Naflilik tamoyili — turli shaxslardan, ularning soliqlar hisobiga moliyalashtiriladigan dasturlardan foydalanishi darajasiga qarab turlicha soliq undirilishi kerakligini bildiradi.
Toʻlovga layoqatlilik tamoyili — soliq miqdori soliq toʻlovchining boyligi va daromadlari darajasiga mos kelishi zarur. Boshqacha aytganda, soliq solish daromadlarning adolatli taqsimlanishini taqozo qilishi zarur.
Adolatlilik tamoyili — daromadlari va hukumat dasturlaridan foydalanish darajasi boʻyicha teng boʻlgan kishilar teng miqdorda soliq toʻlashi zarur.
Soliq boʻyicha imtiyozlar qonunchilik bitimlarida belgilangan tartib va sharoitlar asosida oʻrnatiladi. Amaliyotda soliq imtiyozlarining quyidagi turlari keng tarqalgan: — obʼektlarning soliq olinmaydigan eng kam darajasini belgilash; — soliq toʻlashdan alohida shaxs yoki maʼlum guruhlarni (masalan, urush fahriylarini) ozod qilish; — soliq darajasi (stavkasi)ni pasaytirish; — soliq olinadigan summadan chegirish; — soliqli kredit (soliq olishni kechiktirish yoki soliq summasini maʼlum miqdorga kamaytirish)
Soliq tizimini guruhlanishi hamda iqtisodiy mohiyati va byudjet yo’nalishiga ko’ra bo’linishi
Soliq tizimining asosi bo‘lgan soliqlar o‘ziga xos xususiyatlariga, bir qator belgilariga ko‘ra guruhlanadi. Soliqlarning guruhlanishi ularning ob'ektiga, xo‘jalik yurituvchi sub'ektlar moliyaviy faoliyatiga ta'sir etishiga, undirilish usullari, paydo bo‘lishiga (sub'ektiga), byudjetga yo‘naltirilishiga va boshqa belgilariga ko‘ra ularning tasniflanishidir.
Soliqlarni bunday tartibda guruhlarga ajratishdan maqsad ularni taqsimlash tamoyillarini belgilashda, ularning soliq funksiya va vazifalarini qay darajada bajarayotganligini baholashda, umuman olganda davlat byudjetini doimiy ravishda va muntazam daromadlar bilan ta'minlashda, shuningdek xo‘jalik yurituvchi sub'ektlarning tadbirkorlik faoliyatini cheklab qo‘ymasdan faoliyat ko‘rsatishi uchun soliqlarning har tomonlama ilmiy-nazariy jihatdan o‘rganish, tahlil qilishdan iborat.
Tarixan soliqlar ijtimoiy-iqtisodiy tuzilishiga qarab yoki boshqacha qilib aytganda undirib olish manbasiga qarab ikki guruhga to‘g‘ri va egri soliqlar guruhlariga bo‘linadi. Soliqlarni belgilaydigan va ulardan tushgan mablag‘ni tasarruf etishiga, ya'ni byudjetga o‘tkazish nuqtai-nazaridan soliqlar umumdavlat va mahalliy soliqlarga bo‘linadi. Shuningdek, soliqlar paydo bo‘lish manbaiga ko‘ra yuridik va jismoniy shaxslardan olinadigan soliqlarga bo‘linadi. Soliqlarning qayd etilgan guruhlarga ajartib o‘rganishni alohida savol sifatida kengroq yoritishga harakat qilamiz.
Shu o‘rinda soliqlarni guruhlashning ayrim turlarini ko‘rib chiqamiz. Soliqlarni ob'ekti va iqtisodiy mohiyati bo‘yicha guruhlash iqtisodiyotga ijobiy va salbiy ta'sir ko‘rsatishni o‘rganishning ilmiy va amaliy uslubidir.
Soliqlar soliqqa tortish ob'ektiga qarab uch guruhga bo‘linadi:
1. Oborotdan olinadigan soliqlar. Bunda soliqlar xo‘jalik yurituvchi sub'ektlarning bevosita oborotidan undiriladi, ularga qo‘shilgan qiymat solig‘i, aksiz solig‘i, jismoniy shaxslardan transport vositalariga benzin, dizel yoqilg‘isi va suyultirilgan gaz ishlatganlik uchun olinadigan soliq, bojxona bojlari, yig‘imlari va boshqalar kiradi.
2. Mol-mulk qiymatlaridan olinadigan soliqlar. Bunday soliqlar soliq to‘lovchi sub'ektlar tasarrufida mavjud bo‘lgan mol-mulkdan, yerdan va boshqalarga nisbatan belgilanadigan soliqlardan iborat.
3. Daromaddan olinadigan soliqlar. Bunga yuridik shaxslardan olinadigan daromad (foyda) solig‘i, infratuzilmani rivojlantirish solig‘i, jismoniy shaxslarning daromad solig‘i va boshqalar kiradi.