Bozor iqtisodiyotiga o’tayotgan davlatlarning rivojlanish modelari


Mulkchilik shakllaridagi o`zgarishlar



Yüklə 267,5 Kb.
səhifə2/5
tarix02.01.2022
ölçüsü267,5 Kb.
#47156
1   2   3   4   5
BOZOR IQTISODIYOTIGA O’TAYOTGAN DAVLATLARNING RIVOJLANISH MODELARI

Mulkchilik shakllaridagi o`zgarishlar

         Har qanday iqtisodiy tizimning amal qilishi va iqtisodiyotning taraqqiyot darajasi ko`p jihatdan mulkchilik shakllari va munosabatlariga bog`liq. Iqtisodiy faoliyat erkinligi, xo`jalik yurituvchi sub`ektlarning turliligi va teng huquqliligi, ular o`rtasidagi raqobat, tadbirkorlik tashabbuskorligi, o`zini-o`zi boshqarish va moliyalashtirish kabi bozor tamoyillarining mavjudligi haqida yuqorida fikr yuritgan edik. Bozor iqtisodiyotining mazkur tamoyillari o`z navbatida ularga mos keluvchi mulkchilik shakllari va munosabatlarini shakllantirishni talab qiladi. Shuning uchun mamlakatimizda iqtisodiy islohotlar o`tkazish dasturi birinchi navbatda mulkchilik munosabatlariga tub o`zgarishlar kiritishni nazarda tutgani tabiiy holdir.

Shuni alohida ta`kidlab o`tish joizki, mamlakatimizda rejali iqtisodiyot tizimi davrida hukmron mavqega ega bo`lgan ijtimoiy mulk bir qator kamchiliklari tufayli o`zini to`la-to`kis badnom qilib, iqtisodiy taraqqiyotning to`sig`iga aylangan edi. Buning sababi shundan iborat ediki, ijtimoiy mulk hukmron bo`lgan sharoitda u xususiy mulkchilikning rivojlanishiga yo`l qo`ymaydi, xususiy mulkchilik rivojlanmagan mamlakatda bozor iqtisodiyoti to`g`risida so`z yuritishning o`zi hech qanday mantiqqa to`g`ri kelmaydi.

Shuning uchun markazlashgan rejali iqtisodiyot tizimidan bozor iqtisodiyotiga o`tish, avvalambor, xususiy mulkchilik shakllari va munosabatlari joriy etishni va shu maqsadda davlat mulkini xususiylashtirishni taqozo etadi.

Xususiylashtirish deganda, mulkni davlat tasarrufidan chiqarib, alohida shaxslar va xo`jalik yurituvchi sub`ektlar tasarrufiga o`tkazishni tushunmoq kerak. Bunda sanoat, qishloq xo`jaligi, qurilish, savdo va xizmat ko`rsatish sohasidagi korxona va tashkilotlar, uy-joy fondi va hokazolar xususiylashtirish ob`ektlari bo`lib xizmat qiladi.

Xususiylashtirish o`tkazilgandan keyin ular ayrim fuqarolar, banklar, aktsiyadorlik jamiyatlari va boshqalarning tasarrufidagi mulkka aylanadi.

Jahon amaliyotida xususiylashtirishning ikkita shakli mavjud bo`lib, ularning birinchisi davlat mulkini fuqarolar va xo`jalik yurituvchi sub`yektlar tasarrufiga bepul o`tkazib berish va ikkinchisi uni sotishdir.

Davlat korxonalarini tanlov yoki kim oshdi savdolari (auktsionlar) orqali xususiy shaxslar, xorijiy sarmoyadorlar va boshqa xo`jalik yurituvchi sub`ektlarga va korxonalar aktsiyalarini barcha hohlovchilarga sotish xususiylashtirishning eng rivojlangan usullari hisoblanadi.

O`zbekiston o`zining davlat mustaqilligini qo`lga kiritib, bozor iqtisodiyoti tomon yuz tutar ekan, uning oldida mulkni davlat tasarrufidan chiqarish, aniqrog`i, uni xususiylashtirish kechiktirib bo`lmaydigan vazifaga aylandi. Shuning uchun xususiy mulk shakllari va munosabatlarini qaror toptirish mamlakatimizda iqtisodiy islohotlarning boshlang`ich nuqtasi sifatida belgilandi.

Mustaqillikning dastlabki 10 yili ichida mulkni davlat tasarrufidan chiqarishga qaratilgan 20 dan ortiq maxsus dasturlar ishlab chiqildi va ularni amalga oshirishga davlat boshchilik qildi. Ilgari davlat ixtiyorida bo`lgan 1 mln. dan ortiq kvartiralarning 98 foizi fuqarolarning xususiy mulkiga aylantirildi. O`rta va yirik korxonalar aktsiyadorlik jamiyatlariga va ijara korxonalariga aylantirildi. Davlat mulkini sotish bo`yicha kimoshdi savdolari va tanlovlar tashkil etildi.

Agar iqtisodiy islohotlarning birinchi bosqichida asosan kichik korxonalar, maishiy xizmat muassasalari xususiylashtirilgan bo`lsa, 1994 yildan boshlab, bu jarayon o`rta va yirik korxonalarni ham qamrab oldi.

Iqtisodiy islohotlarni o`tkazishning dastlabki 10 yillik tajribasi shundan dalolat beradiki, O`zbekistonda davlat mulkini xususiylashtirish quyidagi o`ziga xosliklar tufayli yuqori natijalar bermoqda.

Birinchidan, u har tomonlama puxta va uzoqni ko`zlab, mamlakat va uning alohida hududlari xususiyatlarini hisobga oluvchi maxsus dasturlar asosida amalga oshirildi.

Ikkinchidan, davlat mulkini xususiylashtirish chog`ida aholi uchun kuchli ijtimoiy kafolatlar yaratildi. Ular, avvalambor, shundan iboratki, xususiylashtirilayotgan korxona xodimlari aktsiyalarni imtiyozli shartlar bilan sotib olishi nazarda tutildi, yangi mulkdorlarga eskirgan asosiy vositalar bepul topshirildi, fermalar, bog`lar va uzumzorlar imtiyozli tarzda xususiylashtirildi. Xususiylashtirilgan korxonalar uchun soliq to`lashda ham ayrim imtiyozlar belgilandi.

Uchinchidan, davlat mulkini xususiylashtirish va mulkchilikning xususiy shakllarini qo`llab-quvvatlash chora-tadbirlarini amalga oshiruvchi muassasalar tizimi, maxsus organlar tuzildi.

To`rtinchidan, xususiylashtirish jarayonini bosqichma-bosqich amalga oshirish tamoyiliga qat`iy rioya qilindi. Uning birinchi bosqichida asosan savdo, aholiga maishiy xizmat ko`rsatish, mahalliy sanoat korxonalari xususiylashtirildi. Kichik xususiylashtirish davri deb atalgan bu bosqich 1994 yilga qadar davom etdi. Shu yilning o`rtalaridan boshlab mamlakatimizda ommaviy xususiylashtirish davri deb ataluvchi ikkinchi bosqich boshlandi. Sanoat, qurilish, transport, agrar-sanoat majmuasi kabi tarmoqlarda o`rta va yirik korxonalar davlat tasarrufidan chiqarilib, xususiy mulkning turli shakllari keng rivoj topa boshladi.

Iqtisodiy islohotlarning ikkinchi bosqichida eng ustivor vazifa nimadan iborat edi? Bu vazifa, birinchidan, xususiylashtirish jarayoni bilan umumdavlat ahamiyatiga ega bo`lgan yirik korxonalarni ham qamrab olish bo`lsa, ikkinchidan, bu jarayonga aholini va chet ellik sarmoyadorlarni ham keng jalb qilish edi. Xususiylashtirish jarayoni ishtirokchilari tarkibining kengayib borishi o`z navbatida korxonalar aktsiyalarining davlat ixtiyoridagi ulushining kamayib borishiga olib keldi.

Mulkni davlat tasarrufidan chiqarishning mamlakatimizda joriy etilgan mexanizmining yana bir muhim xususiyati shundan iborat ediki, u mulkchilik shakllarini o`zgartirish bilan bir qatorda ishlab chiqarishning boshqaruv tizimini ixchamlashtirish va yakka hokimlikka barham berishni ham nazarda tutar edi.

Xususiylashtirishning amalga oshirilishi natijasida mamlakatimizda ko`chmas mulk va qimmatli qog`ozlar bozori barpo etildi. Xususiylashtirishdan tushgan mablag`lar ishlab chiqarishni texnika bilan qayta qurollantirish, xususiy mulk egalariga kreditlar berish kabi maqsadlarga yo`naltirildi.

Xususiylashtirishdan ko`zlangan asosiy maqsad bozor iqtisodiyotining tayanchi bo`lgan tadbirkorlik harakatiga keng yo`l ochish va mamlakatimizda mulkdorlar sinfini barpo etish edi. Bugunga kelib shu narsaga xolisona guvohlik berish mumkinki, bu maqsadga izchillik va sobit qadamlik bilan erishilmoqda.

Fikrimizning dalili sifatida keltirilgan quyidagi raqamlarga e`tibor bering. 2000 yilga kelib mamlakatimizda korxona va xo`jaliklarning 88 foizini nodavlat sektoriga qarashli xususiy korxonalar, aktsiyadorlik jamiyatlari, qo`shma korxonalar, kooperativlar va shirkat xo`jaliklari tashkil etdi. Shu yilning oxiriga kelib nodavlat sektorining yalpi ijtimoiy mahsulotdagi salmog`i 64 foizdan ortib ketdi. Nodavlat sektorining eng yuqori salmog`iga qishloq xo`jaligida erishildi. 2000 yilda barcha qishloq xo`jalik mahsulotlarining 99,6 foizi aynan shu sektorda etishtirildi.

Eng muhimi, iqtisodiyotning tayanchi va harakatlantiruvchi kuchini tashkil etgan mulkdorlar sinfi shakllanib, ularning safi yildan-yilga ortib bormoqda.




Yüklə 267,5 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin