Xarajatlar to‘g‘risida tushuncha va ular hisobini tashkil qilishning xuquqiy-me’yoriy asoslari. Xarajatlarni guruhlanishi.
Iqtisodiyotni modernizatsiyalash hsharoitida ishlab chiqarish samaradorligini oshirishda xarajatlar alohida o‘rin tutadi. Xarajatlar mahsulotlarni ishlab chiqarish, tovarlar sotish, ishlar bajarish va xizmatlar ko‘rsatish bilan bog‘liq bo‘lgan sarflarning puldagi ifodasidir. Xarajat – bu moddiy resurslarni sotib olishga qilingan sarflar bo‘lib‚ daromadlar va xarajatlar konsepsiyasiga ko‘ra‚ shu davrning o‘zida daromad keltirishi kerak. Xarajatlarga milliy standartlarda quyidagicha ta’rif beriladi: «Xarajatlar – aktivlarning qisqarishi yoki sarflanishi natijasida iqtisodiy resurslarning kamayishi, shuningdek daromadlarni olishga oid xo‘jalik sub’ektining odatiy faoliyati natijasida majburiyatlarning paydo bo‘lishidir»30 Xarajatlarini hisobga olishning asosiy vazifalariga quyidagilar kiradi:
iqtisodiy natijalarini hisobga olgan holda boshqaruv qarorlarini qabul qilish uchun sub’ekt ma’muriyatini zarur ma’lumotlar bilan ta’minlash;
30 1-son BHMS Hisob siyosati va moliyaviy hisobot.
chetga chiqishlarni aniqlash maqsadida haqiqatda sarflangan xarajatlarni kuzatish va nazorat o‘rnatish, ularni me’yoriy va rejadagi hajmi bilan taqqoslash va kelgusidagi iqtisodiy strategiyasini shakllantirish;
ishlab chiqarilgan tayyor mahsulotlarni baholash va moliyaviy natijalarni hisoblash uchun ishlab chiqarilgan mahsulotlarning tannarxini hisoblash;
sub’ekt tarkibiy bo‘linmalari ishlab chiqarish faoliyatining iqtisodiy natijalarini aniqlash va baholash;
uzoq muddatli xususiyatga ega bo‘lgan ishlab chiqarish texnologiyalarining qoplanishi, bozorlarda sotilayotgan mahsulotlarning turlari bo‘yicha rentabellik darajasi, ularga qo‘yilgan kapitallarning samaradorligi va faoliyati bo‘yicha boshqaruv hisobi ma’lumotlarini bir tizimga keltirish.
Mahsulot ishlab chiqarish xarajatlari xarajat kalkulyasiya moddalari bo‘yicha ishlab chiqarish turlari, xarajatlarning vujudga kelish joylari, mahsulot turlari bo‘yicha buxgalteriya hisobida aks ettiriladi. Xarajatlarni hisobga olish hamda mahsulot tannarxini kalkulyasiya qilishdan asosiy maqsad ishlab chiqarish va sotish bilan bog‘liq xarajatlarni o‘z vaqtida, to‘laligicha va haqqoniy aniqlash, shu bilan birga ayrim mahsulotlarning haqiqiy tannarxini hisoblash hamda korxona resurslari va pul mablag‘larining ishlatilishi ustidan nazoratni o‘rnatishdir.