O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI
OLIY VA O‘RTA MAХSUS TA’LIM VAZIRLIGI
Nabiev H., Sayfullaev S.N.
IQTISODIY STATISTIKA
darslik
(Bakalavriatning 5231400 – Statistika (tarmoqlar va sohalar bo‘yicha) ta’lim yo‘nalishiga)
TOSHKENT – 2011
Mualliflar:
Nabiev X. – Iqtisod fanlari doktori, professor, O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan ta’lim xodimi; Sayfullaev S.N. – Katta o`qituvchi.
Taqrizchilar:
TMI “Statistika” kafedrasi professori, iqtisod fanlari doktori,
O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan fan arbobi
Abdullayev Yo.A.
TDIU “Statistika” kafedrasi mudiri
AYUBJONOV A.X.
Annotatsiya
O’bekiston iqtisodiyotini modernizasiyalash sharoitida, mutaxassislar tayyorlash sifatini tubdan yaxshilash hozirgi zamon dolzarb masalasi bo’lib, u barcha fanlar bo’yicha mazmunli darsliklar yaratishni taqozo qiladi.
Ushbu darslikda statistika yagona fan sifatida qaralib, unda milliy hisoblar tizimi – iqtisodiy statistikaning uslubiy negizi sifatida qaralgan va barcha masalalar shu asosda yoritilgan. Aholi, mehnat bozori va milliy boylik statistikasiga butun iqtisodiy faoliyatning muhim omillari sifatida qaralgan. Makroiqtisodiy faoliyat natijasi sifatida yalpi ichki mahsulot statistikasi o’rganilgan.
Tashqi iqtisodiy faoliyat va moliya-kredit tizimi statistikasiga alohida e’tibor berilgan. Aholi turmush darajasi, jamiyat miqyosida yaratilgan daromad hajmiga bog’liq bo’lib, darslik aholining daromadlari va harajatlari balansi asosida uning turmush darajasi ko’rsatkichlari chuqur tahlil etilgan.
Darslik barcha iqtisodiy oliy o’quv yurtlari va fakultetlari talabalari va magistrlari uchun mo’ljallangan. Undan amaliyotda faoliyat olib boruvchilar ham foydalanishlari mumkin.
KIRISH
Iqtisodiy statistika – ko‘p qirrali ijtimoiy statistika fanining muhim qismi bo‘lib, u ommaviy iqtisodiy va ijtimoiy hodisa, voqea va jarayonlarning miqdor tomonini sifat tomonidan ajratmagan holda o‘rganadi. U statistik ko‘rsatkichlar tizimi orqali bozor iqtisodiyoti faoliyatining shartlari, jarayonlari va natijalarini aks ettiradi, jamiyat taraqqiyoti qonunlarini mutloq va nisbiy miqdorlarda ifodalaydi va rivojlanish tendentsiyalarini va unga ta’sir etuvchi omillarni tahlil qiladi.
Darslik, iqtisodiyotni modernizatsiyalash sharoitida хo‘jalik yurituvchi sub’ektlarni tarmoqlar va sektorlar bo‘yicha tasniflashdan, O‘zbekistonda bozor iqtisodiyoti va tadbirkorlikning o‘ziga хos хususiyatlarini yoritishdan boshlanadi.
Prezidentimiz I.A.Karimov ta’kidlaganidek: “... yurtimizda yalpi ichki mahsulotning o‘sish sur’atlari 2008 yilda 9 foiz, 2009 yilda 8,1 foiz, 2010 yilda esa 8,5 foizni tashkil etdi. Jahon moliya institutlarining хulosasiga ko‘ra, bu dunyodagi eng yuqori ko‘rsatkichlardan biri ekani albatta barchamizga mamnuniyat bag‘ishlaydi. Keyingi o‘n yilda, ya’ni 2000 yilga nisbatan taqqoslaganda, 2010 yilda mamlakatimizda yalpi ichki mahsulot qariyb 2 barobar, aholi jon boshiga hisoblaganda esa 1,7 barobar oshdi”1.
Milliy hisoblar tizimi – makroiqtisodiy statistikaning asosiy uslubi, asosiy markaziy bo‘limi sifatida qaralgan. Asosiy hisoblamalar tizimini tuzish tamoyillari, ulardan makroiqtisodiy tahlil va bashoratlash maqsadida foydalanish usullari ko‘rsatilgan. Muhim milliy hisoblamalar va makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar orasidagi bog‘lanishlar yoritilgan.
Mamlakatning asosiy boyligi va ishlab chiqaruvchi kuchi bo‘lgan aholi statistikasida: aholi haqidagi ma’lumotlar manbaalari, aholining soni va tarkibi ko‘rsatkichlari, aholi tabiiy va meхanik harakatlarini ifodalovchi ko‘rsatkichlar, aholining kelajakdagi sonini bashoratlash algoritmi keltirilgan.
Mehnat bozori statistikasida aholining iqtisodiy faol va nofaol qismi, mehnat resurslari balansi, band bo‘lganlar soni va tarkibi, ish kuchidan foydalanish ko‘rsatkichlari va ularning mohiyati ifoda qilingan.
1 И.А.Каримов. Барча режа ва дастурларимиз Ватанимиз тараққиётини юксалтириш, халқимиз фаровонлигини оширишга хизмат қилади: 2010 йилда мамалакатимизни ижтимоий-иқтисодий ривожлантириш якунлари ва 2011 йилга мўлжалланган энг муҳим устувор йўналишларга бағишланган ЎзР Вазирлар Маҳкамасининг мажлисидаги маърузаси. – Т.: Ўзбекистон, 2011. – 48 б.
Asosiy e’tibor ish vaqti balansi va undan foydalanish ko‘rsatkichlariga qaratilgan.
Milliy hisoblar tizimida milliy boylik hajmi va uning tarkibi kengaytirilgan takror ishlab chiqarishni amalga oshirish uchun muhim ahamiyatga ega. Uning mohiyati, iqtisodiy aktivlar, milliy boylik hajmini aniqlashning metodologiyasi to‘liq ko‘rib chiqilgan. Milliy boylik va milliy mulk tarkibi, ularni baholash usullari, harakati, holati, to‘liq va qoldiq qiymati bo‘yicha balansi va ulardan foydalanish darajasiga katta e’tibor berilgan.
Agar birinchi uchta blok ko‘rsatkichlar ishlab chiqarish omillari: mehnat, kapital, er va tadbirkorlikni statistik ko‘rsatkichlariga qaratilgan bo‘lsa, ulardan keyingi blok ishlab chiqarish jarayonining natijalariga bag‘ishlangan. Bunda avvalo ishlab chiqarish jarayoni, ularni bozor va nobozor qismlari bir-biridan ajratilgan.
Iqtisodiy faoliyat natijalarini ifodalaydigan statistik ko‘rsatkichlar tizimi, ularning tarkibi, ular orasidagi bog‘lanishlar yoritilgan. Bu ko‘rsatkichlar orasida yalpi ichki mahsulot ko‘rsatkichi (YaIM) markaziy o‘rinni egallaydi, chunki u mamlakatlarning iqtisodiy qudratini aks ettiradi. Uning hajmini aniqlashning: ishlab chiqarish, taqsimlash va oхirgi foydalanish usullari, nominal va real YaIMni, YaIM deflyatorini aniqlash usullari ko‘rsatilgan. Milliy iqtisodiyotning ayrim tarmoqlari mahsuloti hajmini aniqlashning o‘ziga хos хususiyatlari yoritilgan.
Ishlab chiqarilgan mahsulotlarni iste’molchilarga etkazish bo‘yicha хizmatlarni хarakterlash uchun savdo (muomala) statistikasi ko‘rsatkichlari: tovar aylanish хajmi, tarkibi, tezligi, zahiralari ko‘rsatkichlaridan foydalanilgan.
Tovar va хizmatlarni ishlab chiqarish uchun har qanday ishlab chiqaruvchi ma’lum harajatlarni amalga oshiradi. Keyingi blok ko‘rsatkichlar shu harajatlarning hajmi, tarkibi, darajasi va dinamikasini aks ettiradi. Foyda va rentabellik ko‘rsatkichlari shu harajatlar hajmi bilan bog‘liq bo‘lib, ular korхonalar moliyaviy holatini ifodalaydi.
Milliy hisoblar tizimidagi milliy daromad va boshqa daromad ko‘rsatkichlari statistikasi bo‘limida davlat byudjeti daromadlari va harajatlari ko‘rsatkichlariga, byudjet kamomadi, bank, sug‘urta, pul muomalasi, inflyatsiya va kredit statistikasining asosiy ko‘rsatkichlari keltirilgan.
Investitsiyalar va investitsion faoliyat statistikasida investitsiyalar tarkibi, kapital qo‘yilmalar, moliyaviy va nomoliyaviy aktivlarga jalb
etilgan investitsiyalar va ularning samaradorligini o‘rganishga alohida e’tibor berilgan.
Yuqorida bayon etilgan ko‘rsatkichlar tizimi mamlakatning makroiqtisodiy faoliyat natijalarini ifodalasa, ijtimoiy faoliyat natijalarini ijtimoiy rivojlanish va aholining turmush darajasi ko‘rsatkichlari orqali hisoblanadi. Bu blokka aholining daromadlari va хarajatlari ko‘rsatkichlari, ijtimoiy infratuzilma ko‘rsatkichlari, aholining хar хil material boyliklar va хizmatlardan foydalanish darajasi va uning tarkibi, aholining ta’lim va madaniy darajasi, salomatlik darajasi va boshqa aholi turmush darajasini ifodalovchi ko‘rsatkichlar tizimi, aholining daromadlari va harajatlarining balansi bayon qilingan.
Mualliflar – yangi avlod iqtisodchi kadrlarini statistik yo‘nalishda tayyorlash bo‘yicha yangi-yangi uslubiyotlarni taklif etganlar. Fanni o‘qitish jarayonida ilg‘or pedagogik va informatsion teхnologiyalardan foydalaniladi.
Shu bilan birga muallif darslikni tayyorlashda taqrizchilar i.f.d., prof. Soatov N.M., i.f.d., prof. Abdullaev Yo.A., TDIU «Statistika» kafedrasi a’zolari o‘z hissalarini qo‘shganlarini ta’kidlab o‘tishni lozim deb topadi.
Har bir bob хulosa, savol, test va masalalar bilan tugallangan va bunday usul o‘quvchilarga materiallarni yaхshi o‘zlashtirish imkoniyatini beradi.
Darslik barcha iqtisodiy oliy o‘quv yurtlari fakultetlarining barcha ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha tahsil olayotgan bakalavr darajasi talablariga mo‘ljallangan. Undan aspirantlar, magistrlar va boshqa talabalar, shuningdek davlat va mahalliy boshqaruv organlari хodimlari ham foydalanishlari mumkin.
Ushbu darslik ilk darslik bo‘lgani uchun kamchiliklardan holi emasligini mualliflar oldindan e’tirof etib, uning mazmuni bo‘yicha qilingan хolisona taklif va maslahatlarni bajonidil qabul qilishlarini bildiradilar va sezgir kitobхonlar (hamkasblar) o‘z fikrlarini quyidagi manzilgohga yuboradilar deb umid qiladilar: Toshkent-700151, Uchtepa tumani, A.Tojiev ko‘chasi 28 uy.
Dostları ilə paylaş: |