OYOQ MUSKULLARI
Oyoq muskullari chanoq, son, boldir va oyoq panjasi muskullaridan tuzilgan.
CHANOQ MUSKULLARI
Chanoq tana bilan deyarli harakatsiz birlashganligi sababli muskullar faqat chanoq-son bo‘g‘imiga aloqador bo‘lib, ikki (oldingi va orqa) guruhlarga ajralib joylashgan.
Oldingi guruh yonbosh-bel muskuli (m. iliopsoas) ikki boshli bo‘lib, katta (beldan boshlanuvchi) boshcha (m. psoas major) XII ko‘krak va I–IV bel umurtqalaridan va umurtqalararo tog‘aylardan boshlanadi, ikkinchi yonbosh boshchasi (m. iliacus) esa yonbosh suyagining shu nomli chuqurchasi (fossa iliaca. spina iliaca anterior, superior et inferior) dan boshlanadi. Ikkala muskul boshchalari o‘zaro birlashib, m. iliopsoas ni hosil qiladi va chov boylamining osti (lacuna musculorum) dan o‘tib, son suyagining kichik ko‘stiga yopishadi.
F u n k s i y a s i. Sonni bukadi va qisman tashqariga buradi. Oyoq qimirlamay turganda gavdani bukishda qatnashadi.
I n n e r v a t s i a s i: rr. musculare plexus lumbalis (LI–IV) dan.
Q o n t o m i r l a r i: a. iliolumbalis, a. circumflexa ilium profunda.
Kichik bel muskuli (m. psoas minor) XII ko‘krak va I bel umurtqalari tanasi va umurtqa oraliq tog‘aylardan boshlanib, fascia iliaca ga qo‘shilib ketadi. Bu muskul 40 foiz odamlarda uchramaydi.
F u n k s i y a s i. Fassiyani taranglatadi va belni bukishda qatnashadi.
I n n e r v a t s i a s i: rr. musculares (LI–II) dan.
Q o n t o m i r l a r i: aa. lumbales.
Orqa guruh muskullari . Katta dumba muskuli (m. gluteus maximus) katta hajmli bo‘lib, teri ostida joylashadi. Yonbosh suyagining tashqi yuzasi va fascia thoracolumbalis dan, linea glutea posterior dan, dumg‘aza va dumsimon suyaklar yonboshi yuzasidan, lig. sacrotuberale dan boshlanib, pastga yo‘naladi va trochanter major ustidan o‘tib, tuberositas glutea ga yopishadi. Muskul bilan trochanter major oralig‘ida sinovial xaltacha (bursa trochanterica) joylashgan. Muskulning bir qismi son fassiyasiga qo‘shilgan holda son fassiyasi taranglashuvida qatnashadi.
F u n k s i y a s i. Qisqarganda m. iliopsoas ga qarama-qarshi son-chanoq bo‘g‘imini yozadi, sonni
tashqariga buradi. Oyoqlar qimirlamay turganda engashgan gavdani to‘g‘rilaydi, odamning tik turishida qatnashadi.
I n n e r v a t s i a s i: n. gluteus inferior (LV–SI) dan.
Q o n t o m i r l a r i: a. glutea superior et inferior, a. circumflexa femoris medialis.
Dumbaning o‘rta muskuli (m. gluteus medius) dumba katta muskuli ostida joylashgan bo‘lib, yonbosh suyagining tashqi yuzasi (oldingi va orqa dumba chiziqlari oraliq sathi) dan boshlanib, son suyagining katta ko‘stiga yopishadi.
F u n k s i y a s i. Muskulning orqa tutamlari qisqarsa, oyoq tashqariga, oldingi tutamlari qisqarsa, son ichkariga buriladi, o‘rta tutamlari qisqarsa, oyoqlar bir-biridan uzoqlashadi.
I n n e r v a t s i a s i: n. gluteus superior (LIV–SI) dan.
Q o n t o m i r l a r i: a. glutea superior, a. circunflexa femoris lateralis.
Dumbaning kichik muskuli (m. gluteus minimus) dumba o‘rta muskulining ostida joylashadi, yonbosh suyagining tashqi yuzasi (o‘rta pastki dumba chiziqlari oraliq sathi)dan boshlanib, son suyagining katta ko‘stiga yopishadi. Katta ko‘st bilan muskul oralig‘ida sinovial xalta (bursa trochanterica) joylashgan.
F u n k s i y a s i. Sonni tashqariga buradi, son-chanoq bo‘g‘imini yozadi, engashgan gavdani to‘g‘rilaydi.
I n n e r v a t s i a s i: n. gluteus superior (LIV–V–SI) dan.
Q o n t o m i r l a r i: a. glutea superior, a. circumflexa femoris lateralis.
Sonning serbar fassiyasini taranglashtiruvchi muskul (m. tensor fasciae latae) yonbosh suyagining oldingi tepa o‘tkir o‘sig‘idan boshlanib, sonning serbar fassiyasiga qo‘shilib ketadi.
F u n k s i y a s i. Sonning serbar fassiyasini tarang qiladi, binobarin tizza bo‘g‘imini mustahkamlaydi, sonni bukadi.
I n n e r v a t s i a s i: n. gluteus superior (LIV–SI)dan.
Q o n t o m i r l a r i: a. glutea superior, a. circumflexa femoris lateralis.
Noksimon muskul (m. piriformis) dumg‘aza suyagining chanoq yuzasidan boshlanib, katta quymich teshigi orqali tashqariga chiqadi va sonning katta ko‘stiga yopishadi. Bu muskul foramen ischia dicum ni to‘la qoplamaydi. Shuning uchun muskulning ustki va pastki qismlarida qon tomir va nervlar o‘tadigan bo‘shliqlar qoladi.
F u n k s i y a s i. Sonni tashqi tomonga buradi, bir oyoqni ikkinchisidan uzoqlashtiradi.
I n n e r v a t s i a s i: rr. musculares (SI–III) dan.
Q o n t o m i r l a r i: a. glutea superior et inferior.
Ichki yopqich muskul (m. obturatoris internus) yonbosh suyagining yopqich teshigi atrofidan va yopqich pardaning yuzasidan boshlanadi, kichik quymich teshikdan tashqariga chiqib, spina ishiadica orqali davom etadi, so‘ngra sonning katta ko‘stidagi –fossa trochanterica ga yopishadi. Muskulning burilgan joyida muskul bilan spina ischiadica interni oralig‘ida sinovial xalta (bursa ischiadica musculi abturatori interni) joylashadi.
F u n k s i y a s i. Sonni tashqariga buradi.
I n n e r v a t s i a s i: rr. musculares (pl. sacralis) dan.
Q o n t o m i r l a r i: a. glutea inferior, a. obturatoria, a. pudenta interna. Ustki va ostki egizak muskullar (mm. gemellus superior et inferior) quymich do‘mbog‘i (spina ischiadica) va o‘sig‘i (tuber ischii) dan boshlanib, ichki yopqich muskul payi ustida va pastida joylashib, u bilan tashqariga chiqadi va fossa trochanterica ga yopishadi.
F u n k s i y a s i. Sonni tashqariga buradi.
I n n e r v a t s i a s i: rr. musculares (LIV–SIII) dan.
Q o n t o m i r l a r i: a. glutea inferior, a. obturatoria, a. pudenta interna.
Sonning to‘rt burchakli muskuli (m. quadratus femores) egizak muskullar oralig‘ida joylashgan quymich do‘mbog‘i (spina ischiadica) dan boshlanib, sonning ko‘stlararo g‘adir-buduriga yopishadi.
F u n k s i y a s i. Sonni tashqariga tortadi.
I n n e r v a t s i a s i: n. ischiadicus (LIV–SI) dan.
Q o n t o m i r l a r i: a. glutea inferior, a. circumflexa femoris medialis, a. obturatoria.
Tashqi yopqich muskul (m. obturatorius externus) yopqich teshik va uning membrana tashqi yuzalaridan boshlanib, chanoq-son bo‘g‘imi kapsulasining orqa va pastidan o‘tib, son suyagining katta ko‘st chuqurchasiga yopishadi.
F u n k s i y a s i. Sonni tashqariga buradi.
I n n e r v a t s i a s i: n. obturatorius (LIII–SIV) dan.
Q o n t o m i r l a r i: a. obturatoria, a. circumflexa femoris lateralis.
SON MUSKULLARI
Son muskullari (73-74- lar) uch (oldingi, medial va orqa) guruh bo‘lib joylashgan.
Oldingi guruh. To‘rt boshli muskul (m. quadriceps femoris) sonning oldingi, qisman yonbosh sathini qoplab joylashadi. Muskulning to‘rtta boshchasi bor:
a) to‘g‘ri (boshchasi) muskul (m. rectus femoris) yonbosh suyagining oldingi pastki o‘sig‘i (spina iliaca anterior) dan, quymich kosachasi tepa chetidan, m. tensor fasceae latae va m. sartorius ning boshlanish joyidan boshlanib, tepasida boshqa boshchalar bilan qo‘shiladi.
b) lateral tomondagi serbar muskul (m. vastus lateralis) linea intertrochanterica dan, son suyagi g‘adir-budur chizig‘ining lateral labidan boshlanib, pastga yo‘naladi, patella dan tepada qolgan boshchalar bilan qo‘shiladi.
Chanoq va son muskullari.
1–m. psoas minor; 2–m. psoas major; 3–lig. inguinale; 4–m. piriformis; 5–arcus iliopectineus; 6–lacuna vasorum; 7–m. pectineus; 8–m. adductir longus; 9–trigonum femorale; 10–m. gracilis; 11–m. sartorius; 12–m. adductor magnus; 13–m. vastus medialis; 14–retinaculum patellae mediale; 15–tendo m. sartorii; 16–tuberculum tibiae; 17–lig. patellae; 18–patella; 19–tendo m. recti femoris; 20–tractus iliotibialis 21–m. vastus lateralis; 22–m. rectus femoris; 23–m. tensor fasciae latae; 24–m. iliopsoas; 25–spina iliaca anterior superior; 26–m. iliacus.
d) medial tomondagi serbar muskul (m. vastus medialis) sonning labium mediale linea aspera femoris dan boshlanib, pastga yo‘naladi-da, boshqa boshchalar bilan qo‘shiladi.
e) o‘rtadagi serbar muskul (m. vastus intermedius) son suyagining oldingi yuzasidan boshlanib, bu to‘rtta muskul boshchalari son suyagining pastki qismida bitta kuchli payga birlashadi va tizza qopqog‘i suyagini o‘raydi, boldir tomon borib katta boldir suyagining g‘adir-budur do‘mbog‘i (tuberositas tibiae) ga yopishadi. Muskul payining bir qismi patella ning ikki yonboshida retinacula patellae (payning kengaygan qismi)ni hosil qilib tizza qopqog‘ini mustahkamlaydi.
F u n k s i y a s i. Boldirni tizza bo‘g‘imida yozadi. Muskulning to‘g‘ri boshchasi esa sonni chanoq-son bo‘g‘imida bukadi.
I n n e r v a t s i a s i: n. femoralis (LII–IV) dan.
Q o n t o m i r l a r i: a. femoralis, a. profunda femoris.
Mashinachilar muskuli (m. sartorius) yonbosh suyagining oldingi yuqori o‘sig‘i (spina iliaca anterior superior) dan boshlanib, katta boldir suyagining g‘adir-budur do‘mbog‘i (tuberositas tibia) ga yopishadi.
F u n k s i y a s i. Tizza bo‘g‘imida boldirni, chanoq bo‘g‘imida sonni bukib ichkariga buradi.
I n n e r v a t s i a s i: n. femoralis (LII–IV) dan.
Q o n t o m i r l a r i: a. circumflexa femoralis lateralis, a. genus suprema, a. femoris.
Medial guruh. Taroqsimon muskul (m. pectineus) qov suyagining o‘tkir qirrasi – lig. pubicum superius dan boshlanib, shu suyakning qirrali chizig‘i (linea pectinea) ga yopishadi. Taroqsimon muskul bilan m. iliopsoas oralig‘ida uchburchak shaklli chuqurcha (fossa iliopectinea) hosil bo‘ladi.
F u n k s i y a s i. Sonni bir-biriga yaqinlashtiradi.
I n n e r v a t s i a s i: n. obturatorius (LII–III) dan.
Q o n t o m i r l a r i: a. obturatoria, a. pudenta externa, a. profunda femoris.
Sonni yaqinlashtiruvchi uzun muskul (m. adductor longus) qov suyagidan boshlanib, son suyagi g‘adir-budur chizig‘ining ichki labiga yopishadi.
F u n k s i y a s i. Sonni bir-biriga yaqinlashtiradi.
I n n e r v a t s i a s i: n. obturatorius dan.
Q o n t o m i r l a r i: a. obturatoria, a. pudenta externa.
Sonni yaqinlashtiruvchi katta muskul (m. adductor magnus) qov va quymich suyaklari –fuber ischiadicum dan boshlanib, son suyagining g‘adir-budur chizig‘iga yopishadi. Muskulning tepa qismi ko‘ndalang yo‘nalgan bo‘lib, unga sonni yaqinlashtiruvchi kichik muskul (m. adductor minimus) deyiladi.
F u n k s i y a s i. Sonni bir-biriga yaqinlashtiradi.
I n n e r v a t s i a s i: n. obturatorius dan.
Q o n t o m i r l a r i: a. obturatoria. a. pudenta externa.
Sonni yaqinlashtiruvchi kalta muskul (m. adductor brevis). Sonni yaqinlashtiruvchi katta muskul tagida joylashgan bo‘lib, qov suyagidan boshlanib son suyagi g‘adir-budur chizig‘ining tepa qismiga yopishadi.
F u n k s i y a s i. Sonni bir-biriga yaqinlashtiradi.
I n n e r v a t s i a s i: n. obturatorius dan.
Q o n t o m i r l a r i: a. obturatoria, aa. perforantes.
Nozik (ingichka) muskul (m. gracilis) sonning medial tomonida teri ostida joylashib, qov suyagining pastki qismidan boshlanadi va boldir suyagining g‘adir-budur do‘mbog‘i (tuberositas tibiae) ga yopishadi.
F u n k s i y a s i. Sonni bir-biriga yaqinlashtiradi.
I n n e r v a t s i a s i: n. obturatoruus (LIII–IV) dan.
Q o n t o m i r l a r i: a. obturatoria, aa. perforantes.
Orqa guruh (74- lar). Ikki boshli son muskulining (m. biceps femoris) uzun boshchasi (caput longum)– quymich suyagining shu nomli do‘mbog‘i (lig. sacrotuberosum) dan, kalta boshchasi (caput brevis) esa son suyagi g‘adir-budur chizig‘ining lateral labi – septum intermusculare laterale femoris dan boshlanib, ikkala boshcha birlashgan holda kichik boldir suyagining boshchasiga yopishadi.
F u n k s i y a s i. Sonni yozadi; boldirni bukib tashqariga buradi.
I n n e r v a t s i a s i: n. ischiadicus (LIV–V–SI) dan.
Q o n t o m i r l a r i: a. circumflexa femori medialis, aa. perforantes.
Chanoq va sonning orqa muskullari.
1–m. gluteus medius (kesilgan); 2–m. gluteus minimus; 3–tendo m. piriformis (kesilgan); 4–mm. gemelli; 5–m. obturatorius externus; 6–m. adductor minimus; 7–m. gluteus maximus (kesilgan); 8–septum intermusculare femoris laterale; 9–m. vastus lateralis; 10–lig. poplitius (kesilgan); 12–lig. collaterale fibulare; 13–lig. cruciatum posterius; 14–lig. collaterale tibiale; 15–vastus medialis; 16–m. adductor magnus; 17–m. obturatorius internus (kesilgan); 18–lig. sacrospinale; 19–foramen ischiadicum majus; 20–m. gluteus maximus (kesilgan).
|