Bozor iqtisodiyoti sharoitida rejalashtirish va bashoratlash
Rejalashtirishni qoidalari (prinsiplari) Jamiyatning siyosiy ustqurmasi, ijtimoiy-iqtisodiy shart-sharoitidan qat`iy nazar rejalashtirishni umumiy qoidalari (prinsiplari) mavjud. Ular insoniyat taraqqiyotining barcha formatsiyalarida u yoki bu darajada, ayrim hollarda rejalashtirish to`g`risida ilmiy asoslangan fikr yuritishdan chetda bo`lgan holda ishlatilgan.
Bizlarga ma`lum, MDHda tarqatilayotgan iqtisodiyotga oid chet el adabiyotlarida rejalashtirish nazariyasi, uning metodologiyasiga oid masalalarga, shu jumladan rejalashtirish prinsiplari to`g`risida nazariy fikrlar keltirilmaydi.
Rejalashtirishning o`ziga xos prinsiplari, usullari va uslublari, umuman aytganda, bozor iqtisodi sharoitida rejalashtirishning o`ziga xos metodologiyasi mavjud. Lekin bu gap sobiq sotsialistik tuzumda ishlatilgan rejalashtirish metodoloiyasini butunlay inkor qilish degan fikr emas. Uning salbiy tomonlarini (erkinlikning chegaralanganligi, rejalashtirishning direktivligi, partiyaviyligi va hokazolar) olib tashlanib, ijobiy jihatlarini, ya`ni metodologiyasidan, usullaridan keng foydalanish maqsadga muvofiqdir.
Rejalashtirish jarayonida ilmiylik, reallik, optimallik, komplekslik, uzluksizlik, o`zgaruvchanlik (korrektirovka qilinishi, elastiklik) nazorat kabi prinsiplari ishlatiladi.
Jahon tajribasida rejalashtirishning o`ziga xos qoidalari (prinsiplari) mavjud bo`lib ularga quyidagilarni kiritish mumkin:
rejalashtirishning ilmiy asoslanganligini, ya`ni rejalashtirish iqtisodiy qonunlar talablarini, bozor iqtisodi qoidalarini hisobga olish, fan va texnika yutuqlariga asoslanishi, rejalashtirishda keng ma`noda ilmiy tekshirish muassasalarini, olimlarni jalb qilinishi orqali ta`minlanadi;
rejalashtirishni har xil muddatlarga tuzish tizimi orqali uning uzluksizligi ta`minlanib boriladi;
jamiyatda, korxona, firmalarda ishlatiladiagn barcha resurslarning chegaralanganligi ulardan foydalanishda tejamkorlikka intilish, ulardan eng optimal variantni tanlab olishni taqozo qiladi;
raqobat, vaziyatning o`zgarib turishi rejalarga o`zgarishlar kiritib borishni taqozo qiladi va shu sababli rejalar har xil vaziyatlar uchun mo`ljallangan alternativ variantlarda tuzilishi, uning vaziyatga moslashuvchanligi, elastikligini ta`minlaydi;
bozor iqtisodiyoti qoidalari korxonalar, firmalar o`rtasidagi aloqalarni kontraktlar asosida tashkil qilish, olingan majburiyatlarni belgilangan muddatda, miqdorda qat`iy bajarilishini talab qiladi. Bu esa rejalarning bajarilishini nazorat qilish qoidasining ahamiyatini oshiradi.