Tabiiy tanlanish haqidagi Ch.Darvin konsepsiyasi. S.S.Chetverikov, R.Fisher, S. Rayt, I.I.Shmalgauzen, J.Xoldeyn, F.G.Dobrjanskiy va boshqa olimlarning ishlarida yanada rivojlantirildi. Tabiiy tanlanish ning genetik mohiyati populyatsiyada ixtisoslashgan muayyan genotiplarning saqlanib, genlarning keyingi avlodga uzatilishida tanlanib ishtirok etishidan iborat. Tabiiy tanlanish alohida olingan fenotipga yoki genga taʼsir etmaydi, balki genotipning tashqi muhit bilan oʻzaro taʼsiri natijasida shakllanadigan (qarang Genotip) muayyan fenotip (tirik organizmning barcha belgilari yigʻindisi)ga taʼsir qiladi. Tabiiy tanlanish organizmlar oʻzgaruvchanligining bevosita sababchisi boʻlolmaydi, lekin mutatsiyalarning tezligi va yoʻnalishiga taʼsir koʻrsatadi. Bu jarayon Tabiiy tanlanish ning ijodiy roli deyiladi. Tabiiy tanlanish taʼsiri yirik populyatsiyalarda aniq bilinadi. Populyatsiyadagi individlar sonining kamayib borishi bilan tasodifiy omillarning ahamiyati ortib boradi. Tabiiy tanlanish ayrim organizmlarga taʼsir qilish (individual tanlanish) bilan birga organizmlar guruhiga ham taʼsir koʻrsatadi (guruhli tanlanish). Bu jarayon alohida organizm uchun foydasiz, lekin ular guruhi uchun foydali boʻlgan belgilarning sak,lanib qolishiga imkon berishi mumkin. Shu tariqa yuksak hayvonlarda altruistik belgilar shakllanadi, mas., qushlarning qichqirigʻi ularning oʻzini dushmanga oshkora qilib qoʻyganidan ayrim individga zararli boʻlsada, xavf toʻgʻrisida ogohlantiruvchi signal boʻlgani tufayli turning boshqa individlari uchun foydali hisoblanadi. Tabiatda Tabiiy tanlanish bir necha yoʻnalishda taʼsir qiladi va har xil natijaga olib keladi. Shuning uchun Tabiiy tanlanish harakatlantiruvchi tanlanish, dizruptiv tanlanish, turgʻunlashtiruvchi tanlanish, jinsiy tanlanish kabi xillarga ajratiladi. Antidarvinizmga mansub turli konsepsiyalar Tabiiy tanlanish ni evolyutsiyaning asosiy omili sifatida tan olishmaydi (yana qarang Sunʼiy tanlash).
TABIIY TANLANISH VA UNING TURLARI Yashash uchun kurash ko‘pchilik organizmlarning halok bo‘lishi, ba’zilarining esa yashab qolishi bilan bog‘liq holda ro‘y beradi. Individual o‘zgaruvchanlik organizmda uch ko‘rinishda namoyon bo‘ladi. Ularning bir xillari organizm uchun foydali, ikkinchi xillari organizmlar uchun befarq, uchinchilari esa zararli bo‘ladi. Odatda zararli o‘zgaruvchanlikka ega organizmlar shaxsiy taraqqiyotning turli bosqichlarida halok bo‘ladilar. Organizm uchun befarq o‘zgaruvchanlik ularning yashovchanligiga ta’sir ko‘rsatmaydi. Foydali o‘zgaruvchanlikka ega individlar tur ichidagi, turlararo yoki abiotik muhitning noqulay sharoitlariga qarshi kurashda birmuncha afzalliklarga ega bo‘lganligi sababli yashab qoladi. Yashash uchun kurashda foydali belgi, xossalarga ega organizmlarning yashab qolishi, shunday belgi, xossalarga ega bo‘lmaganlarining nobud bo‘lishi tabiiy tanlanish deb ataladi. Tabiiy tanlanish – organizmlar evolutsiyasining asosiy harakatlantiruvchi omili. Ch. Darvin fikricha, tabiiy tanlanish – yashash uchun kurashning natijasi boʻlib, foydali individual oʻzgarishlarga ega boʻlgan organizmlarning yashab, nasl qoldirishi, yaʼni moslashgan formalarning yashab qolishi, foydasiz oʻzgarishlarga ega boʻlgan organizmlarning qirilib ketishi, ya’ni moslashmagan formalarning nobud boʻlishidan iborat biologik jarayon. Irsiy oʻzgaruvchanlik tabiiy tanlanish uchun asos hisoblanadi. Tabiiy tanlanish tufayli organizmlar xilma-xilligi ortadi, evolutsiya jarayonida organizmlar tuzilishi murakkablashadi, muhit sharoitlariga yetarli darajada moslasha olmagan turlar
nobud boʻladi.
Ch. Darvin tabiiy tanlanish jarayonini sun’iy tanlash bilan taqqosladi. Agar sun’iy tanlanishni inson olib borsa, tabiiy tanlanishni tabiat boshqaradi. Sun’iy tanlanishni o‘tkazishda inson doimo o‘z manfaatlarini ko‘zlaydi. Shu sababli sun’iy tanlash tufayli chiqarilgan nav va zotlarda inson manfaati uchun xizmat qiladigan belgi-xossalar yaxshi rivojlangan bo‘ladi. Tabiiy tanlanishda esa inson manfaati emas, balki organizm manfaatlari birinchi o‘rinda turadi. Yashash uchun kurashga moslashgan organizmlar moslashmagan organizmlarga nisbatan kamroq nobud bo‘ladi. Bu esa o‘z-o‘zidan tabiiy tanlanish, organizmning muhitga moslashishida yangi populatsiya, turlarning kelib chiqishida asosiy omil ekanligidan dalolat beradi.
Hozirgi vaqtda tabiiy tanlanishning 3 turi farqlanadi: 1) harakatlantiruvchi;
2) stabillashtiruvchi; 3) dizruptiv.