevish va uni himoya qilish kabi muqaddas burchga amal qilish bilan chambarchas bog’liqdir.
Vatan atamasi aslida arabcha so’z bo’lib, ona muassasa ma’nosini bildiradi. Vatan tushunchasi keng ma’noda va tor ma’noda ham qo’llaniladi. Bir xalq vakillari jamuljam yashab turgan, ularning ajdodlari azal-azaldan istiqomat qilgan hudud nazarda tutilsa keng ma’nodagi tushunchadir. Kishi tug’ilib o’sgan uy, mahalla, qishloq nazarda tutilsa, bu tor ma’nodagi tushunchadir. Biz Vatan tushunchasini qaysi ma’noda qo’llamaylik ajdodlarimizdan o’tib, meros bo’lib kelayotgan an’ana va qadriyatlarimizni asrashimiz, avaylashimiz va kelajak avlodga yetkazib berishga harakat qilishimiz shart.
Mustaqil O’zbekiston Respublikasining rivojlanib kelayotgan davrda jangovar va mehnat an’analarini e’zozlash, asrab-avaylash, ularni ko’paytirish o’z Vatani himoyasiga tayyorlanayotgan yosh avlod va ayni paytda bu sharafli vazifani bajarayotganlar uchun asosiy masala bo’lib qolishi kerak.
Qurolli Kuchlarimiz — jamiyatimizning ajralmas tashkiliy qismidir. Shuning uchun shaxsiy tarkibni tarbiyalash davlat qurilishining umumiy vazifalari miqyosida amalga oshiriladi.
Shu bilan birga Qurolli Kuchlar jangchilari armiyamiz barcha ijobiy an’analaridagi yaxshiliklarning to’g’ridan-to’g’ri davomchilari hisoblanadi. Jaxon urushlari va kichik ko’lamdagi janglarda ishtirok etgan barcha O’zbekistonlik jangchilar g’alabaga erishishni o’zlari uchun sharaf va burch deb bilganlar. Xalq esa doimo armiyani vatanparvarlikka, jasoratga yetaklovchi sanalgan. Qurolli Kuchlar ajdodlarimizning jasurlik va qahramonlik, o’z Vataniga sadoqat bilan xizmat qilish kabi an’analarni davom etdirmoqdalar.