Daosizm falsafiy ta’limot sifatida Daosizmda tangri tushunchasi
DAOSIZM
Reja: I.Kirish II.Asosiy qism: Daosizm falsafiy ta’limot sifatida
Daosizmda tangri tushunchasi
Daosizmning yo’nalishlari
III.Xulosa
Daosizm falsafiy ta’limot sifatida Xitoyda mil. av. birinchi ming yillikning o’rtalarida konfutsiychilik bilan deyarli bir vaqtda paydo bo’ldi. Bu ta’limot dastavval birmuncha mavhum xarakterga ega bo’lib, din bilan hech qanday aloqasi bo’lmagan. Ushbu ta’limot tarafdorlari ham konfutsiychilar kabi o’z zamonalaridagi harakatlarga qarshi bo’lganlar. Daosizm targ’ibotchilari ham hukmdorlar orasidagi tinimsiz urushlarni qoralar edilar. Ular boshqa bir qator falsafiy ta’limotlar qatori orqaga – «oltin asr»ga qaytishga chaqirar edilar.
Daosizm o’zining ilk ko’rinishida nazariyadan ko’ra ko’proq amaliyotga aloqador edi. Bu shamanizm, folbinlik, tabiblik bilan bog’liq edi. CHunonchi qadimgi davolash uslublari falsafa, ayniqsa, daosizm falsafasi bilan chambarchas bog’liq bo’lgan. SHamanlar davolash uslublarida inson tanasidagi jarayonlarni tashqi fazoviy kuchlar, har xil ruhlar ta’siri bilan bog’lab, jodugarlik va sehrdan keng foydalanganlar.
Daosizmda mil. av. IV – III asrlarga kelib nazariy asarlar paydo bo’la boshladi. Bunday asarlarda ijtimoiy-siyosiy va axloqiy masalalar daosizm uchun unchalik muhim sanalmadi. Biroq daosizm vakillari ilk bor borliq, tabiat, koinot haqidagi tushunchalarni ishlab chiqa boshladilar. Xitoydagi TSzis faylasuflar akademiyasida daosizm nazariyotchilari: Tyan Pen, Sun TSzyan, In Ven, SHen Dao, Xuan Yuan va boshqalar to’plangan bo’lib, ular inson va uni o’rab turgan borliq xususida beto’xtov munozaralar olib bordilar va risolalar yozdilar. Bunday asarlar hozirgi kungacha saqlanmagan, biroq daosizmning asosiy manbasi sanaladigan «Daodetszin» risolasida o’z aksini topgan. Mazkur risola muallifi Lao-TSzi hisoblanadi. Uning hayoti haqidagi ma’lumotlar kam, borlari ham noaniq. Afsonalarga qaraganda, Lao-TSzi onasining qornida bir necha o’n yillar yashab, keksa donishmand holida dunyoga kelgan. SHuning uchun uni «Lao-TSzi» – «keksa donishmand», «qari bola» deb atadilar.
Lao-TSzi mil. av. VII da tug’ilgan, Konfutsiyning zamondoshi hisoblanadi. Qadimgi Xitoy yodgorliklarida Konfutsiyning Lao-TSzi bilan uchrashganligi, uning donoligidan hayratga tushgani va uni ajdaho deb atagani haqida rivoyat keltiriladi.
Lao-TSzi ta’limotiga ko’ra, tabiat, jamiyat va butun borliqning asosi «Ulug’ Dao» hisoblanadi (dao, tao – «yo’l», «haqiqat», «tartib» demakdir). Dao haqidagi ta’limot konfutsiychilikda bo’lgan. CHunki dao to’g’risidagi fikrlar konfutsiychilik va daosizm shakllanishidan ancha oldin mavjud edi, shuning uchun ham har ikki ta’limotning o’xshash jihatlari ko’p. Konfutsiy daoni jamiyatda muayyan tartiblarni yaratuvchi samoviy qonunlar tajassumi deb hisoblagan. Boshqacha aytganda, dao – ijtimoiy me’yorlar, intizom va axloqning yig’indisidir. Daosizm vakillari uchun dao o’zgacha mazmunga ega: dao umumiy tabiat qonuni va ibtido, intihoning o’zagidir. Umumiy mazmunda dao – butun borliq demakdir. Daoni hech kim yaratmagan, barcha narsalar daodan kelib chiqqan va unga qaytadi. Dao hech kimga ko’rinmaydi, sezgi a’zolari uni ilg’ay olmaydi. Nimani ko’rish, eshitish, sezish, anglash mumkin bo’lsa, u dao emas.
Daosizm dinining asosiy mohiyatlaridan biri bu dao va u bilan aloqador tabiat falsafasi hamda kosmogoniya masalalaridir. Ikkinchi asosiy nuqta mavjudlik, hayot va o’limning nisbiyligi va shunga bog’liq holda uzoq yashash, abadiy hayotga erishish tushunchasidir. Milodning birinchi asrlari – Xan asriga kelib, abadiy hayot masalasi daosizm olimlarining asosiy muammosiga aylandi. Uchinchi va so’nggi masala uvey tamoyilidir. Daosizm falsafasining mana shu uch ta’limoti Xan asriga kelib daosizm dinining shakllanishiga asos bo’ldi.
Milodiy ikkinchi asrga kelib daosizm dinida yangi sektalar paydo bo’ldi. Ulardan biri «Taypindao» («Buyuk tenglik ta’limoti») bo’lib, uning asoschisi CHjan TSzue hisoblanadi. U xalq orasida sehr-jodu orqali barcha kasalliklarni tuzatuvchi hamda kishi umrini uzaytiruvchi shaxs sifatida shuhrat topdi. Uning atrofiga ko’plab odamlar yig’ildilar. CHjan TSzue odamlarni 36 jangovar guruhga bo’lgan. Katta guruhlarga «da fan» katta sehrgarlar, kichik guruhlarga «syao fan» kichik sehrgarlar boshliq etib tayinlanganlar. Sektada yuqori boshliq CHjan TSzue («Buyuk osmon rahnamosi») sanaladi. Uning ikki ukasi «Buyuk yer rahnamosi» va «Buyuk inson rahnamosi» deb talqin qilinadi. Bu uchtalik daosizmdagi uchtalik ta’limoti – osmon, yer va inson birligining ramziy timsoli edi. «Taypindao» sektasi ta’limoti «Taypintszin» kitobiga asoslanadi.
«Taypindao» sektasi bilan birga yana bir «Udoumidao» («Besh dou guruch ta’limoti») sektasi ham mavjud bo’lib, Qadimgi Xitoy jamiyatida katta ta’sir doirasiga ega bo’lgan. Uning asoschisi mashhur daochi CHjan Dao Lin bo’lib, u ushbu sektaninggina emas, balki butun daosizm ibodatxonasining asoschisi hisoblanadi.
Ushbu sektalar tarixda hukmron tabaqalarning adolatsizligiga qarshi ko’plab siyosiy kurashlarga, qo’zg’olonlarga boshchilik qilgan.
Daosizm birinchi ming yillikda buddizm va konfutsiychilik bilan raqobatlashib keldi. VI asrga kelib daosizm konfutsiychilikdan keyin ikkinchi o’rinni egallagan edi. XIII asrdan boshlab daosizm ta’limotining aniq asoslarga ega emasligi va ilk davrdagi yuksak ta’limotlari turli xurofotlar bilan almashgani tufayli inqirozga yuz tuta boshladi.
XX asr boshlariga kelib Xitoyda turli daosizm sektalariga qarshi kurash boshlandi. O’tgan asrning ikkinchi yarmida daosizm tarafdorlari juda ozchilikni tashkil qildi. Ushbu kichik guruhlar monaxlar, targ’ibotchilar va bashoratchilarni o’z ichiga olar edi.