Cho'lpon hikoyalari tahlili reja: Kirish I. Bob. Cho`lponning kichik nasriy asarlari poetikasi


II.1 Miryoqub va Zebi obrazining ruhiy psixologik tahlili



Yüklə 134,19 Kb.
səhifə7/11
tarix29.04.2023
ölçüsü134,19 Kb.
#104790
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   11
cho\'lpon hikoyalari tahlili

II.1 Miryoqub va Zebi obrazining ruhiy psixologik tahlili

“Kecha va kunduz”da psixologik tahlil nuqtai nazaridan yuksak mahorat bilan yaratilgan xarakterlardan biri, shubhasiz, Miryoqub obrazidir. О`z oldiga qо`ygan g`oyaviy-badiiy niyat talabi bilan Cho`lpon Miryoqub ruhiyati tahliliga, uning psixologik jihatdan ishonarli bо`lishiga jiddiy e`tibor beradi. Professor O.Sharafiddinov bu obraz haqida tо`xtalib: “Miryoqub obrazining ziddiyatli qirralarini belgilagan narsa shundaki, u, bir tomondan, yangicha burjua odamiga xos sifatlarga ega, ammo, ikkinchi jihatdan, о`z muhitidan butunlay uzilib ham ketgan emas”,-deb yozadi. Cho`lpon Miryoqub ruhiyasidagi tadrijni tasvirlarkan, qahramonining о`z muhitidan uzilib” chiqishini, buning ijtimoiy-ruhiy ildizlarni kо`rsatishga intiladi.


Miryoqubning ichki olamini ochish, uning ma`naviy qiyofasini о`zgartirgan, ijtimoiy siyosiy qarashlarini shakllantirgan (garchi bu narsa “Kecha”da nihoyasiga yetmagan bо`lsa-da) ruhiy jarayonni, bizningcha, bir-biriga uzviy bog`liq bо`lgan uch bosqichda kо`rsatadi: 1) psixologik zamin; 2) qahramon ruhiyasini xatti-harakatilari orqali ochish; 3) ruhiy jarayonlarning bevosita tasviri. Kо`ramizki, Miryoqb xarakterining yaratilishida realistik psixologik tahlilning har uchchala — dinamik, tipologik va analitik pinsiplari qо`llanadi. Shuni ham qayd etish lozimki, Miryoqub ruhiyasini ochishda analitik prinsip yetakchi mavqe tutadi, boshqalari esa uni tо`ldirishga, konkretlashtirishga xizmat qiladi.
Cho`lpon Miryoqubga ta`rif berarkan, birinchi galda uning ijtimoiy qiyofasiga, tо`g`rirog`i, qiyofasizligiga e`tiborni qaratadi. Gap shundaki, Miryoqub “faqir odam panada” qabilida ish kо`radi: u amaldor emas, shu bilan birga о`zi ish yuritayotgan hududni boshqarishda qо`li uzun; u katta-katta oldi-sotti ishlarini amalga oshiradi, buning natijasini esa “xudo biladiyu, xudoning sevimli bandasi Miryoqub biladi!” xolos. Kо`ramizki, Miryoqub toshpalla ostiga nozik a`zolarini yashirib harakat qiluvchi toshbaqani eslatadi. Aytish kerakki, toshpallani u 15 yillar ilgari о`z ixtiyori bilan yelkasiga olgan. Miryoqub shunday qilishga majbur edi: endigina qaror topa boshlagan kapitalistik iqtisodiy munosabatlar tadbirkorlik uchun keng imkoniyatlar ochgani holda, mavjud byurokratik tuzum bunga muayyan tо`siqlarni qо`ygan. Ayni shu vaqtda u hukumatdorlar himoyasiga muhtoj bо`lgan va kerakli odamlarni qо`lga olishga intilgan kо`rinadi. Noyib tо`raning eski qо`lyozmalarga о`chligini bilib (albatta, u sо`rab surishtirgan), shu orqali uning kо`nglini oladi, natijada esa “sovg`a-salom, tansiq qо`lyozma asarlar va ba`zan oz-kо`p pul xususida tо`ra Miryoqubga minnatdor bо`lib turadi, amaldorning qо`lidan keladigan ba`zi bir xil himoyat ishlari tо`g`risida Miryoqub tо`raga minnatdor bо`lib turadi”. Noyib tо`raning “himoyati” shunda kо`rinadiki, Miryoqubning “biror joyga biror chaqa soliq tо`laganini, biror bir kasbga biror marta qizil qog`oz (patent) olganini hech kim bilmaydi”. Anglashiladiki, Miryoqub katta miqdordagi soliqni tо`lagandan yoki patent sotib olgandan kо`ra ozroq miqdordagi naqdinani noyib tо`raga berishni afzal biladi. Bu kabi о`zaro manfaatdorlik asosiga qurilgan munosabatlar ularni mahkam bog`laganki, 10-15 yil mobaynida bunday ishlarning kо`p bо`lgani aqlga tayin. Shunga о`xshash, Akbaralining mingboshilikka tayin etilishi ham mutlaqo tasodif emas. Miryoqub о`zi ish yuritayotgan hududda о`z odami mingboshi bо`lishidan manfaatdor. Qovun saylidagi ilk uchrashuvdayoq u bо`lg`usi gumashtasining zaif jihatlarini nozik ilg`agan: keyincha buzoqday yetaklab, sigirday sog`sa bо`ladigan odamligini fahmlagan. Yо`qsa, ellikboshilikni olish uchun burungi mingboshiga “yaxshi bir uloqchi otni bekorga olib bergan” Akbaralining ilk uchrashuvdan ikki kun keyin jо`natgan “ikki arava qovun-tarvuz, ikki zambar uzum, ikki chorakkinaqayrog`i bug`doy” minboshilikni olish uchun kifoya bо`lmasdi. Aytmoqchimizki, Miryoqub bu о`rinda uzoqni о`ylagan, arqonni uzun tashlagan. Cho`lponning qahramoni о`tmishidagi ayni shu tafsilotlarga e`tiborni qaratgani bejiz emas. Miryoqub ilgari shu ikki amaldor panohida, istasa-istamasa ular bilan hisoblashib ish yuritishga majbur edi. Keyincha, kapitalistik munosabatlarning keng quloch yoyishi barobarida tadbirkorlik uchun imkoniyatlar ham kengaya boradi, tabiiyki, Miryoqub uchun “valene`matlar”ning zarurati kamayib, yо`qolib boradi. Ya`ni, toshpalla xavfsizlikni ta`minlamasa-da, endi harakat imkoniyatini cheklay boshlaydi.
Yozuvchi bergan ta`rifda uning chinakam burjua ishbilarmoniga xos xususiyatlari bо`rtib kо`rinadi. Miryoqubdagi “kerakli odam”lar bilan muomala qila bilish, oz sarf bilan kо`p foyda olishga intilish, boshlayotgan ishining oxir-oqbatini har jihatdan puxta о`ylash kabi sifatlar haqida yuqorida yuritgan mulohazalarimiz tasavvur bera oladi. Bularga qо`shimcha о`laroq, Miryoqub juda serg`ayrat, jonsarak odam: “Miryoqub akaning yurishi kо`p! U, aksari, piyoda yuradi, yurganda ham negadir shoshilib yuradi. “Assalomu alaykum” deb dona-dona qilib salom bersangiz, shoshilganidan bо`lsa kerak, “vass...” debgna qо`yadi”. Qahramonga xos harakat tarzini qayd qilish bilan adib uning ichki xususiyatlari haqida tasavvurimizni kengaytiradi. Miryoqub yurgan yо`lida ish haqida о`ylab, hisob-kitob, xomchо`t qilib yuradi — qilayotgan ishi uning uchun hayoti mazmuniga aylangan. Ishlarini tezroq bitkazish uchun shoshsa-da, uning shoshilishi shoshqaloqlik emas. Buni retrospektiv usulda chizilgan lavha — Miryoqub noyib tо`ranikida mehmonda ekanida rus injenerining kirib kelishi bilan bog`liq epizodda kuzatish mumkin. Yangi temir yо`l qurilishi, yо`lning qayerlardan о`tishi haqidagi sirdan ogoh bо`lib qolgan Miryoqub zudlik bilan harakatga tushadi: “Bir oyga yetar-yetmas, о`sha kelajak poyezd yо`li bо`ylaridan Miryoqub juda kо`p — bir necha yuz desyatin yer sotib oldi. Yerlarning hammasi deyarli suvsiz, noobod, tashlandiq yerlar edi. Shuncha kо`p yerga qancha oz pul ketdi. Kо`plar bu shoshilish savdoni bilmadilar, bilganlar Miryoqubni “jinni bо`libdi” dedilar...” Albatta, bu “shoshilish savdo” haqida Miryoqub kо`p о`ylagan. Zero, kishini ikkilantirib qо`yadigan gumonlar talaygina: ehtimol, yо`l qurlmay qolar? Ehtimol, qurilish kechikib, sarmoyasi о`lik kapitalga aylanib (bu esa tadbirkor uchun katta yо`qotish) qolar?.. Miryoqubning о`rnida boshqa odam bо`lganida, balki, jur`at qilolmas edi, lekin u — tavakkal ish qila oladigan odam, bu esa savdo-tijorat ishlarida juda muhim narsa. Shunisi ham borki, Miryoqubning tavakkalchiligi har jihatdan о`ylangan, hisob-kitob qilingan. Xavf yо`q emas, lekin kelishi mumkin bо`lgan foyda tavakkalchilikni oqlaydi, ya`ni, imkoniyat vujudga kelganda qо`ldan chiqarmaslik — tadbirkor odamning muhim atributi. Miryoqubda kо`rilgan tadbirkorga xos eng muhim xususiyat shuki, u sarmoyasini doimo harakatda tutadi, foyda keltiradigan ishga jalb qiladi: “Qishloqda ikkita baqqollik, bitta qassoblik dо`koni, guzarda ikkita samovar bor. Bilgan odamlar shu besh muassasadan tо`rti Miryoqubning kuchi bilan aylanganini sо`zlaydilar. Shaharda, katta yо`lning bо`yiga — qо`rg`on tashqarisiga bir yangi paxta zavodi tushdi, zavodning kattakon bir paxta saroyi ham borki, paxta terim vaqtida uch tarozi bilan paxta oladi. Ana о`sha zavodga ham Miryoqubni sherik deydilar... Shahardagi katta bankalardan birida “uchyot qо`mitasi”ning a`zosi, haftada bir majlis о`tkazadi...” Kо`ramizki, endigina ish boshlagan paytlari kichikroq savdogar bо`lgan Miryoqub endilikda kattagina sarmoyador, sanoatchi boyga aylangan. Cho`lpon qahramonining yaqin о`tmishi haqidagi muxtasar ma`lumotida uning ijtimoiy mavqei kuchayganini bejiz ta`kidlab kо`rsatgan emas. Bizningcha, adib buning qahramonidagi ijtimoiy-ma`naviy tadrijning bosh omili sifatida talqin qiladi. Bu о`rinda muallif haq, chunki: birinchidan, ijtimoiy mavqeining kuchayishi barobari Miryoqubning о`ziga bergan bahosi ham ortgan. Bu bahoni о`zi uchun tasdiqlab olish istagi, tabiiyki, о`zini boshqalarga qiyoslashni, yaqin doirasidagi kishilar haqida о`ylash(biratо`la baholash bilan)ni taqozo qiladi. Ikkinchidan, tabiatan serharakat odamning ishini yanada kengaytirishini, harakatlarda tamomila erkin bо`lishni istashi, bunga erishish yо`llarini izlay boshlashi ham tabiiy.
Qahramon ma`naviy-ruhiy tadrijining ijtimoiy asoslarini ochib bergach, Cho`lpon uni bevosita xatti-harakatda tasvirlashga о`tadi. Psixologik zamin asosini tashkil qilgan yozuvchi ta`rifida Miryoqubning tipik xususiyatlari kо`rsatilgan bо`lsa, endi uning individual-psixik xususiyatlarini ochish yо`lidan boriladi. Bu xususiyatlarni ilg`ab olishda, qahramon aytayotgan gaplar mohiyatini tо`g`ri anglashda psixologik zamin о`ziga xos kalit bо`lib xizmat qiladi. Miryoqub bilan Akbarali munosabatlarini olaylik. Miryoqub Akbaralining mingboshilikka tayinlanishiga bosh qо`sharkan, uzoqni kо`zlaganini aytib о`tgandik. Tabiiyki, uning Akbarali bilan munosabati kо`zlagan maqsadiga muvofiq: “kо`p umrini mingboshinikida о`tkazgan” Miryoqub “otaxoni”ning fe`l atvorini juda yaxshi о`rgangan, uning “eti bilan terisi orasiga” (A.Qahhor) kirib olgan. Noyib tо`raga о`z ustidan tushgan ariza haqida gapirarkan, “mingboshining qovog`i solina boshlagan edi, qisiq kо`zlarining tez-tez yumilib parpiraganday bо`lganini Miryoqub ham payqadi.
— Xо`jayin,- dedi,- xotirjam bо`lib, bitta-bitta gapirib bering! Hech bokisi yо`q”. Kо`ramizki, Miryoqub mingboshining fe`lidagi о`zgarishni darhol ilg`aydi, kо`nglini tinchitishga shoshiladi. Bu о`rinda gapning aytilish oxangiga e`tibor berish lozim. Ma`lumki, yozuv og`zaki nutqning ohang jilolarini tо`la aks ettirishga qodir emas, boz ustiga bu kamchilikni tо`ldiruvchi muallif sharhi ham yо`q. Shunday bо`lsa-da, bu gap xotirjamlik bilan, qat`iy ishonch ohangida aytilganini tasavvur qila olamiz. Zero, “Miryoqub aralashgan ish epaqaga kelishini”, uning g`oyat uddaburoligini psixologik zamindan bilamiz. Bu kabi gaplar (albatta, isbot-ijrosi bilan) mingboshida “о`zi uchun Miryoqubdan boshqa chin kо`ngildan kuyadigan odam yо`q”ligiga ishonch hosil qilgan. Mingboshining cheksiz ishonchi esa Miryoqubga uning davlatini istaganicha tasarruf qilish, “о`limiga yaqin Poshshaxondan boshqa merosxо`ri qolmasligi” haqidagi rejalarini amalga oshirish uchun kerak. Anglashiladiki, Miryoqubning mingboshiga munosabati tamomila о`zining maqsadlariga bо`ysundirilgan: “mingboshining gapini birdaniga qaytarmasligi”, unga xush keladigan gap qilishga, kо`nglini ovlashga harakat qilishi — hammasi shu bilan izohlanadi. Shu bois ham Akbarali bilan munosabatda Miryoqub ma`lum rol о`ynashga, о`zining chin munosabatini yuzaga chiqarmaslikka majbur. Qahramon ruhiy holatining murakkabligi shundaki, unda bir paytning о`zida maqsaddan kelib chiqqan anglangan psixologik ustanovka(“mingboshiga yaxshi muomila qilishim kerak!”) va suhbatdoshiga nisbatan antipatiya mavjud. Boz ustiga, subyektiv (о`z ixtiyori bilan) hosil qilingan psixologik ustanovka obyektiv(о`z ixtiyoridan tashqari) yuzaga kelgan antipatiyani bosib turishi kerak. Bunga erishish esa, tabiiyki, oson ish emas. Miryoqub qancha tirishmasin, botindagi zohirga yо`l topaveradi. Shu jihatdan uning ariza berguchilarni jazolash istagida yonayotgan Akbarali bilan muloqoti xarakterli:
“— Yodgor echki bilan Umarali puchuqning bir adabini bermasam, kо`nglim tinchimaydi. Bir ilojini top! Senga aytaman!
— Xо`p xо`jayin! Shoshmang, men yana bir surishtiray.
— Surishtirishning nima keragi bor? О`shalardan boshqa kim qiladi?
— Ehtiyot shart, xо`jayin! Adab berish qochmaydi... Masalaning tagiga yetaylik, balki boshqa gaplar ham chiqib qolar...
Mingboshi bu sо`zdan shubhaga tushdi:
— Nima deding! Boshqa gap ham chiqib qoladi, dedingmi? Bu nima deganing?
— Ehtiyot shart, deyman men! Ehtiyot! Yaxshiroq surishtirsak, yaxshiroq bilamiz-da, axir! Sizning ishingiz bо`lmasin, men о`zim ikki kunda tagiga yetib sizga arz qilaman”.
Qahramon ruhiyatida kechayotgan jarayonni izchil kuzatish uchun kо`chirmaga keng о`rin berdik. E`tibor qilinsa, Miryoqub о`ziga qо`ygan psixologik ustanovkaga amal qilib darhol “Xо`p!” deyayotgani kо`rinadi. Lekin u kо`p ish kо`rgan odam sifatida “ishning tagiga yetgachgina” harakat boshlash kerakligini yaxshi biladi, shu bois ham mulhazalarini aytdi. Mingboshi jahllangach, mulohazasini bosiqlik bilan (u hozircha antipatiyani bosib turibdi) tushuntirdi. Shunda ham bо`lmagach, о`ziga erk berdiki, oxirgi gapida antipatiya bor bо`yini kо`rsatadi. Buni ifodalovchi stilistik unsurlarga diqqatni jalb qilamiz: mingboshining “Nima deding!” deganiga javoban siltab “dedim men” (“Shuni ham tushunmaysanmi, haftafahm?! ) deyilishi; ikki qaytalab siltalash ohangida aytilgan "ehtiyot!" sо`zi; “bilamiz-da, axir”da ikki bora tushayotgan yuklama va, nihoyat, “Sizning ishingiz bо`lmasin” (“Fahmingiz yetmagan ishga aralashmang!”) deyilishi yuqoridagi fikrimiz foydasiga guvohlik beradi. Keltirilgan parchada muallif luqma-sharhlari, gapiruvchining yuz-kо`z ifodasi, mimik-pantomimik harakatlari kо`rsatilmaganki, bu psixologik zaminning ahamiyati haqidagi gaplarimizni yana bir karra tasdiqlaydi. Aytish kerakki, Miryoqub nutqining stilistik qurilishi kо`p о`rinlarda hech qanday sharhga zarurat qoldirmaydi. Shu jihatdan yana bir epizodni kuzataylik. Gazetadagi maqolaga chora izlab bir fikrga kelolmayotgan Miryoqub Akbaralining sabrsizligidan jahllanib, zarda bilan chidashni maslahat beradi:
“Mingboshi irg`ib о`rnidan turdi.
— Tishimni-tishimga qо`yadigan hezlardan bо`lsam, ma, ol, bu shop-shaloplaringni! - dedi u baland ovoz bilan.- Menga pasport olib ber, Makatulloga jо`nayin!
— О`tiring, xо`jayin! - dedi Miryoqub, uning ovozi ham biroz kо`tarila tushgan edi. - О`shqirish bilan, zarda bilan bitadigan ish emas bu. О`ylaylik, chora topaylik!”. Bundagi bir xil ma`noli sо`zlar va birikmalarning ikki о`rinda ikki qaytadan takror qilinishi Miryoqubning astoydil jahllanganidan darak beradi. Tо`g`ri, u о`z oldiga qо`yilgan psixologik ustanovka doirasidan chiqqanicha yо`q, lekin о`zini arang bosib turgani ham ayon. Shu bois ham u: “о`rnidan turib ayvonga bordi, u yerda choynak bilan piyola turgan edi, sovuq choyni piyolaga tо`ldirib quygach, bir shimirishda (bu harakatda ham ma`lum zarda yо`q emas) tamom qildi. Sо`ngra orqasiga qaytarkan odatdagdan qattiqroq va tezroq sо`zlandi:
— Gazetni shaharda kо`rdim. Shundan beri chora axtaraman (“Tushun, men sening tashvishingda yuribman!”). Hech bir chora topolmaganim uchun, nochor-noiloj (“Tushun, mazahlaganimdan yoki sevinganimdan emas!”) kulgiga zо`r bergan edim...”
Mazkur parchada yozuvchi qahramon ruhiyatida kechgan psixologik ustanovka va insoniy g`urur, qadr hissi о`rtasidagi kurash jarayonini jonli tasvirlay olgan. Avvalda baland kela boshlagan g`urur hissi Miryoqubning о`rnidan turib choy ichishi davomida birmuncha soviydi — muvozanat yuzaga keladi. Shuning uchun ham u endi odatdagidan “qattiqroq” (jahl — og`ringan nafsoniyat mahsuli) va “tezroq” (xafalikning hayajonga aylanishidan) sо`zlaydi. Biz qavs ichida bergan gaplar, fikrimizcha, qahramonning uyidagini bir qadar oydinlashtiradi. Gap shundaki, sо`nggi jumlalar suhbatdoshning ayni shu tarzda tushunishi uchun mо`ljallangan va bu narsa jonli nutq jarayonida mos intonatsiya hisobga ifoda qilinadi. Mingboshining bu gaplardan sо`ng biroz jim qolishi, sо`ng “Ishqilib, bir ilojini topmasang bо`lmaydi”, deya yalingannamo gapirishi shuni tushunganidan, deyish mumkin.
Miryoqub mingboshining merosidan umidvor ekan, unga Zebini olib berib merosxо`r kо`paytirishdan ne matlab? Albatta, mantiqsizday kо`ringan bu hol ozmi-kо`pmi shubhalarga olib borishi mumkin. Bunga javob ham turlicha bо`lishi tabiiy: mingboshini yosh xotinga andarmon qilib qо`yib, о`zi bilganini qilmoqchi bо`lgan; о`z nafsini о`ylab olib bergan; mingboshini о`zidan yanada minnatdor qilish uchun va hokazo. Bu da`volarning hammasiga aksilda`volar topiladiki, biz “qо`qqisdan, g`ayri-shuriiy tarzda ham kishi hayoliga bir ish qilish istagi kelib qolish mumkin-ku!” deymiz-da, bu savolni ochiq qoldiramiz. Merosxо`r kо`payishi masalasiga kelsak, bu narsa Miryoqubni mutlaqo tashvishga solmagan, qanday bо`lmasin bir epini qilardi. Lekin romanda bir epizod borki, Miryoqub epaqani ham anchagina shoshirib, о`ylantirib qо`yadi. Biz mingboshi “о`sha qiz menga nasib bо`lsa, undan keyin xotin olishni bas qilardim” deb qasam ichguday bо`lgan о`rinni nazarda tutyapmiz. Mingboshining fe`lini yaxshi bilgan Miryoqub avvaliga uning gaplarini jiddiy qabul qilmaydi, lekin:
“— Ishonmaganingni qara, benamoz! Men astoydil gapirayotirman! Xudo bitta, sо`z bitta!
— Hо`h-hо`!.. Hali shu darajaga borib qoldingizmi? Bо`lgan ekan!
— Nimasini aytasan. U kelsa, uchovidan ham kechmoqchiman. Uchoviga ham qaramay deyman... bor-yо`g`imni о`shanga beray deyman...”
Mingboshining keyingi gaplari, kо`zlaridagi “allaqanday iztirob” Miryoqubni shoshirib (agar mingboshi aytganiday bо`lsa, meros haqidagi rejalar puchga chiqadi) qо`yganki, u hayronlik va shoshganligini yashirolmay qoladi. Bir qarashda uning “hо`h-hо`” degani mazaxday (romanni ilk bor о`qishda shunday tuyulishi tabiiy ham, chunki meros haqidagi rejalar keyinroq oshkor qilinadi) tuyuladi, aslida esa birinchi “hо`-hо`”siyoq niqoblangan tashvishdan о`zga emas. Miryoqub mingbosh taqdim qilgan jumboq ustida tinimsiz bosh qotiradi. Uning bu holati haqida adib: “Miryoqub butun umrida kо`rilmagan bu hol qarshisida shoshib qoldi. Yana bir necha marta boshini egib “hо`h-hо`, hо`h-hо`” deya takror qildi. Oraga jimlik chо`kdi. Faqat Miryoqubning chuqur о`yga ketib, torta-torta choy ichgani eshitiladi”,-deb yozadi. Kо`ramizki, yozuvchi о`ylov jarayonini bilvosita — tashqi belgilarni qayd etish orqali beradi. О`quvchi qahramonning nima haqida о`ylayotganini bilgani holda, uning bu chigalni qanday yechishini taxmin qila oladi, xolos. Oraga chо`kkan sukutni Miryoqubning о`zi buzadi: “Hо`h-hо`! Otasi qurg`ur yaqin kelmaydi-ku”. “Hо`h-hо`”ning takrorlanishi uning qisqagina suhbat paytida ham о`z о`yi (meros masalasi) bilan bandligini anglatadi, gapning sо`figa burilishi esa (sо`fining qaysarligi uning uchun ahamiyatsiz, yо`lini topib qо`ygan, shu bois ham sо`fini mazaxlayotganday, “kо`ramiz sо`filigingni” deganday ohangda gapiradi) mingboshining shubhaga bormasligi, “mening tashvishimni qilyapti” deb о`ylashi uchun kerak. Cho`lpon qahramonining nechog`li uzoq о`yga tolganini kо`rsatish uchunmi, yozadi: “Shu choqqacha zо`r berib allanarsalarni о`ylamoqda bо`lgan Miryoqub yana chо`ntagidan soatini olib qaradi: Hо`h-hо`,- dedi,- о`n ikkiga yaqinlashib qolibdi”. Garchi о`ylov jarayoni qancha davom qilganini bilmasak-da(boshlanish vaqti qayd qilinmagan), uning nihoyasida Miryoqub ma`lum qaror bergani ayon. Ketar vaqtida mingboshining “maslahat nima bо`ldi?” degan tashvishiga javoban u: “Xotirjam bо`ling, xо`jayin!- dedi. Ovozida jiddiylik, keskinlik va о`ziga ishonch tо`lib yotardi.- Otasini kо`ndiramiz, qiz sizniki bо`ladi. Men о`zim bajaraman bu ishni”. Kо`ramizki, Miryoqub о`ylov jarayonida Zebini merosga yaqinlashtirmaslikning yо`lini ham topdi, ham mingboshi nazarida “sо`fini unatish” yо`lini о`ylagan bо`lib qoldi.
Miryoqubning mingboshi bilan muloqotlari kuzatilsa, uning “otaxoni”ni qg`oyil qoldirishga (masalan, Qumariqdagi “ishbuzuqi”larning kimligini aytib berishi, ularga “adab berish” uchun kо`rgan tadbirini arz qilishi, mingboshi uchun tayyorlangan xos xonani “syurpriz” sifatida taqdim qilishi va boshqalar.), qoyilligini og`zi bilan iqror qildirishga urinishi kuzatiladi. Cho`lpon qahramon xarakterining bu jihatiga alohida e`tibor qaratadiki, bu narsa psixologik zamindayoq bо`rtib kо`rinadi. Miryoqub yer sotib olish bilan bog`liq ishlarini noyib tо`raga arz qilganida, noyib tо`ra: “Sen xuddi bir amerikalikka о`xshaysan, Miryoqub! Lekin kо`nglingga olma, chakki shu sartiya ichida tug`ilib qolgansan!”.- deya qoyilligini aytadi. Yozuvchi qahramonining shu paytdagi ruhiy holati haqida: “Miryoqub kо`ngligi og`ir olish tugul, bu gapga sevindi balki, yuzlariga yana о`sha yengil qizillik yugurdi”,- deya sharh beradi. Noyibning “sartiya xalqi” haqida mensimay gapirishiga Miryoqub tamomila befarq deb bо`lmas (bu haqda keyinroq tо`xtalamiz), lekin buni “menlik hissi”ning qonganidan kelgan xursandlik bosib ketadi. Zero, kimsan noyib tо`raning о`zi uni “sartiya” orasidan ajratib, “noyob odam”ligini e`tirof qilyapti. Ayni shunday hol Miryoqubning “mashhur nо`mir” xо`jayini bilan suhbatida ham kuzatiladi. Xо`jayin: “Zavqingni sinamoqchi edim, jinni!- dedi.- О`zim bilardimki, о`shani tanlaysan!
Miryoqubning “menlik xissi” qongan edi. Kuldi”(130). Fikrimizcha, Cho`lponning Miryoqub xarakteri dagi ayni shu jihatga qayta-qayta diqqatni jalb etishi bejiz emas. Qahramonning qoniqish istagan (va, aytish kerakki, qoniqmagan) “menlik hissi” hurujlarini uning xudbinligi bilangina izohlasak, masalaga juda tor yondoshgan bо`lib qolamiz. Bizningcha, qahramondagi “menlik hissi”ni qondirish istagi о`zining jamiyatdagi о`rnini anglashga intilishning stixiyali bir zarrasi, xolos. Gap shundaki, Miryoqubning ijtimoiy maqomi(status) bundan bir necha yillar ilgari mavjud ijtimoiy munosabatlar tomonidan belgilangan va birmuncha о`zgargan ijtimoiy-iqtisodiy sharoitda ham о`zgarishsiz qolavergan.
“Kecha”ning eng dilbar qahramoni — Zebi obrazini yaratishda Cho`lpon “evrilish san`ati”ning beqiyos namunasini namoyon qiladi. Albatta, Zebining ruhiyatini anglashda u yashayotgan mikromuhitni nazarda tutish lozim, lekin bu narsa avvalgi bobda kо`rilganidek yetakchi ahamiyat kasb etmaydi. Zero, A.Qodiriy Ra`no haqida “tabiat xasis emas: tikandan gul, aridan bol yarataveradi” degani kabi, Zebi ham Razzoq sо`fi xonadonida о`sha sahovatli tabiat mо`jizasidek ajralib turadi. Romanning boshlanishida qо`llangan psixologik parallelizm usuli о`quvchini qahramon olamiga olib kiradi. Lirik peyzaj lavhasida kо`rganimiz tabiatdagi jonlanish, hayot va erkinlik nash`asi qiz kо`nglidagi hislar bilan uyg`unlik kasb etadi: “Zebi(Zebinisa)ning qish ichi siqilib, zanglab chiqqan kо`ngli bahorning iliq hovuri bilan ochila tushgan; endi ustiga poxol tо`shalgan aravada bо`lsa ham, allaqaylarga, dala-qirlarga chiqib yayrashni tusay boshlagan edi”. Lekin qizning tuyg`ulari, istagu intilishlari kо`nglining eng chuqur qatlamida botin, ularning yuzaga chiqish jarayonini adib zо`r mahorat bilan kо`rsatadi. О`quvchi Zebini ilk bor quyidagi holatda kо`radi: “Otasi bomdoddan kirmagan, onasi sigir sog`ish bilan ovora, о`zi kichkina sahnni supurib turgan vaqtida tashqari eshikning besaranjom ochilishi Zebining kо`nglini bir qur seskantirib oldi. Bir qо`lida supurgisi, bir qо`li tizzasida — yerga egilgan kuyi eshik tomonga tikilib qoldi”. Kо`ramizki, qahramoni ruhiga kirib olgan adib borliqni uning sezgilari bilan qabul qiladi (“eshikning besaranjom ochilishi”), ya`ni, introspeksiya usulidan foydalanadi. Yozuvchi qahramonidagi psixofiziologik о`zgarishni (kо`ngilning seskanishi) qayd etadi-yu, uning dilida nelar kechganini aytmaydi. О`quvchi qarshisida tabiiy savol kо`ndalang bо`ladi: sovchilardan bezgan qiz eshikning “besaranjom ochilishi”dan seskanib, turgan joyida qotib qolgan dam dilida nelar kechdi? О`zida mavjud psixologik imkoniyatlarga tayangan va konkret hayotiy situatsiyadan kelib chiqqan kitobxon avvaliga qiz dilida shirin tashvish, qо`rqinchli umid hukmron deb о`ylashi tabiiy. Lekin Zebining eshikdan kirib kelgan dugonasi bilan muloqoti bu fikrni tez yо`qqa chiqaradi. “Salti endi gap ochdi:
— Erta saharlab chopganim bekor emas...
— Men ham sezganman... Yuragim bir qur seskanib ham oldi...
— Nimaga, о`rtoqjon?
— О`zingiz bilgan sovchilar balosi-da... Qish ichi keti uzilmadi.
— Menam bezganman, jonim qaqa... Shuning uchun bir qishloqqa chiqib kelsakmikan deb edim...
— Nimasini aytasiz... Ariqdagi suv ham muzning tagidan chiqadi-ku.
Zebining yuzini, shu topda butun qish ichi tо`planib qolgan horg`inlik asarlari egallagan edi. Uning ikkala yuzi, ayniqsa, kо`rpaning katta-katta qovig`iga tikilgan andishalik kо`zlari hovur bosgan oynakning betiga о`xshardi. Aksincha, Saltining yuzlari charaqlagan yulduzday, sernash`a, quvnoq va har qanday andishadan yiroq bо`lib, kо`nglining chuqur burchaklaridan chiqib kelgan sevinch tо`lqunlarini aks ettirardi. Shu uchun u Zebining sо`ng sо`zlaridagi og`ir va mayuslikni payqay olmadi”. Kо`ramizki, Cho`lpon bu о`rinda psixologik kontrast yordamida qahramoni ruhiyasini ochishga harakat qiladi. E`tibor qilinsa, Zebini chinakamiga tashvishga solgan sovchilar balosi Saltini uncha tashvishlantirmayotgani seziladi. Uning: “Menam bezganman, jonim qaqa” degani allaqanday bir ichki qoniqish hissi bilan aytilmoqda. Ma`lumki, har ikki qiz ham endigina о`n beshdan о`n oltiga qadam qо`ygan, о`sha davr sharoiti uchun bu yosh ayni turmushga chiqariladigan vaqt, ya`ni, qizlar bunga ruhan tayyorlar. Saltining kо`ngli, ayni situatsiyadagi aksariyat qizlarda bо`lgani kabi, shirin tashvishga yо`g`rilgan: bо`lg`usi turmushi haqida ayrim shirin xayollar suradi, ayni paytda, yangicha turmushning о`zi uchun mavhum jihatlari diliga tashvish soladi. Zebidan farq qilaroq, Saltida zо`r tashvish uchun zohiriy sabab yо`q, shu bois ham dugonasining “sо`zlaridagi og`ir va mayuslikni” payqay olmadi. Aksincha, Zebida “sovchilar balosi”dan astoydil tashvishlanish uchun yetarli asos bor: avvalo, qiz ota-onasi orasidagi munosabatlarni kо`raverganidan oilaviy turmushdan bezillab qolgan; ikkinchidan, о`zi bilan zarracha hisoblashmaydigan otasining fe`lini о`ylab ham qо`rqadi. Shu tashvishlardan umidsizlangan qiz dilidagi mayuslik uning tabiatiga xos bо`lgan hayotsevarlik, serzavq-sernash`alikka soya soladi. Ya`ni, oila muhitida о`zini qafasdagidek his qilgan Zebi hislarini jilovlashga, ruhini jism qafasida tutishga majbur. Lekin botindagi narsa zohirga chiqmay qolishi mumkin emas, zero, insonning his-tuyg`ulari nechog`lik о`zgaruvchan bо`lmasin, uning tabiatini belgilovchi ichki “yadro” muqim xarakterga ega. Shuning uchun ham, adabiyotshunos M.Baxtin aytmoqchi, “shaxs ekstensiv ochib berishlikni talab qilmaydi, u yolg`iz bir tovushda namoyon bо`lishi, birgina sо`z orqali ochilishi mumkin” . Xuddi shu narsa Zebining dugonasi bilan suhbatida ham kuzatiladi:
“— Teng-tо`shlarimiz bilan bir borib (qishloqqa-D.Q.) kelmoqchiman. Sizni ham olib boraman...
— Qachon?
Zebining bu kalta savolidan Salti kо`p narsani angladi. Bu savol Zebining iloji bо`lsa hozir paranjisini qо`lga olib (yopib ham о`tirmasdan!). shu yerdan uzoqlashmoq uchun talpinganini kо`rsatardi”.
Zebining shu yerdan uzoqlashmoq uchun talpingani, ayonki, о`z stixiyasida yashash istagidan tug`ilgan. Qiz kо`nglidagi hislarga erk bergach, u bilan Salti orasidagi psixologik kontrast yо`qoladi, “ikki yosh bola nihoyasiz quvonchlar ichida” qoladi. Yozuvchi qahramonining bir ruhiy holatdan ikkinchisiga о`tishini ishonarli va jonli kо`rsatadi. Dugonasining taklifidanoq hursandligi ichiga sig`may qolgan Zebi otasidan ruhsat olish kerakligini о`ylaganida, “kо`zlari andisha bilan kengayib ochilgani holda indamasdan joylarni yig`a boshladi”. Quvonch pardalarini pastroq olishga majbur bо`lgan qiz endi ishonib-ishonmay otasini kutadi, sabrsizlikdan “otamdan darak yо`q-ku?” deya onasidan sо`rab qо`yadi. Xayoli faqat otasida bо`lgan, butun vujudi umidga aylangan qizning ruhiy zо`riqishdan qо`li ishga bormaydi, “dasturxon boshida choy kelishini kutib о`tirgan” mehmonini unutadi. Kо`ramizki, tashqi belgilar dinamikasi qahramonda kechayotgan ruhiy jarayon — his-tuyg`ular, fikrlar dinamikasini tasavvur qilishimizga imkon beradi. О`zining о`y-tashvishlari bilan bо`lib mehmonini unutgan Zebi “uni uzr aytib qarshi oldi:
— О`rtoqjon,- dedi.- otam avrodda о`tirib qoldi, shekilli, shunaqa odati bor. Endiyoq kirib kelsa kerak. Xafa bо`lmang-a?
Bu sо`nggi jumlaning aytilishidagi samimiyat bir-biri bilan qalin о`rtoq tutishgan yosh qizlardagina bо`ladi. “Xafa bо`lmang-a?” deb turgan vaqtida Zebining yuzini kо`rish kerak edi! Bir qо`lida supurgi, bir qо`li tizzasida, supurgi ham yerdan uzib olingan emas, faqat bosh yuqori kо`tarilganu butun vujud Saltining ixtiyorida! Kо`ngil, orzu, sevgi, sevinch... — bular hammasi Saltiga tomon uchadi, unga tomon otiladi, uni о`rab, uni aylantirib, uni quchadi! Zebining yuzlaridagi — oyday tiniq va quyoshday yoruq bu holat moddiy haqiqatlar qadar ochiq kо`rinardi”. Zebining uzr aytishi, aslida, о`zining mehmonini unutib qо`ygani uchun. “Xafa bо`lmang-a?” deganida u otasidan emas, о`zidan xafa bо`lmaslikni о`tinadi, otasi haqidagi gaplar esa gо`yo qilgan “gunohi”ning sababini izohlaydi. Mazkur kо`chirmada boshqa bir narsaga diqqatni jalb qilmoqchimiz: e`tibor berilsa, Cho`lpon qahramonini qabul qilish yо`lini kо`rsatayotgani anglashiladi — “Zebini kо`rish kerak!”. Muhimi shundaki, bu narsa sezdirmasdan amalga oshiriladi: adib о`zining maftunligini о`quvchiga “yuqtiradi”, natijada u “Zebining yuzlaridagi oyday tiniq va quyoshday yorug` holatni” о`z kо`zi bilan kо`rishga harakat qila boshlaganini о`zi ham sezmay qoladi. Zebining yuz-kо`zlaridagi ifodani kо`z oldimizga keltirsakkina, Saltining unga nisbatan ajabtovur mehri iyib ketgani, ikkala qizchaning butun tashvishlarini unutib, bolalik ruhiga kirib qolgani tabiiy va psixologik jihatdan asosli ekani kо`rinadi. Umuman, Zebi obrazini yaratishda Cho`lpon qahramonidagi psixofiziognomik (mimika, yuz-kо`z ifodasi) о`zgarishlarni kо`pincha qayd etmaydi. Ma`lumki, “barcha hislar о`ziga maxsus tovush ohangi, yuz ifodasi va ishoralarga ega” Shunga kо`ra, ruhiy tahlilning dinamik prinsipida psixofiziognomik parallelizmlar qahramonning muayyan vaqtdagi ruhiy holatini moddiylashtiruvchi unsurlardan biri sifatida tushuniladi. Cho`lpon bu narsaga yetarli e`tibor bermasa-da, uning о`rnini qahramoniga nisbatan о`quvchida uyg`otgan badiiy simpatiya hisobiga tо`ldiradi. Gap shundaki, kitobxon kundalik turmushida yuz-kо`z ifodalarini kо`p kuzatgan, ular haqida muayyan tasavvurga ega. Badiiy simpatiya mavjudligi uchun ham Zebining gap sо`zlari orqali uning ruhiga kirolgan о`quvchi psixofiziognomik holatni xayolida osongina tiklaydi (sxematik tarzda ifodalamoqchi bо`lsak, bu jarayon quyidagicha kechadi: Zebining muayyan paytdagi xatti-harakatlari va gaplari — ruhiy holat — shunga mos yuz-kо`z ifodasi).
Psixologiyada kuchli, о`rta, mо`tadil hislar ajratiladiki, ularning hosil bо`lishi va kechishi turlichadir. Masalan, kuchli hislar (affekt) aniq sabablarga kо`ra juda tez paydo bо`lib, qisqa vaqt davom qiladi. Bunday holatda kishining tafakkuri xiralashadi, irodasi falajlanadi . Zebida bu kabi hol qiy-chuv tо`polon ustiga otasi kelib qolgan vaqtda kuzatiladi. Sо`fining eshikdan “kirar-kirmas ovozining boricha: “Bu nima qiyomat!!!” - deb shovqin solishi ikkala yosh qizni chaqmoq tekkan daraxtday turgan joylarida qotirib qо`ydi”. Kо`ramizki, Zebidagi qо`rquv hissi ayni lahzada о`ta kuchli, shu bois ham uning irodasi falajlanib, “turgan joyida qotib” qoldi. Ayni paytda u sodir bо`lgan ishning oqibatini (deylik, otasining yubormaslik ehtimoli ortganini) xayoliga ham keltirgan emas, chunki ma`lum muddat о`ylash layoqatidan ham ayrilgan.
Yuqorida kо`rib о`tganimiz gap-sо`zlar Zebi ruhiyatida kechgan kurashda hayot zavqining g`olib kelishiga zamin hozirlaydi. Qafasdagi ruh qizlarning shо`x yallalaridan quvvatlanib, tamomila erkinlikka chiqadi. Cho`lpon Zebi bilan О`lmasjon munosabatlarini sirli-romantik ruhga chulg`aydi. Shu bois ham boshdanoq Zebi ruhiga kirmagan kitobxon uchun qiz dilida muhabbat paydo bо`lishi ishonarli kо`rinmasligi mumkin. Zero, yozuvchi dilni dilga payvandlagan lahza tasvirida sо`zga xasislik qiladi. Poyloqchi kampirning qilig`ini kо`rib “Zebi kamoli hayron bо`lganidan aravakashning nomahram ekanligini ham unutib, haligi tang`irqash nazari bilan unga qaradi. Aravakash yumshoqqina kulimsiradi. Yosh yigitning bu yosh va shirin tabassumini oy yorug`ida alayno kо`ra olgan yosh qiz butun badanlaridan muloyimgina durkirash kechganini payqadi va qizarib teskari qaradi. U qarash aravakash yigitchaga ham boshqacha ta`sir qilgan bо`lsa kerak, kampirni turtib uyg`otmoq uchun qо`lini yuqori uzatdi. Shunda kampirning boshidagi qо`l boshqa bir qо`lning о`ziga kelib tekkanini boyagidan kuchliroq durkirash bilan sezdi. Erkak zoti bilan birinchi marta bu xilda uchrashgan yosh qiz shu paytda bir oz gangiragan edi. Shuning uchun qо`lini darrov tortib olmasdan, о`ziga kelganidan keyin birdaniga jerkib tortdi”. О`z vaqtida adibni “Kecha va kunduz”da xotin-qizlar juda lavashang, bо`sh, kо`ngilchan, tez yig`layturg`on, jinsiy zavqqa intilaturg`on qilib kо`rsatiladi (masalan, Zebi, Sultonxon, Poshshaxon, Enaxon). Cho`lpon xotin-qizlardan kuladi...” deya ayblagan edilar. Yuqoridagi kо`chirmada shu ayblovni quvvatlaydigan о`rinlar yо`q emasday: agar parchani asar kontekstidan uzb olinsa, unda balog`atga yetgan ikki jins vakillarining bir-biriga talpinishidan boshqa narsa qolmaydi.
Mingboshining zaharlanishi epizodini tasvirlar ekan, Cho`lpon Zebini har qanday gumondan holi qilishga intiladi. Zero, zohiran gumon uchun asos yо`q emasday: Poshshaxon kuchalani Zebi uchun “dam solingan” choynakka solgan, bilganki,kundoshi bu suvni birovga tutmaydi. Yozuvchi fojia tafsilotini tasvirlar ekan, Zebining ayni shunday harakat qilishi lozim bо`lganini psixologik jihatdan asoslay bilgan: “Orada qancha uxlagandir, о`zi ham bilmaydi, besaranjom bir qichqiriq bilan uyg`ondi:
— Suv! Suv! - deb qichqirardi mingboshi.
Zebi uyqusirab kelib yana fonarni balandlatdi. Ungacha mingboshining qо`rqinch ovozi ham kо`tarila tushdi:
— Sintaloqdi qizi, suv deyman! Suv! (Zebi haligacha tushunib yetmaganidan mingboshi g`azabga minmoqda) Yuragim kuyib ketdi!.. Yonib ketdi!.. Suv! Suv!..
Zebi shoshib qoldi, tez borib choynakdagi tabarruk suvni qо`liga oldi — hech narsa о`ylashga fursat yо`q — darhol mingboshiga uzatdi...” Bu о`rinda, avvalo, Zebining juda qattiq uxlaganini nazarda tutmoq lozim, zero, yarim kechada molday ichib kelgan erining chо`chqaga xos qiliqlarini kо`rib kо`ngli alag`da bо`lganidan “tashqarida ancha shamollab va yengillab kirgach”gina uxlagan. Qattiq uyqudagi odamga xos karaxt shuuriga erining nima degani yetib bormaydi, uni baqiriq kuchigina о`rnidan qо`zg`atgan. Shu bois ham u uyqusirab fonarni balandlatadi — nima gapligini bilishni istaydi. Shu holatda erining sо`kish aralash о`kirishi Zebini yana karaxt qilib (qо`rquv affekti) qо`yadiki, uning talmovsirab turganini kо`rgan mingboshi gapini qayta-qayta takrorlaydi. Shuuri tiniqlashishi bilanoq shoshib qolgan Zebi tokchadagi “tabarruk suv”ni olib uzatadi, ayni paytda u suvning tabarrukligini о`ylaydigan alpozda emas, tezroq erini tinchitishni, uning g`azabiga qolmaslikni tilaydi, xolos. Sudda “Nimaga u suvni mingboshiga berdingiz?” degan savolga Zebining “Juda tashna bо`lib sо`ragan edi, shundoqqina tokchadan olib uzatdim” deya javob berishi ham shundan.
Qahramonning kо`z oldida yuz bergan dahshatli voqeadan keyingi ruhiy holati haqida adib “Zebi о`sha zaharlanish hodisasidan beri doim karaxt bir holda bо`lardi, uning miyasi falajga yо`liqqan kabi edi” deb yozadi. Qiz atrofida yuz berayotgan voqealarga о`ta loqayd, “о`zini nechik mudofaa qilishni о`ylamaydi”, karaxt shuurida “Men о`ldirganim yо`q.... Bu aniq... Meni qо`yib yuboradilar...” degan qat`iy ishonch muqimlashgan. Zebi о`zining taqdiri qay yо`sin hal qilinayotganini bilmaydi, sababki, “sud majlisida faqat aybdorga berilgan savollar, sо`ngra tergov protokoli bilan hukmnomaning eng kerak joylari tarjima qilinar, boshqa sо`zlar о`ruscha ketardi”. Qizning о`zini tutishidagi xotirjamlik, qо`rquv hissining yо`qligi yuqoridagicha ishonch va anglamaslikdan kelib chiqadi. Albatta, romanning ikkinchi qismida, O.Sharafiddinov aytmoqchi, Zebi taqdirining davomi qalamga olinishi ehtimoldan holi emas. Dilogiyaning nomlanishi, yozuvchining “Novvoy qiz” hikoyasida “inqilobgacha — inqilobdan sо`ng” sxemasining sinab kо`rilgani ham bu fikrni ma`lum ma`noda quvvatlaydi. Lekin Zebi keyingi romanda xarakter mantiqiga muvofiq harakat qiladimi yoki... Yaxshisi, bu savolni ochiq qoldirgan ma`qulroq kо`rinadi, zero, ming yillik tariximizning ayni shu parchasidan mantiq izlash... qiyin.
Zebining tevaragida harakat qiluvchi personajlar ruhiyatini ham Cho`lpon, asosan, dinamik prinsip vositasida ochib beradi. Ularning ayrimlari, xususan, Salti bilan О`lmasjon tо`g`risida yuqorida qisman tо`xtaldik. Bizningcha, bu prinsip asosiga qurilgan xarakterlar ruhiyatini tо`laroq tushunish uchun ularni qadam-baqadam kuzatish lozimdirki, Zebi haqida sо`z yuritganda biz shunga amal qildik. Lekin epizodik personajlar haqida gapirganda bu narsa zarur emas, chunki badiiy asarda ularning xarakteri va ruhiyatini atroflicha ochish maqsad qilinmaydi, balki ayrim qirralarigina beriladi.
Xulosa qilib aytganda, “Kecha” romanining asosiy qahramonlari Miryoqub va Zebi obrazlarining ruhiy psixologik holatlari asar davomida ishonarli ochib berilgan.



Yüklə 134,19 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   11




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin