Moliyaviy munosabatlar tizimida davlat qarzi tushunchasi bor bo’lib, u katta ahamiyatga egadir. Davlat tomonidan qarziy faoliyatning amalga oshirilishi natijasida davlat qarzi vujudga keladi. Jismoniy va yuridik shaxslar, xorijiy davlatlar, xalqaro tashkilotlar va xalqaro huquqning boshqa sub’ektlari oldida vujudga kelgan hukumatning qarziy majburiyatlariga davlat qarzi deyiladi. O’zbekiston Respublikasining “Byudjet tizimi to’g’risida”gi qonunida davlat qarziga “davlat qarzi – davlat tomonidan ichki mablag’ni va xorijdan mablag’ jalb qilish natijasida vujudga kelgan O’zbekiston Respublikasi majburiyatlarining yig’indisi”dir deb, ta’rif berilgan.
Joylashtirilish joyiga qarab davlatning qarzlari ikkiga bo’linadi:
Davlatning ichki qarzlari
Davlatning tashqi qarzlari.
Davlat tomonidan ichki mablag’larni jalb qilish natijasida vujudga kelgan O’zbekiston Respublikasi majburiyatlarining yig’indisiga davlat ichki qarzlari deyiladi. Davlat tashqi qarzlari deyilganda esa davlat tomonidan xorijdan mablag’ jalb qilish natijasida vujudga kelgan O’zbekiston Respublikasining majburiyatlarining yig’indisi tushuniladi. Davlatning ichki va tashqi qarzlari qarziy instrumentlari, joylashtirilish shartlari kreditorlarining tarkibi va qarzning valyutasiga nisbatan bar-biridan farq qiladi.
Davlatning ichki qarzlari davlat tomonidan ichki mablag’larni jalb qilish jarayonida vujudga keladi. Davlat tomonidan ichki mablag’larni jalb qilish aktivlarni ichki manbalardan (rezident-yuridik va jismoniy shaxslardan) jalb etish hamda buning natijasida O’zbekiston Respublikasining qarz oluvchi sifatidagi yoki qarz oluvchi rezidentlarning o’z kreditlarini (qarzlarini) to’lashiga kafil sifatidagi majburiyatlari vujudga kelishini anglatadi.
Davlatning tashqi qarzlari ham davlat tomonidan xorijdan mablag’ jalb qilish jarayonida vujudga keladi. Davlat tomonidan xorijdan mablag’ jalb qilish aktivlarni xorij manbalaridan (xorijiy davlatlardan, norezident yuridik yuridik shaxslardan va xalqaro tashkilotlardan) jalb etish hamda buning natijasida O’zbekiston Respublikasining qarz oluvchi sifatidagi yoki qarz oluvchi rezidentlarning o’z kreditlarini (qarzlarini) to’lashiga kafil sifatidagi majburiyatlarining vujudga kelishini bildiradi.
Kelgusi yil uchun mamlakatimizning davlat byudjetini O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi qabul qiladi. Davlat byudjetini qabul qilinayotgan vaqt davlat ichki va tashqi qarzlarining eng yuqori miqdorlarini Oliy Majlis tasdiqlaydi. Prezidentimiz SH.Mirziyoevning O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga Murojaatnomasida 2020 yil uchun davlat tashqi qarzining yuqori chegaralarini belgilanganligini ta’kidladi va olinadigan qarzlarning natijadorligiga katta e’tibor qaratish lozimligini ko’rsatib o’tdi. “Joriy yilda davlat tashqi qarzining yuqori chegaralarini belgiladik. Bundan buyon xalqaro moliya tashkilotlaridan olinadigan mablag’larni qaytarish imkoniyati va ularning natijadorligiga jiddiy e’tibor qaratiladi.”1
Mamlakatimizning tashqi qarzlarini optimallashtirish maqsadida uning ustidan qattiq nazorat o’rnatilgan. Davlat tomonidan ichki va xorijdan mablag’ jalb qilishga hamda davlat qarzining ko’payishiga olib keladigan barcha harakatlar O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan nazorat qilinadi.
Hozirgi vaqtda qabul qilingan tartibga muvofiq davlat tomonidan ichki va tashqi mablag’larni (qarzlarni) jalb qilish quyidagi maqsadlar uchun amalga oshirilishi mumkin:
Davlat byudjetining daromadlari bilan xarajatlari o’rtasidagi tushumlar vaqtga ko’ra muvofiq emasligi tufayli kelib chiqqan yillik ichki tafovutni (farqni) to’g’rilash uchun;
mavjud qarzlarni qayta moliyalashtirish uchun;
byudjet defitsitini moliyalashtirish uchun;
tabiiy ofatlar va boshqa favqulodda vaziyatlar tufayli mablag’larga bo’lgan ehtiyojlarni qoplash uchun.
Davlat tashqi qarz berishi yoki olishi mumkin. Tashqi qarzlarning daromadlari va xarajatlarining tengligi qarzning balanslashtirilganidan dalolat beradi. Amalda tashqi qarzlarning balansiga hamma vaqt ham erishilavermaydi. Olingan tashqi qarz berilgan qarzlardan kam bo’lsa profitsit xolati yuzaga keladi. Bu kamdan-kam mamlakatlarda bo’ladigan xolatdir. Aksincha bo’lsa, ya’ni olingan qarz berilganidan ko’p bo’lsa defitsit xolati yuzaga keladi. Tashqi qarzlar ko’payib, defitsit yuz beradigan xolatlar quyidagilardir:
mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirish uchun yirik kapital qo’yilmalarini amalga oshirishning zarurligi;
mamlakatdagi moliyaviy xolatni hukumat tomonidan nazorat qilishdagi kamchiliklar;
tashqi iqtisodiy munosabatlarning yetarli darajada samarali emasligi;
byudjet xarajatlarining tarkibiy tuzilishi (strukturasi) oqilona emasligi;
yirik davlat investitsiyalarini amalga oshirilishi amaliyotining mavjudligi;
real ichki imkoniyatlarni hisobga olmaslik oqibatida, jumladan, buni hisobga olmasdan turib xarajatlarni amalga oshirish, masalan, boshqa mamlakatlarga yordam berilishi;