To‘ng‘ich bola, oiladagi farzandlarning kattasi, odatda ota-onasining umidi bo’lib, ota-onalar undan ko’p narsalarni kutadi va odatda u bu umidlarni oqlaydi ham. Undagi muvaffaqiyatlarga bo’lgan intilish, o’qish va kasb-hunar egallash yo’nalishidagi yutuqlari va unga erishish imkoniyatlari ham odatda yuqori bo’ladi. Uning muvaffaqiyatlari nafaqat ota-onaning kutishlariga bog’liq, balki ma‟lum vaqt erkalatilgan bolaning, keyinchalik “taxtdan tushishi”, mavqening birdan o’zgarishi va kutishlar tizimining ham shunga yarasha boshqacha bo’lib qolishi bilan bog’liqdir. Buni Adleriborasi bilan aytganda, “detronizatsiya”, ya‟ni taxtdan ayrilishi deb atash mumkin. Chunki ukasi yoki singlisi paydo bo’lgandan so’ng, ota-onasining e‟tibori birdan boshqa bolaga qaratilib, unga munosabat o’zgarib qolganligini bola o’ziga xos qayg’urish bilan his qiladi. Lekin ota-onaning e‟tibori va mehriga qaytadan erishish maqsadida u harakat qila boshlaydi.
Agar to’ng’ich farzandning uka ko’rgandan so’ng paydo bo’ladigan deprivatsiyasi kuchli bo’lsa-da, o’zini ko’rsatish uchun ichki imkoniyatlari, layoqati yetarli bo’lmasa (ba‟zan to’ng’ich farzand nimjonroq bo’ladi), unda bolaning xulqida keskin salbiy o’zgarishlar ro’y bera boshlaydi, masalan, ukasini yomon ko’rib, unga ziyon yetkazishga harakat qiladi, injiqligi bilan ota-onasini xafa qiladi, ovqat yemaydigan, o’zi mustaqil ravishda uxlamaydigan, hatto, hojatga chiqmaydigan, aytilganlarni bajarmaydigan o’jar bo’lib boradi. Hayotda shunday voqealar ham kuzatilganki, endi tetapoya bo’lib, mustaqil harakatlar qila boshlagan to’ng’ich farzand ukasini itarib yuborishi, og’ziga yomon narsalarni solib qo’yishi, beshikda uxlab yotgan bolani yiqitish holatlari bo’lgan. Ya‟ni, ota-onaning domimiy mehri yetishmayotganligini his qilgan bolada rashk hissi uyg’onadi, uning sababchisi esa yangi dunyoga kelgan ukasidir.
Shunga qaramay, aksariyat to’ng’ich farzandlar ota-onasining ziyrakligi, o’zida paydo bo’lgan ko’nikma tufayli yangi sharoitga moslashadi, sekin-asta ukasiga mehr qo’yadi, unga g’amxo’rlik qilishdan rohatlanadigan ham bo’lib qoladi. Bu unga foyda keltiradi ham: kelajakda u turli toifa insonlar, jumladan, kattalar, obro’li insonlar bilan kelishib ishlashga harakat qiladigan, ularning ko’ngliga qaraydigan, uyida ko’rganlari ko’chada qaytarilmasligiga harakat qiladigan, moslashuvchan bo’lib o’sadi. Odatda bunday bolaning tengqurlari orasida o’ziga xos mavqei bo’ladi. Yoshligidan ota-onaning yuzi-ko’ziga qarab, ularning munosabatini his qilishga o’rgangan bola kelajakda o’qituvchisi yoki rahbarining ham yuzi-ko’ziga qarab, muomala qilishga o’rganadi. Ota-onalik maqomiga aloqador munosabatlarni tashqarida boshqalarga ham qo’llashga ko’nikib boradi. Shuning uchun to’ng’ichlarda kirishimlilik, kichiklarga g’amxo’rlik, mustaqil qarorlar qabul qilishga, mas‟uliyatni bo’yniga olish va liderlikka moyillik rivojlanib boradi. Shuning uchun ham jamiyatda rahbar lavozimlarda ishlayotgan, siyosiy va jamoatchilik idoralarini boshqarayotganlarning aksariyati oilada to’ng’ich farzand ekanligi o’rganilgan. Masalan, Amerika Prezidentlarining yarmi, 20 nafardan ortiq avstronavtlar oilada to’ng’ich farzandlar bo’lishgan. Odatda oilada o’sayotgan o’g’il bolalarning to’ng’ichi erkaklar jamoasini (masalan, harbiy, xalqaro, siyosiy tashkilotlar), singillari bo’lgan akalar xotin-qizlar jamoasini (maktab, shifoxona), va shunga o’xshash opalar ham mantiqan mos ravishda jamoalarni muvaffaqiyatli boshqaradigan rahbarlar bo’lib yetishadi. Nikoh borasida esa o’rtancha farzand ancha kelishib, baxtli yashashga moyil bo’ladi. Shuni ham ta‟kidlash joizki, ayrim holatlarda aynan to’ng’ich farzandlar ba‟zan jamiyatda muammoli, tarbiyasi og’irlar kategoriyasiga tushib qoladi. Bunga yo ota-onaning katta farzandidan umidlarining haddan ziyod og’irligi yoki “detronizatsiya” jarayonining bola tomonidan salbiy idrok etilishi sabab bo’ladi.