Valyuta konvertatsiyasi bu milliy
valyutaning xorijiy valyutaga erkin ayirboshlanish, xorijiy mahsulot va
xizmatlarni to’lash qobiliyatidir.
Valyutalar konvertatsiya darajasiga qarab, asosan 3 turga bo’linadi:
1. Erkin konvertatsiya qilinadigan;
2. Qisman konvertatsiya qilinadigan;
3. Konvertatsiya qilinmaydigan.
Erkin konvertatsiya qilinadigan valyutalar ga milliy iqtisodiyoti
mustahkam, iqtisodiy o’sish imkoniyatiga ega bo’lgan, milliy valyutasiga chet
ellik hamkorlar ishonadigan, odatda sanoati rivojlangan mamlakatlar ega
bo’ladilar. O‘zining milliy valyutasining erkin konvertatsiyasini ta’minlash
maqsadida davlatlar ichki bozorda mahsulotlar va xizmatlarning jahon bozoridagi
narxlarini shakllantirigan va unga ta’sir ko’rsatmagan holda erkin tashqi savdo
rejimini tashkil etishlari zarur bo’ladi. Buning uchun esa, mamlakat Markaziy
banki valyuta ayirboshlash operatsiyalarini tartibga solish, xorijiy valyutani olib
kelish va chiqib ketish bo’yicha ma’muriy cheklovlarni joriy etmasdan, o’zida
etarlicha oltin-valyuta zaxirasiga ega bo’lishi talab etiladi. Mamlakatlar
tomonidan milliy valyutaning boshqa xorijiy valyutalarga nisbatan to’liq
konvertatsiyasiga rasmiy ravishda (ya’ni, amalda esa boshqacha bo’lgani holda)
erishish mamlakat uchun katta miqdorda iqtisodiy zarar keltirishi mumkin.
Erkin konvertatsiya qilinadigan valyutalarning ma’lum bir qismi zaxira
valyutalar hisoblanadi.
Zaxira valyutalar boshqa mamlakatlar markaziy banklari
tomonidan saqlanadigan va xalqaro hisob-kitoblar uchun zaxira vositasi
hisoblangan valyutalardir. Bugungi kunda, zaxira valyutalar sifatida AQSh
dollari, funt sterling, evro, Yaponiya yenasi, Shveytsariya franki qayd etilmoqda.
Konvertatsiya qilinmaydigan valyutalar boshqa mamlakatlar valyutalariga
ayirboshlanmaydi. Ular faqat mamlakat ichida milliy pul birligi sifatida
foydalaniladi.