2018 yil 18-19-20 dekabr kunlari soat 15:00da “Turkiston” san’at saroyida O’zbekiston davlat filarmoniyasi “Bulbulcha” bolalar xor va raqs ansamblining “Baxtli bolalik qo’shiqlari deb nomlangan konserti bo’lib o’tdi. Konsert dasturiga ansambl badiiy rahbari O’zbekiston xalq artisti Shermat Yormatov boshchilik qildi. Hozirda ansambl tarkibida kichkintoylar xor guruhi, o‘rta yoshdagilar (3-7 sinflar) xor guruhi, o‘smir- yoshlar xor guruhi (15-20 yoshdagilar), kichkintoylar raqs guruhi, o‘rta yoshdagi bolalar raqs guruhi, folklor guruhi, vokal ansambli, yosh maqomchilar ansambli va milliy xalq cholg‘uchilar guruhlari mavjud. Ansambl guruhlari tomonidan tayyorlangan o’zbek milliy kuylari, vatanni madh qiluvchi qo’shiqlar, shuningdek o’zbekcha, xorazmcha, ruscha raqslar tomoshabinlarda katta taassurot qoldirdi. Raqslar ansambl bosh baletmeysteri “Mehnat shuhrati” ordeni sohibasi Noila Artiqova tomonidan sahnalashtirildi. Dirijor – O’ktam Shokarimov.
Bulbulcha — Oʻzbekiston teleradiokompaniyasi qoshidagi bolalar katta xori. Oʻzbekistonda eng mashhur va yirik bolalar xor jamoasi, xor uslubida kuylash sanʼatining faol targʻibotchisi. 1970 yil tashkil topgan, 1982 yildan "B." nomida. Badiiy rahbari va bosh xormeyster — Oʻzbekiston xalq artisti Sh. Yormatov. Tarkibida tayyorlov, kichkintoylar (7 yoshgacha), oʻrta (8—15 yoshdagi), oʻsmirlar (15—20 yoshdagi), raqs, doirachilar, folklor guruhlari mavjud. Repertuaridan mumtoz xor sanʼati (I. S. Bax, V. Motsart, F. Shubert ijodi) namunalari, rus (D. Kabalevskiy, G. Struve. A. Sokolov va boshqalar), va, ayniqsa oʻzbek kompozitorlari (M. Ashrafiy, M. Leviyev, D. Zokirov, S. Yudakov, K. Abdullayev, A. Muhammedov, F. Qodirov, M. Burhonov, R. Vildanov, R. Abdullayev, F. Alimov, N. Norxoʻjayev, A. Mansurov, D. Omonullayeva, M. Otajonov va boshqalar) asarlari keng oʻrin olgan. "B." respublika va xalqaro (Rossiya, Finlyandiya, Estoniya, Turkiya va boshqalar) xor festivallarining qatnashchisi va sovrindori. Xususan, Yugoslaviyaning Skople shahridagi "Oltin bulbulcha" Xalqaro bolalar festivali (1981, 1983, 1985), Minsk shahridagi Xalqaro bolalar xori festivali (1989) va boshqa Xor ijro etgan qoʻshiqlar gramplastinkalarda chiqarilgan, Oʻzbekiston radiosi va televideniyesi fondlarida saqlanadi
“Bulbulcha” – ansambli 1970 yilda O’zbekiston teleradiokompaniyasi qoshida tashkil topgan. Shu davr orasida yuzlab bolalar qo’shiqlari O’zbekiston radiosining “Oltin fondi”da yozilib, saqlanib kelinmoqda. Bolalar qo’shiqchilik san’atini yanada keng targ’ibot qilish maqsadida 40-yildan ziyod vaqt orasida O’zbekiston televedeniyasining turli kanallarida “Do-re-mi-fa-sol”, “Bolalalar uchun konsert”, “San’at g’unchalari”, “Qo’shig’imjon qo’shig’im”, “Birgalikda kuylaymiz” kabi o’nlab ko’rsatuvlarda faol ishtirok etgan.
“Bulbulcha” o’zining serzavq qo’shiqlari bilan chet-el tomoshabinlarining olqishlariga sazovor bo’lgan. Yugoslaviya, Finlandiya, Kongo, Turkiya kabi o’nlab mamlakatlarda tomoshabinlar qalbidan joy olganlar. Rossiya, Ukraina, Ozarbayjon, Gruziya, Armaniston va Boltiqbo’yi davlatlarda o’tkazilgan turli festival faol ishtirok etib, ko’rik tanlovlarda nechta gran pri va sovrinli o’rinlarni olishga muvaffaq bo’lgan.
“Bulbulcha” ansambli mustaqilligimizning birinchi yilidan to shu kunga qadar turli davlat tadbirlari bo’lmish “Mustaqillik”, “Navro’z” umumxalq bayrami, 8-dekabr “Konstitutsiya kuni”, 8-mart “Xalqaro hotin – qizlar kuni”, 1-oktabr “Ustoz va murabbiylar kuni” va boshqa bir qancha davlat tadbirlarda faol ishtirok etib, bolalar qo’shiqchilik san’ati rivojiga salmoqli xissa qo’shib kelmoqda
O’zbek telefilm ijodkorlarining tashabbusi bilan “Kuylovchi kartinalar”, “Sehrli nay”, “Toy bola”, “Bulbulchaning parvozi” kabi bolalar filmlari sur’atga olingan.
Ansambl deyarli har yili poytaxtimizning muhtasham “Xalqlar do’stligi” va “Turkiston” san’at saroylarida o’zining hisobot va mavsumiy konsertlari orqali minglab tomoshabinlarning yuksak e’tiroflariga va olqishlariga sazovor bo’lib kelmoqda. “Bulbulcha” ansamblida juda ko’plab san’atkorlar tarbiyalandi va tarbiyalanib kelmoqda. Ular orasida O’zbekiston halq artistlari, O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan artistlar, O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan madaniyat xodimi, “Nihol” mukofoti sovrindorlari yetishib chiqqan.
Ansamblda ko’p yillar davomida tajribali, fidoyi ustozlar ish olib borib, yosh avlodni ma’naviy tarbiyasining rivojiga katta hissa qo’shib kelmoqdalar. Ular orasida O’zbekiston xalq artisti Sh.Yormatov, “Shuhrat” ordeni sohibasi N.Artikova, “Sog’lom avlod” ordeni sohibasi D.Noipova, O’zbekiston xalq ta’limi a’lochisi G.Mansurova va O’.Shokarimovlar o’zlarining beminnat mehnati bilan ansambl rivojiga o’z hissalarini qo’shib kelmoqdalar.