Biznesni boshqarish (inglizcha: Business administration) — biznes faoliyatini boshqarish toʻgʻrisidagi fan. Menejment sohasining holati ishlab chiqarish samaradorligiga, texnika va texnologiya darajasi hamda ishchi kuchining sifatiga taʼsir koʻrsatadi. Menejment fanining mazmuni boshqaruv tizimi va boshqaruv obyekti orasidagi oʻzaro munosabat boʻlib, uning asosiy vazifasi boshqaruvning zamonaviy usullarini, rahbarlik sanʼati sirlarini oʻrganishdan iborat. Boshqaruv bu nima? Boshqaruv — tanlov, qaror qabul qilish va uning bajarilishini nazorat etish jarayonidir. Uning asosiy maqsadi bozor munosabatlari sharoitida barcha boʻgʻinlarda ishlay oladigan yuqori malakali boshqaruvchilarni tayyorlashdan iborat. Menejment ijtimoiy-iqtisodiy, ijtimoiy-huquqiy, kibernetika va boshqa fanlar bilan aloqadordir. Menejment dastavval iqtisodiy nazariya fani bilan yaqindan bogʻliq. Boshqarish tamoyillarini Teylorning zamondoshi fransuz olimi Anri Fayol ishlab chiqdi. Korxonada amalga oshirilayotgan barcha operatsiyalarni u olti guruh (texnika, tijorat, moliya, mol-mulk va shaxslarni qoʻriqlash, hisob-kitob, maʼmuri)ga boʻlib, boshqarishni 6-guruhga kiritadi. Menejment yoki boshqarishning obyekti korxona faoliyati, uning subyekti esa boshqarish ishini bajaruvchi idoralar va ularning xodimlaridir. Menejment bilan maxsus tayyorgarlik koʻrgan, boshqarishning qonun-qoidalarini chuqur biladigan malakali mutaxassislar — yollanma boshqaruvchilar — menejerlar shugʻullanadilar. Ular aholining alohida ijtimoiy qatlamini tashkil qiladi. Menejmentning yuqori (firma strategiyasini ishlab chiqish), oʻrta (ishlab chiqarish, sotish, narx belgilash, mehnatni tashkil qilish), quyi (sex, boʻlim doirasida ishni tashkil qilish, kunlik, haftalik, oylik ish topshiriqlari bajarilishini boshqarish) boʻgʻinlari bor. Shunga muvofiq holda menejerlar oliy martabali, oʻrta toifadagi va quyi toifadagi menejerlarga boʻlinadi.