BUXORO ME’MORCHILIGI
Ark qal’asi Eng ko‘hna madaniy meros obyektlaridan biri Ark qal’asi bo‘lib, u qadimda Buxoro shahrining markazi hisoblangan. Buxoro arki milodning boshlarida qurila boshlanib, XVI asrda Shayboniylar sulolasi davrida ansambl holiga kelgan. Ark qal’asining barpo etilishi Eron podshosi va turk ayolining farzandi Siyovush nomi bilan bog‘liqdir. Ma’lumotlarda keltirilishicha, Siyovush Samarqand podshosi Afrosiyobdan yengilgach, shu yerda – Zarafshon daryosining quyi irmoqlaridan birining sohilida to‘xtagan va shaharning yaratilishiga asos solgan. Siyovush Afrosiyob tomonidan o‘ldirilganidan keyin Buxoroning Sharq darvozasi yonida ko‘milgan degan rivoyatlar bor. VII asrda Buxoro hokimi Bidun vayrona holiga kelgan arkni qayta tiklatgan. O‘sha davrda ark oldida katta maydon – registon, uning atrofida savdogar va zodagonlarning yuzlab qo‘rg‘onlari bo‘lgan. Hokim va uning qarindoshlari qo‘rg‘oni yonida asosiy shahar – shahriston joylashgan.
Ko‘plab me’moriy yodgorliklarni o‘zida jamuljam etgan ko‘hna Ark qal’asi ko‘p asrlar mobaynida amirlikning qarorgohi bo‘lib kelgan. Bu yerda amir, uning bosh
vazirlari, harbiy boshliqlar, amirning ko‘p sonli xizmatchilari yashaganlar. Ark
qal’asida hukmdorlar uchun saroy, ko‘rinishxona, masjid va turar-joy binolari bunyod etilgan. Ark qal’asi baland mustahkam peshtoq bilan ulug‘langan. Registon
maydonining salobati hokimiyatning buyukligini ko‘rsatgan, uni bosib olish mumkin emaslik belgisini bildirgan. Uning devorlari tevaragida shahriston joylashgan. Shahristonni savdo-hunarmandchilik maskani – rabot qurshab turgan.
Ark qal’asida Rudakiy, Firdavsiy, Abu Ali ibn Sino, Farobiy, Umar Xayyom
singari ulug‘ insonlar yashab ijod qilganlar. Ark to‘g‘risida Abu Ali ibn Sino quyida keltirilgan fikrni bildirgan: “Men bu yerdagi kutubxonada shunday kitoblarni topdimki, ularni avval ko‘rmaganman va umrimda boshqa ko‘rmadim ham. Men ularni o‘qidim va shundan keyin har bir olimning o‘z fani bo‘yicha o‘rnini angladim. Mening oldimda fanlarning tubidagi shunday eshiklari ochildiki, men ularni tasavvur ham qilolmasdim. Arkdagi kitobxonaning keyingi taqdiri sir bo‘lib qolgan. Kutubxona janglardan birida talab ketilgan bo‘lsa ajab emas”, degan ma’lumotlar bor. Ark qal’asi to‘g‘risida birinchi yozuvlar Abu Baxr Narshaxiyning (899-939- yillar) “Buxoro tarixi” kitobida ham uchraydi. Buxoro podshosi Bidun bu qal’ani qurdi, ammo u tezda buzildi, yana yangidan qurdi, u yana buzildi. Shundan keyin uzoqni ko‘ra biladigan dono kishilarni chaqiradi. Donishmandlar arkni katta ayiq yulduzi shaklida barpo etishni maslahat berdilar. Ark qal’asi ana shu shaklda quriladi, keyin esa u buzilmadi degan ma’lumotlar bor. Ark qal’asi yer ustidagi katta balandlik, u balandligi 20 m cha bo‘lgan tepalik ustiga qurilgan. Ark g‘arbdan sharqqa cho‘zilgan noto‘g‘ri to‘rtburchak shakliga ega. Janubi-sharq burchagi biroz kesilgan. U qadimiy va hamisha navqiron Buxoro shahrining g‘arb tomonida joylashgan. Qal’a devorining uzunligi 789,6 m., balandligi 16-20 m., yer maydoni 3,96 ga ni tashkil etadi. Ark qal’asi bir necha marta ta’mirlangan va qayta qurilgan. Ko‘tarila boruvchi yo‘l (pandus) orqali arkning g‘arb tomonidan ulkan yog‘och darvoza (XVI asr) orqali ichkariga kiriladi. Pandusning uzunligi 20 m ni tashkil etadi. Uning ikki yoni massiv toshli piramida bilan o‘ralgan. Ark qal’asi peshtoqining ikki tarafidagi burchaklardagi minorachalar – “guldastalar” konstruksiyasi va ular oralig‘idagi uch qavatli bino yaxshi saqlangan. Ark ichkarisiga olib kiradigan uzun dolon – yo‘lakning chap devorida 12 ta va o‘ng
devorida 13 ta taxmon-tokcha joylashgan. Chap tomondagi tokchalarning ba’zilarida zindonga kiradigan eshikchalar bor. “Guldasta”lar tagida xavfli jinoyatchilar saqlanadigan zax va dim yerto‘la – kanaxonalar bo‘lgan. Dolonning o‘ng tomonidagi o‘rta tokchada afsonaviy qahramon Siyovush arvohiga Navro‘z bayramlarida chiroq yoqilgan. Amir saysxonasiga (otxonasiga) ham shu yerdagi zinadan kirilgan (otxona mahbuslar joylashgan xonalar ustida bo‘lgan). Dolondan chiqaverishda to‘pchi boshining mahkamasi, shu yerdagi ayvon tagidagi yerto‘lada esa qiynoqxona bo‘lgan. Undan sal narida (g‘arbiy burchakda) XVIII asrda peshayvonli Juma masjidi qurilgan. Masjid devorlarini ichki tomonidagi naqshlar orasiga Qur’on oyatlaridan bitilgan. Peshayvon shipi murakkab girrix naqshlar bilan bezatilgan. Ark qal’asining shimoli-g‘arb burchagida to‘pchi boshining uyi joylashgan. Masjidning sharq tarafida oshxona, orqa tarafida zarbxona (oltin, kumush va chaqa tangalar zarb qiladigan xona) joylashgan. Zarbxonaning shimoli-sharqida zargarxona, janubida devonbegining mahkamasi va qushbegiga qarashli binolar bo‘lgan (ba’zi binolar hozir ham bor). Juma masjididan boshlangan tor yo‘lak qushbegi hovlisi orqali chorsuga tutashgan. Chorsuning chap tomonida tosh yotqizilgan katta hovli – ko‘rinishxona o‘rnashgan. U yerda elchilar qabul qilingan va amirlarning taxtga o‘tirish marosimlari o‘tkazilgan. Hovliga kiraverishdagi naqshli peshtoq 1605-yilda qurilgan. Hovlining uch quyosh tushar tomoni peshayvon bilan o‘ralgan. Oldingi peshayvonda ikki qator naqshli ustunlar bo‘lib, ularning qoshi pastdan yuqoriga yo‘g‘onlashib boruvchi muqarnaslar bilan bezatilgan. Nurota marmaridan qilingan taxt ana shu ayvondagi taxtiravon tagida turgan. Hovlining janub tomonida Mehmonxonai Rahimxoniy va qorixona qurilgan (XVIII asr). Bu binolar tagida yerto‘lalar bo‘lib, ularda xazina saqlangan. Arkning g‘arb tomonidagi hovlida mirzalar va xizmatchilar uchun ikki qavatli binolar qurilgan. Sal narida salomxona, undan Sharq tomonda mehmonxonalar, mansabdorlarga qarashli boshqa binolar (miyon hovli) joylashgan. Janubroqda hammom, uning Sharq tomonida kichkina masjid qurilgan, ular hozirgacha saqlangan. Arkning markazida o‘rda (amirning xotinlari turadigan uylar), shimolida qushbegi xotinlari turadigan uylar joylashgan. Hammomning sharqida duxtarxona – amir haramidagi qizlar uylari o‘rnashgan. Shimoli-sharqiy burchakda Chil duxtaron masjidi va Battol g‘ozi mozori bo‘lgan. Arkning sharqiy devori bo‘ylab g‘ulombachchalar (soqchilar) xonasi, janubi-sharqiy burchakda dorixona (o‘q-dorilar xonalari) joylashgan. Hozirgi paytda bu binolarning taxminan 20%i saqlangan. Arkning g‘arbiy devoridan boshqa hamma devorlari va ularning burchaklardagi minoralar buzilib ketgan. Ark ansambli mustaqillik yillarida so‘nggi bor restavratsiya qilingan. Agar Buxoro shahrining me’moriy yodgorliklarini o‘rganmoqchi bo‘lsangiz, ishni Ismoil Somoniy maqbarasi (IX-XII asrlar) bilan tanishishdan boshlagan ma’qul. Ushbu maqbara Buxoro Arkining g‘arb tomonida, undan uzoq bo‘lmagan yerda joylashgan. 1993-yilda Buxoro shahrining tarixiy markazi (1-sessiya, Kolumbiya) “Butunjahon madaniy meroslari ro‘yxati”ga kiritilgan. Ismoil Somoniy maqbarasi O‘rta Osiyoda Somoniylar davri
me’morchiligining nodir namunalaridan biri bo‘lgan bu tarixiy obida Ismoil Somoniy tomonidan bunyod etilgan. Ismoil Somoniy shaxsi haqida gapiradigan
bo‘lsak, u Buxoroda Somoniylar davlatiga asos solgan yirik siyosiy arbob hisoblanadi. Ismoil Somoniy 848-yil Buxoro shahrida tug‘ilgan, 874-yilda somoniylarning Buxorodagi noibi, 888-yildan esa butun Movarounnahrga hokim
bo‘lgan. Ismoil Somoniy markaziy hokimiyatni mustahkamlash siyosatini olib borib, turli yerlardan ulamolar, adiblar, usta va hunarmandlarni Buxoroga to‘plagan. Madaniyat rivojiga katta hissa qo‘shgan. Bag‘dod xalifalaridan ibrat olib, o‘ziga ulkan maqbara qurdirgan. 893-yilda Tarozga yurish qilib shimoliy chegaralarni mustahkamlagan. 900-yilda Movarounnahr va Xurosonni birlashtirgan. Me’moriy obida bunyod etilgan davrda O‘rta Osiyoda arab xalifaligidan mustaqil mahalliy davlatlar tashkil topa boshladi. Xurosonda Tohiriylar, Movarounnahrda esa Somoniylar davlati vujudga keldi. Mahalliy davlatlar yagona markaz atrofida birlashtirilib, ilm-fan yuksalgan. 874-yilda Ismoil Buxoro noibi etib tayinlandi. Bu paytda Movarounnahrda akasi Nasr hukmronlik qilayotgan edi. Nasr va Ismoil o‘rtasidagi munosabatlar 888-yilda buziladi va bu urushga olib keladi. Urushda g‘alabaga erishgan Ismoil butun Movarounnahrga hokim bo‘lib oladi. 893-yilda u Tarozga yurish qilib Shimoliy chegaralarni mustahkamlagan. Ismoil Somoniy maqbarasi o‘rta asrlarning rivojlangan davrida (IX-X asr), 864-868-yillar oralig‘ida, hozirgi Buxoroning eski shahar qismida qurilgan. Inshoot qabr vazifasini bajarganligi sababli, uning intereri uch pog‘onali
(to‘rtlik – to‘rt devor, sakkizlik – devordan tomga o‘tish qismi va gumbaz – tom
ko‘rinishdagi) bir xonali kvadrat shaklni tashkil qilgan. Uning qurilishida pishgan g‘isht, tosh va yog‘ochdan foydalanilgan. Maqbaraning dizayniga to‘xtaladigan bo‘lsak, jimjima g‘ishtin bezaklari chiviqli to‘siq yoki qamish, bo‘yra to‘qimasini eslatadi. Devor qalinligi – 1,8 m., tarhi – tashqarisi 10,80x10,70 m., ichkarisi 7,20x7,20 m. Usti gumbaz bilan qoplangan. To‘rt burchagi ustunsimon shaklda ishlangan, gumbaz atrofiga 4 qubba o‘rnatilgan. Devor tepasida kungirasimon darcha (40 ta). Har bir darcha hoshiyalangan. Ravoq tepasidagi qanos g‘ishtin
tangachalar marjoni bilan chegaralangan. Ikki chetiga maydamayda g‘ishtdan chorsu tumor yasalgan. Bino ichkarisi tashqaridagi bino bilan uzviy bog‘liq bo‘lib, uslub jihatidan bir xil. Ichki devor gumbaz osti bag‘alidagi ustma-ust ravoqchalar –
ustunchalarga tayangan. Ravoqchalar 8 qirrali gumbaz asosini tashkil qiladi. Qirralar burchagiga gumbazga tirgaklik qiluvchi ustunchalar ishlangan. Arxeologik qazilma vaqtida (1927) xona sahnida 2 yog‘och sag‘ana borligi aniqlangan. Ismoil Somoniy maqbarasi 4 tomoni bir xil chordara shaklida, uning tuzilishida qadimiy sug‘d me’morchiligining an’analari saqlanib qolgan buyuk me’moriy asar. Ismoil Somoniy maqbarasi jahon me’morchilik va binokorlik maktablarining noyob asari hisoblanadi. Tengi yo‘q bu arxitekturaviy yodgorlikni arxitektorlar va binokorlar faxr bilan tilga oladilar, tarixchilar yaratilishini o‘rganadilar, san’at ahli esa uning tasvirlarini turli xil buyumlarda sevib aks ettiradilar. Ismoil Somoniy maqbarasi IX asrda Buxoroda me’morchilik san’ati, binokorlik texnikasining naqadar yuksalganligini va rivojlanganligini ko‘rsatadi. Ana o‘sha davrdan boshlab binokorlikda yuqori sifatli pishgan g‘isht, albastrli qorishmalar ishlatilgan.
Ushbu nodir obidani tiklashgacha bo‘lgan davrda Buxoroda matematik bilimlar, xususan geometriya juda yaxshi rivojlangan. Professor M.Bulatov tomonidan uni barpo etishda qo‘llanilgan handasa qoidalari va qonuniyatlarini o‘rganish asosida doktorlik dissertatsiyasi yozilganligi ham bejiz emas. Hali inshootning o‘rganilmagan qanchadan-qancha qirralari, qonuniyatlari, qoidalari, qurilish usullari bor. Yuksak professional darajada barpo etilgan bu tarixiy yodgorlik o‘sha davrdagi eng tajribali quruvchilarni, eng qobiliyatli me’morlarni loyihalash va qurilish usullari bilan qurollantirganligi, ularning bilim va malakalarini nechog‘lik oshirganligi sir emas. Ismoil Somoniy maqbarasi markazlashma inshoot bo‘lib, uning asosiy hajmini to‘rt devori ko‘tarilgan sari bilinar-bilinmas yengil qiyshaytirilgan kub va fazoviy gumbaz tashkil qiladi. Devor kvadratlari bilan gumbazni tutashtiruvchi konstruksiya inshootning o‘ziga xos jihatlaridan hisoblanadi. Maqbaraning barcha fasadlari bir xilda bajarilgan. Devorlar ichkari va tashqi tomondan bezakli qilib yuqori sifatli pishgan g‘ishtdan bejirim terilgan, qurilishda o‘ymakorlik usullaridan ham foydalanilgan. Dekorativ g‘isht terimi inshootga yengillik ifodasini baxsh etgan. Kirish eshik proyomlari strelka shaklidagi arka ko‘rinishida bajarilgan. Bu yechimlar, ayniqsa, strelkali arka va gumbazli tom konstruksiyalari, keyingi davrda nafaqat Buxoro me’morchiligida, balki butun Markaziy Osiyo me’morchiligida ham ko‘p ishlatilgan. Zaruriyati tug‘ilgan gumbazli yopmalarni ishlatishning ijobiy tomonlari ko‘pdir. Ulardan biri shundan iboratki, o‘sha davrda uzoq vaqtga chidaydigan konstruksiyalarning egilish qismlarida ham yaxshi ishlaydigan temirbetonga o‘xshagan buyum va konstruksiyalar deyarli mavjud bo‘lmagan. Shu sababli ham tom yopma shunday ko‘rinishda bajarilganki, u shakl bo‘yicha bunyod etilgan har qanday konstruksiya asosan siqilishga ishlagan. Natijada inshootlarning proyomlari ko‘rsatkichli arka shaklida, tom yopmalari esa gumbaz shaklida g‘isht terimidan mustahkam qilib tiklangan. Boshqa tomondan, quruq va issiq iqlimli, quyoshning katta radiatsiyasi yerga tushadigan sharoitda gumbazli yechim samaralidir. Quyosh nuri gumbazli tomning faqat qaysidir bir bo‘lakchasiga tik tushib, o‘sha qisminigina ko‘p isitadi; shu vaqtda gumbazli yopmaning qolgan qismlariga radiatsiya tik tushmaydi va tom ko‘p isimaydi. Gumbazli yopmaning uchinchi jihati shundan iboratki, bunday sirtdan issiqlik tez ketib, tom tezda soviydi. Shamol esganda esa, bu jarayon yana ham intensivlashadi. Ismoil Somoniy arxitekturaviy yodgorligi XI asrdan ortiq vaqt ichida yaxshi holda saqlanib qolgan. U jahon arxitekturasining takomillashgan asari, «Sharqning me’moriy durdonasi» degan nomlar bilan ham ataladi. Yodgorlik arablargacha bo‘lgan davr an’anasi asosida bajarilgan bo‘lsa-da, u nafaqat Buxoroda, balki Markaziy Osiyo me’morchiligida ham yangi stil, yangi shakl va yangi yechimlarni yaratishning keying taraqqiyotini aniqlab bergan. Bino gumbazining o‘rtasida yorug‘lik tushishi va issiq havoning chiqib ketishi uchun gumbazcha bilan yopilgan baraban konstruksiya o‘rnatilgan bo‘lib, uning yon tomonlariga arkali proyomlar qo‘yilgan. Inshoot devorlarining tashqi burchaklari
naqshli ustunlardan, devorlar va kirish eshiklarining arkalari esa bezakli, jilo berilgan g‘ishtlardan mohirona ishlangan. Gumbazli bino intereri bilan chuqurroq tanishilsa, uni yaratish san’ati oldingi vaqtlardan boshlanganligiga va an’anaga aylanganligiga ishonch hosil qilinadi. Yodgorlikning arxitekturaviy tahlili uni Eron, Mesopotamiya me’morchiligi bilan genetik bog‘liqlikda ekanligidan guvohlik beradi. Bu inshootda bir necha tektonik yechimlar bir butunlikda, yaxlitlikda ishlab chiqilganligini inkor etib bo‘lmaydi. Turar-joy va madaniy arxitektura asoslaridan ishonch bilan foydalanganlik ushbu inshoot misolida Buxoro me’morchilik maktabining o‘sha davrda yuksak darajada rivojlanganligini ko‘rsatib turibdi. Demak, Ismoil Somoniy maqbarasining hajm – samoviy va konstruktiv strukturasi undan keyin qurilgan gumbazli binolarning rivojlanishini aniqlab bergan. Me’moriy naqshlar, chiroyli jimjimador bezak elementlari, nihoyatda go‘zal va bejirim badiiy ifodalar o‘sha davrda g‘isht terish san’atining gullab-yashnaganligidan dalolat beradi. Maqbaradagi g‘ishtlarning yuksak badiiy did bilan terilganligi uning jahon me’morchiligi ajoyib durdonalari silsilasidan o‘rin olishiga asos yaratgan. Maqbara gumbazsimon, Movarounnahr va Xuroson me’morchiligining o‘ziga xos “Chor” uslubida qurilgan. Me’moriy obidaning o‘ziga xos tomoni shundaki, u O‘rta Osiyo arxitektura va san’at tarixidagi dastlabki maqbaralardan biridir. Ismoil Somoniy maqbarasi loyihasidan tortib, hajmiy tuzilishigacha geometrik tartib asosida yaratilganligi uning boshqa maqbaralardan farqlantiruvchi xususiyatidir. Maqbara o‘z davrida somoniy amirlari dafn etilgan daxma hisoblangan. Hozirgi kunda me’moriy inshoot atroflari bog‘ga aylantirilgan. U arxiologik qazishmalar orqali topilganligi uchun 60-50 sm pastda joylashgan. Bugungi kunda bu inshoot islom dunyosi ma’rifatparvarlari va allomalarining diqqat-markazida hamda turistlarning sayohatgohiga aylangan.
Maqbaraga O‘zbekiston hukumati tomonidan berilayotgan e’tiborga to‘xtaladigan bo‘lsak, 1997-yilda Buxoro shahrining 2500 yilligi munosabati bilan Buxorodagi barcha obidalar qatorida Ismoil Somoniy maqbarasi ham qayta ta’mirdan chiqdi. YUNESKO tashkilotining Butun Jahon yodgorliklari ro‘yxatiga kiritildi. 1993-
yilda Buxoro shahrining tarixiy markazi (1-sessiya, Kolumbiya) “Butunjahon madaniy meroslari ro‘yxati”ga kiritilgan. 2000-yil 30-avgustda “Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risi”dagi qonun qabul qilindi. Davlatimiz tomonidan qabul qilingan ushbu qonunlar me’moriy inshoot muhofazasining huquqiy kafolatidir. Minorai Kalon Minorai Kalon (Katta Minora)
me’morchilik namunasi Qoraxoniylar davlatining Movarounnahrdagi amiri Arslon
Bug‘roxon tomonidan bunyod etilgan. Arslon Bug‘roxon Muhammad ibn Sulaymon (to‘liq ismi Muhammad ibn Sulaymon ibn Dovud Kuchtegin ibn
Tamg‘achxon Ibrohim, ?-1130-1131) – Movarounnahr hukmdori (1102-1130).
Qoraxoniylardan bo‘lgan bu amir Barqiyoruq vassalli Sulaymonteginning o‘g‘li
bo‘lgan. U 1102-yil Samarqand taxtiga Arslonxon unvoni bilan o‘tqazilgan. 12 ming mamlukdan iborat qo‘shin tuzib Dashti Qipchoqqa bir necha bor harbiy yurishlar qilgan. Umrining oxirida falaj bo‘lib qolganligi tufayli taxtni o‘g‘illari – dastlab Nasr, so‘ng Ahmad bilan hamkorlikda boshqargan. Samarqand Saljuqiylar tomonidan egallangach (1130-yil,13-mart), Arslonxon Balxga jo‘natiladi va ko‘p vaqt o‘tmay o‘sha yerda vafot etadi. U Mavrdagi o‘zi qurdirgan madrasaga dafn etilgan. Arslonxon davrida madaniy hayot bir muncha rivojlangan. Buxoro va uning viloyatida ko‘plab binolar qurdirgan. Bulardan: Jarqo‘rg‘on minorasi va Masjidi Kalon yonidagi minora hozirgacha saqlangan. Me’moriy obida bunyod etilgan davrdagi tarixiy shart-sharoitga to‘xtaladigan bo‘lsak, Qoraxoniylar tomonidan 992, 996, 999-yillarda Movarounnahr tomon uyushtirilgan yurishlar natijasida Somoniylar hukmronligi tugatildi. Bu davrda Saljuqiylar g‘aznaviylarga xavf sola boshlaydi. Saljuqiylar bilan jiddiy kurash boshlanadi. Qoraxoniylarning mahalliy hukmdori Ibrohim Bo‘ritegin 1038-yilda Amudaryo bo‘yi viloyatlari – Xuttalon, Vaxsh va Chag‘aniyonni g‘aznaviylardan tortib oladi. Ko‘p vaqt o‘tmay u Movarounnahrni va Farg‘onani o‘ziga bo‘ysundirib, mustaqil siyosat yurita boshlaydi. Natijada qoraxoniylar ikki mustaqil davlatga ajralib ketdi. Biri poytaxti Bolasog‘unda bo‘lgan Sharqiy qoraxoniylar, ikkinchisi markazi Samarqandda bo‘lgan Movarounnahrdagi Qoraxoniylar davlati edi. Bu davrga kelib siyosiy jihatdan tobora zaiflashib borayotgan Qoraxoniylar davlati o‘zining avvalgi mavqeyini yo‘qotib, saljuqiylar tayziqiga uchraydi va unga qaram bo‘lib qoladi.
Minorai Kalonning bunyod etilishi o‘rta asrlarning rivojlangan davriga (XII asr), aniqrog‘i, 1127-yilga to‘g‘ri keladi. Me’moriy obidaning qurilishida tosh, maxsus qir qotishmasidan, chorsu pishiq g‘ishtidan, loy, taxta va boshqa bir qator ashyolardan foydalanilgan. Uning dizayni haqida gapiradigan bo‘lsak, balandligi 50 metr, aylanma eni 9 metr. Minoraning salla shaklidagi yuqori qismi g‘isht o‘ymakorligi bilan bezatilib, karniz holiga keltirilgan. O‘qsimon tirgak o‘rtasida Arslonxonning nomi hamda binokor ustaning ismi (usta Baqo) bitilgan. Minora ichida g‘ishtin aylanma zinapoya bo‘lib, mezanaga olib chiqadi. Kursisi qirrador, tanasi g‘o‘lasimon, tepasi gumbazli davra qafasa-ko‘shk bilan bog‘langan. Minora yuqoriga ingichkalashib boradi va muqarnas bilan tugaydi. Qafasasidagi 16 ravoqli darchalar orqali atrofni kuzatish mumkin. Tepaga minora ichidagi 104 aylanma zinapoya orqali chiqiladi. Masjidi Kalon tomonidan minoraga o‘tiladigan ko‘prikcha bo‘lgan. Minorai Kalonning o‘zagi ham, bezagi ham chorsu pishiq g‘ishti (27x27x4x5 sm) ganchxok loyida terilgan. Bezak g‘ishti o‘rniga qarab
turli shaklda, sirti silliq pardozlangan. Ustma-ust joylashgan turli xil handasiy
shakldagi bejirim bezakli halqalari g‘ishtin dandanalar bilan hoshiyalangan. Bezaklar orasida tarixiy-diniy mazmundagi kufiy yozuvlar uchraydi. Muqarnas ostidagi moviy rang sirkor halqalarning har biri turli xil handasiy shaklda bezatilgan (keyinchalik to‘kilib ketgan). Me’moriy obidaning uslubi haqida gapiradigan bo‘lsak, inshoot pishiq g‘ishtdan Sharq an’analarining naqshdor shakllar uslubida ishlangan. Me’moriy inshootning o‘ziga xos tomoni shundaki, u Buxoro shahrida qad ko‘targan boshqa inshootlardan o‘zining me’moriy yechimi bilan ajralib turgan. Bundan tashqari, me’moriy inshoot balandligi jihatidan ham boshqa me’moriy inshootlardan ajralib turgan. Minora o‘z davrida muazzin uchun azon aytish joyi vazifasini o‘tagan bo‘lsa, harbiy maqsadlarda esa kuzatuv obyekti ham bo‘lganligi tarixiy manbalarda saqlanib qolgan. Minoraning bugungi kungacha bo‘lgan holatlari haqida gapiradigan bo‘lsak, tanasi va muqarnaslari ta’mir etilgan (1924). Yer ostidagi asosi (kursisi) usta Ochil Bobomurodov tomonidan ochib ta’mirlangan (1960). Buxoro shahrining 2500 yilligi munosabati bilan Minorai Kalonda ham ta’mirlash ishlari olib borildi (1997). Bundan tashqari, me’moriy inshoot atroflari obod etilib, ko‘kalamzorlashtirilgan. Me’moriy obidaga xalqaro tashkilotlar tomonidan berilayotgan e’tiborga to‘xtaladigan bo‘lsak, YUNESKO tashkilotining Butun Jahon yodgorliklari ro‘yxatiga kiritildi. 1993-yilda Buxoro shahrining tarixiy markazi (1-sessiya, Kolumbiya) “Butunjahon madaniy meroslari ro‘yxati”ga kiritilgan. 2000-yil 30-avgustda “Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risida”gi qonun qabul
qilindi. 2008-yil 12-sentabrda “Muzeylar to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. Davlatimiz tomonidan qabul qilingan ushbu qonunlar me’moriy inshoot muhofazasining huquqiy kafolatidir. Vobkent minorasi Buxoro viloyatining Vobkent tumanida joylashgan Vobkent minorasi Qoraxoniylarning Boxorodagi noibi Sadr Burhoniddin Abdulaziz II tomonidan bunyod etilgan. Sadr Burhoniddin Abdulaziz II Qoraxoniylar davridagi amaldorlardan biri. Tug‘ilgan yili ma’lum emas. 1199-yil G‘ijduvonda vafot etgan. XII asrda Qoraxoniy hukmdorlari ham islom dinini qabul qilgan bo‘lib, diniy yer-mulklarga ham e’tibor Somoniylar
davridagi darajaga ko‘tarilgan. Burhoniddin Abdulaziz XII asrning so‘nggi choragida Buxoroda sadr – vaqf yerlarining boshqaruvchisi lavozimiga tayinlangan. U Abduxoliq G‘ijduvoniyning muridlaridan biri bo‘lgan va
Vobkent minorasi ham G‘ijduvoniy tashabbusi va mablag‘i evaziga qurilgan.
Rus tadqiqotchisi I.I.Ulyanovning ma’lumotlariga qaraganda, Sadr Abdulaziz II
Abduxoliq G‘ijduvoniyning taklifi bilan bu yerda dastlab, 1190-yillarning boshida
masjid qurdirgan. Arxeologik tadqiqotlar natijasida masjidning kattaligi 22/18 metrni tashkil qilganligi aniqlandi. 1196-yilda masjidning chap yonida muazzin azon aytishi uchun minora qurilishi boshlanadi va 11 oyda uning qurilishi yakunlanadi. XVI asrda, shayboniylar hukmronligi davrida masjidning o‘ng tomonida madrasa quriladi. XX asrning boshlarida esa eng dastlabki inshoot hisoblangan masjid buzilib ketgan. Minora rivojlangan o‘rta asrlar davrida, 1196-1197-yillar oralig‘ida bunyod etilgan. Uning qurilishida har xil o‘lchamdagi pishgan g‘isht, tosh, maxsus “qir” qotishmasi va shu kabi mahsulotlardan foydalanilgan. Inshoot O‘n ikki qirrali supa asosga o‘rnatilgan g‘o‘la (quyi qismining diametri 6,19 m., yuqori qisminiki – 2,81 m.) shaklida rangdor, pishiq g‘ishtlardan qurilgan. Bir paytlar yonida mavjud bo‘lgan masjid tomonidan kirib, yuqoriga aylanma zinapoya orqali chiqilgan. Bo‘rtma naqshli 10 belbog‘ bilan qismlarga ajratilgan, har bir qismi birbiriga o‘xshamaydigan qilib g‘isht terib naqshlangan, quyisidagi naqshlar orasida qurilgan yili va qurdirgan shaxs (Sadr Burhoniddin Abdulaziz II)ning nomi kufiy uslubida yozilgan. Minoraning uchi kengaytirilib, qafasa ishlangan (diametri 3,66 m), g‘isht terib ishlangan 10 ravoq orasida 10 darcha hosil qilingan, darchalarning quyisi g‘isht panjara bilan to‘silgan. Minoraning tashqi ko‘rinishi ko‘p jihatdan Minorai Kalonga o‘xshaydi, lekin muqarnaslari ancha sodda. Minora supasi tuproq ostida qolgan, qurilgan paytida uning balandligi 2,3 m bo‘lganini arxeologik tadqiqotlar ko‘rsatadi. Minoraning umumiy balandligi esa 40,3 metr. Minora Sharq me’morchilik an’analarini o‘zida mujassamlashtirgan, minora uslubida bunyod etilgan. 2004-yil minora qafasasining tepa qismi yopildi va hozirda minora yonida saqlanib qolgan madrasa mahalliy aholining e’tiqodi uchun masjid vazifasini o‘tab kelmoqda.
Ulug‘bek madrasasi (Buxoro) Buxoro shahrida joylashgan Ulug‘bek madrasasi Muhammad Tarag‘ay Ulug‘bek tomonidan bunyod etilgan U Amir Temurning kenja o‘g‘li Shohruxning to‘ng‘ich o‘g‘li bo‘lib, 1394-yil 22- martda Eronning Sultoniya shahrida tug‘ilgan. U 1409-yil otasi Shohruxning yordamida Movarounnahr taxtini egallaydi va u yerda 40 yil, 1449-yilgacha hukmronlik qilgan. U buyuk olim bo‘lib, astronomiyaga oid “Ziji jadidi Ko‘ragoniy” asarini, tarixga oid “To‘rt ulus tarixi” asari va musiqaga oid 5 ta risola yozgan. Madrasa qurilishi o‘rta asrlarning so‘nggiga to‘g‘ri keladi. U XV asrning birinchi choragida, ya’ni 1417-yilda qurib bitkazilgan. Temuriylar sulolasi hukmronligi davrida bunyod etilgan bu obida Buxoro shahrining eski shahar qismida, Abdulazizxon madrasasi ro‘parasida bunyod etilgan. XV asrning birinchi choragida Movarounnahrda Temuriylar o‘rtasida taxt uchun kurash kuchayib ketdi. Movarounnahr va Xurosondan tashqari barcha hududlar Temuriylar qo‘lidan chiqib ketdi. Me’moriy obidaninng qurilishida guvala va paxsadan tashqari xom va pishiq g‘isht, yog‘och (tut va yong‘oq daraxti)lardan keng foydalanilgan.
Me’moriy inshootdagi (dizayn) ustunlar, derazalar, devorlar ganch o‘ymakorligi
asosida ishlangan. Shiftlar g‘isht o‘ymakorligi asosida naqshlangan. Bosh tarzida
mahobatli peshtoq, 2 qanotida 2 qavatli hujralar va burchaklarida guldastalar
joylashgan. Guldastalar tepasi qubbali qilib ishlangan. Madrasaning asosiy bezagi
peshtoqida bo‘lib, unda sirkor g‘ishtchalardan tashqari, rang-barang gulli parchin va koshindan foydalanilgan. Hovlining shimoliy va janubiy tomonlari qisqaroq
ko‘rinishga ega bo‘lib, devorlari, ravoq va peshtoqlari oq, feruza va binafsha rang va sirkor g‘ishtlar bilan pardozlangan. Hujralar ichi ganch suvoqli. Madrasa 53 metrga 41,6 metrni tashkil etadi. Masjid 15,5 metrga 5,5 metrni tashkil etadi. Darsxona esa 5,5 ga 5,5 metrni tashkil etadi. Madrasa eshigining tabaqalariga arab yozuvida “Ilm olish har bir muslim va muslima uchun farzdir” deb yozib qo‘yilgan. Bundan tashqari peshtoqda Amir Temur davrida Erondan keltirilgan ustaning avlodi Ismoil ibn Tohirning nomi ganchkor va turli bezaklar asosida yozilgan nasta’liq xatida saqlanib qolgan. Naqshlarida yulduzsimon bezaklar ko‘p va ayvon ustunlari zarhallangan. Me’moriy inshoot Sharq an’analarini o‘zida mujassamlashtirgan gumbazsimon, arkli, to‘rtburchak va “Chor” uslubda qurilgan.
Madrasaning o‘ziga xos tomonlaridan biri shundaki, u balandligi jihatidan
Buxorodagi boshqa madrasalarga qaraganda pastroq va hujralarining ko‘pligi bilan
alohida ahamiyat kasb etadi. Bu Ulug‘bek tomonidan qurdirilgan dastlabki
madrasadir. Madrasaning boshqa madrasalardan farqi shundan iboratki, uning ikki
chetida minoralar mavjud emas. Xonaqoh pesh ayvonlari esa 8 tani tashkil qiladi.
Bugungi kungacha me’moriy obida atroflarida bog‘lar tashkil qilingan. Bizgacha Ulug‘bek madarasasi ancha o‘zgargan holda yetib kelgan. 1950-1970 va 1990-1996-yillarda ta’mirlangan. Madrasaning ta’mir talab yerlari qayta rekonstruksiyadan chiqarilgan. Madrasa ko‘chasiga esa o‘rta asr uslubida toshlar
yotqizilib, yo‘llar hosil qilingan. Hozirgi kunda madrasa ochiq osmon ostidagi muzey sifatida chel el sayyohlari hamda O‘zbekistonlik milliy madaniy merosga
qiziquvchilarning ziyoratgohiga aylangan. O‘zbekiston hukumati tomonidan berilayotgan e’tiborga to‘xtaladigan bo‘lsak, 1997-yilda Buxoro shahrining 2500 yilligi munosabati bilan Buxorodagi barcha obidalar qatorida Ulug‘bek madrasasi ham qayta ta’mirdan chiqdi. YUNESKO tashkilotining Butun Jahon yodgorliklari ro‘yxatiga kiritildi. 1993-yilda Buxoro shahrining tarixiy markazi (1-sessiya, Kolumbiya) “Butunjahon madaniy meroslari ro‘yxati”ga kiritilgan. Me’moriy inshoot rivojlangan va so‘nggi o‘rta asrlarning eng yirik ta’lim muassasasi bo‘lgan. Abdullaxon II davrida Jo‘ybor shayhi Xoja Sa’d tomonidan (1586) butunlay qayta tiklangan va yirik madaniyat va ma’rifat maskani vazifasini o‘tagan. Manbalarda aytilishicha, Ulug‘bek 1419-yil 28-noyabrda madrasaga tashrif buyurgan va ta’lim olayotgan talabalarga in’omlar ulashgan. Ulug‘bek madrasasi (G‘ijduvon) Buxoro viloyatining G‘ijduvon tumanida joylashgan Ulug‘bek madrasasi Muhammad Tarag‘ay Ulug‘bek tomonidan bunyod etilgan U Amir Temurning kenja o‘g‘li Shohruxning to‘ng‘ich o‘g‘li bo‘lib, 1394-yil 22-martda Eronning Sultoniya shahrida tug‘ilgan. U 1409-yil otasi Shohruxning yordamida Movarounnahr taxtini
egallaydi va u yerda 40 yil, 1449-yilgacha hukmronlik qilgan. U buyuk olim bo‘lib, astronomiyaga oid “Ziji jadidi Ko‘ragoniy” asarini, tarixga oid “To‘rt ulus tarixi” asari va musiqaga oid 5 ta risola yozgan. Madrasa qurilishi o‘rta asrlarning so‘nggiga to‘g‘ri keladi. U XV asrning birinchi yarmida, ya’ni 1414-1433-yillarda qurib bitkazilgan. Temuriylar sulolasi hukmronligi davrida bunyod etilgan bu obida Buxoro viloyatining G‘ijduvon tumanida bunyod etilgan. Madrasa qurilishida xom va pishgan g‘isht, loy, yog‘och, maxsus “qir” qotishmasidan va shunga o‘xshash ashyolardan foydalanilgan. Madrasa bir qavatli, murabba tarhli (33x30 m), masjid, darsxona va yotoqxonadan iborat. Peshtoqi chuqur ravoqli. O‘rtada miyonsaroy, 2 yonida masjid va darsxona (8x4,6 m), burchaklarida guldasta joylashgan. Miyonsaroy to‘ridagi eshikdan hovliga chiqiladi. Hovli (15x13 m)ning 2 yonida 5 ta hujra bo‘lib, uning 4 tasi murabba tarhli, tomi qubbali. Bizgacha Ulug‘bek madrasasining bosh tarzi (XV asr), unga tutashgan ayvon va minora saqlangan. 1933-yilda V.Shishkin, V.Nil’sen va I.Notkinlar arxeologik tadqiqotlar asosida madrasaning o‘lchamlarini aniqlagan. Bosh
tarzida Ulug‘bek nomi va qurilgan sanasi yozilgan. Madrasaning g‘arbida shayx
Abduxoliq G‘ijduvoniy qabri joylashgan. G‘ijduvoniyning 890 yilligi (1993)
munosabati bilan Ulug‘bek madrasasi ta’mirlangan. Bosh tarzi Peshtog‘i yoniga
ustunli, tekis tomli ayvon (bostirma) qurilib, ichi koshin bilan bezatilgan, peshtoq
yonlaridagi hujralarga bosh tarzidan kiriladigan eshik, tobadonlarga ganchkori
panjaralar o‘rnatilgan. Madrasa qo‘shminorali, Sharq an’analarini o‘zida mujassamlashtirgan, gumbazli, arkli, “Chor” uslubida qurilgan. Uning o‘ziga xos tomonlaridan biri esa, Ulug‘bek tomonidan Samarqand va Buxoroda qurilgan madrasalarning eng kichik va soddarog‘i. Bundan tashqari, madrasa bu davrda qurilgan boshqa me’moriy obidalardan o‘zining me’moriy yechimi bilan ajralib turgan. Madrasa o‘z davrida tolibi ilmlarga ma’rifat tarqatadigan ilm maskani vazifasini bajargan bo‘lsa, darveshlar va musofirlar uchun boshpana ham bo‘lgan.
Mustaqillik yillarida Abduxoliq G‘ijduvoniyning 890 yilligi (1993) munosabati
bilan Ulug‘bek madrasasi ta’mirlangan. Serhasham naqshinkori bezaklari tiklangan. G‘ijduvoniy daxmasi ustiga 2003-yili tomi ustunli yog‘och o‘ymakori gumbaz bilan yopilgan ayvon qurildi. Daxma bezaklari qaytadan tiklandi. Madrasa oldi, daxma va yangi qurilgan masjid joylashgan hudud zamonaviy talablarga mos qilib obodonlashtirildi. Me’moriy obidaga hukumatimiz hamda xalqaro tashkilotlar tomonidan berilayotgan e’tiborga to‘xtaladigan bo‘lsak, madrasa YUNESKO tashkilotining Butun Jahon yodgorliklari ro‘yxatiga kiritildi. 1993-yilda Buxoro shahrining tarixiy markazi (1-sessiya, Kolumbiya) “Butunjahon madaniy meroslari ro‘yxati”ga kiritilgan. Masjidi Kalon Masjidi Kalon inshooti o‘rta asrlarning noyob me’morchilik namunasi bo‘lib, uning o‘rnida dastlab qoraxoniylar sulolasi hukmronligi davrida Juma masjidi bunyod etilgan. Shayboniylar davrida esa u Masjidi Kalon sifatida qayta qurildi. Masjidning hozirgi ko‘rinishi Shayboniylar sulolasiga mansub xonlar tomonidan bunyod etilgan. Me’moriy obidani bunyod ettirgan shaxslar haqida gapiradigan bo‘lsak, inshootning ko‘pgina qismlari Ubaydullaxon, Abdulazizxon va Abdullaxon davrida qurilgan. Abdulazizxon (1509-1550) – Shayboniylardan, Ubaydullaxonning o‘g‘li, Xorazm hokimi (1538-1539). Otasining vafoti (1540)dan so‘ng mamlakatda ikki hokimiyatchilik yuzaga kelib, Abdulazizxon Buxoro xoni (1540-1550), Ko‘chkinchixonning o‘g‘li Abdulatifxon esa Samarqand xoni (1540- 1551) bo‘lgan. Abdulazizxon o‘z hukmronligi davrida davlat va aholi manfaatlarini ko‘zlab qaror islohotlar o‘tkazgan, ayrim soliqlar (tanob puli, tafovut va tavfiri va b.)ni bekor qilgan, Buxoro atrofini yangi devor bilan o‘rashga kirishgan (uni Abdullaxon II
bitkazgan bo‘lib, XX asr boshlarigacha saqlangan). Bundan tashqari u Buxoroda
madrasa, ulkan kutubxona, Bahouddin Naqshband qabristonida xonaqohlar bunyod
ettirgan. Abdullaxon (to‘liq ismi: Abdulla ibn Iskandarxon ibn Jonibek sulton ibn Xoja Muhammad ibn Abdulxayrxon) (1534, Miyonqol, Ofarinkent qishlog‘i – 1598, Samarqand, Buxoro yaqinidagi Bahouddin majmuasiga dafn etilgan) – o‘zbek davlatchiligi tizimidagi Buxoro xonligining shayboniylar sulolasidan chiqqan eng yirik hukmdori (1583-1598), davlat arbobi, sarkarda, ilm-fan, ma’rifat, madaniyat homiysi. Bobosi Jonibek sulton Karmana va Miyonqol hokimi bo‘lgan. Otasi Iskandar sulton o‘g‘li tug‘ilgan paytda Ofarinkentni, keyinchalik, aftidan aka-ukalaridan biri vafot etgach, Karmanani boshqargan. Abdullaxon II Shayboniyxon vafotidan keyin parchalanib ketgan mamlakat hududini qayta birlashtirish, markaziy davlat hokimiyatini mustahkamlash uchun yoshlik chog‘idan qattiq kurash olib borgan. Abdullaxon II hukmronligi davrida Buxoroda ilm-fan, san’at, shaharsozlik, adabiyot va shu kabi sohalar gullab-yashnadi.
Buxoroning eski shahar qismida joylashgan Masjidi Kalon rivojlangan va so‘nggi
o‘rta asrlarning o‘ziga xos me’moriy inshooti bo‘lib, 1121-yilda bunyod etilgan
bo‘lsa, 1514-yilda u qayta qurila boshlagan va XVI asrning o‘rtalarida uning bunyod etilishi yakunlangan. Me’moriy obidaning bunyod etilishida xom va pishgan g‘isht, loy, yog‘och, tosh, ganch va chorsu pishiq g‘ishtidan keng foydalanilgan. Me’moriy obidaning dizayni haqida gapiradigan bo‘lsak, masjid to‘g‘ri to‘rtburchak tarhli (127x78 m), keng hovli atrofini gumbazli bostirma ayvon
egallagan. 188 qubba (gumbazcha) 208 ustunga tayangan. Ular o‘ziga xos mahobatli ko‘rinishga ega bo‘lib, ustunlarga keyinchalik murabba tarhli poyustunlar o‘rnatilgan. Hovlining to‘rt tomoni markazida naqshinkor peshtoqlar bor. Sharqdagi tashqi ulkan peshtoq mahobati va muhtasham bezagi bilan ajralib turadi. Masjidi Kalonning tashqi 7 eshigi bo‘lib, asosiy sharqiy darvoza oldida va ichida keng ayvonlar joylashgan. Peshtoq ravoqidagi boloxona va uning yon tomonidagi qirrali ravoqlar koshin va sirlashgan g‘ishtlar bilan bezatilgan. Ayniqsa, ganchkori ravoqlar alohida ajralib turadi. Peshtoq orqali hovli to‘ridagi xonaqoh maksuraga o‘tiladi. Xonaqohning tashqi poygumbazi baland, moviy gumbazi uzoqdan tashlanib turadi. Ichki gumbaz bag‘allariga “qolibkori” uslubida qator mayda ravoqcha (16 ta)lar ishlangan. Mehrob bezaklari nafis koshinkorlik san’atining yuksak namunasidir. Masjidi Kalonning bosh fasadi sharq tomonga qaragan. Yirik va mozoika bilan pardozlangan masjid peshtoqi biroz balandda joylashgan. Masjid hovlisiga bir necha pog‘onali zinadan kiriladi. Hovlining ichki tarafida ikkita moviy gumbaz joylashgan. To‘g‘ri to‘rtburchak shakliga ega bo‘lgan bu hovlining atrofi 228 gumbazdan galereya bilan o‘ralgan. Me’moriy obidaning uslubini yoritar ekanmiz, Sharq me’morchiligining gumbazsimon “Chor” uslubida qurilgan. Me’moriy obidaning o‘ziga xos tomonlari shundaki, uning hajmi va binokorlik bezakchiligi u darajada bo‘lmasa-da, rejaviy masshtabligi jihatidan Samarqanddagi masjidlardan qolishmaydi. Bu inshoot qadimiyligi va yirikligi tomonidan Samarqanddagi Bibixonim masjididan keyin ikkinchi o‘rinda turadi. Masjidi Kalon (forscha – katta masjid) peshtoqi oldidagi sahndagi ko‘shkni qayta ta’mirlashda (pavilyon) XX asrda Usta Shirin Murodov qatnashgan. Buxorodagi katta masjidlardan biri bo‘lganligi uchun Masjidi Kalon nomi bilan atalgan. Me’moriy obidaning bugungi kundagi holati haqida gapirar ekanmiz, 1997-yil Buxoro shahrining 2500 yillik yubileyi munosabati bilan masjid qayta rekonstruksiyadan chiqarildi va atrofi ko‘kalamzorlashtirildi. Me’moriy obida masjid vazifasini bajarish bilan bir qatorda yetim-yesir, darveshlar va musofirlar uchun boshpana vazifasini o‘tagan. O‘zbekiston hukumati tomonidan berilayotgan e’tiborga to‘xtaladigan bo‘lsak, 1997-yilda Buxoro shahrining 2500 yilligi munosabati bilan Buxorodagi barcha obidalar qatorida Masjidi Kalon ham
qayta ta’mirdan chiqdi. YUNESKO tashkilotining Butun Jahon yodgorliklari
ro‘yxatiga kiritildi. 2000-yil 30-avgustda “Madaniy meros obyektlarini muhofaza
qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. Shu va boshqa
qonunlar inshootning huquqiy vakolati hisoblanadi. Mir Arab madrasasi Mir Arab madrasasi Shayx Abdulla Yamaniy tomonidan bunyod etilgan. Madrasaning bunyod etilishida homiylik qilgan Ko‘kaldosh madrasasi Buxoro shahrining Labi hovuz majmuasining shimolida joylashgan Ko‘kaldosh madrasasi Qulbobo Ko‘kaldosh tomonidan bunyod etilgan. Qulbobo Ko‘kaldosh Abdullaxon II ning
ko‘kaldoshi bo‘lib, Buxoro xonligida xonning dushmanlari va do‘stlari haqida ma’lumotyig‘adigan hamda ularga oid tavsiyalarni xonga taqdim qilgan, shuningdek, mamlakat xavfsizligi uchun mas’ullardan biri bo‘lgan ko‘kaldosh mansabida faoliyat yuritgan.Ko‘kaldosh madrasasi shayboniylar sulolasi hukmronligi davrida, so‘nggi o‘rta asrlarning dastlabki qismida, 1568-1569-yillar oralig‘ida bunyod etilgan. Me’moriy obida bunyod etilgan davrda shayboniylar o‘rtasida siyosiy kurash avj olgan edi. Abdullaxon II 1557-yili mayda Buxoroni qo‘lga kiritadi va uni o‘z poytaxtiga aylantirdi. 1561-yilda otasi – Iskandarxonni davlat boshlig‘i – xon deb e’lon qilib, uning nomidan mamlakatni o‘zi boshqara boshlaydi. Markaziy hokimiyatga bo‘ysunishdan bosh tortgan Shayboniy sultonlar bilan kurashib, Balx (1574-yil), Samarqand (1578), Toshkent, Sayram, Turkiston va Farg‘ona (1583-yil)ni egallaydi. 1582-yilda shimolga yurish qilib, Ulug‘tog‘ga qadar borgan. Me’moriy obidaning qurilishida (xom va pishiq) g‘isht, loy, yog‘och, maxsus “qir” qotishmasi va shu kabi qurilish ashyolaridan keng foydalanilgan. Madrasaning ikki qavatli bosh tarzi ansambl maydoniga qaratilgan. Peshtoqini bezatib turgan koshinlar saqlanib qolmagan. Madrasa peshtoqidagi darvoza girrix va islimiy naqshlar bilan bezatilgan. Madrasa hovlisiga 5 gumbazli miyonsaroy orqali kiriladi. Miyonsaroyning ichki gumbazlari va bag‘allari, shipi o‘ziga xos turli shakldagi murakkab to‘rsimon-yulduzsimon, qolibkori va iroqi uslubda pishiq g‘ishtda ganj qorishmasidan terilgan. Madrasa hovlisi uzun (42x37 m), o‘rtaga yangi imorat 1929-yilda bunyod etilgan. Hovli tomondagi 2 qavatli 160 hujra bilan o‘ralgan. Yon tomonidagi hujralarning pastki qavatiga xonani yoritish uchun panjaralar o‘rnatilgan. Yuqori qavatiga esa qator qilib chuqur ravoqlar ishlangan. Ravoqlar tepasini va ba’zi darcha panjaralarini bezatishda koshin ancha tejab ishlatilgan. Bosh tarzidagi peshtoq kitobasida yozuvlar saqlangan. Peshtoqining ikki yonidagi masjid va darsxona oldiga 2 qavatli 3 qismga ajratilgan chuqur ravoqlar va burchaklaridagi guldastalarda Buxoro me’morchiligiga xos qadimiy va milliy an’analarni aks ettirilgan. Ko‘kaldosh madrasasi “Chor” uslubda, eshik va g‘ishtlarning terilishi xotamkori uslubida o‘z aksini topgan.
Me’moriy obidaning o‘ziga xos tomoni shundaki, u Labi hovuz ansamblidagi
eng katta imorat va Buxoro shahridagi eng katta madrasa hisoblanadi. Ko‘kaldosh
madrasasida Sadriddin Ayniy tahsil olgan, hozirda u yashagan hujra muzeyga
aylantirilgan va eksponatlar bilan jihozlangan. Me’moriy inshoot ilm maskani, madrasa sifatida faoliyat ko‘rsatgan. Madrasada 3 bosqichda ta’lim berilgan.
Me’moriy obidaning bugungi kundagi holati haqida gapiradigan bo‘lsak, 1997-
yil Buxoro shahrining 2500 yilligi munosabati bilan Buxoro shahridagi me’moriy
obidalar qatorida Ko‘kaldosh madrasasi ham ta’mirlandi. Madrasa atroflari
ko‘kalamzorlashtirildi. Obidaning hovlisi hisoblangan Labi hovuz majmuasi qayta
ta’mirdan chiqdi. Ko‘kaldosh madrasasi 1960-1970 va 1995-1997-yillarda ta’mirlangan. Hozirda Ko‘kaldosh madrasasida Buxoro viloyatining “Oltin meros” jamg‘armasi joylashgan. Inshoot mustaqillik yillarida bir necha bor ta’mirlandi. Inshoot YUNESKO tashkilotining Butun Jahon yodgorliklari ro‘yxatiga kiritildi. 2000-yil 30-avgustda “Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. 2008-yil 12-sentabrda “Muzeylar to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilindi. Davlatimiz tomonidan qabul qilingan ushbu qonunlar me’moriy inshoot muhofazasining huquqiy kafolatidir. Chor Bakr arxitekuraviy ansambli Buxoro shahrining g‘arb tomonida, undan 5 km. uzoqlikda joylashgan Sumitan qishlog‘ida Jo‘yboriy shayxlarining shahardan tashqaridagi
nekropoli – Chor Bakr qurilgan. Chor Bakr me’moriy ansambli to‘rt yirik shayx – Abu Bakr Sa’d, Abu Bakr Fazl, Abu Bakr Muhammad, Abu Bakr Tarxonlarga
bag‘ishlab bunyod etilgan. Chor Bakrlar (to‘rtta Bakr) Buxoroda vafot etgan va shahar yaqinidagi Sumitan mavzeida dafn etilgan. Ularning qabri ustida ziyoratgohning bosh kompleksi 1560-1569-yillarda Abdullaxon II tomonidan
barpo etilgan. Abdullaxon II (to‘liq ismi: Abdulla ibn Iskandarxon ibn Jonibek sulton ibn Xoja Muhammad ibn Abdulxayrxon) (1534, Miyonqol, Ofarinkent qishlog‘i – 1598, Samarqand, Buxoro yaqinidagi Bahouddin majmuasiga dafn etilgan) o‘zbek davlatchiligi tizimidagi Buxoro xonligining shayboniylar sulolasidan chiqqan eng yirik hukmdori (1583-1598), davlat arbobi, sarkarda, ilm-fan, ma’rifat, madaniyat homiysi. Bobosi Jonibek sulton Karmana va Miyonqol hokimi bo‘lgan. Otasi Iskandar sulton o‘g‘li tug‘ilgan paytda Ofarinkentni, keyinchalik Karmanani boshqargan. Abdullaxon II Shayboniyxon vafotidan keyin parchalanib ketgan mamlakat hududini qayta birlashtirish, markaziy davlat hokimiyatini mustahkamlash uchun yoshlik chog‘idan qattiq kurash olib borgan. Uning hukmronligi davrida Buxoroda ilm-fan, san’at, shaharsozlik, adabiyot va shu kabi sohalar gullab-yashnadi. Kompleks uzoq vaqt shakllangan. Daxmalar, darvoza, hovli, yo‘lak, ko‘p sonli qabrlar usti inshootlari bunyod etilgan. Chor Bakr oxirgi marta Mustaqillik davrida restavratsiya qilindi. Me’moriy kompleks negizini tashkil etgan xonaqoh (shimolda), madrasa (janubda) va namozgoh (g‘arbda) orasidagi sahn supa tarzida. 1900-yilda u yerda katta bo‘lmagan minora bunyod etilgan. Xonaqoh gumbazli xona (9x15,8 m) va peshtoqdan iborat. Yon fasadning qo‘sh qavat ravoqlari va peshtoq jozibador ishlangan bo‘lib, peshtoqning ikki qanoti guldastalar bilan ulug‘vor ko‘rinadi. Peshtoq bezagida koshindan terilgan yirik kufiy xatlar diqqatni jalb etadi. Gumbazning ostki konstruksiyasi ancha murakkab. Xonani ikki ravoq ko‘ndalangiga bog‘lab, gumbaz uchun asos bo‘lgan. Madrasa peshtoqi kengroq, fasadni deyarli egallagan. Peshtoq dahanasi uch ravoqqa bo‘lingan. Darsxona chortoqli, o‘rtasi gumbaz bilan berkitilgan. Madrasaning yon fasadlari qo‘sh qavat ravoqlar qatorini takrorlaydi. Masjid va xonaqohning bosh fasadlarini peshtoq keng gumbaz bilan egallashi, yon tomonlari ikki qavatli ayvonlardan tashkil topishi shu xildagi binolar uchun an’anaviy yechim hisoblanmagan. Kufiy xatlar va mayda koshinkorli bezaklar mahorat bilan
ishlangan. Gumbazning tashqi ko‘rinishi salobatli. Masjid maydoni sahnining to‘rida joylashgan. Masjid va xonaqohning bosh zallari baraban shakldagi gumbazlar bilan yopilgan. Ularning intereri jonli ishlangan. O‘zaro kesishgan arkalar va chatishib ketgan paruslar ustida derazachali barabanlar, ularning usti esa gumbaz bilan yopilgan. XVII asrning ikkinchi yarmi va XVIII asrda Buxoroda iqtisodiy va siyosiy jihatdan tushkunlik yuzaga kela borgan. Bu davrlarda qurilishlar davom etsa-da, biroq me’morchilik san’ati sezilarli darajada to‘xtab qolgan. Yaratilgan inshootlarning sifati badiiy va texnik jihatdan avvalgilarga nisbatan pasaygan. XVIII asrning ikkinchi yarmiga kelib Buxoro xonligi o‘zining iqtisodiy va madaniy mavqeini yo‘qota boshlagan. Mang‘itlar vaqtida (1753-1920-yillar) Buxoro uchun tushkunlikka tushgan davr bo‘lgan. Bu davrda qurilish ishlari deyarli to‘xtab qolgan, me’morchilik ham aytarli darajada rivojlanmagan.