17-modda Ishtirokchi-davlatlar ommaviy axborot vositalarining muhim mavqeini e’tirof etadilar hamda bola turli xil milliy va xalqaro manbalarning axborotlari hamda materiallari, ayniqsa, ijtimoiy, ma’naviy va axloqiy farovonlikka, shuningdek, bolaning sog‘lom, jismoniy va ruhiy rivojlanishiga ko‘maklashishga qaratilgan axborotlardan bahramand bo‘lishini ta’minlaydilar. Shu maqsadda ishtirokchi-davlatlar:
ommaviy axborot vositalarini ijtimoiy va madaniy yo‘nalishdagi hamda 29-modda ruhidagi bola uchun foydali axborot va materiallarni tarqatishga rag‘batlantiradilar;
turli xil madaniy, milliy va xalqaro manbalardan bunday axborot va materiallar tayyorlash, ayirboshlash hamda tarqatish sohasidagi xalqaro hamkorlikni rag‘batlantiradilar;
bolalar adabiyotini nashr etish va tarqatishni rag‘batlantiradilar;
ommaviy axborot vositalarining qandaydir ozchilikni tashkil qiluvchi guruh yoki tub aholiga mansub bolaning til ehtiyojlariga alohida e’tibor berishni rag‘batlantiradilar;
13- va 18-moddalarni hisobga olgan holda bolaning farovonligiga zarar yetkazadigan axborot va materiallardan uni himoya qilishning tegishli tamoyillarini ishlab chiqishni rag‘batlantiradilar.
18-modda Ishtirokchi-davlatlar bola tarbiyalanishi va rivojlanishi uchun ota-onaning umumiy va bir xil javobgarligi tamoyili e’tirof etilishini ta’minlashga qaratilgan barcha mumkin bo‘lgan kuch-g‘ayratlarni safarbar etadilar. Ota-ona yoki tegishli holatlarda qonuniy vasiylar bolaning tarbiyalanishi va rivojlanishi uchun asosiy javobgar bo‘ladilar. Bolaning eng yaxshi manfaatlari ular ko‘rsatadigan asosiy g‘amxo‘rlikning predmeti hisoblanadi.
Ushbu Konvensiyada bayon qilingan huquqlarning amalga oshirilishini kafolatlash va ko‘maklashish maqsadida ishtirokchi-davlatlar ota-ona va qonuniy vasiylarga bola tarbiyasi bo‘yicha majburiyatlarini bajarishlariga tegishli yordam ko‘rsatadilar hamda bolalar muassasalari tarmog‘ining rivojlanishini ta’minlaydilar.
Ishtirokchi-davlatlar ota-onasi ishlaydigan bolalar uchun mo‘ljallangan xizmatlar hamda bolalar parvarish qilinadigan muassasalardan bolalarning foydalanish huquqiga ega bo‘lishlarini ta’minlash uchun barcha zarur choralarni ko‘radilar.