Asar bilan tanishtirish va rollarni taqsimlash. Ish asar tanlash, uni tasdiqdan o‘tkazish, bolalar bilan asarni to‘laqonli tahlil qilish, rassom bilan asar dekoratsiya va qo‘g‘irchoqlarni eskizini tayyorlash va tasdiqlashdan iborat. Shuningdek tayyor eskizlarni qo‘g‘irchoq yasash ustaxonasiga ularni tayyorlash uchun topshirish zarur bo‘ladi. Shunday qilib, bolalar uchun tanlangan asar yaxshi dramaturgiyaga asoslangan zamon talabiga javob bera oladigan, chuqur g‘oyali bo‘lishi kerak. Albatta spektakl bolalarning imkoniyatidan kelib chiqqan holda tanlanadi. Asarning eng asosiy tomonlaridan biri spektaklda bolalarning ijodiy imkoniyatlarini to‘laqonli ochib bera oladigan turli xil xarkaterli obrazlar bo‘lishi shart. Chunki har bir bola o‘zining ijodiy tomonlarini ocha oladigan obrazga ega bo‘lmog‘i darkor. Demak spektakl yaratishda rejissor rassom qo‘g‘irchoq ustasi kompozitor va butaforlar hamkorlikda ishlaydi.
Qo‘g‘irchoqlar ovozi. Qo‘g‘irchoq teatrida sahna jihozlari va butaforlar soxta bo‘lmaydi, balki aktyorning qo‘lida qo‘g‘irchoq ham har xil matolardan yasalgan jonsiz personajdir. Aktyor tomoshabinlar ko‘z o‘ngida qo‘g‘irchoqni harakatga keltirib, uni o‘zi sahnada o‘rab turgan jonsiz narsalarni ko‘rishga, sezishga va his qilishga olib keladi. Bu esa aktyorning qo‘g‘irchoqqa sahna, jihoz va anjomlarga ishonch bilan qarab, ular bilan to‘g‘ri munosabatda bo‘lish kerakligini ta’kidlaydi. Qo‘g‘irchoq bilan ishlash jarayonida esa, qo‘g‘irchoqning o‘zi jonsiz mato bo‘lsa, uning predmet bilan ishlash jarayoni ham jonsizlikni tug‘diradi. Shuning uchun u sahnada jonli, aniq mantiqqa moyil harakat qilishi uchun aktyor xatti-harakatini ichki ko‘zguda aniq ko‘rib, so‘ng uni qo‘lidagi qo‘g‘irchog‘iga mantiq va meyor qonuni asosida ko‘chiradi. Shunda qo‘g‘irchoqning plastik xatti-harakati jonli kechadi. Hayvonlar ovozi va ular xatti-harakatlari.
“Hayvonlar hiyoboni” mashqini oladigan bo‘lsak, bu yerda shart-sharoit “yaylov”.
Demak, erta tong. Ertalab uyg‘ongan har bir jonzot xoh u qush bo‘lsin, xoh u echki yoki yumronqoziq - birinchi navbatda uyg‘onib o‘zini o‘rab turgan shart-sharoitni ko‘radi. So‘ng uni baholaydi. Uning atrofini o‘rab turgan borliqqa o‘z munosabatini bildirib, so‘ng xatti-harakat qilishga o‘tadi. “Hayvonlar hiyoboni” mashqidagi quyon o‘ziga yegulik biror nima izlab yurganda unga hamla qilmoqchi bo‘lgan bo‘rini ko‘rib, jon saqlash uchun yashirinib oladi. Echki bolasi o‘yinqaroqlik qilib onasidan uzoqlashib qolganini anglab, bor ovozi bilan onasini “belab” chaqiradi. Uning tovushini eshitgan ona echki yugurib kelib bolasini o‘zidan uzoqlashgani uchun uni koyib, o‘zi bilan olib ketadi. Ochilgan lolalardan guldasta tergan yumronqoziq gullarni qizga sovg‘a qiladi va h.k. Bu mashqda bolalar quyon, bo‘ri, echki, yumronqoziq kabi hayvonlar xatti-harakatini, ovozini o‘zi bajarayotgan plastik harakatining mantiqidan, badanining harakatchanligiga moyilligidan kelib chiqqan holda to‘g‘ri, aniq maqsadli harakat qilishga o‘z tanasini o‘rgatmog‘i lozim.
Albatta bolalar aynan shu hayvon yoki parrandaning o‘ylab topgan shart-sharoitga o‘z munosabatini bildirgan va uning harakati nimaga asoslanganini aniq bilgandagina xatti-harakatga o‘tiladi.
Bolalar yorqin va kuchli tasavvurga egabo‘lishi lozim. Uning tasavvuri asosli hamda puxta o‘ylab topilgan, hayot kuzatishlaridan, to‘plagan bilimlariga asoslangan bo‘lmog‘i darkor. Bolalar tasavvurini rivojlantirish va ungatushuntira olishi uchun hayotni o‘rganish, tabiat va jonzotlarning xarakterini, ularning munosabatlarini, plastikasini, insonlarning xulq-atvorini, har xil sharoitlarda o‘zini tutishini, kasbkorini hayotda tutgan o‘rni va mavqeiga qarab o‘zgarishini kuzatib o‘rganish va bu bilim xazinasidan ijod paytida unumli foydalanishi kerak. Qo‘g‘irchoq teatrida bolalar ruhiyati e’tiborga olinib rang-barang obrazlar yaratiladi.
Demak, qo‘g‘irchoq teatri aktyori faqatgina tasavvurga emas, balki kuchli fantaziyaga ham ega bo‘lishi shart. Fantaziya bu yo‘q narsani, voqealikda uchramaydigan voqea, hodisalarni, hech qachon bo‘lmagan va bo‘la olmaydigan narsalarni yaratadi. Fantaziya aynan qo‘g‘irchoq teatri aktyori uchun kerakli jarayon hisoblanadi. Chunki qo‘g‘irchoq teatri sahnasida hech qaysi teatrda bo‘lmaydigan va bo‘lishi mumkin bo‘lmagan voqea va hodisalar sodir bo‘ladi. Bir so‘z bilan aytganda qo‘g‘irchoq teatrida tasavvur bilan fantaziya birbiriga bog‘langan holda aktyor ijodiga yordam beradi.
----------------------------------------------------------------------------------------------------