Buxoro davlat universiteti iqtisodiyot va turizm fakulteti 3-1Agb-22
Istiqlolga erishganimizdan keyin dastlabki yillarda “Oʻzbekiston — kelajagi buyuk davlat” shiori olgʻa surildi. U amalda milliy gʻoya vazifasini oʻtadi va xalqni birlashtirishda, safarbar etishda katta rol oʻynadi. Mazkur jozibali shiorda urgʻu jamiyatga emas, davlatga berilgandi. Keyinchalik milliy gʻoya shaklan takomillashtirilganda “Ozod va obod Vatan, erkin va farovon hayot” iborasi olgʻa surildi. Unda urgʻu siyosiy tashkilotga (davlatga) emas, balki har kishi uchun, siyosiy, mafkuraviy qarashlaridan qatʼi nazar, birdek aziz Vatanga hamda shaxs va jamiyat hech qachon befarq boʻlmaydigan erkinlikka va farovonlikka qoʻyildi. Milliy gʻoyaning bunday tushunchaviy ifodasi ancha mukammallik kasb etdi.
Ammo uning mazmunini, uni amalga oshirish vazifalarini ochib berishga yetarlicha masʼuliyat bilan yondashilmadi. Ayniqsa, u islohotlarning yoʻnalishlari, sohalari, turli bosqichlari, amaldagi va ehtimoldagi muammolari bilan bogʻlanmadi. Natijada u mafkuraviy chaqiriq, quruq shior darajasida qolib ketdi. Aniq muammolar va vazifalardan yiroqligi uchun odamlarga taʼsiri asta-sekin susaya boshladi.
Katta qiziqish va xayrixohlik bilan kutib olingan “Ozod va obod Vatan, erkin va farovon hayot” bugun iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy, maʼnaviy hayotimizga real taʼsir koʻrsatayotirmi, degan savolga aniq javob berish ancha mushkul. Milliy gʻoyani jonlantirish uchun uni Uchinchi Renessans gʻoyasi bilan boyitish zarur. Faqat Uchinchi Renessansni amalga oshirib, biz ozod va obod Vatanda erkin va farovon hayotni barpo eta olamiz. Yoki, yana qulayrogʻi, Uchinchi Renessansga erishishni milliy gʻoyaning yangi ifodasi, deb eʼlon qilish maqsadga muvofiq.
Bugungi kunda koʻp millatli xalqimiz, Vatanimiz taraqqiyoti uchun, Oʻzbekistonning yangi Uygʻonish davrini yaratish yoʻlida belini mahkam bogʻlab, fidokorona mehnat qilmoqda. Bu yoʻlda ulkan orzu-umidlar, katta rejalar bilan safimizga qoʻshilayotgan yoshlarimiz — asosiy tayanchimiz va suyanchimizdir.