Soliqlar.Buxoro amirligida eng asosiy soliq bu yerdan olinadigan xiroj solig‘i edi. Bu soliq amlokdor va oqsoqollar ishtirokida hosil pishib yetilgan paytda hosilga qarab belgilangan. Hajmi esa hosilning uchdan, to‘rtdan ayrim hollarda beshdan bir qismi ko‘rinishida bo‘lgan. Dehqonlar amlokdor uchun o‘n botmon yerdan yarim pud kafsan solig‘ini, dorug‘alar uchun kafsani dorug‘a(hosilning kam hajmdagi ma’lum qismi) ham to‘laganlar. Undan tashqari amir dalalarni aylanganda, harbiy harajatlar paytida ham qo‘shimcha soliq va to‘lovlar olingan.
Qonuniy yer solig‘idan tashqari yer egalari har bir tanob bog‘ yoki tomorqadan maxsus tanob puli va yem-xashak yetishtiradigan yerlardan alaf puli olingan. Ular umumiy nomda tanobona deb ham yuritilgan. Bu soliqlar yerlarning bozor joylashgan joyga uzoq yaqinligiga qarab hajm jithatdan farq qilgan. Amir Nasrullo davrida amirlikning soliq tizimiga biroz o‘zgartirishlar kiritiladi. Ya’ni, poliz ekinlari ekiladigan yerlar uchun qo‘sh puli joriy etilgan. Keyinchalik bu soliq poliz ekinlari ekmaydigan boshqa yerlaridan ham olinadigan bo‘lgan.
Amirlikdagi yana muhim soliqlardan biri – zakot edi. Zakot davlatning mol-mulkidan oladigan solig‘i bo‘lib, mol-mulk narxining qirkdan bir hajmida undirilgan. Bu soliqning eng daromadli tomoni mahsulotlarga soliq solish, shuningdek, savdogarlarning mahsulot uchun olib kelgan pullariga soliq solish bo‘lgan. Zakot mahsulotlardan bir necha marta undirib olingan. Chorvachilik tumanlarida zakot mahsulot ko‘rinishida (beshta tuyadan bitta quy yoki echiki, qirqta quydan bitta quy yoki echki kabi) undirilgan.
Urushlar davrida favqulodda soliq – jul undirilgan. Undan tashqari savdo-sotiqdan dalloli, boshqa viloyatlar va davlatlardan olib o‘tilayotgan mahsulotlar uchun boj, daryodan mahsulotni qayiqda olib o‘tgani uchun suv puli, bozordagi savdo joyi uchun puli taxtajoy, bir juft omoch tortadigan ot yoki ho‘kiz uchun yaksara (bir botmon g‘alla), omoch tortadigan bitta ot yoki ho‘kiz uchun nimsara (yarim botmon g‘alla) kabi soliqlar olingan. Yangi ariqlar va kanallar qazish eskilarini tozalash uchun mahalliy aholi hasharlarga jalb etilgan. Ommaviy jamoat ishlariga ishtirok etmaganlardan shariatga ko‘ra, boqipuli deb atalauvchi jarima olingan. Soliqlar, to‘lovlar va jarimalar pul va mahsulot ko‘rinishida, mahalliy soliq yig‘uvchilar hamda amir tayinlagan kishilar tomonidan yig‘ib olingan.