Venchur biznesi. Gap innovatsion tadbirkorlik haqida ketganda, venchur biznesi haqida tasavvur hosil qilish katta ahamiyatga ega. Venchur biznesi keyingi vaqtda ancha rivojlandi va u tavakkal biznesi turiga kiradi. Biznesning bu turi yangi texnologiyalarning joriy etilishi bilan bog‘liq. Venchur biznesi yuqori texnologiya sohasida olib boriladigan ilmiy tadqiqotlar natijalarini tijoratlashtirish bilan bog‘langan. Bu sohalarda samara olinishi kafolatlanmagan. Ya'ni ma'lum tavakkalchilik mavjud. Yangi va eng yangi texnologiyalarni joriy etish bilan shug‘ullanuvchi fan-texnika firmalari venchur firmalar deyiladi. Ularning daromadi kafolatlanmagan bo‘lib, faoliyati tavakkal kapital bilan bog‘liq.
Shuni ta'kidlash kerakki, kichik korxonalar innovatsion tadbirkorlikni rivojlantirishda katta rol o‘ynaydi. Venchur biznesi egiluvchanligi bilan innovatsion ishbilarmonlikning boshqa shakllariga nisbatan qator ustuvorlikka ega. Venchur biznesi tavakkalni o‘zaro bo‘lish tamoyiliga asoslanadi. Bu esa mablag‘i bo‘lmagan g‘oya mualliflariga o‘z g‘oyalarini amalga oshirishga imkon tug‘diradi.
Venchur biznesi dastlab AQShda yuzaga kelib, keyinchalik keng rivojlanib ketdi. Har bir kichik innovatsion biznesning moddiy va moliyaviy imkoniyati fan-texnika bazasi jihatdan cheklangan bo‘lib, davlat ko‘magiga muhtojdir. AQShda kichik innovatsion biznesga davlat tomonidan yordam ko‘rsatish dasturi ishlab chiqilgan. Dasturga asosan kichik biznes bevosita federal byudjetidan moliyalashtiriladi, vazirlik va muassasalar doimiy ravishda ular bilan shartnoma tuzadilar. AQShda venchur biznesida tuzilgan kompaniyalarning aksiyalari imtiyozli narxlarda innovatsion firmalarga sotilib, olingan mablag‘lardan g‘oyalarni joriy etish uchun foydalaniladi.
O‘zbekistonda ham venchur biznesi rivojlanishiga barcha imkoniyatlar yaratilgan. Birinchi navbatda, bu qimmatbaho qog‘ozlar bozori mavjudligidir. Keyinchalik, intellektual mulk bozoriga xorijiy firmalar kirib keldi. O‘zbekiston ishbilarmonlari ham o‘z navbatida Venchur biznesiga katta qiziqish bilan qaramoqdalar.
Bular Venchur biznesi mamlakatimizda endi rivojlanayotganligidan dalolat berib, kelajakda innovatsion biznes rivojlanib ketishiga turtki bo‘ladi.