DEPUTAT VA SENATORLARNI CHAQIRIB OLISH TARTIBI
Reja
Deputat va Senat a'zosini chaqirib olish asoslari va tartibi
Deputat va senatorlar
Foydalanilgan adabiyotlar
Xalq deputatlai mahalliy Kengashlari deputatlarini, Qonunchilik palatasi deputatlarini va Senat a'zolarini vakolatini muddatidan avval tugatish yo‘llaridan biri ularni, muddatdan avval chaqirib olishdir.
Deputat va senatorlarni muddatdan avval chaqirib olish 2004-yil 2-dekabrdagi “Xalq deputatlari mahalliy Kengashi deputatini, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatini va Senati a'zosini chaqirib olish to‘g‘risida” gi qonun bilan tartibga solinadi.
Qonunga asosan, deputatni, senatorni chaqirib olishga quyidagilar sabab bo‘ladi:
deputatning, senatorning O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarini jinoiy, fuqaroviy, ma'muriy hamda qonunda nazarda tutilgan boshqa turdagi javobgarlikka olib kelish mumkin bo‘lgan tarzda buzganligi;
deputatning, senatorning axloq, deputatlik odobining umum e'tirof etilgan normalarni qo‘pol ravishda buzuvchi va deputat, senator nomiga dog‘ tushiruvchi hamda davlat hokimiyat vakillik organlarining obro‘siga putur yetkazuvchi harakatlar, nojo‘ya ishlar sodir etilganligi;
deputatning, senatorning qonun hujjatlarida nazarda tutilgan o‘z vazifalarini muntazam ravishda uzrli sabablarsiz bajarmaganligi, shu jumladan tegishli xalq deputatlari Kengashlarining, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining majlislarida, ularning organlari ishida ishtirok etmaganligi, ularning topshiriqlarini bajarmaganligi.
Qonun hujjatlarini, ahloq va deputatlik odobi normalarini buzgan, o‘z vazifalarini muntazam ravishda bajarmayotgan deputatni, senatorni chaqirib olish zarurligi to‘g‘risidagi qaror tegishlicha xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashi, Qonunchilik palatasi yoki Senat (Senat Kengashi) tomonidan qabul qilinadi.
Deputatni, senatorni chaqirib olish masalasini ko‘rish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlar va prokuratura tomonidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda berilgan so‘rovi ham asos bo‘lishi mumkin.
Deputatning, senatorning qonun hujjatlarini buzganligi dalillariga oid materiallar xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashi, Qonunchilik palatasi yoki Senat (Senat Kengashi) tomonidan tegishlicha viloyat, tuman, shahar prokuroriga yoki O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuroriga dastlabki tarzda ko‘rib chiqish va ushbu masala yuzasidan xalq deputatlari Kengashining, Qonunchilik palatasining yoki Senatining deputatlik odobi qo‘mitasiga (komissiyasiga) xulosa taqdim etish uchun topshiriladi.
Chaqirib olish to‘g‘risidagi masalasi qo‘yilgan deputatning, senatorning hamda mazkur masalaga doir materiallarni o‘rgangan va tayyorlagan prokurorning fikri xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashining, Qonunchilik palatasining yoki Senatning (Senat Kengashining) majlisida eshitilishi mumkin.
Chaqirib olish to‘g‘risidagi taklif asosli deb e'tirof etilgan taqdirda davlat hokimiyati vakillik organining tegishli qarori deputatni, senatorni chaqirib olish bo‘yicha ovoz berishni tashkil etish uchun O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasiga yuboriladi.
Tegishli davlat hokimiyati vakillik organlarining qo‘shma majlisida saylangan senator eng avvalo tegishincha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashining deputati bo‘lib, u tegishli davlat hokimiyati vakillik organining deputati sifatida chaqirib olinadi.
Markaziy saylov komissiyasi Senatning senatorni chaqirib olish zarurligi to‘g‘risidagi qaroriga muvofiq senator tegishli davlat hokimiyati vakillik organi deputati etib saylangan saylov okrugida ovoz berishni tashkil etadi. Bunda ovoz berish deputatni chaqirib olish bo‘yicha o‘tkaziladi.
Tegishli davlat hokimiyati vakillik organlarining qo‘shma majlisida saylangan senator deputatlik maqomini yo‘qotganidan keyin, tegishincha deputatni chaqirib olish bo‘yicha ovoz berish natijalari ro‘yxatga olingan paytdan e'tiboran senatorlik maqomini ham yo‘qotadi.
Qonun hujjatlariga muvofiq deputatni chaqirib olish u saylangan okrug saylovchilarining yashirin ovoz berishi yo‘li bilan amalga oshiriladi.
Deputatni chaqirib olish bo‘yicha ovoz berishni Markaziy saylov komissiyasi “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov to‘g‘risida”gi, “Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylov to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari asosida va deputatni saylash uchun belgilangan tartibda tashkil etadi.
Chaqirib olish haqidagi masalasi qo‘yilgan deputat saylovchilar bilan uchrashishga, saylovchilarning yig‘ilishlarida, davlat hokimiyati vakillik organlarining sessiyalari va majlislarida chaqirib olinishi haqidagi masala ko‘rib chiqilayotganda ishtirok etishga hamda o‘zini himoya qilib so‘zga chiqishga haqli.
Deputatni, senatorni chaqirib olish haqidagi masala qo‘yilishiga sabab bo‘lgan yolg‘on axborotni bilaturib taqdim etgan shaxslar qonunga muvofiq javobgar bo‘ladilar.
Deputatning chaqirib olish ishlarini tashkil etish tegishli okrug komissiyasi zimmasiga yuklanadi.
Deputatni chaqirib olish bo‘yicha ovoz berishni o‘tkazish uchun ovoz berishga kechi bilan yigirma besh kun qolganida ovoz berish uchastkalari va kechi bilan yigirma kun qolganida uchastka komissiyalari tuziladi.
Tegishli saylov okrugi saylovchilarining ro‘yxatlari ovoz berish kuniga kechi bilan o‘n kun qolganida hamma tanishib chiqishi uchun taqdim qilinadi.
Ovoz berish uchastkalarini va komissiyalarni tuzish, komissiyalarning vakolatlari, saylovchilarning ro‘yxatlarini tuzish, ovoz berishni o‘tkazish “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Agar ovoz berishda qatnashgan saylovchilarning yarmidan ko‘pi deputatning chaqirib olinishini yoqlab ovoz bergan bo‘lsa, u chaqirib olingan hisoblanadi.
Agar ovoz berishda qatnashgan saylovchilarning yarmidan kami deputatning chaqirib olinishini yoqlab ovoz bergan bo‘lsa, shuningdek ovoz berishda ovoz berish ro‘yxatiga kiritilgan saylovchilarning o‘ttiz uch foizidan kami ishtirok etgan bo‘lsa, deputatni chaqirib olish rad qilingan hisoblanadi.
Deputatning chaqirib olinishini yoqlab va chaqirib olinishiga qarshi berilgan ovozlar teng bo‘lib qolgan taqdirda, deputat o‘z vakolatlarini saqlab qoladi.
Markaziy saylov komissiyasi yoki tegishli viloyat, tuman, shahar saylov komissiyasi ovoz berish yakunlariga ta'sir qilgan qoidabuzarlikka yo‘l qo‘yilganligi tufayli ovoz berish natijalarini haqiqiy emas deb topishi mumkin. Bunday holda takroriy ovoz berish tayinlanib, u ushbu Qonun talablariga rioya etilgan holda kechi bilan ikki haftalik muddat ichida o‘tkaziladi.
Markaziy saylov komissiyasi, tegishli viloyat, tuman, shahar saylov komissiyasi okrug komissiyasidan olingan bayonnoma asosida deputatni chaqirib olish bo‘yicha ovoz berish natijalarini besh kunlik muddat ichida ro‘yxatga oladi hamda ommaviy axborot vositalari orqali xabar qiladi.
O`zbekiston Respublikasining “O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatining va Senat a'zosining maqomi to`g`risida”gi Qonuniga asosan deputat saylovchilar bilan uchrashuvlar o`tkazish uchun zarur shart-sharoit bilan ta'minlanishi shart.
Ushbu qonunning 9-moddasiga asosan “Deputatlarga saylovchilar bilan olib boriladigan ishlar uchun Qonunchilik palatasining reglamentida belgilanadigan tartibda muayyan kunlari ajratiladi”, - deb ko`rsatilgan. Deputatlar saylov okruglarida o`z vakolatlarini amalga oshirish uchun tegishli hokimiyat vakillik organi nazorati ostidagi tashkilotlarda o`z saylov okrugidagi fuqarolarning muhim manfaatlariga taalluqli bo`lgan har qanday masala ko`rib chiqilishi chog`ida ishtirok etish, okrug saylovchilari bilan yig`ilishlar, mehnat jamoalari, fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari, siyosiy partiyalarning tashkilotlari bilan yig`ilish o`tkazish huquqiga egadir.
Amaldagi Qonunchilikda deputatlarning o`z saylovchilaridan tushgan taklif, ariza va shikoyatlarni ko`rib chiqishi, ularni o`z vaqtida hal etish choralarini ko`rishi, saylovchilar oldida o`z faoliyati xususida vaqti-vaqti bilan axborot berib turishi ko`rsatilgan. Masalan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati yiliga kamida bir marta o`z ishi to`g`risida saylovchilarga o`z faoliyati va o`zi saylangan Qonunchilik palatasi faoliyati haqida axborot berib turishi shart.
Bu maqsadlarni amalga oshirish uchun esa, ijro etuvchi hokimiyat organlari deputatning iltimosiga ko`ra bino ajratilishini tashkil etishlari, deputatning saylovchilar bilan uchrashuvlari o`tkaziladigan, deputat tomonidan fuqarolar qabul qilinadigan vaqt va joy haqida fuqarolarga xabar berishlari, qabul va uchrashuvlarda ishtirok etish uchun deputatning taklifiga binoan o`zlarining mas'ul vakillarini yuborishlari, shuningdek, deputatning joylardagi ishiga ko`maklashish yuzasidan boshqa chora-tadbirlar ko`rishlari lozim.
Shuningdek, deputat o`z deputatlik faoliyatiga doir masalalar yuzasidan matbuot organlarida chiqish, radio va televideniye orqali so`zlash borasida ham ma'lum darajada imtiyozli huquqlarga egadir1.
Fuqarolarning huquqlari va manfaatlari buzilgan taqdirda yoki qonuniylik buzilgan boshqa hollarda deputat davlat hokimiyatining vakili sifatida, o`sha joyning o`zida bunday qoidabuzarliklar to`xtatilishini talab qilishga yoki tegishli organlar va mansabdor shaxslarga murojaat qilishga haklidir. Qonunbuzarlik holati deputatning talabi bilan tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organ yoki nazorat organining vakili tuzgan bayonnomada qayd etilishi mumkin.
Deputat talab bilan murojaat etgan davlat organlarining mansabdor shaxslari, fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari va jamoat birlashmalarining rahbarlari, korxona va tashkilotlarning ma'muriyati, shuningdek, ichki ishlar vazirligi tizimi xodimlari qonun buzilgan hollarni bartaraf etish va aybdorlarni javobgarlikka tortish uchun zudlik bilan chora ko`rishlari, ko`rilgan choralar haqida deputatga ma'lum qilishlari shart.
Qonunchilik palatasining faoliyat olib borishida ham deputatlar
fraksiyalari salmoqli rol o`ynaydi. Xususan, O`zbekiston Respublikasining “O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining reglamenti to`g`risida”gi Qonuniga ko`ra “Deputatlar guruhlarini Qonunchilik palatasi tarkibiga saylangan, siyosiy partiyalardan ko`rsatilmagan deputatlar tuzishga haqlidir” deb belgilangan. Ushbu normani ham deputatlarning huquqlaridan biri sifatida qarash lozim.
O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 2002 yil 4 apreldagi 351-II-sonli Qarori bilan tasdiqlangan “2002 yil 27 yanvarda o`tkazilgan O`zbekiston Respublikasi Referendumining yakunlari bo`yicha amalga oshiriladigan Qonunchilik ishlarining asosiy yunalishlari”da qonunda fraksiyalarni tuzish tartibi, ularning parlament faoliyatidagi ishtiroki shakllari nazarda tutilishi kerakligi ko`zda tutilgan.
Ta'kidlash joizki, ikki palatali parlament tizimida faqat quyi palatagina siyosiylashgan xususiyatga ega bo`lgani bois, deputatlar birlashmalari (siyosiy partiyalar fraksiyalari va deputatlar guruhlari) aynan mazkur palatada tuziladi. Qonunchilik palatasi deputatlari siyosiy, professional va boshqa asosda fraksiyalar hamda deputatlar guruhlari shaklida deputatlar birlashmalarini tuzishi mumkin. Demak, mamlakatimiz parlamenti faoliyati bilan bog`liq qonun hujjatlariga muvofik, deputatlar birlashmalarining uch shakli - fraksiyalar va deputatlar guruhlari mavjud.
Fraksiya - Qonunchlik palatasida siyosiy partiyadan ko`rsatiladigan deputatlar tomonidan partiya manfaatlarini ifodalash maqsadida tuziladi.
Deputatlar guruhlari esa, Qonunchilik palatasi tarkibiga saylangan, siyosiy partiyadan ko`rsatilmagan deputatlar tomonidan tuzilishi mumkin.
Bloklar-fraksiyalar, deputatlar guruhlari birlashuvi asosida tuzilishi mumkin.
Siyosiy partiyadan ko`rsatilgan va Qonunchilik palatasiga saylangan deputat faqat shu partiya fraksiyasining a'zosi bo`lishi mumkin yoki hech bir fraksiya yoxud deputatlar guruhiga kirmaslikka haqli.
Ushbu qonunga ko`ra, Qonunchilik palatasining kamida to`qqiz nafar deputati fraksiya yoki deputatlar guruhini tuzish huquqiga ega3.
Fraksiya yoki deputatlar guruhini tuzish uchun quyidagi ishlar amalga oshirilishi lozim:
- fraksiya yoki deputatlar guruhining ta'sis yig`ilishini o`tkazish;
- fraksiya yoki deputatlar guruhini tuzish haqida ta'sis bayonnomasini qabul qilish;
- fraksiya yoki deputatlar guruhining rahbarini saylash.
Konstitutsiyaviy qonundagi e'tiborga molik tomon shundaki, deputatlar birlashmalarining, ular hoh fraksiya, hoh guruh tarzida shakllanganidan qat'iy nazar, ro`yxatdan o`tkazilishi belgilangan. Bu esa, birinchidan deputatlar uyushqoqligini huquqiy kafolatlasa, ikkinchidan, parlament tuzilmalari ishining samaradorligi oshiradi.
Qonunchilik palatasi Spikeri va uning o`rinbosarlari o`z vakolatlarini bajarish davrida siyosiy a'zolikni to`xtatib turadilar, shuningdek ular fraksiya yoxud deputatlar guruhi tarkibiga kirishlari mumkin emas.
Qonunchilik palatasining deputati faqat bir fraksiya yoki deputatlar guruhining a'zosi bo`lishi mumkin. Lekin, bundan Qonunchilik palatasining deputatlarining har biri fraksiya yoki deputatlar guruhi a'zosi bo`lishi kerak, degan xulosa kelib chiqmaydi. Binobarin, saylangan deputat hech bir fraksiya yoxud deputatlar guruhiga kirmaslikka ham haqlidir.
Qonunchilik palatasi deputatining fraksiyaga yoki deputatlar guruhiga kirishi to`g`risidagi qaror ularning majlislarida qabul qilinadi.
2005 yilning 26 yanvar kuni Qonunchilik palatasiga siyosiy partiyalardan saylangan deputatlarning majlislari bo`lib o`tib, mavjud siyosiy partiyalarning barchasi o`z fraksiyalarini tuzishga muvaffaq bo`ldilar. Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati - O`zbekiston liberal demokratik partiyasining 41 nafar a'zosidan iborat, Xalq demokratik partiyasining 28 nafar deputatidan iborat, O`zbekiston Fidokorlar milliy demokratik partiyasining 18 nafar vakilidan iborat, O`zbekiston “Milliy tiklanish” partiyasining 11 nafar deputatidan iborat, “Adolat” sotsial-demokratik partiyasining 10 nafar saylangan deputatidan iborat fraksiyalar tuzildi hamda fraksiyalar rahbarlari saylandi.
Qonunchiligimizning e'tiborga loyiq jihatlaridan yana biri shuki, Qonunchilik palatasidagi deputatlar guruhlarining vakolatlari doirasi siyosiy partiyalar fraksiyalari vakolatlari doirasiga tenglashtirildi. Ayni chog`da, ularning fraksiyalar bilan bir qatorda va ular bilan teng ravishda ish yurita olishining huquqiy asosi yaratildi. Bular, xususan, “O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi to`g`risida”gi Konstitutsiyaviy qonunning 25-moddasida mufassal ifodasini topdi.
Deputatlar fraksiyasi yoki deputatlar guruhi tarkibiga kirgan Qonunchilik palatasi deputati ma'lum bir darajada qo`shimcha huquqlardan foydalanish imkoniga ega bo`ladi, deb aytish mumkin. Chunki, deputat fraksiya yoki guruh tarkibida:
- Qonunchilik palatasi majlisining kun tartibi, muhokama qilinayotgan masalalarni ko`rib chiqish tartibi va mohiyati yuzasidan takliflar hamda fikr-mulohazalar kiritish;
- Qonunchilik palatasi majlisida muhokama qilinayotgan har bir masala yuzasidan muzokaralarda fraksiya, deputatlar guruhi vakiliga kafolatlangan tarzda so`z berilishi huquqidan foydalanish;
- kelishuv komissiyasi va boshqa komissiyalar tuzish to`g`risida masala qo`yish;
- Qonunchilik palatasi majlisida davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining mansabdor shaxslariga ularning tasarrufiga kiradigan masalalar yuzasidan asoslantirilgan tushuntirish berish yoki nuqtai nazarini bayon qilish talabi bilan murojaat etish;
- Qonunchilik palatasi majlisida muhokama qilinayotgan masala yuzasidan fraksiyaning, deputatlar guruhining fikrini Qonunchilik palatasi deputatlari o`rtasida tarqatish;
- Qonunchilik palatasining Kengashi, qo`mitalari va komissiyalari ishida ishtirok etish;
- Qonunchilik palatasida muhokama qilinayotgan qonun loyihalari va boshqa qarorlarning loyihalari yuzasidan o`z takliflarini kiritish;
- hukumat a'zolarini ularning faoliyati masalalari yuzasidan eshitish to`g`risida masala qo`yish;
- fraksiyaning, deputatlar guruhining faoliyati uchun zarur materiallar va hujjatlarni davlat organlari hamda ularning mansabdor shaxslaridan talab qilib olish huquqiga ham ega bo`ladi.
Shuni alohida ta'kidlash kerakki, deputatlik faoliyatining kafolatlari qonun bilan muhofoza qilinadi va uni buzganlik uchun tegishli javobgarlik choralarini belgilanganligi ham ular o`z huquqlaridan to`la imkon darajasida foydalanishini kafolatlaydi.
Qonunchilik palatasi deputati va senator qaysi qo`mitasi, komissiyasi tarkibiga, kelishuv komissiyasi tarkibiga saylangan bo`lsa, shu qo`mita, komissiyaning majlislarida qatnashishi, ovoz berishda Qonunchilik palatasining reglamentlarida belgilangan tartibda shaxsan ishtirok etishi shart. Bu majburiyat juda muhim ahamiyatga ega.
Foydalanilgan adabiyotlar
1 Qarang: Karimov I.A. O‘zbekistonning siyosiy-ijtimoiy va iqtisodiy istiqbolining
asosiy tamoyillari. – T.: O‘zbekiston, 1995. – 71-bet.
2.O‘zbekiston respublikasi adliya vazirligi toshkent davlat yuridik universiteti o.t. hггusanov konstitutsiyaviy huquq darslik Sh. Jalilov – yu.f.d., professor
Dostları ilə paylaş: |