Diqqatning ko’chuvchanligi Diqqatning ko’chuvchanligi odamning diqqati har doim bir narsadan ikkinchi bir narsaga, bir faoliyatdan ikkinchi faoliyatga ko’chib turadi. Diqqatning ana shunday xususiyatini diqqatning ko’chuvchanligi deb yuritiladi. Diqqatning ko’chuvchanligi diqqatning bo’lunuvchanligi bilan bog’liq xususiyatdir. Yuqorida aytib o’tganimizdek, diqqatning ayni bir vaqtda birdaniga bir necha narsaga qaratilishi, ya'ni diqqatning bo’linishi o’z mohiyati jihatidan diqqatning bir narsadan ikkinchi narsaga juda tez ko’chishidan iboratdir. Ana shu jihatdan olganda diqqatning ko’chuvchanlik xususiyati juda ko’p faoliyat va uning turlari uchun zarur bo’lgan xususiyatdir. Masalan, hikoya o’qib berish mashg’ulotida bolalar o’z diqqatlarini hikoya eshitishdan surat ko’rishga, undan so’ng yana eshitishga bemalol ko’chira olishlari kerak. Agar maktab o’quvchilariga nisbatan oladigan bo’lsak, o’quvchilar o’z diqqatlarini bir dars predmetidan boshqa bir dars predmetiga bemalol ko’chira olishlari kerak. Aks holda o’quvchilar o’tgan dars ta'sirida o’tirib, yangi darsning mazmunini sifatli o’zlashtira olmaydilar.
Diqqat hamma vaqt ham bir narsadan ikkinchi narsaga, bir faoliyat turidan boshqa bir faoliyat turiga osonlik bilan ko’cha bermaydi. Ba'zan qiyinchiliklarga to’g’ri kelib qoladi. Albatta buning o’z sabablari bordir. Masalan, bunday sabablardan biri - diqqatimiz ko’chirilishi lozim bo’lgan narsalar yoki harakatlar o’rtasida bog’lanish bor yoki yo’qligiga bog’liq. Agarda diqqatimiz ko’chirilishi lozim bo’lgan narsalar o’rtasida ma'lum jihatdan mazmuniy bog’liqlik bo’lsa, diqqatimiz osonlik bilan ko’chadi. Odamning qiziqishlari va ehtiyojlari bilan bog’liq bo’lgan narsalarga ham diqqat yengillik bilan ko’chadi.
Shunday qilib, diqqatning ana shu yug’orida ko’rib o’tgan asosiy xususiyatlari odamning barcha turdagi faoliyatlari uchun juda kerakli xususiyatlardir. Diqqatning ana shu xususiyatlari tufayli odam atrofidagi muhitga, undagi turli tuman o’zgarishlarga tez moslasha oladi. Diqqatning bu asosiy xususiyatlari odamga tug’ma ravishda, ya'ni irsiy yo’l bilan berilmaydi. Bu xususiyatlar odamning yoshlik chog’idan boshlab turli faoliyatlar o’yin, o’qish va mehnat faoliyatlari jarayonida tarkib topib boradi.