Bilishning taraqiyotining mantiqiy shakllari reja: Bilishning mazmuni va mohiyati


 Haqiqatning asosiy shakllari va konsepsiyalari



Yüklə 61,06 Kb.
səhifə4/5
tarix19.12.2023
ölçüsü61,06 Kb.
#185379
1   2   3   4   5
Bilishning taraqiyotining mantiqiy shakllari reja Bilishning ma-www.fayllar.org

4. Haqiqatning asosiy shakllari va konsepsiyalari.
Haqiqat – bilish nazariyasining bosh kategoriyasi. U borliqning bilishdagi
ideal ifodasi, chunki haqiqat ongdan, bilayotgan sub’ektdan tashqarida va undan
qat’iy nazar mavjuddir. Haqiqat – bilimlarning ob’ektiv borliqqa muvofiq bo‘lgan
mazmuni. U bilish jarayoni, bilish in’ikosining natijasidir. Haqiqat ilmiy
nazariyada mujassamlashgan anglab etilgan tasdiqlovchi mulohazalar ko‘rinishida
o‘z ifodasini topadi. Har qanday ilmiy nazariya rivojlantirilishi, ba’zan boshqa,
yanada haqiqiyroq nazariya bilan almashtirilishi lozim. Shu ma’noda haqiqat –
bilish rivojlanishining yakuni va omilidir.
Falsafa tarixida haqiqat (bilimlarning haqiqiyligi) muammosi qadimgi
davrlardayoq ta’riflangan. “Avesto”da haqiqat oliy sharofatdir deyiladi. Darhaqiqat
insoniyat doimo haqiqatga intilgan. Zero haqiqat adolatga, sharofatga eltadigan
buk qudrat. Aristotel fikricha haqiqat – mulohazalar va amaldagi holat o‘rtasidagi
muvofiqlikdir.
Platon haqiqatni g‘oyalar dunyosiga mos keluvchi g‘ayritabiiy mustaqil ideal
mohiyat sifatida tushungan, inson bilimi jonning shu g‘oyalar dunyosi bilan
mushtarakligi darajasidagina haqiqiydir, deb hisoblagan.
Foma Akvinskiy haqiqat yolg‘on narsalarda emas, balki aqlda mavjud
bo‘ladi, har bir narsa o‘zi bog‘liq bo‘lgan aqlga munosabati darajasidagina haqiqiy
deb nomlanishi mumkin, deb qayd etgan.
Beruniy fikricha, haqiqat bilimning voqelikka muvofiqligidir. Forobiy
fikricha, haqiqatni bilish aqlning kamolotiga bog‘liq. Bu aql inson qalbidadir,
uning kamolotiga esa faol aqlga qo‘shilish orqali erishiladi. Faol aqlda borliqning
eng oliy darajasi bo‘lgan. Birinchi sababdan boshlab to oxirgi haqiqatning barcha
sura shakllari mavjud.
Haqiqat-tasavvufda ruhni kamolotga va uning so‘nggi maqsadi –
Yaratganning diydoriga erishuv yo‘llaridagi to‘rtinchi bosqichdir.
Gegelda haqiqatni tushunish uning falsafasidagi asosiy tamoyil bilan bog‘liq.
Bu tamoyilga binoan g‘oya o‘zining to‘liq va muayyan ko‘rinishida «o‘zida va o‘zi
uchun borliqqa ega bo‘lgan haqiqat»dir.


Haqiqatni ob’ektiv-idealistik tushunishning o‘ziga xos xususiyati unga


dunyoning ongda aks etish jarayoniga bog‘lamasdan qarash va uni insonning
ob’ekt haqidagi bilimi xossasi sifatida emas, balki empirik borliqqa qo‘shimcha
tarzda ob’ektivlashgan qandaydir vaqtdan tashqaridagi g‘oyaning xossalari sifatida
talqin qilishda namoyon bo‘ladi.
Haqiqatni sub’ektiv idealistik tushunish esa inson bilimining xossalari va
tarkibi bilan bog‘lanadi, biroq mazkur bilim unda tashqi, mustaqil dunyoning aks
etishiga bog‘lanmaydi, chunki bunday dunyoning mavjudligi inkor etiladi. Haqiqat
«tafakkurning tejamkorligi» sifatida (Max), foydali natijalarga erishish imkonini
beruvchi jarayon, tafakkurimiz obrazidagi qulaylik sifatida (Jeyms), inson
tajribasining mafkuraviy ta’rifni tashkil etuvchi shakli sifatida (Bogdanov) talqin
qilinadi.
Hozirgi zamon bilish nazariyasida haqiqiy bilim va uning shakllari haqida
turli fikrlar mavjud.
Ob’ektiv haqiqat – bilimlarimizning inson insoniyatga bog‘liq bo‘lmagan
mazmuni. Bizning bilimlarimizda doim yo muayyan odamga, yo muayyan ijtimoiy
guruhga bog‘liq bo‘lgan unsur mavjud bo‘ladi. Binobarin, o‘z bilimlarimizda
sub’ektiv unsurlarga bog‘liq bo‘lmagan va shu sababli ob’ektiv hisoblanadigan
mazmunni qayd etishimiz lozim. Ob’ektiv haqiqat rivojlanib, ikki shakl: nisbiy va
mutlaq haqiqat shakllarida amal qiladi.
Mutlaq haqiqat – predmetni kelajakda to‘ldirilishi yoki unga aniqlik kiritilishi
mumkin bo‘lmagan tarzda to‘la, mukammal bilishdir. Olam vaqt va makonda
cheksizligi tufayli bunday bilimga amalda erishish mumkin emas. Haqiqat
tushunchasini mutlaq haqiqat tushunchasi bilan tenglashtirib, biz unga erishib
bo‘lmasligi, demak, umuman bilish mumkin emasligi haqida gapiramiz. Biroq
fanning haqiqiy tarixi buning teskarisidan dalolat beradi: fan rivojlanadi, chunki u
nisbiy va mutlaq bilimning birligi sifatida tushuniladigan haqiqatni bilishga qodir.
Boshqacha aytganda, ob’ektiv haqiqat to‘la va mukammal ko‘rinishdagi mutlaq
haqiqatdir. Ayrim hollarda, agar haqiqat vaqt o‘tishi bilan o‘zgarmasa, ya’ni vqat
shart-sharoitlariga bog‘liq bo‘lmasa, u boqiy haqiqat deb ataladi.
Nisbiy haqiqat – borliqni asosan to‘g‘ri aks ettirsa-da, obraz ob’ektga uncha
mos emasligi bilan ajralib turadigan bilim. Nisbiy haqiqat to‘g‘ri, biroq noto‘liq,
taxminiy, vaqt va joyning muayyan tarixiy shart-sharoitlari bilan cheklangan
haqiqatdir.
Nisbiy va mutlaq haqiqat bir-biri bilan chambarchas bog‘liq. Nisbiy
haqiqatlar bilish taraqqiyoti jarayonida rivojlanib, o‘z chegarasi bo‘lgan mutlaq
haqiqatga yaqinlashadi.
Biroq bilishning tarixiy rivojlanish jarayoni nafaqat nisbiy haqiqatlarning
mutlaq haqiqatga aylanish jarayoni, balki ayrim mutlaq haqiqatlarning yuzaga
kelish jarayoni hamdir. Bu fikrni fizikada atom va uning tuzilishi haqidagi
tasavvurlarning rivojlanishi misolida ko‘rish mumkin. YUz yil muqaddam fiziklar
va ximiklar atomlar amalda mavjud va ajralmas sharchalar ko‘rinishida, deb
taxmin qilar edilar. Bu tasavvur zamirida mutlaq haqiqat unsurlari mavjud edi.
Bundan: «Kimyoviy elementlarning atomlari amalda mavjud», degan xulosa kelib
chiqadi. Fizika va kimyoning keyingi rivojlanishi mutlaq haqiqatning bu



elementini bekor qilmadi. Biroq bu tasavvurlarda xatolar mavjudligi (taranglik,


ajralmaslik va h.k.) aniqlandi.
XIX asr oxirida elektronlar kashf etilishi natijasida atom tuzilishining yangi
manzarasi yaratildi. Tomson musbat zarralar va manfiy zaryadli elektronlardan
tashkil topgan atom modelini yaratdi. Atomning bu nisbatan haqiqiy manzarasida
mutlaq haqiqatning yangi unsurlari paydo bo‘ldi: Darhaqiqat atom musbat zaryadli
zarralardan iborat.
Atom haqidagi tasavvur rivojlanishining uchinchi bosqichi Rezerford-Bor
modeli bilan bog‘liq. Bu modelda atom yadro va uning atrofida aylanuvchi
elektronlardan tashkil topadi. Umuman olganda, avvalgi modellardan aniqroq
bo‘lgan bu modelda mutlaq haqiqat unsurlari mavjud. Hozirgi zamonda atom
tuzilishi haqidagi tasavvurlar zamirida kvant mexanikasi va atom yadrosini
o‘rganish natijalari yotadi. Hozirda elektronlarning atom yadrosi atrofidagi
harakatini zichligi notekis bo‘lgan bulut harakatiga o‘xshatish mumkinligi, chunki
elektronlar korpuskulyar va to‘lqin xossalariga ega ekanligi, yadro esa protonlar va
neytronlardan iborat sistema hisoblanishi va hokazolar ma’lum. Hozirgi zamon
fizikasida atom manzarasi N. Bor nazariyasidagiga qaraganda to‘liqroq va aniqroq,
unda mutlaq haqiqat unsurlari ko‘proq. Biroq atomning hozirgi manzarasi
kelajakda o‘zgarishi, unga aniqlik kiritilishi, unda yangi haqiqat va xatolar
aniqlanishi shubhasiz. Haqiqatda nisbiy va mutlaq jihatlar uzviy, o‘zaro
bog‘langan: bir tomondan, nisbiy haqiqatda doim mutlaq haqiqat unsurlari mavjud
bo‘lsa, boshqa tomondan, inson bilimlarining rivojlanishi jarayonida nisbiy
haqiqatlardan mutlaq haqiqat yuzaga keladi.
Nisbiy va mutlaq haqiqat dialektikasi bizning bilimimiz atrofimizdagi olamni
har tomonlama va aniq qamrab olishga intilib, qarama-qarshiliklarni echib,
ob’ektiv borliqni yanada teranroq va mukammalroq aks ettirishini ko‘rsatadi.
Fanning u yoki bu qoidasining haqiqiyligi yoki soxtaligi, aniq-ravshan
ko‘rinib turmaydi. Faqat eng sodda mulohazalar o‘zining haqiqiyligini tasdiqlash
uchun sezgi idrokidangina foydalanishni talab qiladi: ko‘rsatish mumkin bo‘lgan
narsani isbotlashning hojati yo‘q.
Fanning aksariyat qoidalari sezgi a’zolari orqali bilish darajasida va boshqa
haqiqatlardan alohida emas, balki mantiqiy tafakkur darajasida, boshqa
haqiqatlarga bog‘langan holda, ya’ni isbotlash yo‘li bilan haqiqiy deb qabul
qilinadi. Isbotlash – ilmiy tafakkurning muhim vositasi.
Qoidaning haqiqiyligini isbotlash u yaxshi tekshirilgan dalillar haqidagi
qoidalardan bevosita kelib chiqishini ko‘rsatish demakdir. Biroq hayot shu
darajada murakkabki, amalda juda ko‘p, hatto aqlga mutlaqo zid qoidalarni
tasdiqlash uchun ham ayrim dalillar to‘plash mumkin. Bu mazkur fanning barcha
tushunchalari ta’riflanishi lozim degan ma’noni anglatmaydi. Ta’riflash –
noma’lumni ma’lumga, murakkabni soddaga bog‘lash demak.
Isbotlanayotgan tezis tayanadigan isbotlash uchun asoslar qatoriga fanning
asosiy tushunchalari ta’riflari va aksiomalardan tashqari tezisni asoslash uchun
zarur bo‘lgan fanning ilgari isbotlangan qoidalari ham kiradi. Fan o‘z qoidalarining
dalil-isbotlarini qancha ko‘p rivojlantirsa, har bir yangi qoidani isbotlash uchun
oldingi asoslar soni shuncha ko‘payadi.



Emotsiyalar. iroda, ishonch, ideal. Ilgari sezgilar hodisalarning muhim


jihatlariga nisbatan neytral deb qaralar edi. Odatda bu neytrallik mavjud
bo‘lmaydi. Bu holda sezgilar sub’ektga yuz berayotgan voqeaning shaxsiy
ma’nosini tushunish imkonini beruvchi kechinmalar sifatida amal qiladi. Hodisalar
va holatlar ahamiyatini bevosita his etish emotsiyalar deb ataladi. Ijobiy
emotsiyalar – lazzatlanish, quvonch, hayrat, muhabbat va sh.k. Salbiy emotsiyalar -
qo‘rquv, hayiqish, nafrat, qayg‘u va sh.k. Insonning emotsiyalar dunyosi juda
murakkab bo‘lib, uni psixologiya atroflicha o‘rganadi. Falsafiy jihatdan
emotsiyalarni ekzistensializm ko‘proq o‘rgangan bo‘lib, bu erda ekzistensial
deganda ko‘pincha vaziyatli emotsiyalar (kuchli ruhiy hayajonlanish, ehtiroslar)
emas, balki inson borlig‘ining barqaror strukturalari tushuniladi. Inson
emotsiyalariga uning butun hayot tajribasi kuchli ta’sir ko‘rsatadi. Ba’zan bir so‘z
bilan ifodalangan qisqacha xabar inson o‘limiga sabab bo‘lgan hollar ma’lum.
Ishonch insonning qadriyatlari va mo‘ljallari dunyosida biron-bir narsa yoki
hodisani haqiqiy deb qabul qilishida muhim ahamiyatga ega. Ishonchga shubha
zamin hozirlaydi, u bir qancha ruhiy holatlar natijasida ishonchga aylanadi.
Ilohiyotchilardan farqli o‘laroq, faylasuflar shubha va ishonchning o‘zaro nisbatiga
ko‘proq e’tibor beradilar. Diniy e’tiqod odatda vahiyning bevosita mahsuli sifatida
isbotlashga muhtoj emas deb qaraladi. SHveysariyalik taraqqiyparvar ilohiyotchi
Karl Bart e’tiqodning isboti uning o‘zida deb hisoblagan. Faylasuf Karl YAspers
uchun falsafiy e’tiqod – falsafiy mushohada yuritish natijasidir.
Ideal – pirovard kelajakning muayyan obrazi emas, balki qayta ko‘rilishi
mumkin bo‘lgan har xil nazariy va boshqa tasavvurlarning kelajakka qaratilgan
majmui. Ideal doim ham pirovard maqsadning ustunligiga bog‘lanmaydi. Muayyan
pirovard maqsadning ustunligi, ayniqsa, agar u olis kelajakda bo‘lsa, utopiyaga
olib keladi. Ayrim utopistlar erkinlikning ustunligini tan oladi, boshqa utopistlar bu
o‘ringa adolatni qo‘yadi, utopistlarning uchinchi toifasi faqat ijtimoiy mulkni tan
oladi, to‘rtinchi toifasi esa, aksincha, xususiy mulkni hamma narsadan ustun
qo‘yadi. Xullas, ideal yaratish, agar unga etarli darajada mas’uliyat bilan
yondashilmasa, utopiyaga olib keladi. Ayni vaqtda, ideal yaratish – inson
yutuqlarining
muhim
negizi.
Agar
insoniyat
ideal
yaratish
bilan
shug‘ullanmaganida, o‘zining hozirgi taraqqiyotiga erisha olmagan bo‘lar edi.
Bilish natijalarini baholash – bilishning zarur unsuridir. Baholash yo‘li bilan
inson olingan bilimning haqiqiyligi yoki soxtaligi, undan amaliy faoliyatda
foydalanish mumkin yoki mumkin emasligini aniqlanadi. U olingan bilim keyingi
bilish jarayonida ishtirok etishi yoki ishtirok etmasligini belgilaydi, uning insonga
va shaxsning ma’naviy faoliyatiga ta’sir o‘tkazish imkoniyatlarini aniqlaydi. SHu
sababli baholash uchun asos sifatida nafaqat gnoseologik, balki amaliy, mafkuraviy
va axloqiy mezonlar amal qiladi.
Olim o‘z faoliyatida nafaqat o‘zining metodlari va ilmiy faoliyati natijalarini
baholaydi, balki ularga ilmiy jamoatchilik, hokimiyat, din namoyandalarining
munosabatiga qarab mo‘ljal oladi. Umuman olganda, har qanday bilish haqiqatni
izlashdir. Bu inson aqlining azaliy vazifasidir. Bilimlarimizning haqiqiyligi
muammosi bilish faoliyatining har qanday turlarida muhim ahamiyatga ega. SHu



sababli bilimning haqiqiyligi uning muhim asosi hisoblanadi. Haqiqat – bilishning


mutlaq qadriyati.
Bilishning taraqqiyoti jarayonida olimlar bilimlar haqiqiyligining ishonchli
mezonlarini topish yo‘lida ham izlanishlar olib bordilar. Haqiqatning mutlaq
mezonlari mavjudmi? Bu mezonlarni bilimning barcha turlariga nisbatan tatbiq
etish mumkinmi yoki u faqat ilmiy bilimga nisbatan amal qiladimi? Falsafada
bilimning barcha turlariga nisbatan tatbiq etilishi mumkin bo‘lgan mezonlar,
shuningdek faqat ilmiy bilim talablariga javob beradigan mezonlar yaratilgan. Ular
orasida quyidagilar qayd etilgan: umumiy ahamiyatga moliklik mezoni (ko‘pchilik
qabul qiladigan narsa haqiqiydir); g‘oyaning foydaliligi, amaliy samaradorligi va
ishga yaroqliligi, uning u yoki bu maqsadga erishish uchun foydaliligi mezoni
(pragmatizm). Odamlar ishonadigan narsalar, olimlar o‘rtasidagi shartli kelishuvga
mos keladigan narsalar va hodisalar (konvensionalizm), mavjud nazariyaga
muvofiqlik mezoni talablariga javob beruvchi narsalar va hodisalar haqiqiy deb
atalgan.
Verifikatsiya tamoyiliga binoan dunyo haqidagi har qanday fikrning
haqiqiyligi pirovard natijada uni sezgi a’zolari orqali olingan ma’lumotlarga
taqqoslash yo‘li bilan aniqlanishi lozim. SHu nuqtai nazardan parapsixologiyaning
«energiya», «biomaydon» kabi tushunchalari mantiqqa ega emas, chunki ular
verifikatsiyalanmaydi. Bu tamoyilni e’lon qilgan pozitivistik falsafa go‘yoki
bilishda ahamiyatga ega bo‘lmagan falsafiy tushunchalarni ilmiy muomaladan
chiqarishga harakat qilgan. Biroq mazkur tamoyil izchil qo‘llanilgan holda sezgi
a’zolari orqali olingan ma’lumotlar bilan tasdiqlanmaydigan ko‘pgina nazariy
qoidalarni ham ilmiy muomaladan chiqarish kerak bo‘ladi.
Yolg‘on haqiqatning qarama-qarshisi. Yolg‘on odatda noto‘g‘riligi ayon
bo‘lgan tasavvurlarni bila turib haqiqat darajasiga ko‘tarish sifatida tushuniladi.
Yolg‘on kundalik va ijtimoiy hayotda keng tarqalgan bo‘lib, odamlar o‘zaro
aloqa qiluvchi hamma joyda uchraydi; u individlar va ijtimoiy guruhlar
manfaatlarining «uchrashuvi» yuz beradigan har qanday insoniy munosabatlar
funksiyasidir. Gap yolg‘on mavjud yoki mavjud emasligida emas (oddiy hayot
tajribasi uning mavjudligidan dalolat beradi), balki har bir muayyan holda uning
ulushi qanchaligidadir.
Yanglishish – o‘z predmeti bilan mushtarak bo‘lmagan, unga mos
kelmaydigan bilim. Haqiqat yoyilishi va teranlashuvining barcha bosqichlarida
uning doimiy va zaruriy hamrohi yanglishishdir.
Yanglishishlar haqiqatning tagiga etishni qiyinlashtiradi, biroq ular
muqarrardir, bilishning haqiqat sari harakatining zaruriy unsuri, mazkur
jarayonning mumkin bo‘lgan shakllaridan biridir. Masalan, moddalar haqidagi fan
– kimyoning shakllanishi «ulkan yanglishish» - alximiya shaklida yuz bergan.
YAnglishishlar o‘z shakllariga ko‘ra rang-barangdir. Ilmiy va noilmiy,
empirik va nazariy, diniy va falsafiy yanglishishlarni farqlash lozim. Xususan,
falsafiy yanglishishlar orasida empirizm, ratsionalizm, sofistika, eklektika,
dogmatizm va relyativizm mavjud.
Yanglishishni yolg‘ondan – haqiqatni g‘arazli maqsadlarda ataylab buzib
ko‘rsatish va bu bilan bog‘liq bo‘lgan soxta bilim berish, dezinformatsiyadan



farqlash lozim. Yanglishish bilim xususiyati bo‘lsa, xato – individning inson


faoliyati muayyan jabhasidagi noto‘g‘ri harakatlari natijasidir: hisoblashdagi,
siyosatdagi, turmushdagi xatolar va h.k. Mantiqiy xatolar – (formal yoki dialektik)
mantiq tamoyillari va qoidalarini buzish va predmetni, ishlarning asl holatini
bilmaslik bilan belgilanuvchi haqiqiy xatolar farqlanadi.
Haqiqat bilishning mezonidir. Inson amaliy faoliyati haqiqatni aniqlashga
yo‘naltirilgan. Biroq haqiqat yolg‘on bilan yonma-yon turadi. Yolg‘on inson
hayotining tarkibiy qismi sifatida amal qiladi.
Amaliyot va bilishning rivojlanishi u yoki bu yanglishishlar ertami, kechmi
bartaraf etilishi: yo sahnadan tushishi (masalan, «abadiy dvigatel» haqidagi
ta’limot kabi), yo haqiqiy bilimga aylanishi (alximiyaning kimyoga aylanishi)ni
ko‘rsatadi. Yanglishishlarni yuzaga keltirgan ijtimoiy sharoitlarni o‘zgartirish va
takomillashtirish, ijtimoiy-tarixiy amaliyotning etukligi, bilimning rivojlanishi va
teranlashuvi yanglishishlarni bartaraf etishning muhim omillaridir. Bu esa borliqqa
nisbatan apologetik (himoyalovchi-oqlovchi) yondashuvni emas, balki konstruktiv-
tanqidiy yondashuvni, «sinovlar va xatolar» metodini amalga oshirishni taqozo
etadi.



6. Falsafa. Mamashokirov S. Tahriri ostida. -T.: Sharq, 2005.


7. Falsafa. Axmedova M. Tahriri ostida.-T.: UFMJ, 2006.
8. Shermuxamedova N.A. Falsafa.-T.: Noshir, 2012. -1207 b.
9. Shermuxamedova N.A. Gnoseologiya-bilish nazariyasi.-T.: Noshir, 2009.
10. Shermuxamedova N.A. Borliq va rivojlanish falsafasi.-T.: Noshir, 2013 , 720 b
11. Shermuxamedova N.A. Falsafaga kirish.-T.: Noshir, 2012. 320 b.
12. Shermuxamedova N.A. Inson falsafasi.T.: Noshir, 2017

Yüklə 61,06 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin