O’qituvchining asosiy vazifalari va uning shaxsiga qo’yiladigan talablar. Respublika ta’lim tizimida olib borilayotgan islohotlar muvaffaqiyatini ta’minlash, ta’lim muassasalarida faoliyat olib borayotgan o’qituvchi, tarbiyachi, ishlab chiqarish ustalarining ma’naviy qiyofasi hamda kasbiy mahoratlariga ham bog’liqdir.
Shaxsni tarbiyalash ishi nihoyatda murakkab faoliyat jarayoni bo’lib, juda qadimdan ushbu faoliyatga jamiyatning yetuk kishilari jalb etilgandir. Mazkur holat yosh avlod tarbiyasi, uning tashkil etilishi mazmuni nafaqat shaxs kamoloti, balki jamiyat taraqqiyotini ham belgilashda muhim ahamiyatga ega ekanligini anglatadi.
O’zbekiston Respublikasida o’qituvchi kadrlarning ma’naviy qiyofasi, aqliy salohiyati hamda kasbiy mahoratiga nisbatan jiddiy talablar qo’ymoqda. Chunonchi, bu borada O’zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti I.A.Karimov quyidagilarni qayd etadi: “Tarbiyachi – ustoz bo’lish uchun, boshqalarning aql-idrokini o’stirish, ma’rifat ziyosidan bahramand qilish, haqiqiy vatanparvar, haqiqiy fuqaro etib yetishtirish uchun, eng avvalo, tarbiyachining ana shunday yuksak talablarga javob berishi, ana shunday buyuk fazilatlarga ega bo’lishi kerak”.
Yuqorida qayd etilgan fikrlardan bugungi kun o’qituvchisi shaxsiga nisbatan qo’yilayotgan talablar mazmuni anglaniladi. Zamonaviy o’qituvchi qanday bo’lishi zarur? O’qituvchi (pedagog) pedagogik, psixologik va mutaxassislik yo’nalishlari bo’yicha maxsus ma’lumot, kasbiy tayyorgarlik, yuksak axloqiy fazilatlarga ega hamda ta’lim muassasalarida faoliyat ko’rsatuvchi shaxs sanaladi.
O’zbekiston Respublikasi “Ta’lim to’g’risida”gi Qonunning 5-moddasi 3-bandiga muvofiq ta’lim muassasalarida sudlangan shaxslarning pedagogic faoliyat bilan shug’ullanishlariga yo’l qo’yilmaydi. Bizning nazarimizda, zamonaviy o’qituvchi bakalavr qiyofasida quyidagi fazilatlar namoyon bo’la olishi kerak (so’z yuritilayotgan sifatlar mohiyatan o’qituvchi-bakalavr tomonidan amalga oshirilishi zarur bo’lgan vazifa, burch va mas’uliyatlarini ifodalaydi):
1. O’qituvchi jamiyat ijtimoiy hayotida ro’y berayotgan o’zgarishlar, olib borilayotgan ijtimoiy islohotlar mohiyatini chuqur anglab yetishi hamda bu borada o’quvchilarga to’g’ri, asosli ma’lumotlarni bera olishi lozim.